O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1998 YILDA YETIShTIRILADIGAN PAXTA XOM AShYoSI UChUN AVANS BERISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 1998-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar bo‘yicha paxta xomashyosi yetishtirish hajmlariga doir taklifi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. 1998-yilda davlat tomonidan paxta tolasi xarid qilish miqdori uni ishlab chiqarish hajmining 30 foizi darajasida belgilansin.
Tasdiqlangan xaridlar hajmidan ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosidan olingan paxta tolasi xo‘jaliklar ixtiyorida qoladi va paxta xomashyosi tayyorlash topshirig‘ini bajarishgan taqdirda, ular tomonidan shartnomaviy narxlarda sotiladi.
3. Paxta tolasining 1998-yil uchun cheklangan narxlari paxta tolasini qayta ishlash va transportda tashish xarajatlarini hisobga olgan holda jahon narxlari darajasining 85 foizi miqdorida belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 1998-yilgi paxta xomashyosi xarid narxlariga jahon bozorida vujudga keladigan narx konyunkturasiga muvofiq zarur tuzatishlar kiritishga ruxsat etilsin.
4. “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi:
1998-yilgi paxta xomashyosini xarid qilish yuzasidan shartnomalar tuzishni joriy yilning 15-fevraligacha tugallasin;
1998-yilning fevralidan boshlab paxta xomashyosi sotish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzishgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga har oyda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra xo‘jaliklarning paxta yetishtirish joriy xarajatlarini qoplaydigan miqdorlarda, xarid narxlari bo‘yicha xomashyo qiymatining 50 foizi doirasida avans berib borsin;
xarid qilinadigan paxta xomashyosi uchun avans berishni paxta tolasini sotishdan tushadigan mablag‘lar va bank kreditlari hisobiga amalga oshirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 4-fevral,
57-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 4-fevraldagi 57-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
1998-yilda paxta yetishtirish
HAJMLARI
| |
Ekin maydoni, ming gektar |
Yalpi hosil, ming tonna |
| Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 145 | 310 |
| viloyatlar: | | |
| Andijon | 110 | 310 |
| Buxoro | 129 | 403 |
| Jizzax | 111 | 257 |
| Qashqadaryo | 173 | 420 |
| Navoiy | 44 | 120 |
| Namangan | 95 | 280 |
| Samarqand | 97 | 250 |
| Surxondaryo | 120 | 380 |
| Sirdaryo | 141 | 325 |
| Toshkent | 108 | 280 |
| Farg‘ona | 127 | 375 |
| Xorazm | 100 | 290 |
| O‘zbekiston Respublikasi | 1500 | 4000 |