Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
“QARIYALARNI QADRLASh YILI” DAVLAT DASTURINI IShLAB ChIQISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmoyish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 24-iyuldagi PF-3467-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari va farmoyishlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizning keksa fuqarolariga davlat va jamiyat tomonidan diqqat-eʼtibor, gʻamxoʻrlik hamda ijtimoiy himoyani, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish boʻyicha Davlat dasturini ishlab chiqish maqsadida va 2002-yil “Qariyalarni qadrlash yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan:
1. “Qariyalarni qadrlash yili” Davlat dasturini ishlab chiqish boʻyicha Respublika komissiyasi ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Respublika komissiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda bir oy muddatda “Qariyalarni qadrlash yili” Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
Dasturda, qariyalarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan ilgari qabul qilingan hukumat qarorlarida koʻzda tutilgan tadbirlar bajarilishini davom ettirish bilan bir qatorda quyidagi vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilsin:
qariyalarni qadrlashdan iborat xalqimizga xos asriy anʼanalarni, oilada tinchlik va totuvlik, jamiyatda barqarorlik muhitini shakllantirishga qariyalarning qoʻshayotgan munosib hissasini yoritish va targʻib qilishda, ulardan tarbiyaviy maqsadlarda foydalanishda oila. mahalla, jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar hamda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish;
qariyalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning pensiya taʼminotini takomillashtirish tibbiy, sanatoriy-kurort, kommunal-maishiy va transport xizmatlari koʻrsatishni yaxshilash borasidagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish;
yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironlar, urush qatnashchilari va nogironlari toʻgʻrisida gʻamxoʻrlikni kuchaytirish, ularning dori-darmon bilan va ijtimoiy jihatdan taʼminlanish darajasini oshirish;
jamiyatni tubdan oʻzgartirishda, sogʻlom avlodni tarbiyalashda, boy kasbiy va hayotiy tajribaning, ezgu anʼanalar hamda madaniy qadriyatlarning davom ettirilishida va ularni yoshlarga yetkazishda qariyalarning faol ishtirok etishlarini taʼminlash;
bolalar va yoshlarni ota-onalar hamda qariyalarni izzat-hurmat qilish, qadrlash va ular toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish ruhida tarbiyalash va taʼlim berish tizimini takomillashtirish.
3. Ushbu Farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 18-dekabr,
F-1494-son