O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZULGURJISAVDO” AKSIYADORLIK KOMPANIYASINI TUGATISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tuzilmasini yanada takomillashtirish va xodimlari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2010-yil 20-dekabrdagi PQ-1444-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasi aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan:
davlat tomonidan “O‘zulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondiga kiritilgan “O‘zyog‘ochqog‘ozsavdo”, “O‘zkommaishiysavdo” va “O‘zkimyopolimersavdo” aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalari paketlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasiga berishni;
“Sergeliulgurjisavdo” sho‘ba xo‘jalik jamiyati mulkiy kompleksini tutash hududi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasiga berishni;
“O‘zulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasini belgilangan tartibda tugatishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “O‘zulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasini tugatish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ilovaga* muvofiq tarkibda ishchi komissiya tashkil etilsin.
*Ilova berilmaydi.
“O‘zulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasini tugatish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi komissiya “O‘zulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasini tugatishga doir chora-tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda “O‘zulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasining bo‘shab qolayotgan xodimlarini ishga joylashtirishda ko‘maklashsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi belgilangan tartibda:
“O‘zkommaishiysavdo” aksiyadorlik jamiyatining birja savdosiga qo‘yilgan aksiyalari davlat paketi baholash komissiyasi tomonidan aniqlangan 980,5 mln so‘m miqdoridagi qiymat bo‘yicha sotilishini;
“O‘zyog‘ochqog‘ozsavdo” va “O‘zkimyopolimersavdo” aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalari davlat paketlarining bir oy muddatda baholanishini va birja savdolariga qo‘yilishini ta’minlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Ulgurji va birja savdosini tashkil etish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2001-yil 1-maydagi 198-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 5-son, 24-modda) 1—4-bandlari hamda qarorga 1 va 2-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Davlat aktivlarini sotishdan tushgan, xo‘jalik boshqaruvi ayrim organlari ustav fondini shakllantirish uchun berilgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risida” 2007-yil 25-sentabrdagi 202-son qaroriga 1-ilovaning 94 — 104-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 9-mart,
67-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 10-11-son, 100-modda)