Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining
Qarori
XALQ DEPUTATLARI VILOYAT, TUMAN, ShAHAR KENGAShINING NAMUNAVIY REGLAMENTINI VA XALQ DEPUTATLARI VILOYAT, TUMAN, ShAHAR KENGAShINING DOIMIY KOMISSIYALARI TOʻGʻRISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi SQ-360-IV-sonli “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2010-yil 7-maydagi 42-II-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning 2010-yil 26-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi, 2010-yil 27-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish — ustuvor maqsadimizdir” nomli maʼruzalaridagi asosiy qoidalar va xulosalarni roʻyobga chiqarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Harakat dasturi 3.2-bandining 3.2.2-kichik bandini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 31-martdagi 30-II-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga doir 2010 — 2014-yillarga moʻljallangan Harakat dasturi 5-bandining 5.2-kichik bandini ijro etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti tasdiqlansin (1-ilova).
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlansin (2-ilova).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2006-yil 8-iyundagi 173-I-sonli Qarori 1 va 2-bandlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2007-yil 9-martdagi 305-I-sonli Qarori 1 va 2-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining reglamentlari hamda ularning doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlarni Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti va Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomda bayon etilgan qoidalarni hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2010-yil 30-dekabr,
№ 154-II.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 154-II-sonli Qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining
namunaviy REGLAMENTI
I bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga boʻysunuvchi shaharlardan, shuningdek shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlaridir.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda xalq deputatlari Kengashining reglamentiga muvofiq amalga oshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari oʻz faoliyatlarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek oʻz reglamentlariga muvofiq amalga oshiradi.
2-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlarining (bundan buyon matnda xalq deputatlari Kengashi deb yuritiladi) faoliyati masalalarni jamoa boʻlib va erkin muhokama qilishga, oshkoralikka, jamoatchilik fikrini hisobga olishga asoslanadi.
3-modda. Xalq deputatlari Kengashi oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini xalq deputatlari Kengashining sessiyasida (bundan buyon matnda sessiya deb yuritiladi) tasdiqlangan joriy, yillik yoki xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga moʻljallangan ish rejasi asosida belgilab oladi. Xalq deputatlari Kengashi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladigan xalq deputatlari Kengashining ish rejasi asosida xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalarining ish rejalari tuziladi.
Xalq deputatlari Kengashining ish rejasi xalq deputatlari Kengashi deputatlari (bundan buyon matnda Kengash deputatlari deb yuritiladi), xalq deputatlari Kengashining doimiy komissiyalari (bundan buyon matnda doimiy komissiyalar deb yuritiladi), hokimlikning boʻlim va boshqarmalari, tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari takliflari, shuningdek hududiy vakillik organi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
Xalq deputatlari Kengashining ish rejasi sessiyada qabul qilinadi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Xalq deputatlari Kengashi ish rejasining bajarilishi uning sessiyalarida, sessiyalar oraligʻida esa uning doimiy komissiyalari majlislarida muhokama qilinadi.
Xalq deputatlari Kengashining ish rejasiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi masala hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, doimiy komissiyalar va Kengash deputatlarining taklifiga binoan sessiyada koʻrib chiqiladi. Ushbu masala yuzasidan qaror xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Xalq deputatlari Kengashining ish rejasi bajarilishini tashkil etish, shuningdek doimiy komissiyalarning ish rejalari doimiy komissiyalar tomonidan oʻz vaqtida ijro qilinishi uchun hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari masʼul hisoblanadi.
4-modda. Xalq deputatlari Kengashi ishini hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi.
Hokim – xalq deputatlari Kengashining rahbari oʻz faoliyati haqida xalq deputatlari Kengashi oldida hisobot beradi.
Xalq deputatlari Kengashining vakolat muddati — besh yil.
5-modda. Xalq deputatlari Kengashi tegishli hudud uchun umumiy boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarining amalga oshirilishini, joylarda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashi va hokimning qarorlari ijro etilishini, Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasidagi aloqani, aholini tegishli hududni boshqarishga jalb etishni taʼminlaydi.
Xalq deputatlari Kengashi tegishli hududda oʻzini oʻzi boshqarishning rivojlanishiga koʻmaklashadi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining faoliyatini yoʻnaltirib turadi.
6-modda. Xalq deputatlari Kengashining asosiy vakolatlariga quyidagilar kiradi:
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarining taqdimiga binoan mahalliy budjetni va uning ijro etilishi haqidagi hisobotni, hududni rivojlantirishning istiqbolli dasturlarini, viloyat, tuman, shaharning bosh rejasi va ularni qurish qoidalarini tasdiqlash;
qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar miqdorlarini belgilash, mahalliy soliqlar boʻyicha imtiyozlar berish;
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarini va uning oʻrinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, hokimni va uning oʻrinbosarlarini lavozimdan ozod etish, ularning faoliyati haqidagi hisobotlarni tinglash;
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbari qarorlarini tasdiqlash;
xalq deputatlari Kengashining reglamentini, doimiy va muvaqqat komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash, ularga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish;
xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalarini, boshqa organlarini tuzish, saylash va tugatish, ularning tarkibini oʻzgartirish, ularning ishi haqidagi hisobotlarni tinglash;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda Kengash deputatlarining vakolatlarini eʼtirof etish va muddatidan oldin tugatish, ularni javobgarlikka tortish uchun rozilik berish;
ijro hokimiyati boʻlimlari, boshqarmalari, boshqa tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini tinglash;
Kengash deputatlarining soʻrovlarini koʻrib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarining va quyi xalq deputatlari Kengashining Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qilish;
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarining taqdimiga binoan hokimlik tuzilmalarini, uning xodimlari shtatlari va mehnatga haq toʻlash fondini tasdiqlash.
Xalq deputatlari Kengashlari fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni taʼminlash, atrof muhitni muhofaza qilish, tashkiliy masalalar va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq nazorat qilish sohasidagi oʻz vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham hal qiladilar.
7-modda. Xalq deputatlari Kengashi berilgan vakolatlari doirasida umum manfaatini ifodalovchi tadbirlarni oʻtkazish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari va shaharlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan shartnomaviy munosabatlar oʻrnatishga haqlidir.
8-modda. Xalq deputatlari Kengashi oʻz faoliyatini sessiyalar, doimiy va muvaqqat komissiyalar, xalq deputatlari Kengashining boshqa organlari orqali, shuningdek Kengash deputatlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibda oʻz vakolatlarini roʻyobga chiqarish yoʻli bilan amalga oshiradi.
II bob. Sessiya chaqirish va oʻtkazish
9-modda. “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xalq deputatlari Kengashining asosiy ish shakli sessiyadir.
Sessiya Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan xalq deputatlari Kengashi vakolatiga kiritilgan har qanday masalani koʻrib chiqishga haqli.
10-modda. Sessiyalar hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, u yoʻqligida esa uning oʻrinbosarlaridan biri tomonidan zaruratga qarab, biroq yiliga kamida ikki marta chaqiriladi.
Sessiyalar xalq deputatlari Kengashi deputatlarining kamida uchdan ikki qismi tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.
11-modda. Sessiyaning kun tartibi hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, partiyalar va deputatlar guruhlari, doimiy komissiyalar va Kengash deputatlari tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda tayyorlanadi.
Sessiya muhokamasiga kiritilayotgan eng muhim va dolzarb ahamiyatga ega masalalarni tayyorlash uchun hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tomonidan tegishli tarmoqlar mutaxassislari hamda olimlarni jalb etgan holda ishchi guruh tashkil etilishi mumkin. Ishchi guruh masalani tayyorlash vaqtida saylovchilar, hokimlikning boʻlimlari, boshqarmalari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek tegishli hududdagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining fikr-mulohazalarini hisobga oladi.
Sessiya muhokamasiga kiritilayotgan masalalar dastlabki tarzda tegishli doimiy komissiyalar tomonidan koʻrib chiqiladi, ular tomonidan tayyorlangan qaror loyihalari va kun tartibi boʻyicha boshqa hujjatlar hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbariga beriladi.
Sessiyada koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan masalalar sessiya kun tartibi loyihasiga ularni koʻrib chiqish navbati, har bir masalani koʻrib chiqish uchun tayyorlashga masʼul boʻlgan doimiy komissiyalar, maʼruzachilar (qoʻshimcha maʼruzachilar), shuningdek boshqa maʼlumotlar kiritilgan holda tuziladi.
Sessiya kun tartibi xalq deputatlari Kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
12-modda. Sessiyani, shu jumladan navbatdan tashqari sessiyani chaqirish haqidagi qaror hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tomonidan qabul qilinadi.
Sessiya oʻtkaziladigan vaqt, sana va joy hamda kun tartibi Kengash deputatlari eʼtiboriga sessiya ochilishidan kamida yetti kun oldin yetkaziladi. Kengash deputatlariga tanishib chiqish uchun tegishli hujjatlar ham yuboriladi.
Sessiyani chaqirish toʻgʻrisidagi xabar ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinishi mumkin.
Sessiyalar ochiq, oshkora oʻtkaziladi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi.
Zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi yopiq sessiya oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Bunday qaror, agar bu haqdagi taklif hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, doimiy komissiyalar, partiyalar yoki deputatlar guruhlari tomonidan kiritilgan boʻlsa, qabul qilinishi mumkin. Yopiq sessiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror Kengash deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismining ovozi bilan qabul qilinadi.
13-modda. Agar sessiyada Kengash deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, u vakolatli hisoblanadi.
Kengash deputatlarini roʻyxatga olish sessiya ochilishidan oldin va uning ishidagi har bir tanaffusdan keyin amalga oshiriladi.
Agar sessiyalarni oʻtkazishga moʻljallangan binoda elektron ovoz berish tizimidan foydalanish koʻzda tutilgan boʻlsa, har bir Kengash deputati uchun doimiy oʻrin ajratiladi.
