O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1999—2003 YILLARDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MA’LUMOTLAR UZATISh MILLIY TARMOG‘INI MODERNIZATSIYA QILISh VA UNI RIVOJLANTIRISh DASTURI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida axborotni tezkorlik bilan ayirboshlash, jahon axborot tarmoqlaridan foydalanishni kengaytirish, O‘zbekiston Respublikasida ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar ishtirokida ishlab chiqilgan 1999—2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini modernizatsiya qilish va uni rivojlantirish dasturi ilovaga muvofiq ma’qullansin.
2. Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalar Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘i bilan birgalikda ishlash uchun zarur bo‘lgan mahalliy axborot-kompyuter tarmoqlarining O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi hamda Fan va texnika davlat qo‘mitasining texnik shartlari bo‘yicha modernizatsiya qilinishini va ularning kengaytirilishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi 2000—2002-yillar uchun budjetni shakllantirishda texnik-iqtisodiy asoslar va texnik loyihaga muvofiq Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘ining axborotlarni muhofaza qilish uzelini tashkil etishga markazlashtirilgan mablag‘lar ajratishni nazarda tutsinlar.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘ini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasiga ma’lumotlarni uzatish xizmatlaridan foydalanish jamoa punktlarini joylashtirish uchun xonalar ajratishda ko‘maklashsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari L.A. Axmetov va H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 22-aprel,
193-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-apreldagi 193-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
1999—2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘ini modernizatsiya qilish va uni rivojlantirish
DASTURI
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Dastur O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘ini tashkil etish va jahon axborot tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida” 1999-yil 5-fevraldagi 52-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
1.2. O‘zbekiston Respublikasi Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘i:
davlat va jamoat organlari, fuqarolar, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning axborotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini har tomonlama qondirish maqsadida elektron axborotni ayirboshlashlarni amalga oshirish;
respublikaning yagona axborot makoni transport-kommunikatsiya asoslarini va uning jahon axborot hamjamiyatiga kirishini ta’minlash;
respublika ma’lumotlar uzatish operatorlari (provayderlari) tarmoqlarining ma’lumotlarni uzatish jahon tarmoqlariga, shu jumladan, Internetga markazlashtirilgan tartibda ulash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hujjatlari aylanishini markazlashtirilgan elektron vositasida ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishga mo‘ljallangan.
Oldingi tahrirga qarang.
1.3. O‘zbekiston Respublikasi Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘i ishlab turgan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi “UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘ini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasining ma’lumotlarni uzatish respublika tarmog‘i (keyingi o‘rinlarda UzPAK deyiladi) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xo‘jalik hisobidagi “UzNet” axborot-kompyuter xizmatining idoralararo axborot-kompyuter tarmog‘i bazasida yaratilgan.
(1.3-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 23-sentabrdagi 328-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2002-y., 17-18-son, 139-modda)
Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘i milliy operatori (provayderi), shu jumladan, Internet funksiyasi UzPAKka yuklangan. Xo‘jalik hisobidagi “UzNet” axborot-kompyuter xizmati yuridik shaxs huquqi bilan shu’ba korxonasi sifatida (keyingi o‘rinlarda “UzNet” deyiladi) UzPAK tarkibiga kiritilgan.
1.4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘ini tashkil etish va jahon axborot tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida” 1999-yil 5-fevraldagi 52-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi ma’lumotlar uzatish tarmoqlari barcha operatorlari (provayderlari) xalqaro tarmoqlarga faqat Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘i orqali chiqish huquqiga egadirlar. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat o‘z ehtiyojlari uchun, diplomatik va xalqaro vakolatxonalar, shuningdek, ixtisoslashtirilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar (bank tizimlari, aeronavigatsiya va havo transporti harakatini boshqarish tizimlari va shu kabilar) uchun shaharlararo va xalqaro ma’lumotlar uzatish kanallari, shu jumladan, yo‘ldosh tizimlari orqali kanallar tashkil etilishi va ulardan foydalanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
2. DASTURNING MAQSAD VA VAZIFALARI
2.1. Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida — 1999—2001-yillarda, tuman markazlarida — 2000—2003-yillarda tarmoqlarni kengaytirishni ta’minlash uchun 1999—2003-yillarda Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini modernizatsiya qilish va uni rivojlantirish bo‘yicha asosiy tashkiliy-texnik choralar va tadbirlarni belgilash Dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi.
