O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TAYANCh KASB-HUNAR KOLLEJI VA UNING FILIALLARI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-maydagi 391-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “2010/2011 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida” 2010-yil 1-iyuldagi 131-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tayanch kasb-hunar kolleji va uning filiallari to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 19-avgust,
180-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-avgustdagi 180-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tayanch kasb-hunar kolleji va uning filiallari to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom tayanch kasb-hunar kolleji (keyingi o‘rinlarda tayanch kollej deb ataladi) va uning filiallari maqomini, faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish xususiyatlarini belgilaydi.
2. Tayanch kollej, qoidaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxtida, viloyatlar ma’muriy markazlarida va respublikaning yirik shaharlarida zamonaviy o‘quv-metodik va moddiy-texnika bazaga, yuqori malakali o‘qituvchilar va ishlab chiqarishga o‘qitish ustalariga, shuningdek iqtisodiyotning real sektorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar tayyorlashning ijobiy tajribasiga ega bo‘lgan namunali va yetakchi kasb-hunar kollejlari negizida tashkil etiladi.
3. Tayanch kollejning filiallari, qoidaga ko‘ra, tayanch kollej bilan mutaxassislar tayyorlashning bir xil ixtisoslik yo‘nalishiga ega bo‘lgan, ma’muriy markazlar va yirik shaharlardan uzoqda joylashgan kasb-hunar kollejlari orasidan tanlab olinadi.
4. Tayanch kollej o‘z faoliyatini ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek o‘z ustaviga muvofiq amalga oshiradi.
II. Tayanch kollejning maqsadi va vazifalari
5. Tayanch kollejning filiallarida ixtisosli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘tkazishning talab qilinadigan darajasini ta’minlash, o‘qitishning ilg‘or usullari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ish tajribasini almashish hamda mutaxassislar tayyorlash va ular mehnatidan samarali foydalanishda yuqori natijalarga erishish tayanch kollejni tashkil etishning maqsadi hisoblanadi.
6. Quyidagilar tayanch kasb-hunar kollejining asosiy vazifalari hisoblanadi (asosiy faoliyatga qo‘shimcha tarzda):
o‘quv jarayoni sifatini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv-metodik rahbarlik qilish va filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish, zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, masofadan turib o‘qitish tizimlarini va real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida talab qilingan malakali mutaxassislarni tayyorlashning boshqa ilg‘or usullarini joriy etish;
davlat ta’lim standartlari talablariga qat’iy muvofiq ravishda o‘quv dasturlari va metodik qo‘llanmalarni, o‘qitishning interaktiv usullarini ishlab chiqish va qo‘llashda filiallarga metodik va amaliy yordam berish;
filiallarda o‘quv-pedagogika va tarbiyaviy ishlarni olib borishni tashkil etish va amalga oshirishga tayanch kollejlarning yetakchi o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini keng jalb etish, mutaxassislar tayyorlashda yuqori natijalarga erishish uchun ish tajribasini almashishni tashkil etish;
tayanch kollejlarning moddiy-texnika va o‘quv-metodik bazasida filiallarning o‘quvchilari uchun ixtisosli mutaxassisliklar bo‘yicha mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini ta’minlash.
III. Tayanch kollej va uning filiallarini tanlash tartibi
7. Kasb-hunar kollejlariga tayanch kollejlar maqomini berish uchun tayanch kollejlar o‘rtasida tanlov o‘tkazishda quyidagilar asosiy mezonlar hisoblanadi:
zarur moddiy-texnika bazasi mavjudligi (asbob-uskunalar, o‘quv laboratoriyalari, ustaxonalar bilan jihozlanganlik, darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlanganlik);
yuqori malakali pedagog xodimlar mavjudligi;
ma’muriy markazdan (yoki yirik shahardan) tuman markaziga, tumandan — aholi punktiga eng maqbul joylashganlik;
yotoqxonalar mavjudligi.
8. Kasb-hunar kollejlari filiallari maqomini berish uchun tayanch kollejlar o‘rtasida tanlov o‘tkazishda quyidagilar asosiy mezonlar hisoblanadi:
mutaxassislar tayyorlashning tayanch kollejdagiga o‘xshash ixtisosli yo‘nalishi;
ma’muriy markazlardan yiroqda joylashganlik;
pedagog kadrlarning kasb darajasi va ish tajribasini oshirishga ehtiyoj mavjudligi;
ixtisosli yo‘nalish mutaxassislari tayyorlash bo‘yicha o‘quv va o‘quv-metodik ishlarni kuchaytirish va sifatini oshirish zarurligi.