14-modda. Sessiyalar ishi davlat tilida olib boriladi va zarurat boʻlganda xalq deputatlari Kengashining qarori asosida boshqa tillarga sinxron tarjima taʼminlanadi.
15-modda. Sessiyalarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, shuningdek tegishli hududdagi davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalarining taklif etilgan vakillari hamda boshqa shaxslar hozir boʻlishi mumkin.
Sessiyaga taklif etilgan shaxslar muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas, shuningdek xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibga rioya qilishlari va raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunishlari shart.
Sessiyaga taklif qilinadigan shaxslarning soni va tarkibi hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tomonidan hal etiladi.
Sessiyada raislik qiluvchi sessiyaga taklif etilgan shaxslar tarkibi va soni toʻgʻrisida Kengash deputatlariga axborot beradi.
Sessiyaga taklif qilingan shaxslar uchun majlislar zalida maxsus joylar ajratiladi.
16-modda. Yangi saylangan xalq deputatlari Kengashining birinchi sessiyasi hokim tomonidan saylovdan keyin kechi bilan uch hafta muddat ichida chaqiriladi.
Birinchi sessiya Kengash keksa deputatlaridan biri tomonidan ochiladi, u xalq deputatlari Kengashi tomonidan xalq deputatlari Kengashining rahbari tasdiqlangunga qadar sessiyani boshqaradi.
Sessiyalarda hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, u yoʻqligida esa xalq deputatlari Kengashining qaroriga yoki hokim topshirigʻiga binoan mazkur xalq deputatlari Kengashining deputatlaridan biri raislik qiladi.
17-modda. Kengash deputatlarining vakolatlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror yangi saylangan xalq deputatlari Kengashining birinchi sessiyasida saylovni oʻtkazgan saylov komissiyasining taqdimiga muvofiq qabul qilinadi.
Boʻshab qolgan deputatlik oʻrniga saylov oʻtkazilganida Kengash deputatining vakolatini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror ham sessiyada saylov komissiyasining taqdimiga muvofiq qabul qilinadi.
18-modda. Sessiya oʻz ishini kun tartibini tasdiqlashdan boshlaydi.
Sessiya kun tartibidagi masalalar raislik qiluvchi tomonidan bandma-band yoki butunlay ovozga qoʻyilishi mumkin.
Sessiyaning kun tartibi boʻyicha taklif va mulohazalar Kengash deputatlari tomonidan ogʻzaki yoki yozma shaklda beriladi va sessiyada raislik qiluvchi tomonidan ularning kelib tushish tartibi boʻyicha eʼlon qilinadi.
Sessiya kun tartibi boʻyicha qaror Kengash deputatlari bildirgan takliflarni hisobga olgan holda qabul qilinadi.
19-modda. Har bir sessiyani oʻtkazish vaqtida Kengash deputatlari orasidan sessiya kotibi saylanadi yoki sessiya kotibiyati tuziladi.
Sessiya kotibi yoki kotibiyati:
soʻzga chiquvchilarning roʻyxatini olib boradi;
deputat soʻrovlarini, Kengash deputatlaridan tushadigan savollar, maʼlumotnomalar, xabarlar, arizalar, takliflar va boshqa materiallarni roʻyxatga oladi;
soʻzga chiqish uchun yozilganlarning roʻyxati va tushgan materiallar haqida raislik qiluvchiga axborot beradi;
sessiya ishiga taalluqli masalalar yuzasidan Kengash deputatlariga tushuntirishlar beradi;
sessiya yakunlari yuzasidan axborot tayyorlaydi;
bayonnoma yoki stenogramma yuritilishini tashkil etadi.
Sessiyada sessiya kotibi yoki kotibiyati tomonidan tayyorlangan axborot tinglanadi.
20-modda. Sessiyada bayonnoma yoki zarur hollarda stenogramma yuritiladi. Sessiya bayonnomasi raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
Sessiya bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
xalq deputatlari Kengashining nomi, sessiyaning tartib raqami (chaqiriq doirasida);
sessiyani oʻtkazish vaqti, sanasi va joyi hamda sessiya kun tartibi;
hozir boʻlgan va qatnashmayotgan Kengash deputatlari soni, shuningdek taklif etilgan shaxslarning soni;
sessiyaning kun tartibi, sessiya muhokamasiga kiritilgan har bir masala yuzasidan har bir maʼruzachi va qoʻshimcha maʼruzachining familiyasi hamda lavozimi;
muzokaralarda soʻzga chiqqan, shuningdek maʼruzachilar va qoʻshimcha maʼruzachilarga soʻrovlar yoʻllagan yoki savollar bergan (yozma yoki ogʻzaki shaklda) Kengash deputatlarining familiyalari, saylov okruglarining raqami va lavozimlari;
qabul qilingan, “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” deb berilgan ovozlar soni koʻrsatilgan qarorlar roʻyxati.
Bayonnomada sessiya kun tartibiga qoʻyilgan masalalarning mohiyati ochib beriladi, sessiya davomida soʻzlangan nutqlarning mohiyati qisqacha bayon etiladi, shuningdek sessiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan ovoz berish yakunlari qayd etiladi.
Sessiyaning bayonnomasiga Kengash deputatlari va taklif etilgan shaxslarning sessiyadagi maʼruzalari matnlari, sessiyada hozir boʻlgan va qatnashmayotgan Kengash deputatlari roʻyxati, taklif etilgan shaxslar roʻyxati va boshqa materiallar ilova qilinadi.
Sessiya bayonnomasi yoki stenogrammasi sessiya tugaganidan soʻng uch kundan kechiktirmay tayyorlanadi va sessiya vaqtida raislik qilgan shaxs hamda kotib tomonidan imzolanadi.
Sessiya bayonnomasi va stenogrammasining asl nusxasi hokimlikning tashkiliy-nazorat guruhida saqlanadi.
Sessiya bayonnomasi yoki stenogrammasi Kengash deputatlarining talabiga binoan tanishib chiqish uchun ularga berilishi mumkin.
Yopiq sessiya bayonnomasi va stenogrammasi hokimlikning tegishli boʻlimida “maxfiy hujjat” belgisi bilan saqlanadi.
Yopiq sessiya bayonnomasi va stenogrammasi unga umumlashtirilgan materiallar bilan Kengash deputatlarini tanishtirish bevosita hokimiyat apparatida tilxat olinib amalga oshiriladi.
21-modda. Sessiyada raislik qiluvchi:
sessiya ishining umumiy borishiga rahbarlik qiladi, xalq deputatlari Kengashining reglamentiga rioya etilishini taʼminlaydi;
maʼruzachilar, qoʻshimcha maʼruzachilarga va muzokaralarda soʻzga chiquvchilarga navbati bilan soʻz beradi;
zarur hollarda sababini tushuntirib, soʻzga chiqish tartibini oʻzgartiradi;
muhokama qilinayotgan masala yuzasidan xohlagan paytda soʻzga chiqishi mumkin;
xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibni qoʻpol ravishda buzgan Kengash deputati yoki ishtirokchini tartibga chaqiradi;
Kengash deputatlarining yozma soʻrovlari, arizalari, takliflari, fikr-mulohazalarini oʻqib eshittiradi;
Kengash deputatiga deputat soʻrovi, savol, taklif, fikr-mulohaza yuzasidan soʻzga chiqish, shuningdek sessiyani olib borish tartibi boʻyicha eʼtirozlar bildirish uchun, qaror loyihalariga tuzatish, ovoz berish masalasi boʻyicha takliflar kiritish uchun uning iltimosiga koʻra soʻz beradi;
muhokama tugaganidan keyin qarorlar loyihalarini ovozga qoʻyadi va ovoz berish natijalarini eʼlon qiladi;
sessiyada qabul qilingan qarorlarni va sessiya bayonnomalarini imzolaydi;
muhokama jarayonida soʻzga chiqqan Kengash deputatlari yoki boshqa ishtirokchilar fikrini biron-bir tarzda baholash yoxud sharhlashdan, shuningdek qaror qabul qilishda tazyiq oʻtkazishdan oʻzini tiyishi lozim.
Sessiyada raislik qiluvchi:
xalq deputatlari Kengashining reglamenti talablari qoʻpol ravishda buzilgan taqdirda Kengash deputatini ogohlantirishga, takroran buzishga yoʻl qoʻyilganida esa, uni butun sessiya kuni davomida soʻzdan mahrum qilishga;
sessiya ishiga xalaqit berayotgan taklif qilingan shaxslarni sessiya zalidan chiqarib yuborishga haqli.
22-modda. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini va eng muhim muammolarni muhokama etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari (komissiyalari) va xalq deputatlari Kengashining qoʻshma majlislari oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitasi (komissiyasi) va xalq deputatlari Kengashining qoʻshma majlisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitasining (komissiyasining) raisi va hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari oʻrtasida kelishuv boʻyicha oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitasi (komissiyasi) va xalq deputatlari Kengashining qoʻshma majlisi kun tartibidagi masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitasi (komissiyasi) tomonidan xalq deputatlari Kengashining tegishli doimiy komissiyasi bilan hamkorlikda tayyorlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitasi (komissiyasi) va xalq deputatlari Kengashining qoʻshma majlisini chaqirish, uni oʻtkazish vaqti, sanasi va joyi hamda boshqa masalalar xalq deputatlari Kengashining reglamentiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitasining (komissiyasining) raisi va hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari oʻrtasida kelishuv boʻyicha hal etiladi.
III bob. Sessiyada masalalarni koʻrib chiqish tartibi
23-modda. Xalq deputatlari Kengashi oʻz sessiyalarida vakolatlari doirasida qonuniylik va huquqiy-tartibotni, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, tegishli hududning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish, mahalliy budjetni shakllantirish hamda uni ijro etish, mahalliy soliq va boshqa majburiy toʻlovlar miqdorlarini belgilash, atrof muhitni muhofaza qilish va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni koʻrib chiqadi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi.