2.2 Quyidagilar:
ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini qurish va uni tashkil etish bo‘yicha asosiy texnik talablarni;
texnik vositalarni, respublikaning yagona axborot makoni kommunikatsiya asoslarini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasining jahon axborot makoniga kirishi imkoniyatlarini kengaytirish yo‘llarini;
respublika ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i operatorlari (provayderlari)ning jahon axborot tarmoqlariga, shu jumladan, Internetga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining shaharlararo tarmoqlariga markazlashtirilgan holda ulashga doir chora-tadbirlarni;
tarmoqlarni modernizatsiya qilish va ularni rivojlantirishning yo‘nalishlari hamda bosqichlarini;
UzPAK korxonasining o‘z mablag‘laridan, kreditlar va grantlar sifatidagi xorijiy investitsiyalardan, markazlashtirilgan manbalardan olingan mablag‘lardan foydalanishni hisobga olgan holda tarmoqlarni modernizatsiya qilish va ularni kengaytirishni mablag‘ bilan ta’minlash manbalari va mexanizmlarini;
axborot resurslarini muhofaza qilishni ta’minlash, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qiluvchi axborotlar tarqatilishiga, urush, zulm va pornografiyani targ‘ib qilishga, diniy va milliy nizolarni qo‘zg‘ashga, insonning sha’ni va qadr-qimmatini poymol qilishga hamda amaldagi qonun hujjatlari bilan tarqatilishi taqiqlangan boshqa axborotlarning tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslikka doir tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni belgilash Dasturning asosiy vazifalari hisoblanadi.
3. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MA’LUMOTLAR UZATISh TARMOQLARINING HOZIRGI AHVOLI
3.1. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasida “UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘ini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasining ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘i, ixtisoslashtirilgan ishlab-chiqarish-texnologiya tarmoqlari va turli provayderlarning umumiy foydalaniladigan tarmoqlari faoliyat ko‘rsatmoqda (1-jadval*).
* 1-jadval berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasida ma’lumotlar uzatish tarmoqlaridan foydalanuvchilarning umumiy soni qariyb 2500 tani tashkil etadi. Bunda, asosan, ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari uzellari va ulardan foydalanuvchilar Toshkent shahrida joylashgandir.
Ko‘rsatib o‘tilgan tarmoqlarda uzatishning turli tezliklari (9,6 dan 256 kbit/sekundgacha) va ma’lumotlar uzatish protokollari qo‘llaniladi.
3.2. “UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘i paketlarni kommutatsiya qilish texnologiyasiga va telefon kommutatsiyasiga ega bo‘ladi. Paketlarni kommutatsiya qilish tarmog‘i X.25 uyali protokoldan foydalanishni ta’minlovchi “Nortel” firmasining DP№-100 asbob-uskunasi bilan tashkil etilgan. Viloyat markazlarining barcha uzellari bir-birlari bilan tonal chastotaning standart kanallari bilan birlashtirilgan, ular 14,4 kbit/sek ma’lumotlar uzatish tezligini ta’minlaydilar. “Iskra” telefon kommutatsiyasi tarmog‘ida “Nortel” firmasining DRX tizimi asbob-uskunasi foydalaniladi.
Ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ining yig‘ilgan hajmi turli interfeyslarning 385 portini, telefon tarmoqlari — 1928 liniyani tashkil etadi.
“UzNet” idoralararo axborot-kompyuter tarmog‘i respublika vazirliklari va idoralari foydalanuvchilarining, O‘zbekiston Respublikasidagi bir qator xalqaro tashkilotlar va vakolatxonalarning axborot ayirboshlashini, ularning Internet tarmog‘iga chiqishlarini ta’minlaydi.