Kasb-hunar kollejlariga tayanch kollejlarning filiali maqomi berilganda ularda yuridik shaxs maqomi saqlanib qoladi.
9. Tayanch kollejlar va ularning filiallari maqomini berish va uni to‘xtatish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, shuningdek tasarrufida kasb-hunar kollejlari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning takliflari asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tegishli mutaxassisliklar yo‘nalishlari bo‘yicha tayanch kollejlar va ularning filiallariga o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari malakasini oshirish masalalarida metodologik yordam beradigan mintaqaviy oliy ta’lim muassasalarini belgilaydi.
11. Tayanch kollejlar va ularning filiallari direktorini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
IV. Tayanch kollejning huquq va majburiyatlari
12. Tayanch kollej (asosiy huquqlarga qo‘shimcha ravishda) quyidagi huquqlarga egadir:
a) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy bo‘linmasi bilan kelishgan holda filiallar o‘quv-normativ hujjatlar, zarur moddiy-texnika baza, malakali o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari, shuningdek ixtisosli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlanganligini o‘rganish uchun ishchi guruhlar tashkil etish;
b) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy bo‘linmasiga:
filiallarda yangi mutaxassisliklar ochish va talab bo‘lmagan yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni to‘xtatish;
birgalikdagi faoliyatning aniq natijalaridan kelib chiqib filiallar xodimlarini rag‘batlantirish yoki javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritish.
13. Tayanch kollej (asosiy majburiyatlarga qo‘shimcha ravishda) quyidagilarga majburdir:
birgalikdagi faoliyat yuzasidan filiallarda tayanch kollej qarorlari bajarilishini nazorat qilish va monitoring olib borish;
kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish va ular monitoringini olib borishda hamda ixtisosli mutaxassisliklar bo‘yicha filiallar bitiruvchilarini ishga joylashtirishda yordam berish;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan moliyalashtirishning turli manbalari hisobiga filiallarda budjetdan tashqari mablag‘lar shakllantirilishiga ko‘maklashish;
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan belgilangan muddatlarda filiallar bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy bo‘linmasiga hisobot taqdim etish.
14. Tayanch kollej direktori biriktirilgan kasb-hunar kollejlari — filiallarda o‘quv-metodik ishlarning samaradorligi uchun javob beradi.
V. Tayanch kollej filiallarining huquq va majburiyatlari
15. Tayanch kollej filiali (asosiy huquqlarga qo‘shimcha ravishda) quyidagi huquqlarga egadir:
filiallar o‘quv-normativ hujjatlar, zarur moddiy-texnika baza, malakali o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari, shuningdek ixtisosli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlanganligini o‘rganish uchun ishchi guruhlar tarkibida qatnashish;
o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni takomillashtirish va ta’lim jarayonini metodik ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritish huquqi bilan tayanch kollejning ilmiy-pedagogika kengashi ishida qatnashish;
tayanch kollej bilan birgalikda tayanch kollejning moddiy-texnik resurslaridan foydalangan holda o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni olib borish jadvalini ishlab chiqish;
tayanch kollej bilan birgalikda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan moliyalashtirishning turli manbalari hisobiga budjetdan tashqari mablag‘larni shakllantirish.
16. Tayanch kollej filiali (asosiy majburiyatlarga qo‘shimcha ravishda) quyidagilarga majburdir:
birgalikdagi faoliyatni tashkil etish yuzasidan tayanch kollejga har tomonlama yordam berish va shart-sharoitlar yaratish;
filiallar o‘quvchilari uchun o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish va o‘tkazishda tayanch kollejga yordam berish, o‘quvchilarning qatnashishini ta’minlash;
birgalikdagi faoliyat yuzasidan tayanch kollej qarorlarini bajarish;
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan belgilangan muddatlarda filiallar bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy bo‘linmasiga hisobot taqdim etish.