24-modda. Sessiya muhokamasiga kiritilgan kun tartibidagi har bir masala, jumladan mahalliy budjet toʻgʻrisidagi va uning ijrosi haqidagi hisobot, hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari va uning oʻrinbosarlari, hokimlik boʻlimlari, boshqarmalari va boshqa boʻlinmalari faoliyati haqidagi hisobotlar tinglanadi hamda erkin muhokama qilinadi.
Muhokama jarayoni mazkur masala yuzasidan hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari, uning oʻrinbosarlari, doimiy komissiyalar raislarining maʼruzalari va qoʻshimcha maʼruzalarini yoki Kengash deputatlarining maʼruzalari va qoʻshimcha maʼruzalarini tinglash, shuningdek taklif etilgan shaxslarning fikr bildirishi shaklida amalga oshiriladi.
Ayrim hollarda muhokama etilayotgan masalaning mazmunini hisobga olgan holda, sessiya mazkur masalaning mazmuniga doir qisqacha axborotni tinglab yoki doimiy komissiyalar raislari yoxud Kengash deputatlarining tushuntirishlari bilan cheklanib, uni muhokama etmasdan qaror qabul qilishi mumkin.
25-modda. Sessiyada raislik qiluvchi tomonidan maʼruzachilar va qoʻshimcha maʼruzachilar bilan kelishuvga koʻra, qoida tariqasida, maʼruza uchun — 30 daqiqagacha, qoʻshimcha maʼruza uchun — 20 daqiqagacha va yakunlovchi soʻz uchun 15 daqiqagacha vaqt belgilanadi.
Muzokaralarda soʻzga chiquvchi Kengash deputatlariga 10 daqiqagacha vaqt beriladi. Muzokaralarda takroran soʻzga chiqish uchun, shuningdek sessiya ishini olib borish tartibi, ovoz berish asoslari, nomzodlar boʻyicha soʻzga chiqish uchun, arizalar, savollar, takliflar, xabarlar, maʼlumotlar uchun 3 daqiqagacha vaqt beriladi.
Sessiyada hozir boʻlgan Kengash deputatlari koʻpchiligining roziligi bilan raislik qiluvchi sessiya kun tartibiga kiritilgan masalani muhokama qilishning umumiy vaqtini, savollar va javoblar uchun ajratiladigan vaqtni belgilab qoʻyishi, soʻzlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Sessiyalarda Kengash deputati ayni bir masala boʻyicha muzokaralarda koʻpi bilan ikki marta soʻzga chiqishi mumkin.
Muzokaralarni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin maʼruzachi va qoʻshimcha maʼruzachi yakunlovchi soʻzni aytish huquqiga ega.
Agar soʻzga chiquvchi ajratilgan vaqtdan ortiq soʻzlasa yoki muhokama etilayotgan masala yuzasidan fikr bildirmayotgan boʻlsa, sessiyada raislik qiluvchi uni avval ogohlantirib, keyin soʻzdan mahrum qiladi.
IV bob. Sessiyada qarorlar qabul qilish va ularni eʼlon qilish tartibi
26-modda. Sessiyada qarorlar ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qaroriga asosan yashirin ovoz berish oʻtkazilishi mumkin.
Elektron ovoz berish tizimlari oʻrnatilgan zallarda ochiq yoki yashirin ovoz berish elektron ovoz berish tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladi.
27-modda. Kengash deputati oʻzining ovoz berish huquqini shaxsan amalga oshiradi.
Har bir Kengash deputati bir ovozga ega boʻladi va muhokama qilinayotgan masala yuzasidan “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” deb ovoz beradi.
Ovoz berish vaqtida hozir boʻlmagan Kengash deputati keyinchalik ovoz berishga haqli emas.
Ochiq ovoz berish ovozlar mutlaq koʻpchilikni tashkil etgan taqdirda ovozlarni sanamasdan, agar faqat Kengash deputatlaridan hech biri boshqacha tartibni taklif etmasa yoki ovozlarni qayta sanab chiqishni talab qilmasa, oʻtkazilishi mumkin.
28-modda. Sessiyalarda yashirin ovoz berishni oʻtkazish va uning natijalarini hisoblash uchun Kengash deputatlari orasidan sanoq komissiyasi saylanadi.
Sanoq komissiyasi oʻz tarkibidan komissiya raisi va kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarorlari komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
29-modda. Sessiyada yashirin ovoz berishni byulletenlardan foydalangan holda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ovoz berish uchun zarur axborotga ega boʻlgan yashirin ovoz berish byulletenlari sanoq komissiyasi nazorati ostida tayyorlanadi.
Yashirin ovoz berish oʻtkaziladigan vaqti va joyi, uni oʻtkazish tartibi sanoq komissiyasi tomonidan belgilanadi.
30-modda. Yashirin ovoz berish byulletenlar yordamida oʻtkazilganida sanoq komissiyasi har bir Kengash deputatiga bittadan byulleten beradi.
Byulletenni toʻldirish Kengash deputati tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida byulletendagi oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzod familiyasining qarshisida oʻng tomonda joylashgan boʻsh katakka belgi-krestik qoʻyish, qaror loyihasiga oid byulletenda esa, agar u tegishli qarorni yoqlab ovoz berayotgan boʻlsa, “qarshiman” degan soʻzni oʻchirish, taklif etilayotgan qarorga (qaror variantiga) qarshi ovoz berayotgan boʻlsa, yoxud “yoqlayman” degan soʻzni oʻchirish orqali amalga oshiriladi.
Belgilanmagan shakldagi byulletenlar, shuningdek Kengash deputatlarining xohish-irodasini aniqlashga imkon bermagan byulletenlar Kengash deputatlarining ovozlarini hisoblab chiqish vaqtida haqiqiy emas deb topiladi. Byulletenga kiritilgan qoʻshimchalar ovozlarni hisoblab chiqish vaqtida eʼtiborga olinmaydi.
31-modda. Agar sessiyada elektron ovoz berish tizimi yordamida yashirin ovoz berishni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, sanoq komissiyasi ovoz berish boshlanishidan oldin elektron tizimning sozligini tekshirishi hamda yashirin ovoz berish uchun Kengash deputatlari umumiy soni boʻyicha kartochkalarning toʻliq komplektini roʻyxatga olishi kerak.
32-modda. Ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisida sanoq komissiyasi bayonnoma tuzadi, u komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Sanoq komissiyasining maʼruzasiga asosan xalq deputatlari Kengashi yashirin ovoz berish natijalarini tasdiqlash toʻgʻrisida ochiq ovoz berish yoʻli bilan qaror qabul qiladi.
33-modda. Sessiyada qabul qilingan qarorlar raislik qiluvchi tomonidan imzolangan vaqtdan eʼtiboran, agar hujjatning oʻzida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Kengashi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar tegishli hududda joylashgan barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
Xalq deputatlari Kengashining qarorlari uning doimiy komissiyalariga, hokimlikning boʻlimlari, boshqarmalari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari, tegishli davlat organlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, mansabdor shaxslarga va quyi turuvchi hokimliklarga tarqatiladi.
Tegishli hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha sessiyada qabul qilingan qarorlar va boshqa muhim qarorlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
V bob. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbarini tasdiqlash tartibi
34-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
35-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani tegishli xalq deputatlari Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida koʻrib chiqadi.
36-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbari lavozimiga nomzodga Kengash deputatlarining savollariga javob berish uchun 30 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Nomzodni sessiyada muhokama qilish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
37-modda. Xalq deputatlari Kengashining viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbari nomzodini tasdiqlash yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinib, kechi bilan uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
38-modda. Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.
39-modda. Agar ovoz berish vaqtida viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlari tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur lavozimlarga nomzodlarni partiya guruhlari bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan soʻng bir oy ichida yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega.
40-modda. Tegishli xalq deputatlari Kengashi taqdim etilgan viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlarini uch marta rad etgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti viloyat (Toshkent shahar) hokimi vazifasini bajaruvchini tayinlash, tegishli xalq deputatlari Kengashini tarqatib yuborish huquqiga ega. Bunda xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga saylov tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkaziladi.
VI bob. Tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbarini tasdiqlash tartibi
41-modda. Tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlari viloyat hokimi tomonidan xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
42-modda. Tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala tegishli xalq deputatlari Kengashi viloyat hokimi tomonidan taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran, qoida tariqasida, uch kun ichida koʻrib chiqiladi.
43-modda. Tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashining rahbari lavozimiga nomzodga deputatlarning savollariga javob berish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Nomzodni sessiyada muhokama qilish uchun 10 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
44-modda. Xalq deputatlari Kengashining tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinib, kechi bilan uch kun ichida viloyat hokimiga yuboriladi.
45-modda. Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan tuman, shahar hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.
VII bob. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolarini saylash tartibi
46-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolari (bundan buyon matnda Senat aʼzolari deb yuritiladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining qoʻshma majlislarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
47-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov yakunlari eʼlon qilinganidan keyin uch kunlik muddatda Senat aʼzolarini saylash uchun deputatlarning qoʻshma majlislari (bundan buyon matnda qoʻshma majlis deb yuritiladi) oʻtkazilishini eʼlon qiladi.
Markaziy saylov komissiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shuningdek Toshkent shahrida qoʻshma majlislarni oʻtkazish vaqti, sanasi va joyi koʻrsatilgan qarori ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
48-modda. Qoʻshma majlis ochilishi oldidan Kengashlar deputatlari roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Agar qoʻshma majlisda, Kengashlar deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, u vakolatli hisoblanadi.
Qoʻshma majlis ishida Markaziy saylov komissiyasining vakili ishtirok etishi shart.