“UzNet” tarmog‘i 15 ta marshrutlashtiruvchidan iborat bo‘ladi, 60 ta raqamli portlar (64 kbit/s—2Mbit/s)ga ega va 256 kbit/s tezlik bilan yo‘ldosh liniyasi bo‘yicha Internet tarmog‘iga o‘zicha chiqa oladi.
3.3. 1997—1999-yillarda qurilgan O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi (TAYE VOLS, VOLS va OYESG‘ loyihasi bo‘yicha qurilgan radioreleli liniyalar) shaharlararo va xalqaro magistral tarmoqlar (raqamli liniyalar va uzatish tizimi) Toshkent, Nukus shaharlari va respublikaning viloyat markazlari orasida, Termiz shahri bundan mustasno shuningdek, xorijiy mamlakatlarning axborot tarmoqlari bilan yuqori tezlikdagi ma’lumotlar uzatish kanallari (64 kbit/sekunddan 2048 kbit/sekundgacha)ni tashkil etish imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining, ajratilgan yo‘ldosh kanallarni viloyatlar va tumanlar bo‘linmalarigacha yetkazgan holda, ma’lumotlar uzatish tarmoqlari qurilishi olib borilmoqda.
Shu bilan birga, ishlab turgan ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va nomenklaturasi, tarmoqlarning ishonchliligi, axborot xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy talablarga javob bermaydi.
4. O‘ZBEKISTONNING MA’LUMOTLAR UZATISh MILLIY TARMOG‘INI MODERNIZATSIYA QILISh VA UNI RIVOJLANTIRIShNING ASOSIY YO‘NALIShLARI
4.1. O‘zbekiston Respublikasi Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘ini modernizatsiya qilish va uni rivojlantirishni quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirish mo‘ljallanmoqda:
tarmoqning ish bajarish qobiliyatini va uning ishonchliligini oshirishni ta’minlovchi ma’lumotlar uzatishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, davlat organlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, respublika aholisining ma’lumotlar uzatish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laroq qondirish maqsadida xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, teletibbiyot, multimedia, videokonferensiya-aloqa, Internet-kafe va shu kabilarning hujjatlari elektron vositasida aylanishini o‘zlashtirish va rivojlantirish uchun xizmatlarning yangi turlarini va shart-sharoitlarni joriy etish;
ma’lumotlarni uzatish jahon tarmoqlaridan, shu jumladan, Internet tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish va kengaytirish;
axborot resurslarini boshqarish protokollarini va transport tarmog‘ining o‘zaro harakat qilish protokollarini birxillashtirish;
Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘i kanallarini tashkil etish uchun radiochastota spektridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish-texnologiya tarmog‘ining idoraviy liniyalaridan ko‘proq foydalanish maqsadida yo‘ldosh texnologiyalar qo‘llanilishini tartibga solish;
“UzPAK” korxonasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
4.2. Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘i tuzilmasini 3 darajada tashkil etish nazarda tutilmoqda:
1-daraja — respublika darajasi — Milliy tarmoqni ma’lumotlarni uzatish xalqaro va shaharlararo tarmoqlariga ulashni, tarmoqni boshqarish va axborot resurslarini muhofaza qilishni ta’minlovchi Toshkent shahridagi Markaziy kommutatsiya uzeli.
Toshkent shahridagi provayderlarning ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari Markaziy uzelga bevosita yoki uning shahar hududida joylashgan tashqi konsentratorlari orqali ulanadi.
2-daraja — viloyat darajasi — Samarqand, Buxoro, Namangan shaharlaridagi mintaqaviy kommutatsiya uzellaridan iborat, ular magistral yo‘nalishlarda tarmoq resurslaridan va amal qilish zonasiga kiruvchi viloyat markazlari ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari trafikasini jamlash va viloyat markazlarida joylashgan foydalanuvchilarni va tuman kommutatsiya uzellarini tarmoqqa ulashni ta’minlovchi viloyat kommutatsiya uzellaridan eng ko‘p foydalanish uchun mo‘ljallangan.
