O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOG‘LIQNI SAQLASH VAZIRINING
buyrug‘i
SPIRTLI ICHIMLIKLAR, GIYOHVANDLIK VOSITALARI, PSIXOTROP YOKI AQL-IRODA FAOLIYATIGA TA’SIR ETUVCHI BOSHQA MODDALARNI MUNTAZAM RAVISHDA ISTE’MOL QILAYOTGAN VOYAGA YETMAGANLARNI ANIQLASH, HISOBGA OLISH, TEKSHIRISH VA TIBBIY-IJTIMOIY REABILITATSIYA QILISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 11-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2215]
O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 39-son, 341-modda) muvofiq buyuraman:
1. Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, hisobga olish, tekshirish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 17-yanvar,
18-son
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2011-yil 17-yanvardagi 18-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, hisobga olish, tekshirish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, hisobga olish, tekshirish, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2023-yil 24-iyuldagi 28-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2215-1, 31.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2023-y., 10/23/2215-1/0542-son)
I. Umumiy qoidalar
1. Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, hisobga olish, tekshirish, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni tashkil etish sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qiluvchi voyaga yetmaganlarga narkologiya muassasalari tomonidan o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan diagnostika va davolash-tiklash yordami ko‘rsatilishi shart.
II. Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qiluvchi voyaga yetmaganlarni aniqlash, tekshirish va hisobga olish
Oldingi tahrirga qarang.
3. Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qiluvchi voyaga yetmaganlarni aniqlash bevosita voyaga yetmagan shaxsning o‘zi, uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari va ta’lim muassasalarining murojaatiga ko‘ra narkologiya muassasalari tomonidan o‘tkaziladigan tibbiy tekshiruv natijasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2023-yil 24-iyuldagi 28-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2215-1, 31.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2023-y., 10/23/2215-1/0542-son)
4. Tibbiy tekshiruv voyaga yetmaganlarning iltimosiga ko‘ra yoki ularning roziligi bilan, yoshi o‘n to‘rtga to‘lmagan voyaga yetmaganlarga esa, ularning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining iltimosiga ko‘ra yoxud ularning roziligi bilan o‘tkaziladi.
5. Tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun narkologiya muassasasiga ixtiyoriy ravishda murojaat etgan voyaga yetmaganlarning iltimosiga ko‘ra davolanishning sir saqlanishi ta’minlanadi.
6. Tibbiy tekshiruv natijasiga ko‘ra voyaga yetmaganlarning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qilayotganligi hamda narkologik kasallikning klinik belgilari aniqlansa, ushbu shaxslar yashash joyi bo‘yicha narkologiya muassasalarida dispanser hisobiga va kuzatuviga narkologiya muassasasi tibbiy maslahat komissiyasining xulosasiga asosan olinadi.
7. Tibbiy tekshiruv natijasiga ko‘ra voyaga yetmaganlarning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilayotgan, lekin narkologik kasallikning klinik belgilari aniqlanmagan voyaga yetmaganlar o‘zlari yashash joylaridagi narkologiya muassasalarida profilaktik hisobiga va kuzatuviga narkologiya muassasasi tibbiy maslahat komissiyasining xulosasiga asosan olinadi.
8. Dispanser va profilaktik hisobiga va kuzatuviga olingan voyaga yetmaganlar uchun ambulator narkologik bemor tibbiy kartasi (025/u shakl) to‘ldiriladi. Tibbiy kartaga subyektiv va obyektiv anamnez, somatik, nevrologik va ruhiy holatlar hamda profilaktika jarayonidagi o‘zgarishlar kiritiladi.
Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qiluvchi voyaga yetmaganlarni ambulator narkologik bemor tibbiy kartalari va boshqa tibbiy hujjatlari alohida ajratilgan holda, o‘smirlar vrach-narkologi xonasida saqlanishi lozim.
9. Dispanser va profilaktik hisobiga va kuzatuviga olingan voyaga yetmaganlar o‘smirlar vrach-narkologi tomonidan ambulatoriya sharoitda har oyda kamida bir marta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib turilishi lozim.
