Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZAVTOYOʻL” DAVLAT KONSERNI TARKIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Andijon-Toshkent-Nukus-Qoʻngʻirot” tezyurar avtomagistrali qurilishini yoʻl-qurilish materiallari, temir-beton mahsulotlari va konstruksiyalar bilan zarur darajada taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Yangiyer qurilish materiallari va konstruksiyalari kombinati” davlat korxonasi “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni tarkibiga kiritilsin.
2. “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda “Yangiyer qurilish materiallari va konstruksiyalari kombinati”ning moliyaviy ahvolini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlasin va Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston suv xoʻjaligi qurilishi davlat konserni (“Oʻzsuvqurilish”)ni tugatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 29-iyundagi 249-son qaroriga 3-ilovaning talablariga muvofiq uni xususiylashtirish qismi boʻyicha takliflarni 2003-yil 1-yanvargacha kiritsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 22-iyul,
260-son