3-daraja — tuman darajasi — tuman kommutatsiya uzellari tumanlar foydalanuvchilarining tarmoqlardan foydalanishlarini ta’minlash uchun xizmat qiladi.
Ma’lumotlarni uzatish tarmoqlaridan foydalanuvchilar va provayderlarni Milliy tarmoqqa ulashni barcha uch darajada ajratilgan va kommutatsiya qilingan kanallar bo‘yicha ulash mo‘ljallanmoqda.
1 va 2-darajalarda ATM, G‘R, X.25 transport protokollari, 3-darajada - FR va X.25 protokollaridan foydalanilishi kerak.
4.3. Multiprotokol kommunikatsiya va avtomatik marshrutlashtirish, turli xil trafika uchun xabarlarni jo‘natishning qulay tizimini, shuningdek, trafik ko‘payib ketishining oldini olish algoritmlarining qo‘llanilishi tarmoqning ish unumdorligini oshirishni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining 1997—1999-yillarda modernizatsiya qilingan umumiy foydalanishdagi xalqaro va shaharlararo magistral telekommunikatsiya tarmoqlari, ularda xorijiy mamlakatlarning axborot tarmoqlari bilan Toshkent, Nukus shaharlari va respublikaning viloyat markazlari o‘rtasida, Termiz shahri bundan mustasno, tashkil etilishi 2000-yilda nazarda tutilayotgan raqamli kanallarda ma’lumotlarni uzatishning tezligi katta raqamli kanallari (64kbit/sekunddan 2Mbit/sekundgacha)ni tashkil etish imkonini beradi.
Toshkent shahrida provayderlar va foydalanuvchilar uzellarini Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘iga ulashning ma’lumotlarni uzatish kanallarini tashkil etish uchun Toshkent telefon tarmoqlarining SDN tarmoqlari va kanallari, “UzPAK” va “UzNet” tarmoqlaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida tuman darajasida ma’lumotlarni uzatishning juda tez yuradigan kanallarini tashkil etish uchun raqamli kanallar mavjud. Bunday kanallarni tashkil etishning imkoni bo‘lmagan boshqa viloyatlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar uzatishning yo‘ldosh tarmog‘i hajmlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Respublika viloyatlarida telekommunikatsiya tarmoqlarining raqamlashtirilishiga qarab ma’lumotlarni uzatish kanallarini tashkil etish yangi raqamli liniyalar va uzatish tizimlarida amalga oshiriladi.
5. DASTURNI AMALGA OShIRISh BOSQIChLARI
5.1. Dasturni amalga oshirishni uch bosqichda ta’minlash nazarda tutilmoqda:
I - bosqich — 1999-yil — UzPAKning mavjud tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ma’lumotlarni uzatish provayderlari tarmoqlarining jahon axborot tarmoqlariga, shu jumladan, Internetga markazlashtirilgan holda chiqishini, shuningdek, aloqa kanallari, shu jumladan, yo‘ldosh kanallaridan foydalanishni tartibga solishni ta’minlash;
II - bosqich — 1999—2001-yillar — tarmoqning mintaqaviy uzellarini o‘rnatish va barcha viloyat markazlarini tarmoqqa ulash, respublika markazi — viloyat markazlari darajasida elektron ayirboshlashni tashkil etish.
III - bosqich — 2000—2003-yillar — barcha tuman markazlarini tarmoqqa ulash, respublika markazi — viloyat markazlari — tuman markazlari darajasida elektron ayirboshlashni tashkil etish.
Har bir bosqich tarmoqning quvvatini, o‘tkazish qobiliyatini, uning ishonchliligi va himoyalanganligini nazarda tutadi (2-jadval*).
* 2-jadval berilmaydi.