49-modda. Qoʻshma majlisni Markaziy saylov komissiyasining vakili ochadi. U majlisda raislik qiluvchining nomzodi boʻyicha taklif kiritadi, bu nomzod eng obroʻli, katta tajribaga ega, yoshi ulugʻ Kengashlar deputatlari orasidan tanlab olinadi.
Qoʻshma majlis ishtirokchilari majlisning kun tartibini va ish reglamentini tasdiqlaydilar.
Qoʻshma majlis kun tartibiga Senat aʼzolarini saylash toʻgʻrisidagi masala kiritiladi.
50-modda. Qoʻshma majlis ishini taʼminlash va olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan uch kishidan besh kishigacha boʻlgan ishchi hayʼat tuziladi. Turli Kengashlar deputatlari orasidan hayʼat aʼzoligiga nomzodlar raislik qiluvchi tomonidan taklif etiladi.
51-modda. Kengash deputatlari vakolatlarini tekshirish, tushgan takliflarni hisobga olish va qoʻshma majlis tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat kotibiyat tuziladi.
52-modda. Qoʻshma majlisda raislik qiluvchi taqdimiga muvofiq ochiq ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish boʻyicha Oqsoqollar kengashi (bundan buyon matnda Oqsoqollar kengashi deb yuritiladi) saylanadi.
Oqsoqollar kengashi deputatlik faoliyatida katta tajribaga ega boʻlgan eng obroʻli, yoshi ulugʻ Kengashlarning deputatlaridan, qoida tariqasida, har bir xalq deputatlari Kengashidan bir nafar vakildan saylanadi.
53-modda. Oqsoqollar kengashi eng obroʻli, oʻz saylovchilari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotgan, davlat va jamiyat faoliyatining turli sohalarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan Kengashlar deputatlari orasidan Senat aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqadi.
Yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish uchun Senat aʼzoligiga olti nafar nomzod boʻyicha Oqsoqollar kengashining taklifi Oqsoqollar kengashining raisi tomonidan oʻqib eshittiriladi. Yashirin ovoz berish byulleteniga olti nafar Senat aʼzoligiga nomzod kiritiladi.
54-modda. Saylov kuniga qadar yigirma besh yoshga toʻlgan va kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining deputati Senat aʼzoligiga nomzod boʻlishi mumkin.
55-modda. Qoʻshma majlisda Senat aʼzoligiga har bir nomzod boʻyicha alohida muhokama oʻtkaziladi.
Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan har bir Kengash deputati Senat aʼzoligiga nomzodga savollar berish, nomzod xususida oʻz fikrini bildirish huquqiga ega.
Senat aʼzoligiga har bir nomzod boʻyicha alohida muhokamadan keyin uni yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Taklif etilgan u yoki bu nomzodlar rad etilgan taqdirda, muhokama etish va yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish uchun boshqa nomzodni faqat Oqsoqollar kengashi koʻrsatishi mumkin.
Senat aʼzoligiga nomzodlarni muhokama qilish qoʻshma majlis qaroriga binoan tugallanadi.
Deputatlarning qoʻshma majlisida ishtirok etayotgan Kengashlar deputatlarining koʻpchilik ovozini olgan Senat aʼzoligiga nomzod yashirin ovoz berish byulleteniga kiritilgan hisoblanadi.
56-modda. Yashirin ovoz berish uchun byulletenning namunasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Yashirin ovoz berish byulletenida uni toʻldirish tartibi haqida tushuntirish berilgan boʻlishi lozim. Byulletenning old tomonida oʻng yuqori burchakda muhr va kamida ikki nafar sanoq komissiyasi aʼzosining imzosi boʻlishi kerak.
57-modda. Yashirin ovoz berishni oʻtkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan Kengashlar deputatlari orasidan toʻqqiz nafargacha aʼzodan, shu jumladan, komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda sanoq komissiyasi saylanadi.
Sanoq komissiyasining tarkibiga Senat aʼzoligiga nomzod saylanishi mumkin emas.
Sanoq komissiyasi:
Senat aʼzolarini saylash boʻyicha ovoz berishni tashkil qiladi va oʻtkazadi;
qoʻshma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berishni oʻtkazish vaqti, joyi va tartibini eʼlon qiladi;
yashirin ovoz berish byulletenlarini ularga Senat aʼzoligiga har bir nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismini alifbo tartibida kiritish yoʻli bilan, tugʻilgan sanasi, lavozimi (mashgʻulotining turi) va ish joyini koʻrsatgan holda tayyorlaydi;
ovoz beruvchilarning roʻyxatini aniqlaydi, ularga yashirin ovoz berish byulletenlarini beradi;
yashirin ovoz berish byulletenlarining old tomoniga muhr qoʻyadi va yashirin ovoz berish byulletenida sanoq komissiyasi aʼzolarining imzolari boʻlishini taʼminlaydi;
ovozlarni sanab chiqadi va yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi;
yashirin ovoz berish natijalarini qoʻshma majlis tasdigʻiga kiritadi.
58-modda. Yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin sanoq komissiyasining raisi yashirin ovoz berishni oʻtkazish tartibini eʼlon qiladi, komissiya aʼzolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va muhrlaydi.
Saylov qutisi uning yoniga ovoz beruvchilar albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasidan oʻtib boradigan qilib joylashtiriladi.
Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan Kengash deputati sanoq komissiyasi aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi hamda ovoz beruvchilar roʻyxatiga imzo chekadi, shundan keyin unga yashirin ovoz berish byulleteni beriladi.
Yashirin ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida oʻzi yoqlab ovoz berayotgan Senat aʼzoligiga nomzodlarning familiyalari qarshisida oʻng tomonda joylashgan boʻsh katakka belgi-krestik qoʻyish yoʻli bilan toʻldiriladi.
Ovoz beruvchi toʻldirilgan yashirin ovoz berish byulletenini koʻrinarli joyda turishi lozim boʻlgan saylov qutisiga tashlaydi.
Buzib qoʻyilgan yashirin ovoz berish byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga koʻra yangisiga almashtirilishi mumkin.
Yashirin ovoz berish jarayoni tugallangandan keyin, foydalanilmagan, shuningdek buzib qoʻyilgan yashirin ovoz berish byulletenlari ularga maxsus shtamp qoʻyish yoʻli bilan bekor qilinadi, shundan soʻng ular muhrlanadi va alohida saqlanadi.
59-modda. Ovozlarni sanab chiqish sanoq komissiyasi aʼzolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlangunga qadar tanaffussiz amalga oshiriladi.
Saylov qutisidagi yashirin ovoz berish byulletenlariga asosan sanoq komissiyasi ovoz berishda ishtirok etgan Kengashlar deputatlarining umumiy sonini, Senat aʼzoligiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini, haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar sonini aniqlaydi.
Ovoz beruvchilar tomonidan saylov byulleteniga qoʻshimcha yozib qoʻyilgan fuqarolarning familiyalari boʻyicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.
Belgilanmagan namunadagi yashirin ovoz berish byulletenlari, ovoz berish vaqtida bitta ham katakka belgi-krestik qoʻyilmagan byulletenlar, shuningdek old tomonida muhr va sanoq komissiyasi aʼzolarining imzolari boʻlmagan byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi.
Ovoz berish natijalariga koʻra ovoz berishda qatnashgan Kengashlar deputatlari ovozining ellik foizidan ortigʻini olgan Senat aʼzoligiga nomzodlar saylangan deb hisoblanadi.
Yashirin ovoz berish natijalari boʻyicha bayonnoma tuzilib, u sanoq komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomaning qalamda toʻldirilishiga va unga hech qanday tuzatishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sanoq komissiyasi raisining maʼruzasi boʻyicha qoʻshma majlisda yashirin ovoz berish natijalarini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, u qoʻshma majlisning Senat aʼzolari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasida aks ettiriladi.
Qoʻshma majlisning Senat aʼzolari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Bayonnomaning qalamda toʻldirilishiga va unga birorta tuzatish kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar ovoz berishda yashirin ovoz berish byulleteniga kiritilgan nomzodlardan kimdir saylanmagan boʻlsa, boʻsh qolgan oʻrinlarga Senat aʼzolarini qoʻshimcha saylash uchun yangi saylov tayinlanadi.
Senat aʼzolarini qoʻshimcha saylash boʻyicha qoʻshma majlis asosiy saylov oʻtkazilganidan soʻng ikki kun ichida oʻtkaziladi. Qoʻshma majlisning oʻtkazilish vaqti, sanasi va joyi qoʻshma majlis qarori bilan belgilanadi.
60-modda. Saylangan Senat aʼzolarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun qoʻshma majlisning Senat aʼzolari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasi ikki kunlik muddatdan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi.
Qoʻshma majlisning Senat aʼzolari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasining ikkinchi nusxasi va Senat aʼzolari saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa hujjatlar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari arxivlarida saqlanadi.
VIII bob. Doimiy va muvaqqat komissiyalar
61-modda. Xalq deputatlari Kengashi sessiyaga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash uchun oʻz vakolatlari muddatiga jamoatchilik asosida faoliyatni amalga oshiruvchi doimiy va muvaqqat komissiyalar tuzishi hamda ular tarkibiga oʻzgartishlar kiritishi mumkin.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar raisligiga hamda aʼzoligiga nomzodlar sessiyaga hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tomonidan taqdim etiladi.
Doimiy komissiya raisligiga nomzod boʻyicha ovoz berish alohida oʻtkaziladi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar aʼzolari tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari orasidan saylanadi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar aʼzoligiga nomzodlarni saylash nomzodlarning har birini alohida yoki komissiyaning butun tarkibni yalpi muhokama qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi, ovoz berishda qaror har bir nomzod boʻyicha alohida yoki komissiya butun tarkibi boʻyicha Kengash deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
62-modda. Doimiy komissiyalar soni va tarkibi sessiyada belgilanadi. Xalq deputatlari Kengashi tarkibida, qoida tariqasida, quyidagi doimiy komissiyalar tuzilishi mumkin:
mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha;
qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha;
ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari boʻyicha;
yoshlar siyosati va sogʻlom avlodni tarbiyalash masalalari boʻyicha;
sanoat, transport, qurilish, kommunal masalalari va aholiga xizmat koʻrsatish boʻyicha;
agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha;
reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha.
Zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi tomonidan yangi doimiy komissiyalar tuzilishi va ilgari tashkil qilingan doimiy komissiyalar tugatilishi, doimiy komissiyalar tarkibiga oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
Doimiy komissiyalar faoliyati xalq deputatlari Kengashi qarori bilan tasdiqlanadigan Xalq deputatlari Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizom bilan tartibga solinadi.
63-modda. Doimiy komissiyalar oʻz majlislarida rais oʻrinbosarlari va kotiblarini saylaydi.
Xalq deputatlari Kengashining deputati faqat bitta doimiy komissiya aʼzosi etib saylanishi mumkin. Doimiy komissiya tarkibiga kirmagan Kengash deputati uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
Doimiy komissiyalar xalq deputatlari Kengashi oldida masʼul va unga hisobdordir.
64-modda. Doimiy komissiyalar oʻz faoliyatini xalq deputatlari Kengashi qarori bilan tasdiqlanadigan ish rejalari asosida amalga oshiradi.
Doimiy komissiyaning sessiyalar oraligʻida oʻtkaziladigan majlislarida ish rejasiga tegishli oʻzgartishlar kiritilishi mumkin, keyinchalik ular sessiya tasdigʻiga kiritiladi.
65-modda. Doimiy komissiyalar oʻz faoliyatini majlis shaklida amalga oshiradi.
Doimiy komissiyalarning majlislari, qoida tariqasida, oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Doimiy komissiyalarning qoʻshma majlislari ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq oʻtkaziladi.
66-modda. Xalq deputatlari Kengashi aniq vazifalarni bajarish uchun Kengash deputatlari orasidan muvaqqat komissiya tuzishi mumkin.
Muvaqqat komissiya tuzish toʻgʻrisidagi qaror sessiyada qabul qilinadi.
Muvaqqat komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarganidan soʻng oʻz faoliyatini tugatadi.
Muvaqqat komissiyaning vazifalari xalq deputatlari Kengashi qarori bilan belgilanadi.
67-modda. Doimiy va muvaqqat komissiyalarning tegishli hududdagi davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarga yuboriladigan qarorlari tavsiya xususiyatiga ega boʻladi va ular tomonidan koʻrib chiqilib, koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida yoki koʻrilgan chora-tadbirlar haqida bir oylik muddatda xabar qilinishi shart.
IX bob. Deputatlik faoliyatini amalga oshirish shakllari
68-modda. Kengash deputatining har biri sessiya, doimiy va muvaqqat komissiyalar ishida tashabbuskorlik va faollik bilan qatnashishi lozim. Kengash deputati oʻz vakolatlarini ishlab chiqarishdan yoki xizmat vazifalaridan ajralmagan holda amalga oshiradi.
69-modda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga koʻrsatilgan Kengash deputatlari deputatlar guruhlariga birlashishlari mumkin.
Har bir deputatlar guruhi sessiya muhokamasiga kiritilayotgan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va ular yuzasidan takliflar kiritish huquqiga ega.
Deputatlar guruhi tuzish toʻgʻrisidagi ariza va boshqa hujjatlar sessiyaga taqdim etiladi. Deputatlar guruhi oʻz faoliyatini sessiyada deputatlar guruhini roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan soʻng boshlaydi.
Deputatlar guruhi doimiy komissiyalar bilan oʻzaro hamkorlikda ish olib boradi.
70-modda. Partiya guruhlari siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan Kengash deputatlarining taʼsis yigʻilishlarida oʻz partiyalarining siyosatini uyushgan holda oʻtkazish uchun tuziladi. Partiya guruhlari partiya guruhi rahbarining tegishli arizasi va taʼsis hujjatlariga asosan xalq deputatlari Kengashi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Partiya guruhlari quyidagi huquqlarga ega:
sessiya kun tartibini shakllantirishda ishtirok etish;
sessiya kun tartibidagi har bir masala boʻyicha muzokaralarda partiya guruhi vakiliga kafolatlangan tarzda soʻz berilishi;
hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbariga, hokim oʻrinbosarlariga, hokimlikning boʻlim va boshqarmalari boshliqlariga, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashi hududida joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbarlariga soʻrovlar bilan murojaat etish;
doimiy va muvaqqat komissiyalar raisligiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish;
sessiyada muhokama qilinayotgan masala boʻyicha partiya guruhining fikrini Kengash deputatlari orasida tarqatish;
viloyat (Toshkent shahar) hokimi — xalq deputatlari Kengashi rahbarining lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi;
xalq deputatlari Kengashi deputatlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
Partiya guruhlarining faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmatlar koʻrsatish hokimlikning tashkiliy-nazorat guruhi tomonidan taʼminlanadi.
71-modda. Kengash deputati sessiyada koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar boʻyicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi.
Kengash deputati:
doimiy hamda muvaqqat komissiyalarga saylash va saylanishga;
sessiyada koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
sessiya kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi va mohiyati yuzasidan takliflar va mulohazalar kiritishga;
xalq deputatlari Kengashi tomonidan saylanadigan, tayinlanadigan yoki tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari boʻyicha fikr bildirishga;
muzokaralarda ishtirok etishga, maʼruzachi, qoʻshimcha maʼruzachi va sessiyada raislik qiluvchiga savollar berishga;
deputat soʻrovi bilan murojaat etishga;
oʻz takliflarini asoslab berish uchun soʻzga chiqishga va ovoz berish sabablari yuzasidan maʼlumot berishga;
sessiyada raislik qiluvchiga sessiyada muhokama qilinayotgan masala yuzasidan oʻz nutqi, taklifi yoki mulohazasining matnini topshirishga;
tarkibiga oʻzi kirgan xalq deputatlari Kengashi organining qaroriga qoʻshilmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini sessiyada bayon qilishga yoki bu haqda Kengash rahbariga yozma shaklda maʼlum qilishga;
xalq deputatlari Kengashiga hisobdor boʻlgan yoki uning nazorati ostidagi har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini sessiyalarda eshitish toʻgʻrisida taklif kiritishga;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijro etilishi, shuningdek xalq deputatlari Kengashi qarorlarining bajarilishi yuzasidan tekshirishlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqilishi uchun taklif etishga;
sessiya bayonnomasi va stenogrammasi bilan belgilangan tartibda tanishishga haqli.
Kengash deputati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
72-modda. Kengash deputati:
sessiya samarali ishlashiga koʻmaklashishi, sessiya vaqtini tejashi;
xalq deputatlari Kengashining reglamentiga rioya qilishi va sessiyada raislik qiluvchining talablarini bajarishi;
faqat sessiyada raislik qiluvchining ruxsati bilangina soʻzga chiqishi;
Deputatlik odobi qoidalariga rioya qilishi;
sessiyada ishtirok etishi va uning ishida faol qatnashishi;
oʻzi tarkibiga saylangan doimiy yoki muvaqqat komissiyalar majlislarida ishtirok etishi;
xalq deputatlari Kengashining reglamentida belgilangan tartibda ovoz berishda shaxsan ishtirok etishi shart.
Kengash deputati sessiyada, oʻzi tarkibiga kirgan doimiy yoki muvaqqat komissiya majlisida ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, bu haqda tegishincha hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbariga, sessiyada raislik qiluvchiga yoxud doimiy yoki muvaqqat komissiya raisiga oldindan xabar qilishi shart.
73-modda. Kengash deputati tegishli hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan deputat soʻrovi yuborishga haqli.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputat soʻroviga mazkur soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay javob yuborishlari shart.
Sudlarning raislari, prokurorlar, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlariga yoʻllangan deputat soʻrovi ularning ish yurituvidagi aniq ishlar va materiallarga taalluqli boʻlishi mumkin emas.
Deputat soʻrovlari boʻyicha axborot sessiyada yoki doimiy yoxud muvaqqat komissiyalar majlisida muhokama qilinishi mumkin.
74-modda. Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala tegishli hudud prokurori yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari Kengashi tomonidan oʻn kun ichida hal etiladi. Senator etib saylangan Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda hal etiladi.
Kengash deputatini jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish toʻgʻrisidagi prokuror taqdimnomasi xalq deputatlari Kengashi tomonidan sessiyada koʻrib chiqiladi, sessiyalar oraligʻidagi davrda esa hokim – xalq deputatlari Kengashining rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi mansabdor shaxs tomonidan koʻrib chiqilib, qabul qilingan qaror keyinchalik tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari Kengashining Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish masalasiga doir qarori tegishli prokurorga darhol yuboriladi.
Xalq deputatlari Kengashining Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berishni rad etishi unga nisbatan jinoyat ishini yuritishni yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni nazarda tutadigan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni istisno etadigan va bunday ishlarni tugatishga sabab boʻladigan holat hisoblanadi.
75-modda. Kengash deputati Deputatlik odobi qoidalariga qatʼiy rioya etishi lozim. Kengash deputatining oʻz maqomidan fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazadigan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Deputatlik odobi qoidalari buzilgan taqdirda Kengash deputatining xulq-atvori toʻgʻrisidagi masala xalq deputatlari Kengashi tomonidan yoxud uning topshirigʻiga koʻra reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.
X bob. Yakunlovchi qoidalar
76-modda. Xalq deputatlari Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmat koʻrsatish tegishli hokimlik apparati tomonidan taʼminlanadi.
77-modda. Tegishli hokimliklar Kengash deputatini hujjatlar, zarur axborot va maʼlumot materiallari, shuningdek deputatlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mutaxassislarning maslahatlari bilan taʼminlaydi.
