O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA KORXONALARI O‘RTASIDA HISOB-KITOBLAR MEXANIZMINI KUChAYTIRIShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
To‘lov mexanizmini takomillashtirish, muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarini tugatish hamda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalari va ularning kontragentlari o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarni yaxshilash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalari va tashkilotlarida debitorlik va kreditorlik qarzlarining ahvoli ustidan 1999-yil 1-dekabrdan boshlab bir yil muddatga monitoring belgilasin.
2. Belgilansinki, quyidagilar:
ko‘rsatib o‘tilgan vazirliklar, idoralarning barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlari hamda banklar tomonidan to‘lov intizomini mustahkamlash bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlari normalariga qat’iy rioya etilishi, hisob-kitoblar o‘z vaqtida o‘tkazilishi, soliqlar va majburiy to‘lovlar to‘liq to‘lanishi ustidan amaliy nazoratni ta’minlash;
korxonalar va tashkilotlarning debitorlik qarzlarini o‘rganish, o‘zaro qarzlarni, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning budjetga o‘z vaqtida to‘lanmagan to‘lovlarini qisqartirish yuzasidan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
korxonalar va tashkilotlarning aylanma mablag‘lari tayyor mahsulot zaxiralariga, kapital xarajatlarga jalb qilinishi sabablarini aniqlash hamda ularning qisqartirilishini ta’minlovchi mexanizm ishlab chiqilishini tashkil etish;
to‘lovga qodir bo‘lmagan iste’molchilar va buyurtmachilarga mahsulot berilishi, ishlar bajarilishi va xizmatlar ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan doimiy nazorat qilish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar, shu jumladan tizim ichidagi o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish o‘tkazilayotgan monitoringning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari hisoblanadi.
3. Monitoringni amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi huzurida 1-ilovaga muvofiq tarkibda maxsus ishchi guruh tuzilsin.
Maxsus ishchi guruh:
monitoringning asosiy vazifalari uning qatnashchilari tomonidan bajarilishini ta’minlash ustidan nazorat o‘rnatsin;
banklar, moliya va soliq organlarining, shuningdek monitoring qatnashchilarining o‘zaro qarzlarni, budjetga o‘z vaqtida to‘lanmagan to‘lovlarni qisqartirish hamda ish haqini o‘z vaqtida to‘lash yuzasidan ishlarini muvofiqlashtirsin;
monitoring qatnashchilarining o‘zaro qarzlarni va budjetga o‘z vaqtida to‘lanmagan to‘lovlarni qisqartirish yuzasidan takliflarni Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasining ko‘rib chiqishi uchun muntazam ravishda va tezlikda kiritsin;
monitoring qatnashchilarining kontragentlar bilan debitorlik va kreditorlik qarzlarini o‘zaro solishtirish sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazilishini hamda natijalari umumlashtirilishini ta’minlasin.
4. “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalari va tashkilotlarining ularning kontragentlari bilan qarzlarini o‘zaro solishtirish tartibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi hamda “O‘zkimyosanoat” uyushmasi xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari ishtirokida moddiy-texnika resurslari va sanoat tusidagi xizmatlar uchun kontragentlar bilan o‘zaro debitorlik va kreditorlik qarzlarini 1999-yil 1-dekabrdagi holatiga ko‘ra va monitoring davrida har oyda yalpi xatlovdan o‘tkazsinlar.
6. Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi har oyda:
debitorlik va kreditorlik qarzlarini solishtirish yakunlari bo‘yicha ushbu qarzlarni qisqartirish yuzasidan qarorlar qabul qilsin;
maxsus ishchi guruhning taqdimnomasiga ko‘ra monitoring qatnashchilarining o‘zaro qarzlarini, mehnatga haq to‘lash va budjetga o‘z vaqtida to‘lanmagan to‘lovlarini qisqartirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni tezlikda qabul qilsin. O‘zaro qarzlarni qisqartirish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilmagan holda, ular bo‘yicha materiallarni aybdorlarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish uchun prokuratura organlariga bersin.
7. Tijorat banklari, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi hamda “O‘zkimyosanoat” uyushmasi rahbarlari o‘zlariga qarashli korxonalar va tashkilotlar, moliya va soliq organlari bilan birgalikda har haftada tijorat banklari filiallari va mintaqalar darajasida debitorlik va kreditorlik qarzlarini to‘lash, shu jumladan budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash maqsadida yagona moliya-hisob-kitob kunlari o‘tkazsinlar.
8. Tijorat banklariga tijorat banklarining maqsadli kreditlarini berish va maqsadli faktoring xizmatlari ko‘rsatish yo‘li bilan monitoring qatnashchilarining debitorlik va kreditorlik qarzlarini (shu jumladan tizim ichidagi qarzlarini) qisqartirishga qaratilgan o‘zaro hisob-kitoblarning maqbul sxemalarini ishlab chiqishga doir aniq qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish tavsiya etilsin.
9. Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va respublika “Mahalla” xayriya jamg‘armasi joylardagi o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda gaz, elektr energiyasi, issiqlik, issiq va sovuq suv ta’minoti uchun aholidan kommunal to‘lovlarni yig‘ish ishlarini faollashtirsinlar.
Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasining mintaqaviy komissiyalari aholidan kommunal to‘lovlar yig‘ishning ahvolini har bir tuman va o‘zini o‘zi boshqarish mahalliy organi bo‘yicha har oyda ko‘rib borsinlar.
11. Muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarini qisqartirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha kichik komissiyalar “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi hamda “O‘zkimyosanoat” uyushmasi o‘rtasidagi o‘zaro qarzlar, ularni to‘lashning aniq muddatlari va ularni to‘lash chora-tadbirlari belgilangan holda, har oyning, 10-kunigacha har oyda solishtirilishini, shuningdek o‘zaro qarzlarni, shu jumladan budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni solishtirish natijalari ko‘rib chiqilishini ta’minlasinlar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xo‘jalik yurituvchi subyektlarning o‘zaro qarzlari ko‘payishining har bir holatini Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasining mintaqaviy Komissiyalari majlislarida ko‘rib chiqqan holda monitoring qatnashchilari korxonalari va tashkilotlarining hisob-kitoblari holati ustidan doimiy nazorat o‘rnatsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S. Hamidov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 29-noyabr,
514-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 29-noyabrdagi 514-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va ular kontragentlarining debitorlik va kreditorlik qarzlari ahvoli yuzasidan monitoringni amalga oshirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh
TARKIBI
| | | |
| Nurmurodov M.B. | — | Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari, maxsus ishchi guruh rahbari |
| Qudratov G‘.S. | — | Makroiqtisodiyot va statistika vazirining birinchi o‘rinbosari, maxsus ishchi guruh rahbarining o‘rinbosari |
|
Maxsus ishchi guruh a’zolari: | ||
| Zaynutdinov I.A. | — | “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi raisi |
| Yusupbekov N.R. | — | “O‘zkimyosanoat” uyushmasi raisi |
| Muhamedov G‘.K. | — | Kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri |
| Shoismatov E.R. | — | Energetika va elektrlashtirish vaziri |
| Xo‘jayev B.A. | — | Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Jo‘rayev A.M. | — | Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari |
| Zinin V.I. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari |
| Abdurahmonov M.S. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari |
| Toshmatov Q.F. | — | Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi direktori |
| Kozlova N.P. | — | “O‘zsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Nurxo‘jayev F.P. | — | “O‘zuyjoyjamg‘armabank” boshqaruvi raisining o‘rinbosari |
| Sharipov I.R. | — | “Paxta-bank” boshqaruvi raisining o‘rinbosari |
| Yoqubboyev O.O. | — | Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi kotibiyatining yetakchi mutaxassisi |
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 29-noyabrdagi 514-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalari va tashkilotlarining ularning kontragentlari bilan qarzlarini o‘zaro solishtirish
TARTIBI
“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalari va tashkilotlarining ularning kontragentlari bilan budjetga to‘lovlar va ish haqi, yetkazib berilgan moddiy-texnika 1 resurslari hamda ishlab chiqarish tusidagi xizmatlar bo‘yicha 7 o‘zaro qarzlarining haqiqiy miqdorini aniqlash maqsadida debitorlik va kreditorlik qarzlari 1999-yil 1-dekabrdagi holatiga ko‘ra o‘zaro solishtiriladi.
Axborotlarni to‘plash va taqdim etish tijorat banklarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalariga hamda Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalariga yuklanadi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar va tijorat banklari filiallari rahbarlari solishtirishning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi uchun javob beradilar. Bunda asosiy e’tibor fermer (dehqon) xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasida solishtirish dalolatnomalarining mavjudligiga qaratiladi.
Qarzlarni o‘zaro solishtirish va dalolatnomalar tuzishni jadallashtirish uchun “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalari va tashkilotlariga hamda ularning kontragentlariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari muassasalarga zarur tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish tavsiya qilinadi.
