O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKA BANK KENGAShINI TUZISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PF-5296-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iqtisodiy islohotlar yanada chuqurlashtirilishi va bank tizimi erkinlashtirilishini ta’minlash, bank qonunchiligini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatini tashkil etish darajasi va samaradorligini oshirish, respublika tijorat banklarining rivojlanishiga hamda barqaror faoliyat ko‘rsatishiga ko‘maklashish maqsadida:
1. Respublika bank kengashi 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* 1-ilova berilmaydi.
Belgilab qo‘yilsinki, Respublika bank kengashi doimiy ishlovchi kollegial organ bo‘lib, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobot beradi.
2. Respublika bank kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat etib belgilansin:
bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish, bank qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
muntazam tahlil asosida makroiqtisodiyot va budjet siyosati bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan pul-kredit siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, shu siyosatning iqtisodiyot va jamiyat hayotining barcha tomonlarini isloh qilish maqsadli vazifalari hamda ustuvor yo‘nalishlariga, mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga doir qabul qilingan kompleks dasturlarga muvofiqligini aniqlash;
milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash, pul tizimini mustahkamlash, pul massasining o‘sishini cheklash hamda bankdan tashqari aylanmani kamaytirish, pul aylanmasida naqd va naqdsiz pul massasining maqbul nisbatini ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
aholining bank tizimiga ishonchini mustahkamlash, pul mablag‘larining bank omonatlariga jalb etilishini rag‘batlantirish, fuqarolar omonatlari himoya etilishi kafolatlarining kuchli mexanizmini yaratish borasidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tijorat banklarining investitsiya jarayonida va iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgarishlarida ishtirok etishini faollashtirishga qaratilgan qo‘shimcha omillarning samarali tizimini ishlab chiqish;
valyuta siyosatini yanada erkinlashtirish, banklararo valyuta bozorini rivojlantirish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, oltin-valyuta zaxiralari barqaror va muttasil ko‘payib borishini ta’minlash, davlatning valyuta mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
respublikaning bank tizimini hamda banklararo munosabatlar mexanizmini rivojlantirish va takomillashtirish, tijorat banklarining mustaqilligini, ular faoliyatining ishonchliligi va barqarorligini oshirish, ularning xalqaro kredit reytingini ko‘tarish, xalqaro moliya-kredit tizimiga keng ko‘lamda qo‘shilish borasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
3. Respublika bank kengashi to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Markaziy banki manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A. Golishev va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmmalariga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 15-noyabr,
PF-3162-son
Respublika bank kengashi to‘g‘risida
NIZOM
1. Respublika bank kengashi (quyida — “Kengash” deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 15-noyabrdagi PF-3162-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida pul-kredit va bank tizimini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish maqsadida tuzilgan doimiy ishlovchi kollegial organ hisoblanadi.
2. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kengash vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish, bank qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
muntazam tahlil asosida makroiqtisodiyot va budjet siyosati bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan pul-kredit siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, shu siyosatning iqtisodiyot va jamiyat hayotining barcha tomonlarini isloh qilish maqsadli vazifalari hamda ustuvor yo‘nalishlariga, mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga doir qabul qilingan kompleks dasturlarga muvofiqligini aniqlash;
milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash, pul tizimini mustahkamlash, pul massasining o‘sishini cheklash hamda bankdan tashqari aylanmani kamaytirish, pul aylanmasida naqd va naqdsiz pul massasining maqbul nisbatini ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
aholining bank tizimiga ishonchini mustahkamlash, pul mablag‘larining bank omonatlariga jalb etilishini rag‘batlantirish, fuqarolar omonatlari himoya etilishi kafolatlarining kuchli mexanizmini yaratish borasidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tijorat banklarining investitsiya jarayonida va iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgarishlarida ishtirok etishini faollashtirishga qaratilgan qo‘shimcha iqtisodiy omillarning samarali tizimini ishlab chiqish;
valyuta siyosatini yanada erkinlashtirish, banklararo valyuta bozorini rivojlantirish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, oltin-valyuta zaxiralari barqaror va muttasil ko‘payib borishini ta’minlash, davlatning valyuta mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
respublikaning bank tizimini hamda banklararo munosabatlar mexanizmini rivojlantirish va takomillashtirish, tijorat banklarining mustaqilligini, ularning xalqaro kredit reytingini ko‘tarish, xalqaro moliya-kredit tizimiga keng ko‘lamda qo‘shilish borasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
4. Kengash o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishi uchun:
pul-kredit siyosati asosiy yo‘nalishlari hamda pul massasi parametrlari loyihasini kelgusi yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiyot va budjet siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqadi;
pul muomalasining barqarorligini mustahkamlash, kredit berish va hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, moliyaviy isntitutlar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqadi;
inflatsiya jarayonlarining pasayishini, bank ssudalari bo‘yicha qarzdorlik o‘sishi cheklanishini ta’minlashga qaratilgan takliflarni ko‘rib chiqadi;
valyuta siyosatining asosiy yo‘nalishlari va oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish tamoyillari bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi;
qonunchilikda uning vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni hal etadi.
5. Kengash o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
bank qonunchiligini takomillashtirish borasida qonunchilikka oid tashabbuslarni tayyorlashda ishtirok etish;
o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
o‘z majlislariga davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslarini, idoralar, banklar va tashkilotlarning rahbarlarini, nohukumat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining vakillarini taklif qilish;
ekspert va konsultantlar sifatida olimlar hamda mutaxassislarni jalb etish.
6. Kengash a’zolari soni 10 kishidan iboratdir.
Kengash raisi, Rais o‘rinbosari va a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadilar.
Kengash a’zolari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
7. Kengash raisi uning faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, Kengash majlislarida raislik qiladi. Kengash raisi bo‘lmagan hollarda uning vazifalarini Kengash raisining o‘rinbosari bajaradi.
Kengash raisi va uning o‘rinbosarlari Kengash a’zolari orasidan Kengash jami a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan saylanadilar.
8. Kengash a’zolari quyidagi huquqlarga ega:
Kengash majlislarida muhokama etish uchun masalalar kiritish, Kengash vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha zarur qonunchilik va normativ hujjatlarini, axborot-tahliliy materiallarni olish;
Kengash majlislariga hujjatlarni tayyorlashda ishchi guruhlarida qatnashish.
9. Kengash a’zolarining burchlari quyidagilardan iborat:
Kengash majlislarida shaxsan ishtirok etish;
Markaziy bank va tijorat banklarining faoliyati to‘g‘risida xizmatga oid ma’lumotni, shuningdek maxfiy tusdagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik.
10. Kengash o‘z majlislarini yilning har choragida kamida bir marta o‘tkazadi.
11. Kengashning majlislari Kengash raisi yoki u bo‘lmagan taqdirda Kengash raisining o‘rinbosari tomonidan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisining yoxud Kengash a’zolaridan kamida uch kishining talabiga binoan tayinlanadi.
12. Kengash hujjatlarining tayyorlash, qarorlarning loyihalarini ishlab chiqish uchun Kengash olimlar va mutaxassislarni jalb etgan holda muvaqqat ishchi guruhlarini tuzishi mumkin.
13. Kengash qarorlari kvorum besh kishidan iborat bo‘lgan taqdirda ishtirok etuvchi Kengash a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng kelib qolgan hollarda Kengash majlisida raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
14. Kengash qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi, ular Kengash raisi tomonidan imzolanadi.
15. Kengash qarorlari Kengashning barcha a’zolariga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruviga hamda boshqa manfaatdor hukumat tuzilmalari, idoralar va tijorat banklariga yetkaziladi.
16. Kengash raisi Kengash amalga oshirayotgan ishlar va u qabul qilayotgan qarorlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini muntazam xabardor qilib turadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 10-11-son, 204-modda)