Kengash deputatiga texnik vositalar, aloqa vositalari va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish uchun shart-sharoit yaratiladi.
78-modda. Xalq deputatlari Kengashining reglamenti, unga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar xalq deputatlari Kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari Kengashining reglamentiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar doimiy komissiyalar, deputatlar guruhlari, partiya guruhlari, Kengash deputatlari tomonidan kiritilishi mumkin va sessiya kun tartibi loyihasiga kiritiladi hamda birinchi navbatda koʻrib chiqiladi.
79-modda. Xalq deputatlari Kengashining reglamentida nazarda tutilmagan xalq deputatlari Kengashi faoliyatiga doir masalalarni sessiyada koʻrib chiqish tartib-taomillari sessiyada Kengash deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi, bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi va qabul qilingan kundan eʼtiboran amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 154–II-sonli Qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY NIZOM
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, xalq deputatlari Kengashining reglamenti asosida ishlab chiqilgan va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining (bundan buyon matnda xalq deputatlari Kengashi deb yuritiladi) doimiy komissiyalarini shakllantirish va ishini tashkil qilish tartibini, ular faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hamda vakolatlarini belgilaydi.
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xalq deputatlari Kengashi sessiyasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, xalq deputatlari Kengashining qarorlari hayotga tatbiq etilishiga koʻmaklashish, oʻz vakolatlari doirasida nazorat vazifalarini amalga oshirish uchun xalq deputatlari Kengashi oʻz vakolatlari muddatiga xalq deputatlari Kengashi deputatlari (bundan buyon matnda Kengash deputatlari deb yuritiladi) orasidan xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalarini (bundan buyon matnda doimiy komissiyalar deb yuritiladi) saylaydi.
2. Doimiy komissiyalar oʻz faoliyatlarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari asosida, shuningdek xalq deputatlari Kengashining reglamenti va xalq deputatlari Kengashi doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiradi.
3. Doimiy komissiyalar xalq deputatlari Kengashining sessiyasida (bundan buyon matnda sessiya deb yuritiladi) Kengash deputatlari orasidan rais va aʼzolardan iborat tarkibda saylanadi. Doimiy komissiyalar oʻz faoliyatlarini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
4. Kengash deputati faqat bitta doimiy komissiya aʼzosi etib saylanishi mumkin.
Doimiy komissiya tarkibiga kirmagan Kengash deputati uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
Hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari doimiy komissiyalar tarkibiga saylanishi mumkin emas.
5. Doimiy komissiyalar raislari va aʼzoligiga nomzodlar sessiyaga hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbari tomonidan taqdim qilinadi.
Doimiy komissiya raisligiga nomzod boʻyicha ovoz berish alohida oʻtkaziladi.
Doimiy komissiyalar aʼzoligiga nomzodlarni saylash nomzodlarning har birini alohida yoki doimiy komissiyaning butun tarkibini yalpi muhokama qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi, ovoz berishda qaror har bir nomzod boʻyicha alohida yoki doimiy komissiyaning butun tarkibi boʻyicha Kengash deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
6. Doimiy komissiyalar oʻz majlislarida ochiq ovoz berish yoʻli bilan doimiy komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan rais oʻrinbosarlarini va kotiblarini saylaydi.
7. Doimiy komissiyalarning barcha aʼzolari teng huquqlardan foydalanadi.
8. Doimiy komissiyalar xalq deputatlari Kengashi oldida masʼul va hisobdordir.
9. Kengash deputatining doimiy komissiyadagi vakolatlari uning iltimosiga koʻra, shuningdek uning oʻz vazifalarini bajarishga imkon bermaydigan holatlar munosabati bilan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
Doimiy komissiya raisining taklifi boʻyicha doimiy komissiya tarkibidagi oʻzgartishlar sessiyada koʻrib chiqiladi.
10. Doimiy komissiyalar soni va tarkibi sessiyada belgilanadi.
Xalq deputatlari Kengashi tarkibida, qoida tariqasida, quyidagi doimiy komissiyalar tuzilishi mumkin:
mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha;
qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha;
ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari boʻyicha;
yoshlar siyosati va sogʻlom avlodni tarbiyalash masalalari boʻyicha;
sanoat, transport, qurilish, kommunal xoʻjaligi masalalari va aholiga xizmat koʻrsatish boʻyicha;
agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha;
reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha.
Zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi tomonidan yangi doimiy komissiyalar tuzilishi va ilgari tashkil qilingan doimiy komissiyalar tugatilishi, doimiy komissiyalarning tarkibiga oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
II bob. Doimiy komissiyalar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
11. Mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiya:
mahalliy budjet loyihasi, unga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqidagi takliflar, shuningdek mahalliy budjet ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi, boshqa doimiy komissiyalar bilan birgalikda xulosalar tayyorlaydi, mazkur masalalar yuzasidan sessiyada maʼruzalar va qoʻshimcha maʼruzalar bilan chiqadi;
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda va tadbirkorlikni rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, oʻz vakolatlari doirasida takliflar kiritadi;
tadbirkorlik sohasida xususiy va oilaviy biznesni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish infratuzilmasini shakllantirishga, tadbirkorlik subyektlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishga, yangi ish oʻrinlari yaratishga koʻmaklashadi;
budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish masalalarini oʻrganadi, ular boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi;
mahalliy budjet ijrosi, budjetdan tashqari va maqsadli fondlardan maqsadli foydalanish tartibi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
mahalliy budjetning qoʻshimcha daromad zaxiralari va manbalarini aniqlash boʻyicha ish olib boradi;
mahalliy soliqlar va mahalliy budjetga tushadigan boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlarning miqdorlarini belgilash va berish masalalarini koʻrib chiqadi va xulosalar beradi;
hokimlikning tuzilishi, shtatlari va xodimlarining mehnatiga haq toʻlash fondi toʻgʻrisidagi hokim – xalq deputatlari Kengashi rahbari taqdimnomasini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi;
xalq deputatlari Kengashining rejalashtirish va budjet-moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni koʻrib chiqishda qatnashadi;
oʻz vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritadi.
12. Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiya:
xalq deputatlari Kengashi tomonidan rejalashtirilayotgan dasturlarni, shuningdek viloyat, tuman, shahar hududida (bundan buyon matnda tegishli hududda deb yuritiladi) qonuniylikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
oʻz vakolatiga taalluqli boʻlgan xalq deputatlari Kengashining dasturlari va hokimlik qarorlari loyihalarini koʻrib chiqishda qatnashadi va xulosalar beradi;
hokimlik boʻlim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha axborotini eshitadi, tavsiyalar kiritadi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi, xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyasi esa tegishli viloyat hududida joylashgan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi;
ommaviy axborot vositalari, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshiradi, tegishli hududda jamoat tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi;
fuqarolar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tegishli hududda qonuniylik hamda inson huquqlarining buzilishi masalalariga oid murojaatlarini koʻrib chiqadi, shuningdek tegishli davlat organlariga soʻrovlar yuboradi va komissiya qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi;
oʻz vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritadi.
13. Ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari boʻyicha doimiy komissiya:
tegishli hududni ijtimoiy-madaniy rivojlantirish dasturlarining loyihalarini, shuningdek ularning bajarilishi haqidagi hisobotlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi, boshqa doimiy komissiyalar bilan birgalikda xulosalar tayyorlaydi, mazkur masalalar yuzasidan sessiyada maʼruza va qoʻshimcha maʼruzalar bilan chiqadi;
tegishli hududni ijtimoiy-madaniy rivojlantirish dasturlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
hokimlik boʻlim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha axborotini eshitadi, tavsiyalar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
anʼanaviy xalq ijodiyoti markazlari, aholining milliy-madaniy anʼanalari, badiiy hunarmandchilikni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishga koʻmaklashadi;
tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash, mahalliy davolash-profilaktika muassasalarini, shu jumladan tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
farmatsevtika sohasi samarali faoliyat yuritishi boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
tegishli hududda aholining ijtimoiy himoyalanganlik holatini tahlil qiladi, aholining ijtimoiy himoyalanganligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
budjet mablagʻlari va korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning xayriya badallari hisobidan aholini ijtimoiy himoya qilishning qoʻshimcha kafolatlarini belgilashda ishtirok etadi;
nogironlar, urush va mehnat faxriylari, koʻp bolali oilalar hamda keksa fuqarolarning uy-joy va moddiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash boʻyicha qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi;
mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek ishga joylashtirish tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
oʻz vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritadi.
14. Yoshlar siyosati va sogʻlom avlodni tarbiyalash masalalari boʻyicha doimiy komissiya:
yoshlar siyosati va sogʻlom avlodni tarbiyalash sohasidagi dasturlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi va ishlab chiqishda qatnashadi;
taʼlim tizimining holatini tahlil va nazorat qiladi, taʼlim sifatini yanada yaxshilash, maktablar, litseylar, kollejlarda va oliy oʻquv yurtlarida oʻquv-tarbiya jarayonini demokratlashtirishni rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar kiritadi;
taʼlim muassasalari tarmogʻini rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, oʻquv-tarbiya jarayoni qatnashchilarini sogʻlomlashtirish va moddiy ragʻbatlantirish masalalarini hal qilishga koʻmaklashadi, taʼlim sohasi xodimlarining ijtimoiy masalalarini hal qilish uchun pul mablagʻlari ajratilishi tashabbusi bilan chiqadi;
kadrlar tayyorlashni yaxshilash, tegishli hududning intellektual salohiyatini saqlab qolish maqsadida xalq deputatlari Kengashining oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorligi masalalarini dastlabki tarzda oʻrganadi va uni kuchaytirish boʻyicha takliflar kiritadi;
jismoniy tarbiya va sport muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sportni rivojlantirish, shuningdek aholi turar joylarida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun sharoitlar yaratish masalalarini oʻrganadi;
yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni ishga joylashtirish, yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha muammolarni tahlil qiladi va bu boradagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi;
madaniyat muassasalari tarmogʻini rivojlantirishga koʻmaklashadi, ularning yoshlarni estetik tarbiyalashdagi rolini oshirish boʻyicha takliflar kiritadi;
yoshlar bilan ishlashning shakl va usullarini takomillashtirish bilan bogʻliq masalalarni xalq deputatlari Kengashi tomonidan tayyorlashda va koʻrib chiqishda takliflar kiritadi;
hokimlik boʻlim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha axborotini eshitadi, tavsiyalar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
bola huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmaganlar ustidan vasiylik va homiylik, yoshlarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha ishlarni nazorat qiladi;
oʻz vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritadi.