1. “O‘zkimyosanoat” uyushmasi, “O‘zagrokimyota’minot” birlashmasi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bo‘linmalariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari muassasalari, joylardagi soliq va statistika organlari tomonidan solishtirish tartibini tushuntirish maqsadida, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari hamda bosh buxgaltyerlariga yo‘l-yo‘riqlar beriladi. Bunda shu narsa tushuntirib berilishi kerakki, debitorlik va kreditorlik qarzlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisob raqamlar (45, 60, 61, 62, 63, 64, 76, 78-hisob raqamlari) bo‘yicha, balans soddalashtirib yuritilganda esa, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1998-yil 23-apreldagi 15-02-06/93-son nizomiga muvofiq, dehqon va fermer xo‘jaliklari uchun faqat 76-hisob raqami bo‘yicha to‘ldiriladi. Yuqorida qayd etilgan hisob raqamlar bo‘yicha saldo (qoldiqlar) faqat yoyilgan ko‘rinishda aks ettiriladi, ma’lumotlarning jamlangan shaklda berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Debitorlik va kreditorlik qarzlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, solishtirish dalolatnomalari 1999-yil 1-dekabrdagi holatiga ko‘ra ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha to‘ldiriladi.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Solishtirish jadvali tuziladi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalari va tashkilotlarining ularning kontragentlari bilan budjetga to‘lovlar va ish haqi bo‘yicha, moddiy-texnika resurslari hamda ishlab chiqarish tusidagi xizmatlar uchun o‘zaro debitorlik va kreditorlik qarzlarini banklarda solishtirishning aniq kuni va vaqti belgilanadi.
3. Belgilangan kunda korxona rahbarlari bank va mintaqaviy soliq organlari xodimlari bilan birgalikda boshlang‘ich hujjatlar (order jurnallari, faktura hisob raqamlarini ro‘yxatdan o‘tkazish daftari, tegishli yig‘ma vedomostlar) asosida debitorlik va kreditorlik qarzlarini, shu jumladan budjetga va ish haqi bo‘yicha qarzlarni solishtiradilar.
4. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasining har bir korxonasi va tashkiloti, qishloq xo‘jaligi korxonasi, dehqon, fermer xo‘jaligi bo‘yicha o‘zaro debitorlik va kreditorlik qarzlar solishtirilgach, qiyoslash dalolatnomalari tuzilgach qat’iy belgilangan shakl bo‘yicha ma’lumotlar to‘ldiriladi. Ma’lumotlarni bank, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi, “O‘zagrokimyota’minot” birlashmasi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bo‘linmalari rahbarlari hamda ularning kontragentlari imzolaydilar.
Manfaatdor tomonlar vakillari tomonidan imzolangan solishtirish dalolatnomalari va ma’lumotlarning nusxalari xizmat ko‘rsatuvchi bankda qoladi.
5. Tijorat banki bo‘limi bo‘yicha debitorlik va kreditorlik qarzlari, shu jumladan budjet va ish haqiga doir qarzlar o‘zaro uzil-kesil solishtirib chiqilgandan keyin bank bo‘yicha ma’lumotlar jamlanadi.
Ma’lumotlar ushbu Tartibga ilovaga muvofiq shaklga qat’iy muvofiq holda to‘ldiriladi, Ma’lumotlarda quyidagi rekvizitlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak: bankning nomi, uning qayerga bo‘ysunishi, tuman, viloyat, debitorlik va kreditorlik qarzlari bo‘yicha umumiy yakunlar bitta satrda.
6. Bank rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolangan ma’lumotlar va tushuntirish xati tijorat bankining viloyat boshqarmasiga jo‘natiladi. Tushuntirish xatida bank bo‘limida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasining nechta korxonasi va tashkilotiga hamda ularning kontragentlariga, shu jumladan dehqon va fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatilishi, shu jumladan debitorlik -kreditorlik qarzlarini solishtirishda ulardan nechtasi ishtirok etgani, nechta solishtirish ishtirokchisi kelmaganligi va shu kabilar ko‘rsatilishi zarur.
7. Tijorat banklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari banklarning tuman bo‘limlari ma’lumotlarining to‘g‘ri tuzilganligini tekshiradilar, axborotlarni tahlil qiladilar, tumanlar bo‘yicha jadvallarni umumlashtiradilar va tushuntirish xati bilan Markaziy bankning mintaqaviy boshqarmalariga hamda tijorat banklari respublika idoralariga jo‘natadilar.
8. Tijorat banklarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari joylarga borgan holda, ma’lumotlar va tushuntirish xatlarining to‘g‘ri tuzilganligini, solishtirish ma’lumotlari va dalolatnomalarining mavjudligini tanlab tekshiradilar.
9. Xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarining respublika muassasalari, viloyatlar va tumanlar bo‘yicha solishtirish natijalarini jamlaydilar, vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tahlil qiladilar hamda 2000-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga jo‘natadilar.
10. Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari olingan axborotni tahlil qiladilar, tijorat banklari va tumanlar bo‘yicha jadvallarni jamlaydilar hamda tushuntirish xati bilan 2000-yil 15-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga jo‘natadilar.