Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA IQTISODIYOTI TARMOQLARINI 2001/2002 YIL KUZ-QISh DAVRIDA IShLAShGA TAYYORLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika tarmoqlari, korxonalari va muassasalarini 2000/2001-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga oʻz vaqtida tayyorlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar 2000/2001-yil kuz-qish davriga tayyorgarlik koʻrish va ishlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va nuqsonlarni tanqidiy oʻrganib chiqsinlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Nazorat boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash qarorida koʻrsatilgan nuqsonlarga alohida eʼtiborni qaratsinlar va ularni hisobga olgan holda:
shaharlar, tumanlar, korxonalar, uy-joylarni, ijtimoiy soha, savdo va umumiy ovqatlanish muassasalarini, transport, qurilish tashkilotlarini, qozonxonalarni va muhandislik inshootlarini 2001/2002-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlab qoʻyish yuzasidan oʻn kun muddatda tadbirlar ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar. Maktabgacha bolalar muassasalariga, maktablarga, kasalxonalarga, poliklinikalarga, uy-joylarga issiqlik uzluksiz berib turilishiga alohida eʼtibor bersinlar;
bir hafta muddatda iqtisodiyot tarmoqlarini 2001/2002 kuz-qish davriga tayyorlash masalalarini hal etish boʻyicha hududiy komissiyalar tashkil etsinlar;
gaz yoqilgʻisini aholi uchun boʻshatish maqsadida barcha korxonalar va tashkilotlarda ularning qozonxonalari kuz-qish davrida yoqilgʻining zaxira turlari bilan uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun shu yilning 1-oktabriga qadar suyuq va qattiq yoqilgʻining zarur zaxiralarini yaratsinlar;
shu yil 1-oktabrgacha yongʻinga qarshi idoralar bilan birgalikda uy-joylar, binolar va inshootlar ahvolini va ulardan foydalanishning texnik talablari normalariga muvofiqligini tekshirsinlar;
shu yil 1-oktabrgacha qozonxonalarni mukammal tuzatishni tugallasinlar hamda ularning kuz-qish davrida ishlashga tayyorligi toʻgʻrisida tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtirsinlar va dalolatnomalar nusxalarini hududiy komissiyalarga taqdim etsinlar.
2. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, “Oʻzdavneftgazinspeksiya”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2001/2002-yil kuz-qish davrida respublika aholisini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash uchun joriy yilning 1-sentabrigacha:
kuz-qish davrida uzib qoʻyilmaydigan korxonalar roʻyxatini;
Oʻzbekiston Respublikasining elektr stansiyalari va boshqa sanoat korxonalarini 2001/2002-yil qish davrida yoqilgʻining zaxira turiga oʻtkazish jadvalini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
3. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi:
2001/2002-yil kuz-qish davrida shartnomalarga muvofiq respublikaning barcha gaz taqsimlash stansiyalariga belgilangan limitlar va koʻrsatkichlar doirasida isteʼmolchilarga gaz yetkazib berilishini taʼminlasin;
isitish mavsumi boshlangunga qadar yer osti gaz omborlariga 4,5 mlrd. kub metr hajmida gaz toʻplanishini taʼminlasin;
joriy yilning 1-oktabrigacha “Janubiy Tandircha” konidan Shoʻrtan gaz kondensati konining 1-gazni tayyorlash qurilmasigacha 41 km uzunlikdagi gaz quvuri qurilishini tugallasin.
4. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi 2001-yil 1-noyabrgacha:
Taxiatosh GRESining 2-TG turboagregati, Toshkent GRESining 5-energiya bloki, Yangi Angren GRESining 7-bugʻ qozonxonasi va 4-turbogeneratori, Navoiy GRESining 4-energiya bloki mukammal taʼmirlanishini hamda 10 ming kub metr sovuq suv sigʻadigan zaxira sigʻim qurilishini tugallasin;
elektr stansiyalarida tasdiqlangan jadvallarga muvofiq suyuq va qattiq yoqilgʻi jamgʻarilishini taʼminlasin.
5. “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi 2001-yil 1-noyabrgacha:
“Angren konida 1-uchastkada lenta konveyyerlarini rekonstruksiya qilishni tugallasin hamda qoʻshimcha kirish temir yoʻllari foydalanishga topshirilishini taʼminlasin;
“Apartak” konida temir yoʻl va konveyer liniyasi qurilishining 1-bosqichini tugallasin.
6. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari, koʻmir, tuz hamda xoʻjaliklarni 2001/2002-yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlab qoʻyish bilan bogʻliq boshqa xalq xoʻjaligi yuklari uzluksiz tashilishini taʼminlasin.
Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tashkilotlar, korxonalar, vagonlar, sisternalarning normativdan ortiq turib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, ortish-tushirish, ayniqsa kechasi, dam olish va bayram kunlarida ortish-tushirish ishlarining bir maromda olib borilishini taʼminlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar.
7. “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzqurilishmateriallari” kompaniyasi, kon-metallurgiya sanoati korxonalari hamda energiyani koʻp isteʼmol qiluvchi boshqa korxonalar qish oylarida gaz, elektr va issiqlik energiyasi isteʼmol qilishni kamaytirish maqsadida 2001-yil 1-sentabrgacha:
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan birgalikda oʻzlariga qarashli asbob-uskunalarning yuqori yuklama davrida texnologiya jihatidan yoʻl qoʻyiladigan ish rejimlarini ishlab chiqsinlar;
asosiy asbob-uskunalarni taʼmirlash jadvalini ishlab chiqsinlar va uni “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan kelishsinlar, bu ishlarni yilning qish oylarida amalga oshirsinlar.
8. Surxondaryo viloyati hokimligi tuzilgan shartnomalarga muvofiq Xoʻjaikon tuz konidan texnik tuz respublikaning issiqlik bilan taʼminlovchi korxonalariga oʻz vaqtida yetkazib berilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
9. Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2000/2001-yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlash masalalarini hal qilish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasi vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar va boshqa xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining oʻzlariga qarashli obyektlarni 2001/2002-yil kuz-qish davriga tayyorlashning borishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini har oyda eshitib borsin.
Hududiy komissiyalar iqtisodiyot tarmoqlarini 2001/2002-yil kuz-qish davriga tayyorlashning borishini har oyda koʻrib chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.Y. Atayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 27-iyun,
275-son
Iqtisodiyot tarmoqlarini 2001/2002-yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlash masalalarini hal etish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
| Atayev V.Y. | — | Bosh vazir oʻrinbosari, komissiya raisi |
| Abdullayev F.S. | — | Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bosh direktori |
| Abduraxmonov M.S. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Obidov A.A. | — | “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Akromov E.M. | — | “Oʻzqurilishmateriallari” kompaniyasi raisi |
| Amanboyev A.E. | — | “Oʻzdavzaxira” bosh boshqarmasi boshligʻi |
| Gʻulomov S.S. | — | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
| Zoxidov R.Q. | — | “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat- aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Qosimov Y.K. | — | Ichki ishlar vazirligi Yongʻindan saqlash boshqarmasi boshligʻi |
| Nazirov F.G. | — | Sogʻliqni saqlash vaziri |
| Saidov R.T. | — | Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi bosh direktori |
| Klimenko A.I. | — | “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi bosh direktori |
| Hasanov B.V. | — | “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Xoʻjayev B.E. | — | Makroiqtisodiyot va statistika vazirining oʻrinbosari |
| Xolmuxamedov Oʻ.O. | — | “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktori |
| Shoismatov E.R. | — | “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Joʻrayev R.H. | — | Xalq taʼlimi vaziri |
Komissiya tarkibiga lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari kiradi. | ||