15. Sanoat, transport, qurilish, kommunal xoʻjaligi masalalari va aholiga xizmat koʻrsatish boʻyicha doimiy komissiya:
tegishli hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining sanoat, transport, qurilish, kommunal xoʻjaligi va aholiga xizmat koʻrsatishni rivojlantirish qismini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi va tayyorlashda qatnashadi;
tegishli hududning bosh rejasi va qurilish qoidalari loyihalarini koʻrib chiqishda ishtirok etadi;
kommunal soha, transport va aloqa holatini oʻrganadi, aholiga kommunal va maishiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, shahar transportini rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritadi;
hokimlik boʻlim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha axborotini eshitadi, tavsiyalar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
savdo, umumiy ovqatlanishni tashkil qilish, isteʼmol bozorlari faoliyati bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi;
bozorlar ishini optimallashtirish, sanoat va oziq-ovqat mollarini realizatsiya qilish, tegishli hududda yarmarkalar tashkil qilish boʻyicha takliflar kiritadi;
yoqilgʻi-energetika taʼminoti, suv taʼminoti, oqova suvlarni chetga chiqarib yuborish va tozalash, maishiy chiqindilarni yigʻish, tashish va utilizatsiya qilish masalalarini koʻrib chiqadi;
oʻz vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritadi.
16. Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha doimiy komissiya:
agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha dasturlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi va tayyorlashda qatnashadi;
erdan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va qayta ishlov berish, tabiiy muhitni yaxshilash boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-xoʻjalik sharoitlari masalalarini koʻrib chiqadi;
dehqon va fermer xoʻjaliklari, sanoat korxonalari, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari oʻrtasidagi ishlab chiqarish aloqalarini oʻrganadi va ularni mustahkamlash boʻyicha takliflar kiritadi;
tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi hamda dehqon va fermer xoʻjaliklarini samarali rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar kiritadi;
oʻz hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yoʻnalishlarini belgilashda, shuningdek suv resurslaridan foydalanishni tartibga solish va ularni muhofaza qilish sohasida qonuniylik hamda huquq-tartibotni taʼminlashda ishtirok etadi;
suv obyektlari holatini saqlash va yaxshilash, ularga zararli taʼsir koʻrsatilishini oldini olish va bartaraf etish, shuningdek avariyalar, toshqin, sel va tabiiy ofatlar natijasida vayron boʻlgan obyektlarni tiklash yuzasidan takliflar kiritadi;
zarur hollarda qonun hujjatlariga muvofiq ekologik ekspertiza oʻtkazish boʻyicha takliflar kiritadi;
hokimlik boʻlim va boshqarmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining komissiya vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha axborotini eshitadi, tavsiyalar beradi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
oʻz vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritadi.
17. Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiya:
Kengash deputatining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, shu jumladan uni chaqirib olish toʻgʻrisidagi, Kengash deputatini jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining taqdimnomasi boʻyicha rozilik berish haqidagi masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi va xalq deputatlari Kengashi tomonidan koʻrib chiqishga tayyorlaydi;
xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalari, boshqa organlarini tashkil qilish va tugatish haqidagi masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi;
xalq deputatlari Kengashining topshirigʻiga muvofiq Kengash deputati tomonidan qonun hujjatlari, axloq normalari va Deputatlik odobi qoidalarini buzish faktlari boʻyicha materiallarni koʻrib chiqadi hamda mazkur masala boʻyicha xulosa taqdim qiladi;
xalq deputatlari Kengashining reglamenti loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun kiritadi, shuningdek unga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Deputatlik odobi qoidalari loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun sessiyaga kiritadi, shuningdek unga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
saylovchilarning deputatlar tomonidan Deputatlik odobi qoidalarini buzish bilan bogʻliq shikoyatlarini koʻrib chiqadi;
Kengash deputatlari, boshqa shaxslar tomonidan xalq deputatlari Kengashining reglamenti normalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi va uni buzish holatlari mavjud boʻlganda, ularni bartaraf qilish choralarini koʻradi;
oʻz vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi, tavsiyalar beradi va zarur hollarda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalarini sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritadi.
III bob. Doimiy komissiyalar ishini tashkil etish
18. Doimiy komissiyalar oʻz faoliyatlarini sessiyada tasdiqlanadigan ish rejalari asosida amalga oshiradilar. Doimiy komissiyaning ish rejasi xalq deputatlari Kengashining ish rejasi bilan belgilangan tegishli hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish faoliyatining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
Doimiy komissiyaning tashabbusi bilan doimiy komissiyaning ish rejasiga tegishli oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Doimiy komissiyaning ish rejasidagi oʻzgartishlar navbatdagi sessiyada tasdiqlanadi.
19. Doimiy komissiyalar oʻz ishlarini masalalarni birgalikda, erkin muhokama qilish va hal etish, oshkoralik hamda doimiy komissiyalar aʼzolarining keng tashabbuskorligi asosida tashkil etadilar.
20. Doimiy komissiyalar oʻz faoliyatlarini majlis shaklida amalga oshiradilar.
Doimiy komissiyalarning majlislari, qoida tariqasida, oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Doimiy komissiyaning majlislari rais, rais yoʻqligida esa rais oʻrinbosarining tashabbusi bilan, shuningdek komissiya aʼzolari koʻpchiligi tomonidan chaqirilishi mumkin.
Doimiy komissiyalarning qoʻshma majlislari ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq oʻtkaziladi.
21. Doimiy komissiyalar majlislarida ish davlat tilida olib boriladi.
22. Doimiy komissiyalarning majlislari, basharti ularda doimiy komissiya tarkibining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Doimiy komissiya aʼzosi majlisda ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, bu haqda doimiy komissiya raisiga oldindan xabar qilishi shart.
23. Doimiy komissiyalar majlislari kun tartibi loyihasiga doimiy komissiyalar ish rejalaridagi masalalar, xalq deputatlari Kengashi qarorlarida belgilangan masalalar, shuningdek doimiy komissiyalar aʼzolari tomonidan taklif qilingan masalalar kiritiladi.
Kun tartibi loyihasi va majlisni olib borish tartibi doimiy komissiya raisi tomonidan eʼlon qilinadi va muhokama qilingandan soʻng tasdiqlanadi.
24. Doimiy komissiya majlislarida bayonnomalar yuritiladi.
Majlis bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
doimiy komissiyaning nomi, majlisning tartib raqami;
majlis oʻtkaziladigan vaqt, sana va joy;
hozir boʻlgan va qatnashmayotgan doimiy komissiya aʼzolarining soni, shuningdek taklif etilgan shaxslar soni;
majlisning kun tartibi, majlisda koʻrib chiqish uchun kiritilgan har bir masala yuzasidan har bir maʼruzachi hamda qoʻshimcha maʼruzachining familiyasi va lavozimi;
kun tartibiga muvofiq muhokama qilinayotgan masalalarning mohiyati;
“yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” deb berilgan ovozlar soni koʻrsatilgan, qabul qilingan qarorlar roʻyxati.
Majlis bayonnomasiga majlisda hozir boʻlgan va qatnashmayotgan doimiy komissiya aʼzolari roʻyxati, taklif etilgan shaxslar roʻyxati, maʼruzalar matnlari va boshqa materiallar ilova qilinadi.
Doimiy komissiya majlisining bayonnomasi majlis tugaganidan soʻng uch kundan kechiktirmay rasmiylashtiriladi. Bayonnoma komissiya raisi yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs va doimiy komissiya kotibi tomonidan imzolanadi.
25. Doimiy komissiya majlisini samarali olib borish uchun, qoida tariqasida, maʼruza uchun 20 daqiqa doirasida, qoʻshimcha maʼruza uchun 10 daqiqaga qadar, muzokaralarda soʻzga chiquvchilarga 5 daqiqadan 7 daqiqagacha, axborot yoki maʼlumot berish uchun esa 3 daqiqaga qadar vaqt beriladi.
26. Doimiy komissiyalarning majlislari ochiq oʻtkaziladi. Doimiy komissiya yopiq yoki sayyor majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Majlislarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, shuningdek tegishli hududda joylashgan davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalarining taklif qilingan vakillari va boshqa shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Majlisga taklif etilgan shaxslar muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas, shuningdek ular raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunishlari shart.
Majlisga taklif qilinayotgan shaxslarning soni va tarkibi doimiy komissiya raisi tomonidan hal etiladi.
Majlisda raislik qiluvchi majlisga taklif qilingan shaxslar tarkibi va soni toʻgʻrisida doimiy komissiya aʼzolarini xabardor qiladi.
27. Doimiy komissiyalar masalalarni tayyorlash va ularni puxta ishlab chiqish uchun Kengash deputatlari orasidan, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, mutaxassislar va olimlardan iborat ishchi guruhlar tuzishga haqli.
28. Doimiy komissiyalar oʻzlariga taalluqli masalalarni koʻrib chiqish vaqtida teng huquqlardan foydalanadilar va bir xil majburiyatlarga egadirlar.