17. Tayanch kollej filiali direktori ta’lim jarayoni sifatli ta’minlanishi uchun javob beradi.
VI. Tayanch kollejlar xodimlari mehnatiga haq to‘lash va filiallarda ishlaganlik uchun ularga ustamalar belgilash tartibi
18. Tayanch kollejlarning rahbarlari tarkibi, o‘qituvchilari va boshqa xodimlariga kasb-hunar kollejlarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari joriy etiladi.
19. Tayanch kollejlar o‘qituvchilari tomonidan filiallarda mashg‘ulotlar o‘tkazilishi o‘rindoshlik yoki mehnatga soatbay haq to‘lash shartlarida belgilangan tartibda bir yilda 360 soatdan ortiq bo‘lmagan hajmda amalga oshiriladi.
20. Tayanch kollejlar o‘qituvchilariga ish haqini hisoblab chiqish akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilariga ish haqi tariflashtirish va uni hisoblab chiqishning amaldagi tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘rindoshlik tartibida o‘quv-pedagogika yuklamasi olib borish uchun tayanch kollejlardan jalb etiladigan o‘qituvchilarning ish haqi ular o‘rindoshlik bo‘yicha ishni bajaradigan filialning pedagog xodimlari uchun nazarda tutilgan shartlar bo‘yicha, bazaviy tarif stavkaga filialning xarajatlar smetasida nazarda tutilgan o‘qituvchilarning ish haqi fondi doirasida 20 foiz miqdorida ustama qo‘shilgan holda to‘lanadi.
Tayanch kollejlar o‘qituvchilari filiallarda mehnatga soatbay haq to‘lash shartlarida o‘quv mashg‘ulotlari olib borganda mehnatga soatbay haq to‘lashning amaldagi miqdori 20 foizga ko‘payadi va ular mehnatiga haq to‘lash filialning xarajatlar smetasida nazarda tutilgan o‘qituvchilarning ish haqi fondi doirasida amalga oshiriladi.
21. Filiallarda o‘rindoshlik bo‘yicha yoki soatbay haq to‘lash shartlarida o‘quv-pedagogik yuklamani bajaradigan tayanch kollejlar o‘qituvchilariga ustama to‘lashga mablag‘lar belgilangan tartibda filialning xarajatlari smetalarida nazarda tutiladi.
22. Tayanch kollejlarning direktorlariga, direktorlarning o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha o‘rinbosarlariga va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga bazaviy tarif stavkalarga 20 foiz miqdoridagi har oylik ustamalar filiallar bilan ishlash bo‘yicha qo‘shimcha funksiyalar bajarilganligi uchun belgilanadi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-apreldagi 91-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 179-modda)
23. Tayanch kollejlarning direktorlariga, direktorning o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha o‘rinbosarlariga va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga har oylik ustamalarni hisoblash belgilangan tartibda ushbu tayanch kollejning shtat jadvalida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tegishli lavozimlar uchun nazarda tutilgan bazaviy tarif stavkalariga 20 foiz miqdorida amalga oshiriladi.
Tayanch kollejlarning direktorlariga, direktorlarning o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha o‘rinbosarlariga va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga har oylik ustamalar to‘lashga mablag‘lar ushbu tayanch kollejlarning xarajatlari smetalarida nazarda tutiladi.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-apreldagi 91-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 179-modda)
24. Tayanch kollejlarning filiallarida o‘quv-pedagogika yuklamasini bajaradigan tayanch kollejlarning o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ustalari soni xodimlar umumiy sonining 50 foizidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
25. Tayanch kollejlar filiallarida ishlaganlik uchun har oylik ustamalarni to‘lashga xarajatlarni moliyalashtirish ish haqi to‘lash uchun mablag‘larni moliyalashtirish bilan bir vaqtda belgilangan tartibda moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
26. Tayanch kollejlarning xodimlariga ish haqi va har oylik ustamalarni hisoblab chiqish va to‘lashning to‘g‘riligi ustidan nazorat ushbu tayanch kasb-hunar kollejlari rahbarlariga va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining tegishli hududiy bo‘linmalariga yuklanadi.
27. Tayinlangan har oylik ustamalar summasi tegishli kasb-hunar kollejining mehnatga haq to‘lash fondiga kiritiladi va ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yagona ijtimoiy to‘lov hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning tayanch kollejlarning filiallarida ishlaganlik uchun har oylik ustamalar shaklida olingan daromadlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq solinadi.
