Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2000-YIL PAXTA HOSILINI YIGʻIShTIRIB OLIShNI TUGALLASh VA 2001 YIL HOSILI UChUN AGROTEXNIKA TADBIRLARINI OʻZ VAQTIDA OʻTKAZIShGA DOIR KEChIKTIRIB BOʻLMAYDIGAN ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, joriy yilda paxta terish va tayyorlashning past surʼatlari gʻoʻzalar oʻsishining barcha bosqichlarida ularni parvarish qilish agrotexnologiyasining jiddiy buzilishlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi va ularning joylardagi organlarining qishloq xoʻjaligini isloh qilish va paxta yetishtirishning ilgʻor texnologiyalarini joriy qilish masalalariga eʼtiborni susaytirib yuborganliklari oqibatidir.
Bir qator viloyatlar va tumanlarning rahbarlari bahor davridagi qulay iqlim sharoitlaridan foydalanmadilar, chigit ekish muddatlarini choʻzib yubordilar. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida chigit ekish joriy yilning 10-mayigacha davom etdi, bu chigit unib chiqishiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Aynan shu viloyatlarda gʻoʻzaning butun oʻsish davrida uni zarur darajada parvarish qilish tashkil etilmadi.
Koʻpchilik xoʻjaliklar va tumanlarda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan paxtani navlar boʻyicha joylashtirishga rioya qilinmadi. Tezpishar va serhosil navlarni ekish oʻrniga sinovdan oʻtmagan va mahalliy sharoitlarga moslashmagan paxta navlari ekildi. Gʻoʻzalarni oziqlantirish muddatlari hamda mineral oʻgʻitlar solish normalari qoʻpol ravishda buzildi, suvdan oqilona foydalanilmadi, suv boshqa maqsadlarga sarflandi.
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlarning hokimliklari Andijon viloyati xoʻjaliklariga joriy yilning murakkab sharoitlarida sentyabr oyida belgilangan topshiriqni bajarish va kelgusi yil hosili uchun ishlarni avj oldirish imkonini bergan plyonka ostida paxta yetishtirishning ilgʻor Andijon texnologiyasini keng joriy etilishini taʼminlamadilar.
“Oʻzkimyosanoat” uyushmasi korxonalari va tashkilotlari polietilen plyonkalarni ishlab chiqarishni zarur darajada tashkil etmadilar, xoʻjaliklarga mineral oʻgʻitlarning oʻz vaqtida yetkazib berilishini taʼminlamadilar.
Qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanishni tashkil etishda jiddiy nuqsonlarga yoʻl qoʻyildi. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi xoʻjaliklarga zarur ehtiyot qismlar va tuzatish materiallari oʻz vaqtida yetkazib berilishini, texnikaning dala ishlari mavsumiga sifatli tayyorlanishini taʼminlamadi.
2000-yil paxta hosilini yigʻishtirib olishni tugallashga barcha resurslarni safarbar qilish va 2001-yil hosili uchun zarur agrotexnika chora-tadbirlari oʻz vaqtida oʻtkazilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari (Andijon viloyatidan tashqari), Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi, “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi rahbarlarining joriy yildagi paxta yetishtirish va uni yigʻishtirib olishga doir ishlari qoniqarsiz deb hisoblansin.
Jizzax (Mirziyoyev), Buxoro (Husenov), Navoiy (Dilov), Samarqand (Roʻziyev), Surxondaryo (Olimjonov) va Sirdaryo (Isroilov) viloyatlari hokimlariga paxta yetishtirish agrotexnikasi va texnologiyasi talablariga qatʼiy rioya qilinishi uchun qishloq xoʻjaligi organlari va xoʻjaliklar rahbarlari va mutaxassislariga nisbatan zarur talabchanlikning yoʻqligi, paxta yigʻim-terimi qoniqarsiz tashkil etilganligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari:
xoʻjaliklar, qishloq xoʻjaligi boshqaruvi organlarining joriy yilda qishloq xoʻjaligi ekinlari hosili yetishtirishning barcha bosqichlaridagi ishlarini tanqidiy oʻrganib chiqsinlar, 2000-yilda yoʻl qoʻyilgan buzilishlar va xatolarga bundan buyon yoʻl qoʻymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar;
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 4-martdagi 79-son qarori bilan tasdiqlangan paxtani navlar boʻyicha joylashtirishni buzgan xoʻjaliklar va tumanlar rahbarlarining javobgarligi masalasini koʻrib chiqsinlar hamda koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga axborot bersinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi amalda ekilgan paxta navlarining rayonlashtirilgan navlardan chetga chiqishi hollarini aniqlasin va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortsin.
3. Paxta yigʻim-terimini tugallashga doir safarbarlik chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha ilovaga muvofiq tarkibda maxsus komissiya tuzilsin.
Komissiya masʼul idoralar, viloyatlar va tumanlar hokimliklari va xoʻjaliklar bilan birgalikda:
zudlik bilan paxta quritish joylari tayyorlanishini va quritish-tozalash sexlari ishga tushirilishini;
koʻrak chuvish mashinalarini taʼmirlanishini va tayyorlab qoʻyilishini taʼminlasin;
bir hafta muddatda koʻrak terish mashinalari oʻz vaqtida taʼmirlanishi va ishlashga tayyorlab qoʻyilishini taʼminlagan holda, ular bilan koʻraklarni yigʻishtirib olish jadvalini belgilasin.
Amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida 2000-yilning 1-noyabrigacha axborot berilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar hokimlari boshchiligida viloyatlarda joriy yil paxta hosilini yigʻishtirib olishni tugallashga barcha resurslarni safarbar qilish va 2001-yil ekish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha shtablar tuzsinlar;
yigʻim-terim mavsumini joriy yilning 15-noyabrigacha tugallasinlar;
haydov traktorlari va pluglarni kuzgi shudgorlashga tayyorlab qoʻyishni tugallash ishlarini kuchaytirsinlar, paxta maydonlarini joriy yilning 15-dekabrigacha chuqur haydab qoʻyish uchun ularni gʻoʻzapoyalardan tozalash va haydash jadvalini tuzib chiqsinlar. Ushbu maqsadlar uchun viloyatdagi mavjud barcha haydov traktorlari, ularning qaysi idoraga qarashliligidan hamda tashkilot va korxonalarning mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, safarbar etilsin;
shoʻrlangan yerlarni yuvishni hamma joyda avj oldirsinlar. Bunday maydonlarga tuproq shoʻri yuvilgandan soʻnggina ekin ekilsin;
kuzgi boshoqli don ekinlari ekishni 7-noyabrgacha tugallasinlar;
Moliya vazirligi bilan birgalikda tuproq shoʻrini yuvish sifati va bajarilgan ishlar hajmiga qarab ushbu ishda band boʻlgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
5. Andijon viloyati hokimligining kuz-qish davrida ekishdan oldingi ishlarning 80 foizgachasini bajarib qoʻyish, sifatli, dorilangan va saralangan urugʻlarni, yerlarni pushta olgan holda tayyorlab qoʻyish, tezpishar gʻoʻza navlarini plyonka ostiga erta ekishdan iborat paxta yetishtirish texnologiyasini qoʻllash boʻyicha ish tajribasi maʼqullansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, joylardagi qishloq xoʻjaligi organlari, xoʻjaliklar rahbarlari paxta yetishtirishning Andijon texnologiyasini puxta oʻrganib chiqsinlar va uni joriy yilning noyabr oyidan boshlab oʻz mintaqalarida joriy etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2001-yilda chigitni plyonka ostiga ekish boʻyicha oʻn kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
“Oʻzkimyosanoat” uyushmasi, Andijon va Jizzax viloyatlari hokimliklari Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda polietilen plyonka ishlab chiqarishni tashkil etish va paxta ekuvchi xoʻjaliklarni plyonka bilan taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yigirma kun muddatda taklif kiritsinlar.
6. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi:
respublikaning boshqa paxta ekuvchi mintaqalarida keng qoʻllash uchun paxta yetishtirishning Andijon texnologiyasi standartlari koʻrsatkichlarini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
seleksionyerlar va mutaxassislar ishtirokida, tabiiy iqlim sharoitlarini hisobga olib, kechpishar paxta navi chigitlarini ekishni qatʼiy taqiqlagan holda, 2001-yil hosili uchun gʻoʻzaning tezpishar va serhosil navlarini joylashtirish boʻyicha joriy yilning 1-dekabrigacha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
tadqiqot va seleksiya ishlarini tashkil etishda gʻoʻzaning tezpishar, serhosil va kasalliklarga chidamli navlarini yaratishga alohida ahamiyat bersinlar;
viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda oʻn kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga paxtaning ingichka tolali navlarini ekishni keskin kamaytirish boʻyicha takliflar kiritsinlar.
7. “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi 2001-yilning 1-fevraligacha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining hisob-kitoblari boʻyicha, ehtiyot zaxirani hisobga olgan holda, yuqori sifatli, dorilangan va saralangan urugʻlik chigitni talab qilingan miqdorda tayyorlasin. 2001-yil hosili uchun paxtaning navlar boʻyicha joylashtirilishiga muvofiq holda tezpishar va serhosil paxta chigitini tayyorlashga alohida eʼtibor berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
respublika va viloyatlarning tegishli organlarini jalb qilgan holda har bir xoʻjalik va tumanda chigit ekishni 12—14 kalendar kunda tugallash yuzasidan tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etsin. Bunda chigit ekishni 10-aprelgacha tugallash nazarda tutilsin, shimoliy tumanlar bundan mustasno;
Moliya vazirligi bilan birgalikda ekish mavsumini koʻrsatilgan muddatlarda, sifatli oʻtkazish maqsadida unda qatnashadigan ishlovchilarni ragʻbatlantirish yuzasidan ikki hafta muddatda takliflar ishlab chiqsin.
“Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi yer tekislovchi texnikalar, seyalkalar va boshqa qishloq xoʻjaligi texnikalarini zarur miqdorda oʻz vaqtida tayyorlashni taʼminlasinlar, shuningdek xoʻjaliklarning buyurtmalari boʻyicha chigitni plyonka ostiga ekish seyalkalarini tayyorlash chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
9. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Markaziy banki, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda mineral oʻgʻitlarni solish normalari va oziqli moddalar nisbatini hisobga olgan holda, ularni ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligini ular bilan taʼminlash boʻyicha kelishilgan takliflarni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari T. Xoltoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 21-oktabr,
403-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-oktabrdagi 403-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Paxta yigʻim-terimini tugallashga doir safarbarlik chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha komissiya
TARKIBI
| | | |
| Joʻrabekov I.H | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, rais |
| Xoltoyev T. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, rais oʻrinbosari |
| Qodirov R. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, rais oʻrinbosari |
|
Aʼzolar: | ||
| Alimov T.A. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi (kelishuv boʻyicha) |
| Almatov Z.A. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri |
| Murodov S.Gʻ. | — | Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Zikriyoyev E. | — | “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi raisi |
| Matchonov R.D. | — | “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi raisi |
| Yusupov N.S. | — | “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi raisi |
| Parpiyev B.R. | — | Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari |
| Sayfiddinov J.B. | — | “Paxta-bank” boshqaruvi raisi |
| Toshmatov K.F. | — | Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi dir�ktori |
| Qalibekov I. | — | Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi kotibiyati mudiri |
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar hokimlari. | ||