O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QISHLOQ XO‘JALIGI TEXNIKASI ISHLAB CHIQARISHNI TASHKIL ETISH UCHUN XXR HUKUMATINING IMTIYOZLI KREDITIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Zamonaviy mini-traktorlar ishlab chiqarishni tashkil etish, qishloq xo‘jaligi korxonalarini, fermer va dehqon xo‘jaliklarini ular bilan ta’minlash uchun Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga imtiyozli kredit berish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi oldindan kelishilgan Bitimni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasida 30 ot kuchi quvvatiga ega bo‘lgan mini-traktorlarni yig‘ib ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun Xitoy Xalq Respublikasining Eksport-import banki tomonidan 12062580 AQSH dollari (100 mln yuan) miqdorida 10 yil muddatga 4 foizli yillik stavka bilan imtiyozli kredit berilganligi;
“Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi tomonidan Tyanzin mashinalar sotish va xarid qilish kompaniyasi (XXR) bilan 2500 komplekt mini-traktorlar, shu jumladan ularga butlovchi va ehtiyot qismlar yetkazib berish yuzasidan umumiy qiymati 12062580 AQSH dollari (100 mln yuan) bo‘lgan import kontrakti tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslashlariga muvofiq, mini-traktorlar komplektlari yetkazib berishni mablag‘ bilan ta’minlash uch bosqichda, XXR Eksimbankining “Paxta-bank” tomonidan qayta moliyalashtiriladigan krediti hisobiga amalga oshiriladi;
650 komplekt mini-traktorlar ishlab chiqarish uchun 3,25 mln AQSH dollari miqdoridagi birinchi bosqich 2001-yildan boshlab amalga oshiriladi, kreditni ikkinchi va uchinchi bosqichlarda o‘zlashtirish muddatlari birinchi hamda tegishli ravishda ikkinchi bosqichni amalga oshirish natijalari bo‘yicha aniqlashtiriladi.
3. “Paxta-bank” XXR Eksimbanki bilan kredit bitimi tuzsin va XXR Eksimbanki mablag‘larining “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi uchun qayta moliyalashtirilishini ta’minlasin.
4. Belgilansinki, kreditga xizmat ko‘rsatish va uni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlar “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi mablag‘lari hisobiga ilovaga* muvofiq grafik bo‘yicha amalga oshiriladi.
* Ilova berilmaydi.
Kreditdan maqsadli va samarali foydalanilishi hamda uning o‘z vaqtida qaytarilishi uchun javobgarlik “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi rahbariga yuklansin.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 41-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 10-11-son, 62-modda)
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan XXR Eksimbankiga “Paxta-bank” majburiyatlari bo‘yicha va “Paxta-bank”ga “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi majburiyatlari bo‘yicha belgilangan tartibda kafolatnomalar berishga vakil qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining XXR Eksimbanki va “Paxta-bank” o‘rtasidagi kredit bitimi bo‘yicha berilgan kafolatnomalari yuzasidan yuridik xulosani belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
7. Mazkur kredit va tuzilgan kontrakt doirasida yetkazib beriladigan mini-traktorlarga butlovchi buyumlar va uzellar, ularga ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno).
8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi buyurtmanomalariga ko‘ra ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kelish vizalarining konsullik yig‘imlari undirilmagan holda berilishini ta’minlasin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 41-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 10-11-son, 62-modda)
9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi buyurtmanomalariga ko‘ra loyihaning xorijiy ishtirokchilarini ularning yashash joylarida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishini, vizalar va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini davlat boji undirmasdan amalga oshirsin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 41-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 10-11-son, 62-modda)
10. “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi “Paxta-bank” va XXR Eksimbanki o‘rtasida kredit bitimi imzolangandan keyin bir oy muddatda Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi, “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” kompaniyasi, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi texnik xizmat ko‘rsatish markazlari ko‘magida, shu jumladan mayda ulgurji do‘konlar shoxobchalaridan foydalangan holda mini-traktorlarni mashina-traktor parklariga, qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari)ga, fermer va dehqon xo‘jaliklariga sotish yuzasidan shartnomalar tuzilishini ta’minlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 3-noyabr,
437-son