5.2. Milliy tarmoqning prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar belgilandi:
I bosqich (1999-yil)
O‘zbekiston Respublikasi Toshkent, Nukus shaharlari va uning viloyatlari markazlari o‘rtasida internet-provayder bilan tezligi 256 kbit/s bo‘lgan tez yuradigan xalqaro kanal va tezligi 64-256 kbit/s bo‘lgan shaharlararo kanallar tashkil etish;
provayderlar va foydalanuvchilarning ishlab turgan tarmoqlarini Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ining Markaziy uzeli orqali xalqaro tarmoqlarga qayta ulash;
Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirishning texnik loyihasini ishlab chiqish, zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni o‘rganib chiqish asosida bazaviy texnologiyani belgilash;
Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini kengaytirish maqsadida asbob-uskunalar yetkazib berish va dasturiy ta’minlash uchun tenderlar o‘tkazish;
UzPAK mavjud tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish, bu tarmoqlarning o‘tkazish qobiliyatini 2 baravar oshirishni, aloqalar kommutatsiyasi texnologiyasining shunga o‘xshash texnologiyadan raqamlisiga o‘tkazishni ta’minlaydi;
Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini boshqarish markazini tashkil etish;
texnik topshiriq va texnik loyihani ishlab chiqish, foydalanuvchi va provayderning tarmoqdan foydalanishini nazorat qilishni va tekshirishni ta’minlovchi Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘i axborotini muhofaza qilish uzelini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar yetkazib berish va dasturiy ta’minlashga buyurtmani joylashtirish.
II bosqich (1999—2001-yillar)
Tarmoqlarning real trafikasiga qarab Internet-provayderlar bilan birga xalqaro kanallarda ma’lumotlar uzatish tezligini 2Mbit/sek kacha ko‘paytirish, shuningdek, kanallarni zaxiralashtirishni ta’minlash;
istiqbolda 650 portga ega bo‘lgan ATM texnologiyasiga o‘tadigan Frame Relay zamonaviy tarmoq texnologiyalarini qo‘llash orqali Toshkent shahridagi ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish;
istiqbolda quvvati 950 port bo‘lgan ATM texnologiyasiga o‘tadigan Frame Relay tarmoq texnologiyalari bo‘yicha Samarqand, Buxoro, Namangan shaharlarida tarmoqlarning regional uzellarini o‘rnatish orqali viloyat darajasida ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish. Bunda UzPAKning mavjud tarmog‘idan aloqalarni zaxiralashtirish maqsadida parallel holda foydalaniladi;
foydalanuvchilar bilan hisob-kitoblarning avtomatlashtirilgan tizimini hamda UzPAK korxonasini va “UzNet” xizmatini texnik qo‘llab-quvvatlash (Nelr Desk) tizimini tashkil etish;
“UzNet” idoralararo axborot-kompyuter tarmog‘ini kengaytirish;
Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini muhofaza qilish uzelini ishga tushirish.
III bosqich (2000—2003-yillar)
4800 port tashkil etish sharti bilan Frame Relay va X.25 tarmoq texnologiyalaridan foydalangan holda tumanlar markazlari darajasidagi ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini tashkil etish (3-jadval*).
* 3-jadval berilmaydi.
Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga doir chora-tadbirlarning yig‘ma ro‘yxati 3-jadvalda berilgan.
5.3. Texnologiya va asbob-uskunalarni tanlash O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tanlov savdolari (tenderlar) natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
5.4. Respublikada ma’lumotlarni uzatish bozori marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashni, tarmoqlarning ishlashi monitoringini, tarif siyosatini takomillashtirishni va Milliy tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.
5.5. Dasturni mablag‘ bilan ta’minlashni, asosan, xorijiy kreditlarni, UzPAK korxonasining o‘z mablag‘larini, shuningdek, respublikaning markazlashtirilgan manbalaridan olingan mablag‘larni jalb qilish hisobiga amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
5.6. Dasturni amalga oshirish ma’lumotlar uzatish xizmatlari hajmini 4 yil ichida 20 baravar o‘sishini, foydalanuvchilar sonining esa 11,8 baravar ko‘paytirishni ta’minlash imkonini beradi.