VII. Tayanch kollejlar va ularning filiallarida o‘quvchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishi monitoringini olib borish
28. Guruhlarda o‘quvchilarning to‘liqligi va o‘quvchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishi monitoringini amalga oshirish maqsadida har bir tayanch kolleji va uning filiallarida O‘quvchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishini nazorat qilish daftari (keyingi o‘rinlarda “Nazorat daftari” deb ataladi) yuritiladi.
29. Nazorat daftari qat’iy hisobot beriladigan hujjat hisoblanadi.
Nazorat daftarining varaqlari ip o‘tkazib tikilgan, tartib raqami qo‘yilgan va surg‘ich yoki mastika muhr bilan muhrlangan bo‘lishi kerak, har bir varaqqa tayanch kollej yoki uning filiali joylashgan joydagi moliya organi shtampi qo‘yiladi.
30. Nazorat daftari har kuni direktor yoki direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan bevosita o‘quv mashg‘ulotlariga tashrif buyurish, o‘quv kuni mobaynida har bir o‘quv guruhi kamida bir marta qamrab olingan holda yuritiladi (to‘ldiriladi).
31. Nazorat daftarida o‘quv guruhi raqami, tekshirish o‘tkazilgan sana va vaqt, fanning nomi, o‘qituvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, o‘quv jurnali bo‘yicha tegishli guruh o‘quvchilari soni va ularning amaldagi soni, darsda qatnashmagan o‘quvchilar soni ko‘rsatiladi. Tekshirish natijalari o‘qituvchi va direktor (direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari)ning imzolari bilan tasdiqlanadi
32. Nazorat daftariga qasddan yolg‘on ma’lumotlar kiritilganligi uchun tayanch kollejlar va ularning filiallari rahbarlari va o‘qituvchilari qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
VIII. Tayanch kollejlar va ularning filiallarida o‘quvchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishini nazorat qilish
33. Tayanch kollejlar va ularning filiallarida o‘quv guruhlarining o‘quvchilar bilan to‘liqligini va o‘quvchilarning o‘quv mashg‘ulotlariga haqiqatdan qatnashishini tekshirish to‘satdan tekshirishlar o‘tkazish yo‘li bilan tayanch kollej yoki uning filiali joylashgan joydagi moliyaviy organlar tomonidan amalga oshiriladi.
34. Guruhlarda o‘quvchilarning to‘liqligi va o‘quvchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishini to‘satdan tekshirishlar (keyingi o‘rinlarda “to‘satdan tekshirishlar” deb ataladi) tuman, viloyat va respublika darajalarida o‘tkaziladi.
35. To‘satdan tekshirishlar har bir darajada tegishli moliya organi, G‘aznachilik, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi xodimlaridan iborat maxsus tashkil etiladigan guruhlar tomonidan o‘tkaziladi.
36. Maxsus guruhlar tarkibi tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vaziri, viloyat va Toshkent shahar moliya boshqarmasi boshlig‘ining buyruqlari bilan tasdiqlanadi.
Tuman maxsus guruhiga tegishli tumanning moliya bo‘limi mudiri, viloyat maxsus guruhiga — Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi tegishli mintaqa hududiy boshqarmasining mas’ul xodimi, respublika maxsus guruhiga — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari boshchilik qiladi.
Respublika maxsus guruhi tarkibiga hududiy moliyaviy boshqarma va Moliya vazirligining ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasi rahbarlari va xodimlari ham kiritiladi.
37. Tuman maxsus guruhi a’zolari soni tegishli tumanda har bir tayanch kollej va uning filialini bir oyda kamida ikki marta to‘satdan tekshirish hisobidan belgilanadi.
Viloyat maxsus guruhlari har bir tayanch kollej va uning filiali yil choragida kamida ikki marta to‘satdan tekshirilishini ta’minlashi kerak.
Respublika maxsus guruhi mintaqalardan tushadigan axborotni tahlil qilishdan kelib chiqib to‘satdan tanlab tekshirishlar o‘tkazadi.
38. To‘satdan tekshirish bir o‘quv kuni mobaynida har bir tayanch kolleji yoki uning filialida kamida 10 ta guruhni qamrab olgan holda o‘quv guruhidagi o‘quvchilarni bevosita sanash va Nazorat daftarida aks ettirilgan ma’lumotlar bilan taqqoslash yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Bunda birinchi navbatda Nazorat daftariga muvofiq ushbu kunda tayanch kollej yoki uning filiali rahbariyati tomonidan o‘quvchilarning mashg‘ulotlarda qatnashishi tekshirilgan o‘quv guruhlari tekshiriladi.
