O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BOShOQLI DON EKINLARINI NAVLAR BO‘YIChA JOYLAShTIRIShNI TAKOMILLAShTIRISh, ULARNING SELEKSIYASI VA URUG‘ChILIGINI YaXShILAShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika xo‘jaliklarida boshoqli don ekinlarining yuqori hosilli, kasalliklarga va zararkunandalarga chidamli istiqbolli navlarini oqilona joylashtirishni, mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda boshoqli don ekinlari navlarini yangilash va ularni navlar bo‘yicha joylashtirishning har yilgi dasturlari o‘z vaqtda ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Boshoqli don ekinlari navlarini yangilash va ularni navlarga ko‘ra joylashtirish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ilovaga muvofiq tarkibda doimiy ishlovchi respublika komissiyasi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
boshoqli don ekinlari urug‘chiligini yaxshilashga doir takliflarni o‘rganish va ishlab chiqish, ularni respublika mintaqalarining tuproq-iqlim sharoitlariga muvofiq navlar bo‘yicha rayonlashtirish va joylashtirish asoslanganligini tahlil qilish;
har bir mintaqada ko‘pi bilan 3-4 xil yuqori hosilli, yotib qolmaydigan, kasalliklar va zararkunandalarga chidamli navlar ekilishini nazarda tutgan holda boshoqli don ekinlari navlarini respublikaning turli iqlimli hududlarida yetishtirish uchun tanlash;
respublikaning turli mintaqalariga tatbiqan yangi serhosil va kasalliklarga chidamli navlarni jadal yaratish va ularni ishlab chiqarishga joriy qilish maqsadida boshoqli don ekinlariga doir seleksiya-urug‘chilik ishlarini olib borishning zamonaviy texnologiyalari va yo‘nalishlarini izlab topish hamda joriy etish;
respublikaning janubiy mintaqalari, ayniqsa cho‘l va yarimcho‘l mintaqalari uchun navli urug‘lar yetishtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot institutlari, tajriba stansiyalari, idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, nav sinash uchastkalarining faoliyatini tahlil qilish, seleksionyerlar va urug‘shunoslarni rag‘batlantirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
elita, birinchi va keyingi reproduksiyali urug‘likka bo‘lgan ehtiyojni, shu jumladan lalmi zona uchun, ularni don mahsulotlari korxonalari, xo‘jaliklar tomonidan ishlab chiqarish va tayyorlash hajmini aniqlash;
navlarning hosildorligini va boshqa sifat ko‘rsatkichlarini ko‘rsatgan holda boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish va navlar sinovi natijalari bo‘yicha axborot-tahlil materiallarini vaqti-vaqti bilan nashr etish va joylarga yetkazish.
3. Doimiy ishlovchi respublika komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
urug‘chilik xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini o‘rgansinlar, zaruriyat bo‘lganda ularning soni va joylashishini don ekuvchi xo‘jaliklarning yuqori sifatli urug‘liklarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishdan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqsin;
boshoqli ekinlar urug‘ligi tayyorlab qo‘yilayotgan don mahsulotlari korxonalari ishini tahlil qilsin, ularni urug‘lik material tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni tozalash, navlarga ajratish, dorilash va saqlashga ixtisoslashtirish masalalarini ko‘rib chiqsin, bunda “O‘zdonmahsulot” korporatsiyasi tizimida respublikaning janubiy mintaqalarining tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda ular uchun boshoqli don ekinlari urug‘ligi tayyorlash korxonasi tashkil etishni nazarda tutsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Davlat kimyo komissiyasi boshoqli don ekinlari hosilini kasalliklar va zararkunandalardan himoya qilish yuzasidan tavsiyalarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar, ularda urug‘likni tayyorlab qo‘yish, ularga ishlov berish va dalalarni tayyorlashda, shuningdek boshoqli don ekinlari o‘sishi davrida ekinlarni kasalliklar, zararkunandalar va begona o‘tlardan agrotexnik va agrokimyoviy himoya qilish chora-tadbirlarini belgilasinlar hamda doimiy ishlovchi respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
5. Doimiy ishlovchi respublika komissiyasi har yili boshoqli don ekinlari hosili yig‘ishtirib olingandan keyin 1-avgustgacha respublikaning barcha tumanlari va viloyatlari sharoitida rayonlashtiriladigan boshoqli don ekinlarining yangi navlari sinovi natijalarini keng muhokama qilsin. Boshoqli don ekinlari navlarini sinash yakunlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining maxsus yillik “Axborotnoma” jurnalida e’lon qilinsin.
6. Belgilansinki, Doimiy ishlovchi respublika komissiyasi har yili kelgusi yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish masalalari yuzasidan Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi.
Komissiyaning o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha topshiriqlari respublikaning barcha vazirliklari va idoralari tomonidan bajarilishi majburiydir.
7. Respublika komissiyasi 2000-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini bir oy muddatda kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Doimiy ishlovchi komissiya raisi B. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 28-iyun,
317-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.)