O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining
Qarori
Voyaga yetmaganlarning MEHNATIDAN FOYDALANISHGA YO‘L QO‘YMASLIK BO‘YICHA TALABLAR TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 21-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2071]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 11-avgustdagi 20-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3664, 11.08.2025-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 52-son, 551-modda) 2-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi qaror qiladilar:
1. Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror 2010-yil 1-fevraldan kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-yanvar,
88/1-son
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-yanvar,
1-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2009-yil 15-yanvardagi 88/1, 1-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari to‘plami 2009-y., 52-son, 551 modda) va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik talablarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomning talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tatbiq qilinadi.
2. Voyaga yetmaganlarni ishga qabul qilish mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
3. Ish beruvchi voyaga yetmaganlarning boshqa xodimlar bilan mehnatga oid huquqiy munosabatlarda teng huquqliligini ta’minlash, voyaga yetmaganlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnat sharoitlari va kafolatlarini ta’minlashga majburdir.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
II. Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaslik bo‘yicha talablar
1 §. Ish beruvchilarga qo‘yiladigan talablar
4. Voyaga yetmaganlar mehnatidan quyidagi ishlarda:
yer osti, suv osti, xavfli balandlikda yoki yopiq muhitda bajarish;
xavfli mexanizmlar, asbob va uskunalar bilan bog‘liq bo‘lgan;
xavfli buyumlar yoki jarayonlar, harorat, shovqin yoki to‘lqinlanish darajasining yuqori ta’sirida voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishga olib keladigan zararli sharoitlardagi;
og‘ir mehnat sharoitlarida bajariladigan (ish vaqtining davomiyligi uzoq bo‘lgan, tungi ishlar va boshqalar bilan bog‘liq bo‘lgan);
o‘zining xususiyati bilan bunday toifadagi xodimlarning axloq-odobiga zarar yetkazadigan;
belgilab qo‘yilgan normadan ortiq og‘ir yuk ko‘tarishi va tashish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1996-y., ilova, 1-son) muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari bilan bog‘liq ishlar ro‘yxati va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va ish beruvchilarning vakillari maslahati olingan holda belgilanadi.
(4-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
5. Ish vaqtining muddati haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar, haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlayotgan o‘quvchilarning o‘quv yili davomidagi ish vaqti muddati ushbu bandning birinchi qismida tegishli yoshdagi shaxslar uchun nazarda tutilgan ish vaqti eng ko‘p muddatining yarmidan ortib ketishi mumkin emas.
6. Voyaga yetmaganlarning kundalik ish vaqti qisqartirilgan hollardagi mehnatiga haq kundalik ish vaqti to‘liq bo‘lgan chog‘da tegishli toifadagi xodimlarga beriladigan miqdorda to‘lanadi, korxonalarda o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlayotgan o‘quvchilarning mehnatiga ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda yoki ishlab chiqargan mahsulotiga qarab haq to‘lanadi.
Ish beruvchi tomonidan voyaga yetmagan xodimlar uchun mahsulot ishlab chiqarish normalari bunday xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti davomiyligiga mutanosib ravishda umumiy ishlab chiqarish normasidan kelib chiqib belgilanadi.
7. Ish beruvchi har oyda mehnat organlariga voyaga yetmagan xodimlarning familiyasi, tug‘ilgan kuni va mansabi ko‘rsatilgan ro‘yxatni taqdim etishga majbur.
8. O‘quv muassasalarining o‘quvchilari tomonidan mutaxassislik olish yoki zararli mehnat sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarda, shuningdek:
xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilmagan bo‘lsa;
yo‘l-yo‘riqlar berish va ishlab chiqarish amaliyotiga texnik rahbarlik qilish tashkillashtirilmagan bo‘lsa;
ishlab chiqarish amaliyoti davrida tegishli mutaxassisliklar va kasblar ishchilari uchun nazarda tutilgan maxsus kiyim-kechak, yakka tartibdagi himoyalanish vositalari berilmagan bo‘lsa, ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2 §. Ota-onalar (ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar) ga qo‘yiladigan talablar
9. Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) o‘zlarining voyaga yetmagan bolalari mehnatidan foydalanishda bolaning sog‘lig‘i holati va kasallanishining oldini olishga javobgardir.
10. Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) o‘zlarining voyaga yetmagan bolalarini biror-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.
11. Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) o‘zlarining voyaga yetmagan bolalari mehnatidan ushbu Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan, shuningdek, bajarilishi ularning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladigan ishlarni bajarishga yo‘l qo‘ymaslikka majbur.
12. Ota-onalar (ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar) qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirishda quyidagi talablarga rioya etishlari shart:
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
oilaviy tadbirkorlikda oilaning voyaga yetmagan o‘n besh yoshga to‘lgan a’zosi ishtirok etishi mumkin;
o‘n olti yoshga to‘lganda buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlash uchun hunarmandning shogirdi sifatida jalb etilishi mumkin, o‘n besh yoshga to‘lgan shaxs ota-onasidan bittasining (ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi bilan hunarmandning shogirdi sifatida jalb etilishi mumkin;
voyaga yetmaganni oilaviy tadbirkorlikda, shuningdek hunarmandning shogirdi sifatida ishtirok etishiga umumta’lim maktabi, kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyda o‘qishi sharti bilan, agar u qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat ta’limining to‘liq kursini tugatmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi;
(12-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
oilaviy tadbirkorlik yoki hunarmandchilik faoliyatida ushbu Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan ishlarda voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish taqiqlanadi;
oilaviy tadbirkorlik yoki hunarmandchilik faoliyatida ishtirok etayotgan voyaga yetmaganlar uchun ish vaqtining davomiyligi ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq belgilanadi.
13. Kinematografiya tashkilotlarida, teatrlarda, tomosha va konsert tashkilotlarida, sirklarda o‘n besh yoshga to‘lmagan shaxs ishtiroki va (yoki) ijro etishi (eksponirovaniya) ularning sog‘lig‘i va axloqiy rivojlanishiga va ta’lim olish jarayonini buzmaydigan o‘qishdan bo‘sh vaqtlarda vasiylik va homiylik organlarining roziligi asosida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomani tuzishga yo‘l qo‘yiladi. Bu holatda shartnoma voyaga yetmaganning nomidan uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs tomonidan imzolanadi. Vasiylik va homiylik organining ruxsatida kundalik ish vaqti davomiyligining eng yuqori chegarasi va boshqa shartlar, ya’ni bajarilishi mumkin bo‘lgan ishlar belgilanadi.
III. Yakuniy qoidalar
14. Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar), shuningdek, mehnatni muhofaza qilish nazorati organlari va voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya, agar ishning davom etishi ularning sog‘lig‘iga xavf soladigan yoki boshqacha tarzda zarar yetkazadigan bo‘lsa, o‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli.
15. Ushbu Nizomning talablarini buzgan aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
16. Mazkur Nizom Iqtisodiyot vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Iqtisodiyot vaziri S. BEKENOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Oliy sud raisi B. MUSTAFOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Xalq ta’limi vaziri G. SHOUMAROV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 3-4-son, 27-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)