29. Doimiy komissiyalarning aʼzolari komissiyalar faoliyatida ishtirok etishlari, ularning qarorlarini hayotga tatbiq etishga koʻmaklashishlari, doimiy komissiyalarning topshiriqlarini bajarishlari shart. Doimiy komissiyalar aʼzolari har chorakda doimiy komissiya raisiga doimiy komissiya ish rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning ijro etilishi boʻyicha oʻz faoliyati yakunlari va deputatlik vazifalarini bajarish natijalari toʻgʻrisida yozma hisobotlar taqdim etadilar.
Doimiy komissiyalar aʼzolari oʻz vakolatlarini ishlab chiqarish yoki xizmat faoliyatidan ajralmagan holda amalga oshiradilar. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari doimiy komissiyalar aʼzolarini ular oʻz deputatlik vazifalarini bajaradigan vaqtda, ularning ish joyini (lavozimini) saqlagan holda, ishdan ozod qilishlari shart. Deputatlik vazifalarini bajarayotgan vaqtda doimiy komissiyalar aʼzolarining oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.
30. Doimiy komissiyaning aʼzosi koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi, ularni tayyorlash, muhokama qilish va qarorlar qabul qilishda, shuningdek xalq deputatlari Kengashining, doimiy komissiyaning qarorlari bajarilishini tashkil etishda ishtirok etadi. Doimiy komissiyaning har bir aʼzosi bir ovozga ega va muhokama qilinayotgan masala yuzasidan “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” deb ovoz beradi. Doimiy komissiya majlisida ishtirok etayotgan doimiy komissiyaning har bir aʼzosi muhokama qilinayotgan masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etishga majbur.
31. Doimiy komissiya aʼzosiga doimiy komissiya tomonidan koʻrib chiqilayotgan barcha masalalarni hal etishda faol ishtirok etish uchun sharoit yaratib beriladi, unga zarur hujjatlar yoki boshqa materiallar oldindan yuboriladi. Doimiy komissiya aʼzolari doimiy komissiya majlisi oʻtkaziladigan vaqt, sana, joy va kun tartibi toʻgʻrisida oldindan xabardor qilinadi.
Doimiy komissiya aʼzolari doimiy komissiya tomonidan joylarda koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan masalalarni hokim — xalq deputatlari Kengashi rahbari, doimiy komissiya raisining topshirigʻiga binoan yoki oʻz tashabbusi bilan oʻrganadi, ushbu masala yuzasidan davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolardan kelgan takliflarni umumlashtiradi, ularni doimiy komissiya majlisida muhokama qiladi va takliflar kiritadi.
32. Bir nechta doimiy komissiyalarga taalluqli masalalar doimiy komissiyalar tomonidan birgalikda tayyorlanishi va koʻrib chiqilishi mumkin.
Doimiy komissiyalarning qoʻshma majlislarini doimiy komissiyalar raislari oʻzaro kelishuv asosida olib boradilar.
Doimiy komissiya oʻzi koʻrib chiqayotgan masalalar yuzasidan boshqa doimiy komissiyalarning fikrini soʻrab olishi mumkin.
Boshqa doimiy komissiyalarning iltimosiga binoan doimiy komissiya oʻziga taalluqli masalalar boʻyicha ushbu doimiy komissiyalar tomonidan koʻrib chiqilayotgan masalalarni tayyorlashda ishtirok etishi mumkin.
33. Ayni bir masala boʻyicha doimiy komissiyalarning fikri turlicha boʻlgan taqdirda ular kelishmovchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradilar. Agar murosaga kelinmasa, ushbu masalani tayyorlashga masʼul boʻlgan doimiy komissiyaning qarori uzil-kesil hisoblanadi.
34. Doimiy komissiyalarda barcha masalalar doimiy komissiya aʼzolari umumiy tarkibining koʻpchilik ovozi bilan hal etiladi.
Bir nechta doimiy komissiyalarning qoʻshma majlislari oʻtkazilganda qaror har bir doimiy komissiyada kvorum mavjud boʻlgan holda majlisda qatnashayotgan doimiy komissiyalar aʼzolari umumiy tarkibining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
35. Doimiy komissiyalar koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlgan qarorlar qabul qiladi yoki xalq deputatlari Kengashi qaror loyihalari boʻyicha oʻziga taalluqli masalalar yuzasidan xulosalar beradi.
36. Doimiy komissiyalarning qarorlari, xulosalari va bayonnomalari doimiy komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
Doimiy komissiyalar tomonidan qabul qilingan qoʻshma qarorlar, ular tomonidan birgalikda tayyorlangan xulosalar, shuningdek qoʻshma majlislarning bayonnomalari ularning raislari tomonidan imzolanadi.
37. Doimiy komissiyalar tomonidan qabul qilingan qarorlar tegishli davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
38. Doimiy komissiyalarning qarorlari qaysi davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarga nisbatan qabul qilingan boʻlsa, ular tomonidan koʻrib chiqilishi shart.
Doimiy komissiya qarorida boshqa muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, koʻrib chiqish natijalari yoki koʻrilgan choralar haqida doimiy komissiyalarga bir oylik muddatda xabar qilinishi lozim. Doimiy komissiyalar qarorlarini koʻrib chiqish yakunlari doimiy komissiyalar majlislarida, zarur hollarda esa sessiyalarda koʻrib chiqiladi. Zarur hollarda doimiy komissiya majlisida uning qarori ijro etilishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.
39. Doimiy komissiya qarorlarining bajarilishining borishi yuzasidan nazorat doimiy komissiya raisi yoki qarorda koʻrsatilgan doimiy komissiya aʼzosi tomonidan amalga oshiriladi.
IV bob. Doimiy komissiyalarning vakolatlari
40. Doimiy komissiyalar sessiyalar kun tartibiga doir takliflarni shakllantirishda ishtirok etadilar.
41. Doimiy komissiyalar oʻzlariga taalluqli masalalar boʻyicha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, mansabdor shaxslardan hujjatlar, yozma xulosalar, hisobot maʼlumotlari va boshqa materiallarni soʻrab olishga haqli.
42. Doimiy komissiyalar tegishli hududda joylashgan davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarini oʻz majlislariga taklif etish hamda ularning xalq deputatlari Kengashi qarorlari va doimiy komissiyalar tavsiyalarining bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotini tinglash huquqiga ega.
Doimiy komissiyalar tegishli organlar va tashkilotlarni koʻrib chiqiladigan masalalar xususida oldindan xabardor qiladilar.
43. Doimiy komissiyalar oʻrganib chiqish uchun oʻzlariga berilgan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan xalq deputatlari Kengashiga oʻz qarorlari yoki xulosalarini taqdim etadilar.
44. Xalq deputatlari Kengashining topshirigʻiga binoan, doimiy komissiyalar Kengash deputatlari bildirgan takliflar, tanqidiy mulohazalar va soʻrovlarning amalga oshirilishini nazorat qiladilar.
45. Doimiy komissiya raisi:
zarur materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, komissiya majlisini chaqiradi, majlis haqida komissiya aʼzolari va boshqa ishtirokchilarni xabardor qiladi;
doimiy komissiya majlislarida raislik qiladi;
doimiy komissiyaning ish rejasi loyihasining tayyorlanishini tashkil etadi;
doimiy komissiya aʼzolari, shu jumladan rais oʻrinbosari va doimiy komissiya kotibi oʻrtasida ishlarni taqsimlaydi hamda ular faoliyatini yoʻnaltiradi;
doimiy komissiya aʼzolariga topshiriqlar beradi, ularga doimiy komissiyaning faoliyati bilan bogʻliq materiallar va hujjatlarni yuboradi;
davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarini, mutaxassislar va olimlarni doimiy komissiya ishida ishtirok etish uchun taklif qiladi;
sessiyalarda, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan boʻladigan munosabatlarda doimiy komissiya nomidan vakillik qiladi;
doimiy komissiya faoliyati toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi va sessiyada hisobot beradi;
doimiy komissiya qarorlarining ijro etilishi yuzasidan ishlarni tashkil etadi;
xalq deputatlari Kengashiga, hokimga — xalq deputatlari Kengashi rahbariga ularning topshiriqlari bajarilishi yuzasidan axborot beradi;
doimiy komissiya aʼzolarini ular tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilganligi va tavsiyalari koʻrib chiqilganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
boshqa doimiy komissiyalar bilan birgalikda ishlar olib borilishini tashkil qiladi;
doimiy komissiya majlisi qarorlari, xulosalari va bayonnomalarini imzolaydi;
oʻz vakolati doirasida boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
46. Doimiy komissiya raisining oʻrinbosari raisning topshirigʻiga koʻra uning ayrim vazifalarini bajaradi va rais yoʻqligida yoki uning oʻz vazifalarini amalga oshirishga imkoni boʻlmagan hollarda rais vazifasini bajaradi.
47. Doimiy komissiya kotibi:
doimiy komissiya ish rejasining loyihasini tayyorlaydi;
doimiy komissiya ish rejasining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
doimiy komissiya ish yurituvi uchun javob beradi, hokimlikning tegishli boʻlimiga hujjatlarni saqlash uchun oʻrnatilgan tartibda topshiradi;
doimiy komissiya majlisi bayonnomasini yuritadi va uni imzolaydi;
doimiy komissiya faoliyati bilan bogʻliq boshqa vazifalarni bajaradi.
V bob. Yakunlovchi qoidalar
48. Doimiy komissiyalar faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat koʻrsatish tegishli hokimlik apparati tomonidan taʼminlanadi.
49. Tegishli hokimliklar doimiy komissiyalarni hujjatlar, zarur axborot va maʼlumot materiallari, shuningdek doimiy komissiyalar faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mutaxassislarning maslahatlari bilan taʼminlaydi.
50. Doimiy komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomni qabul qilish, unga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish masalalari yuzasidan qarorlar sessiyada Kengash deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 550-modda)