39. Bir tayanch kollej yoki uning filiali maxsus guruhning ayni bir a’zosi tomonidan faqat ushbu muassasa maxsus guruhning boshqa a’zolari tomonidan ikki marta tekshirilgandan keyin to‘satdan tekshirilishi mumkin.
40. To‘satdan tekshirishlar yakunlari bo‘yicha dalolatnoma tuziladi, uni maxsus guruh vakili va tayanch kollej yoki uning filiali direktori imzolaydi.
Dalolatnomada to‘satdan tekshirish o‘tkazilgan sana va vaqt, o‘quv guruhi raqami, fanning nomi, o‘qituvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, ro‘yxat bo‘yicha o‘quvchilar soni va o‘quvchilarning amaldagi soni, mashg‘ulotda qatnashmayotgan o‘quvchilar soni aks ettiriladi hamda Nazorat daftari ma’lumotlari bilan o‘quvchilarni haqiqatdan sanab chiqish ma’lumotlari o‘rtasida farq aniqlanishining barcha holatlari qayd qilinadi.
41. Agar uchta to‘satdan tekshirish o‘tkazish yakunlari bo‘yicha tayanch kollej yoki uning filiali o‘quvchilarining 25 foizidan ortig‘i qatnashmayotganligi holatlari aniqlansa, u holda, maxsus guruhning to‘liq tarkibi jalb etilgan holda uch kun mobaynida tayanch kollej yoki uning filiali o‘quvchilari har bir o‘quv mashg‘ulotida har kuni familiyalar bo‘yicha sanab chiqiladi.
42. Uch kunlik monitoring natijalari bo‘yicha materiallar o‘quvchilarni o‘quv mashg‘ulotlariga jalb etish, tayanch kollej yoki uning filiallarida bir turdagi mutaxassisliklarning kam sonli guruhlarini birlashtirish yo‘li bilan o‘quv guruhlarida o‘quvchilarning to‘liqligini ta’minlash chora-tadbirlarini va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish uchun o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining tegishli hududiy boshqarmalariga beriladi.
43. Tuman maxsus guruhlari har oyda keyingi oyning 7-kunigacha tekshirilgan har bir tayanch kollej yoki uning filiali bo‘yicha o‘tkazilgan to‘satdan tekshirishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan Nazorat daftari ma’lumotlari bilan o‘quvchilarning amalda sanab chiqilishi ma’lumotlari o‘rtasidagi tavofutning aniqlangan holatlarini, shuningdek o‘quvchilarning past davomati bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida viloyat moliya organlariga ma’lumot beradi.
44. Viloyat maxsus guruhlari har oyda navbatdagi oyning 20-kunigacha o‘tkazilgan to‘satdan tekshirishlar to‘g‘risidagi umumlashtirilgan ma’lumotlarni tegishli tahliliy materiallar va jadvallar bilan birgalikda Moliya vazirligiga taqdim etadi.
45. O‘quv guruhlari o‘quvchilar bilan to‘lishining pastligi aniqlangan taqdirda tayanch kollej yoki uning filiali direktori tomonidan ta’lim muassasasida bu turdagi mutaxassisliklarning kam sonli o‘quv guruhlarini birlashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi, o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi esa kamaytirish tomoniga qayta ko‘rib chiqiladi.
Bunda, tayanch kollej yoki uning filiali xarajatlari smetasi bo‘yicha rejali mablag‘ ajratish kam sonli o‘quv guruhlari birlashtirilishi va o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi qisqartirilishi munosabati bilan belgilangan tartibda kutilayotgan mablag‘ni tejash summasiga kamaytiriladi.
46. Qo‘pol intizomiy va moliyaviy buzishlar aniqlanganda materiallarning nusxasi qonun hujjatlariga muvofiq chora-tadbirlar ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga ham beriladi.