10. Dispanser hisobiga va kuzatuviga olingan voyaga yetmaganlar quyidagi hollarda hisobdan chiqariladi:
turg‘un remissiya holati, ya’ni dispanser hisobidagi va kuzatuvidagi shaxsning narkologiya muassasasi tibbiy maslahat komissiyasining xulosasiga asosan spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni uch yil mobaynida iste’mol qilmaganligi tasdiqlanganda;
yashash uchun boshqa joyga ko‘chganda;
bir yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganda;
vafot etganda.
11. Profilaktik hisobida va kuzatuvida bo‘lgan voyaga yetmaganda bir yil davomida spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishi kuzatilmaganda va tibbiy tekshiruv natijasiga ko‘ra unda narkologik kasallikning klinik belgilari aniqlanmagan taqdirda, u narkologiya muassasasi tibbiy maslahat komissiyasining xulosasiga asosan profilaktik hisobdan chiqariladi va kuzatuv tugatiladi.
12. Profilaktik hisobida va kuzatuvida bo‘lgan voyaga yetmaganda bir yil davomida spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishi kuzatilib, o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijasiga ko‘ra unda narkologik kasallikning klinik belgilari aniqlanmagan taqdirda, profilaktik hisobdan chiqarilmaydi va kuzatuv davom ettiriladi.
Agar tibbiy tekshiruv natijasida voyaga yetmagan shaxsda narkologik kasallikning klinik belgilari aniqlansa, ushbu shaxs dispanser hisobiga va kuzatuviga narkologiya muassasasi tibbiy maslahat komissiyasining xulosasiga asosan olinadi.
13. Profilaktik yoki dispanser hisobida va kuzatuvida bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar o‘n sakkiz yoshga to‘lgandan so‘ng, voyaga yetganlarning profilaktik yoki dispanser hisobiga va kuzatuviga olinadi.
III. Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qiluvchi voyaga yetmaganlarni davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish
14. Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qilayotgan voyaga yetmaganlarni davolash o‘smirlar vrach-narkologlari tomonidan olib boriladi.
15. Voyaga yetmaganlarni davolash voyaga yetgan bemorlardan ajratilgan holda amalga oshiriladi.
16. Dispanser hisobiga va kuzatuviga olingan voyaga yetmaganlarga ulardagi kasallikni davolash uchun tibbiy tekshirish, tibbiy maslahat berish, tashxis qo‘yish, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat malakali tibbiy narkologik yordam ko‘rsatilishi shart.
17. Dispanser hisobiga va kuzatuviga olingan voyaga yetmaganlarni davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish ambulatoriya va statsionar sharoitda amalga oshiriladi.
18. Statsionar sharoitda davolash o‘n besh yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar uchun psixonevrologiya dispanserlarining bolalar bo‘limida, o‘n besh yoshdan oshgan voyaga yetmaganlar uchun narkologiya dispanserining statsionar bo‘limlarida amalga oshiriladi.
19. Spirtli ichimliklarni muntazam ravishda iste’mol qilishga chalingan voyaga yetmaganlarni narkologiya muassasalarida statsionar sharoitda davolash muddati qirq besh kundan, giyohvandlik va zaharvandlikka chalingan voyaga yetmagan shaxslarni davolash muddati esa oltmish kundan kam bo‘lmasligi lozim.
Bunda qayta davolanayotgan voyaga yetmaganlarni statsionar davolash muddati davolovchi o‘smirlar vrach-narkologlari tomonidan belgilanadi.
20. Voyaga yetmaganlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tibbiy, psixologik, pedagogik, ijtimoiy va mehnat choralarini o‘z ichiga olgan holda ularning sog‘lig‘ini hamda shaxs xususiyatlarini tiklash, ijtimoiy muhitga moslash, shuningdek ularni normal turmush tarziga qaytarish uchun amalga oshiriladi.
Bunda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari o‘smirlik davri xususiyatlarini hisobga olgan holda voyaga yetmaganlar uchun alohida tuziladi.
IV. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
21. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
22. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 10-fevral
Bosh prokuror o‘rinbosari N. YO‘LDOSHEV
2011-yil 3-mart
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 15-son, 154-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 31.07.2023-y., 10/23/2215-1/0542-son)