O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QO‘QON ShAHRINING ARXITEKTURA QIYOFASI VA ShAHAR INFRATUZILMASINI TUBDAN YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ko‘p asrlik boy tarixga va betakror madaniy obidalarga ega bo‘lgan Qo‘qon shahrining arxitektura qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash, ijtimoiy hamda muhandislik infratuzilmalarni kompleks obod qilish va rivojlantirish yo‘li bilan aholining qulay yashash sharoitlarini shakllantirish, shaharsozlik normalari va qoidalarining zamonaviy talablarini hisobga olgan holda tarixiy meros obyektlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar darajasi hamda sifatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 19-oktabrdagi R–3283-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Ishchi komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, Farg‘ona viloyati va Qo‘qon shahri hokimliklari ishtirokida ishlab chiqilgan 2010 — 2012-yillarda Qo‘qon shahrining arxitektura qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari Dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
2. Farg‘ona viloyati va Qo‘qon shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi (va “O‘zshaharsozlikLITI” OAJ bilan birgalikda 2010-yilning I yarim yilligida Qo‘qon shahrining bosh rejasi ishlab chiqilishi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
tubdan rekonstruksiya qilinishi kerak bo‘lgan shaharni tashkil qiluvchi muhim nuqtalar, tarixiy meros zonalari va obyektlarini aniqlagan holda shaharning ma’muriy hamda tarixiy markazi chegaralarini belgilash;
bolalar va yoshlarning dam olish zonalari, sport inshootlari hamda boshqa ijtimoiy obyektlar qurilishini tashkil qilgan holda “O‘rda”, “Chorsu” va “Ozodlik” maydonlari hududlarini ham o‘z ichiga olgan shaharning markaziy qismini zonalarga ajratish;
shaharni tashkil qiladigan maydonlarni rekonstruksiya qilish, ko‘chalar va xiyobonlarni obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish hisobiga shaharning tashqi arxitektura qiyofasini tubdan qayta tashkil etish;
ijtimoiy infratuzilmani, shuningdek shahar muhandislik kommunikatsiyalari tizimini zamonaviy talablarga muvofiq holda kompleks qayta qurish va rivojlantirish;
yo‘l qismini 4—6 harakat qatorigacha kengaytirib, Qo‘qon shahri chegarasida umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilgan holda, shahar transport magistrallari va chorrahalari sxemalarini maqbullashtirish;
aholining turmushi va dam olishi uchun qulay muhitni shakllantirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va boshqa davlat boshqaruvi organlari bilan birgalikda mazkur Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish doirasida Qo‘qon shahrining tarixiy-etnografik qismini rekonstruksiya va restavratsiya qilish bo‘yicha kompleks tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda mavjud tarixiy yodgorliklarni o‘rganish, qayta tiklash va restavratsiya qilish;
tarixiy-madaniy meros inshootlarini ularning birlamchi qiyofasiga muvofiq holda zamonaviy arxitektura talablari asosida rekonstruksiya va restavratsiya qilish.
4. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 19-oktabrdagi R–3283-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Ishchi komissiyasi (R.S. Azimov) zimmasiga mazkur Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni belgilangan muddatlarga muvofiq amalga oshirish bilan bog‘liq vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, korxonalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari;
Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi (H.X. Ne’matov) va Qo‘qon shahri hokimi (Sh.O‘. Sobirov) zimmalariga loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilib, tasdiqlangandan so‘ng, chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan obyektlar bo‘yicha shaharda amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlash, shuningdek mablag‘lardan qat’iyan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi:
Qo‘qon shahrining sanoat va fuqarolarga mo‘ljallangan obyektlari, yakka tartibdagi uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining tasdiqlangan loyihalarga qat’iy muvofiq holda qurilishi va rekonstruksiya qilinishi ustidan tizimli nazoratni o‘rnatsin;
olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat nazoratini amalga oshirgan, shaharsozlik va sanitariya normalari hamda qoidalariga rioya etgan holda Qo‘qon shahrida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari, belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Qo‘qon shahar hokimligi bilan birgalikda noqonuniy qurilishlarga va yer uchastkalaridan maqsadga nomuvofiq foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan nazorat o‘rnatsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi:
Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda, 2011-2012-yillardagi Investitsiya dasturini shakllantirish chog‘ida, 2010 — 2012-yillarda Qo‘qon shahrining arxitektura qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari Dasturi doirasida amalga oshirish mo‘ljallanayotgan obyektlar ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlari aniq ko‘rsatilgan holda kiritilishini nazarda tutsin;
Qo‘qon shahrining meliorativ holatini yaxshilash va yer osti muhandislik kommunikatsiyalarini agressiv sizot suvlar ta’siridan himoya qilish uchun drenaj nasoslarni saqlash va texnik xodimlarni pul bilan ta’minlashga asosli hisob-kitoblar bo‘yicha zarur mablag‘lar ajratilishini ko‘zda tutsin;
ushbu Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan loyihalar to‘liq va o‘z vaqtida moliyalashtirilishi, ajratilayotgan mablag‘lardan qat’iyan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.
7. Dasturga kiritilgan obyektlar qurilishi, ularni rekonstruksiya qilish va restavratsiya ishlari uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha chet eldan olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari va uskunalar bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan istisno tariqasida ozod qilinsin.
Belgilansinki, mazkur bojxona imtiyozlari berilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar ushbu Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish tadbirlarini moliyalashtirishga maqsadli tarzda yo‘naltiriladi.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Xo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-dekabr,
PQ-1239-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 12-son, 506-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 9-son, 84-modda, 50-son, 512-modda)