Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ETIL SPIRTI VA ALKOGOLLI MAHSULOTLAR IShLAB ChIQARISh FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi 707-sonli “Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Alkogolli mahsulotlar, va birinchi navbatda, kichik va xususiy biznes subyektlari tomonidan natural vinolar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 30-dekabrdagi 285-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 12-son, 68-modda) bilan tasdiqlangan Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish, tamaki xomashyosini fermentatsiyalash va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi guruhi litsenziatlar tomonidan natural vino ishlab chiqarish boʻyicha mavjud quvvatlardan foydalanilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borsin va davriy asosda Komissiyaga takliflar kiritsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-mart,
89-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-martdagi 89-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 30-dekabrdagi 285-son qarori bilan tasdiqlangan Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandda:
a) “v” kichik bandga “tarkibida spirt boʻlgan yarim tayyor mahsulotlardan (don mahsulotlaridan) tayyorlangan spirt” soʻzlari qoʻshilsin;
b) “d” kichik banddagi “meva-rezavor mevadan” soʻzlari “meva-rezavor maxsus mevadan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) quyidagi mazmundagi “d-1” kichik band qoʻshilsin:
“d-1) tabiiy achigan natural vino (etil spirti qoʻshilmagan)”;
g) “j” kichik bandga “viski” soʻzi qoʻshilsin;
2. 7-bandda:
a) oʻn birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha mavjud yillik quvvatlardan kamida 60 foizga foydalanilishi taʼminlanishi. Ushbu talab faqat tabiiy achigan natural vino (etil spirti qoʻshilmagan) ishlab chiqaruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarga, shuningdek ishlab chiqarish quvvatlari litsenziatga bogʻliq boʻlmagan vaziyatlarga koʻra foydalanilmagan hollarda tatbiq etilmaydi”;
b) oʻn ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan sifatni boshqarish va hisobga olish tizimini joriy etish”.
3. 9-bandda:
“v” kichik bandga “ushbu shart faqat tabiiy achigan natural vino (etil spirti qoʻshilmagan) ishlab chiqaruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarga tatbiq etilmaydi” soʻzlari qoʻshilsin;
“g” kichik bandga quyidagi mazmundagi jumla qoʻshilsin:
“Texnologiya liniyalari va asbob-uskunalari zamonaviy, yangi va belgilangan tartibda sertifikatlangan boʻlishi kerak”;
“j” kichik bandga “shuningdek faqat tabiiy achigan natural vino (etil spirti qoʻshilmagan) ishlab chiqaruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar” soʻzlari qoʻshilsin;
4. 10-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“g) alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha mavjud yillik quvvatlardan kamida 60 foizga foydalanilishini taʼminlash (faqat tabiiy achigan natural vino (etil spirti qoʻshilmagan) ishlab chiqaruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar uchun, ishlab chiqarish quvvatlarining darajasi monitoring natijalariga koʻra belgilanadi). Ushbu shart ishlab chiqarish quvvatlari litsenziatga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra foydalanilmagan hollarga tatbiq etilmaydi”.
5. 37-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“37. Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun quyidagi miqdorlarda davlat boji undiriladi:
a) quyidagilar sanoat asosida ishlab chiqarilganda eng kam oylik ish haqining 1000 baravari miqdorida:
aroq va likyor-aroq mahsulotlari;
darajasi past (pivodan tashqari) va oʻtkir spirtli ichimliklar, damlamalar va likyorlar;
vino ichimliklari: oʻtkirligi 4 hajmli foizdan 8 hajmli foizgacha boʻlgan past darajali ichimliklar, oʻtkirligi 9 hajmli foizdan 28 hajmli foizgacha boʻlgan oʻtkir ichimliklar;
b) quyidagilar sanoat asosida ishlab chiqarilganda eng kam oylik ish haqining 200 baravari miqdorida:
oziq-ovqat spirti, tozalangan spirt, shu jumladan uzum va meva-rezavor mevadan tayyorlangan spirt;
konyak va kalvados spirti, tarkibida spirt boʻlgan yarim tayyor mahsulotlardan (don mahsulotlaridan) tayyorlangan spirt;
konyak (brendi), konyak ichimliklari va kalvadoslar, balzamlar, viski;
uzum va meva-rezavor maxsus mevadan hamda tarkibida spirt boʻlgan yarim tayyor mahsulotlardan tayyorlangan vinolar;
v) quyidagilar sanoat asosida ishlab chiqarilganda eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida:
shampan vinosi, koʻpiklanadigan va gazli vinolar;
uzum va meva-rezavor mevadan tayyorlangan spirt xomashyosi;
g) quyidagilar sanoat asosida ishlab chiqarilganda eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida:
uzumdan (tozalangan va tozalanmagan) va meva-rezavor mevadan, shuningdek tarkibida spirt boʻlgan yarim tayyor mahsulotlardan (don mahsulotlaridan) tayyorlangan vinomateriallar;
tabiiy achigan vino (etil spirti qoʻshilmagan).
Litsenziyalar berganlik uchun davlat boji mablagʻlari respublika budjetiga oʻtkaziladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 12-13-son, 120-modda)