IX. Tayanch kollejlar va ularning filiallari xodimlarining ishga kelishi va ishdan ketishini hisobga olish
47. Xodimlarning ishga kelishi va ishdan ketishini hisobga olish maqsadida har bir tayanch kollej va uning filialida rahbariyat tomonidan:
1) O‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining ishga kelishi va ishdan ketishini hisobga olish daftari (keyingi o‘rinlarda “O‘qituvchilarni hisobga olish daftari” deb ataladi);
(47-bandning 1-kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-apreldagi 91-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 179-modda)
2) Shtatdagi boshqa xodimlarning ishga kelish va ishdan ketishini hisobga olish daftari (keyingi o‘rinlarda “Boshqa xodimlarni hisobga olish daftari” deb ataladi) tutiladi.
Hisobga olish daftarlari har kuni yuritiladi (to‘ldiriladi).
48. Hisobga olish daftarlari qat’iy hisobot beriladigan hujjatlar hisoblandi.
Hisobga olish daftarlari varaqlari ip o‘tkazib tikilgan, tartib raqami qo‘yilgan va surg‘ich yoki mastika muhr bilan muhrlangan bo‘lishi kerak, har bir varaqqa tayanch kollej yoki uning filiali joylashgan joy bo‘yicha moliya organi shtampi qo‘yiladi.
49. O‘qituvchilarni hisobga olish daftari tayanch kollej yoki uning filiali direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan, boshqa xodimlarni hisobga olish daftari esa — direktorning ma’muriy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan yuritiladi.
Hisobga olish daftarlarining yuritilishi va saqlanishi hamda unga kiritiladigan ma’lumotlarning ishonchliligi uchun tayanch kollej yoki uning filiali direktorining o‘quv va ma’muriy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari javob beradilar.
50. Hisobga olish daftarlarida xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi, egallab turgan lavozimi (pedagoglar uchun — ta’lim fani), ishga kelish va ishdan ketish sanasi va vaqti ko‘rsatiladi. Hisobga olish daftarlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlar har bir xodim hamda tayanch kollej yoki uning filiali direktorining o‘quv va ma’muriy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari imzolari bilan tasdiqlanadi.
51. Hisobga olish daftarlari bir ish kuni mobaynida ikki marta to‘ldiriladi (qayd etiladi).
Tayanch kollejlar va ularning filiallari xodimlari (keyingi o‘rinlarda “xodimlar” deb ataladi) har kuni, ishga kelgan zahoti Hisobga olish daftariga ishga kelish vaqti to‘g‘risidagi yozuvni kiritgan holda direktorning tegishli o‘rinbosarlari tomonidan qayd etiladi va bu imzo bilan tasdiqlanadi.
Shunga o‘xshash tartibda xodimlar tomonidan har kuni ishdan ketish oldidan Hisobga olish daftariga ishdan ketish vaqti to‘g‘risidagi yozuv kiritiladi.
Ish kuni yakunlari bo‘yicha Hisobga olish daftarlarini tayanch kollej yoki uning filiali direktori tasdiqlaydi.
52. Xodim uzrli sabab bilan ishda hozir bo‘lmagan taqdirda imzolar ustuniga tegishli belgi qo‘yiladi (malaka oshirish — m/o, xizmat safari — x/s, kasallik varaqasi — k/v, o‘z hisobidan ta’til — o‘z/t va hokazo).
53. Hududiy moliyaviy bo‘limlar rahbarlari Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi hududiy boshqarmalarining tumanlarga biriktirilgan taftishchi buxgaltyerlari bilan birgalikda bir oyda kamida ikki marta hisobga olish daftarlarining to‘g‘ri va o‘z vaqtida yuritilishini tekshiradilar.
Tekshirish yakunlari bo‘yicha materiallar belgilangan tartibda zarur chora-tadbirlar ko‘rish uchun o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tegishli hududiy boshqarmalariga yuboriladi.
54. Nazorat-taftish boshqarmalari tomonidan tayanch kollejlar va ularning filiallari reja tartibida taftish qilinganda moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirilishi bilan birgalikda Hisobga olish daftarlari to‘g‘ri yuritilishi va hududiy moliya boshqarmalariga taqdim etiladigan hisobotlar tuzilishi tekshiriladi, bu ham taftishlar dalolatnomalarida aks ettiriladi.
X. Yakunlovchi qoida
55. Tayanch kollejlar va ularning filiallarining birgalikdagi faoliyati jarayonida yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 33-son, 278-modda; 2014-y., 16-son, 179-modda)