Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2010 YILDA SANOAT KOOPERATSIYASI ASOSIDA TAYYOR MAHSULOTLAR, BUTLOVChI BUYuMLAR VA MATERIALLAR IShLAB ChIQARIShNI MAHALLIYLAShTIRISh DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Import hajmi va tarkibini tizimli tahlil qilishni hisobga olgan holda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirishni ragʻbatlantirish, eksportga moʻljallangan raqobatbardosh mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish, tarmoqlararo va ichki tarmoq sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda mustahkamlash va shu asosda aholi bandligi oʻsishini taʼminlash va uning moddiy farovonligini oshirish maqsadida:
1. Qayd etib oʻtilsinki, respublikada ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish boʻyicha loyihalar tayyorlash va amalga oshirishning taʼsirchan mexanizmi yaratilgan, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakolatlari hamda funksiyalari, ularning sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish jarayonida hamkorlik qilish tartibi aniq belgilab berilgan, ushbu dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi korxonalar uchun imtiyoz va preferensiyalar tizimi shakllantirilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan respublika xoʻjalik birlashmalari va korxonalari bilan birgalikda mavjud yondashuvlar va mezonlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan 2010-yilda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi maʼqullansin. Dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
2010-yilda mahalliylashtiriladigan mahsulot ishlab chiqarish hajmining 1,45 baravar oʻsishini nazarda tutuvchi sanoat mahsulotlari asosiy turlarini ishlab chiqarish hajmining maqsadli parametrlari va mahalliylashtirish darajasi 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
tayyor mahsulot turlari, butlovchi uzellar va detallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning 2010-yilga oʻtuvchi loyihalari roʻyxati 2, 2a, 3 va 3a-ilovalariga* muvofiq;
tayyor mahsulot turlari, butlovchi uzellar va detallar, xomashyo va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning yangi loyihalari roʻyxati 4-ilovaga* muvofiq;
*4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan oʻzlashtirishga tavsiya etilayotgan tayyor mahsulot turlari, materiallar va butlovchi buyumlar roʻyxati 5-ilovaga* muvofiq.
*5-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi:
joriy yilning 15-apreliga qadar muddatda 2010-yilda mahalliylashtiriladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkil qilish hamda uni ishlab chiqarishning mazkur qaror bilan tasdiqlangan prognoz hajmlarini bajarishning tarmoqli jadvallarini tasdiqlasin;
bir oy muddatda manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahsulotni mahalliylashtirish yangi loyihalarining tashabbuskorlari bilan birgalikda mazkur qarorning 4-ilovasiga kiritilgan loyihalarning pasportlari tayyorlanishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 1-dekabrdagi PQ-1236-son qarori bilan tuzilgan Maxsus idoralararo komissiyaga taqdim etilishini taʼminlasin;
2010-yilda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturiga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin hamda uning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash yuzasidan aniq takliflar bilan Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berib tursin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari — Vazirlar Mahkamasi Komplekslarining rahbarlari mutasaddilik qilinadigan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va korxonalar bilan birgalikda ikki oy muddatda 5-ilovaga kiritilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni mamlakatimiz korxonalari oʻzlashtirishini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsinlar.
5. Vazirlar Mahkamasiga, Maxsus idoralararo komissiyaning takliflari boʻyicha, ushbu qaror bilan tasdiqlangan 2010-yilgi mahalliylashtirish Dasturiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin. Dasturga 5-ilovaga muvofiq ishlab chiqarishni oʻzlashtirish tavsiya etilgan tayyor mahsulot turlari, materiallar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha belgilangan tartibda puxta ishlab chiqilgan loyihalar kiritilsin.
6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2009-yilda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi toʻgʻrisida” 2009-yil 27-yanvardagi PQ-1048-son qarorining 3-bandida belgilangan imtiyozlar:
2 va 3-ilovalarga kiritilgan korxonalar uchun — 2011-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrda;
2a va 3a-ilovalarga kiritilgan korxonalar uchun — 2012-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrda amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-yanvardagi PQ-1048-son qarorining 3-bandida nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilishi ushbu qarorning 4-ilovasiga kiritilgan korxonalarga loyihalar belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng Maxsus idoralararo komissiyaning qarorlariga binoan 2012-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrga joriy etiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar, materiallar va komponentlarni mahalliylashtiriladigan mahsulotlar ishlab chiqarishning texnologik jarayonida foydalaniladigan buyumlar toifasiga kiritish toʻgʻrisida xulosalar berish tartibi haqidagi yangilangan Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. “Oʻzstandart” agentligi manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliylashtirish Dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati va dizaynini tanqidiy tahlil qilish asosida, ularning sifati va dizaynini zamonaviy xalqaro talablar va standartlar darajasiga yetkazish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va korxonalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2010-yilning 1-dekabriga qadar muddatda 2011-yilda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturini ishlab chiqishni taʼminlasin va uni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 23-mart,
PQ-1306-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 12-son, 83-modda)