Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1999-2000-YILLARDA IRRIGATSIYA-MELIORATSIYA IShLARINI AMALGA OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sugʻoriladigan yerlarda dehqonchilikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “1998—2000-yillardagi davrda qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturi toʻgʻrisida” 1998-yil 18-martdagi Farmonini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 1999-2000-yillarda 1 — 4-ilovalarga* muvofiq hajmlarda irrigatsiya-melioratsiya ishlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvqurilish” davlat konserni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 1 — 4-ilovalarga muvofiq yangi sugʻoriladigan yerlarni foydalanishga topshirish va irrigatsiya-melioratsiya ishlarini amalga oshirish boʻyicha belgilangan topshiriqlarning qatʼiy bajarilishini taʼminlasinlar.
* Ilovalar berilmaydi.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Vazirlar Mahkamasining “1999-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturi toʻgʻrisida” 1999-yil 13-yanvardagi 16-son qaroriga muvofiq irrigatsiya-melioratsiya ishlarini amalga oshirish uchun 10,06 mlrd soʻm kapital mablagʻlar ajratish nazarda tutilgan.
Belgilansinki, yangi sugʻoriladigan yerlarni foydalanishga topshirish faqat mavjud yoki suv xoʻjaligi tadbirlari natijasida boʻshab qolgan suv resurslari doirasida amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi va Moliya vazirligi har yili investitsiya dasturlarini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga quvvatlar va obyektlarni ishga tushirish boʻyicha mazkur qaror bilan belgilangan topshiriqlarning bajarilishi uchun mablagʻlar ajratishni nazarda tutsinlar.
3.Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
ikki yil davomida har xil ekinlarni tomchi va yomgʻir usulida sugʻorish texnologiyalarini eksperimental sinovdan oʻtkazsin, respublika sharoitlarida ularni qoʻllashning maqsadga muvofiqligining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlasin va ularning natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 1999-yil ikkinchi choragida Xoʻjaliklararo sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini tuzatish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish tartibi va ularni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari toʻgʻrisida Nizom ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.M.Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-may,
259-son