O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TELEKOMMUNIKATSIYA TARMOG‘INI RIVOJLANTIRISH (II BOSQICH) UCHUN YAPONIYA XALQARO HAMKORLIK BANKINING IMTIYOZLI KREDITI MABLAG‘LARIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) o‘rtasida 1999-yil 14-dekabrdagi UZB — R4-sonli Kredit bitimida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasining telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish uchun imtiyozli kredit mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida:
1. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining imtiyozli (12 692 mln yapon yenasi) krediti doirasida “O‘zbekiston Respublikasining telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish (II bosqich)” loyihasini amalga oshirish davomida jami 2 738,0 mln yapon yenasi miqdoridagi mablag‘ tejab qolindi;
O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi, moliya va iqtisodiyot vazirliklari, tashqi iqtisodiy aloqalar agentligining JBIC imtiyozli krediti mablag‘larini qayta taqsimlash va shu mablag‘larning o‘zlashtirishning uzil-kesil muddatini 2006-yilning 10-oktabrigacha uzaytirish to‘g‘risidagi, shuningdek tejalgan mablag‘lardan “O‘zbekiston Respublikasining telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish (kengaytirish) (II bosqich)” loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha ilovaga* muvofiq foydalanishning yo‘nalishlari to‘g‘risidagi takliflarini hisobga olgan holda Kredit bitimiga kiritilgan tuzatishlar Yaponiya xalqaro hamkorlik banki tomonidan ma’qullandi.
*Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi (A.Aripov), Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi (N.Najimov) mazkur Kredit bitimi doirasida tuzilgan kontraktlarga imtiyozli kreditning tejalgan mablag‘laridan foydalanishga doir qo‘shimcha bitimlar tuzilishi va ekspertizadan o‘tkazilishini belgilangan tartibda ta’minlasinlar.
3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 21-iyul,
PQ-127-son