O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SABZAVOT VA MEVALARDAN BOLALAR TAOMLARI ISHLAB CHIQARISHNI TASHKIL ETISH LOYIHASINI MABLAG‘ BILAN TA’MINLASH SXEMASINI QISMAN O‘ZGARTIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sabzavot va mevalardan bolalar taomlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi bo‘yicha asbob-uskunalar va texnologiyalar xarid qilishni mablag‘ bilan ta’minlash sxemasi o‘zgarganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Teksuna Interneshnl (AQSH)” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan sabzavot va mevalardan bolalar taomlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida “Bolalar taomlari-xolding” kompaniyasi “GEA Finna” (Germaniya) firmasi bilan bolalar taomlarini aseptik qadoqlash uchun asbob-uskunalar, texnologiyalar yetkazib berishga va xizmatlar ko‘rsatishga 6.690,0 ming germaniya markasi miqdorida kontrakt tuzganligi;
“GEA Finna” firmasi bilan tuzilgan kontrakt qiymati “Teksuna Interneshnl” (AQSH)” kompaniyasi bilan tuzilgan kontrakt qiymati bilan jam bo‘lib loyihaning umumiy qiymatidan oshmasligi;
mazkur loyiha bo‘yicha “Bolalar taomlari-xolding” kompaniyasi tomonidan olinadigan asbob-uskunalar kompaniyaning shu’ba korxonalariga lizingga berilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, kontraktni mablag‘ bilan ta’minlash quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:
KFV (Germaniya) bankining qayta moliyalanayotgan mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 1.003,5 ming germaniya markasi miqdorida berilayotgan krediti hisobiga, bu kontrakt qiymatining (avans to‘lovi) 15 foizini tashkil etadi;
“Germes” jamiyatining sug‘urta qoplamasi ostida KFV bankining qayta moliyalanayotgan mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 5.686,5 ming Germaniya markasi miqdorida berilayotgan krediti hisobiga, bu kontrakt qiymatining 85 foizini tashkil etadi.
3. KFV banki kreditlari uchun imtiyozli davr mobaynida foizlar to‘lovi kredit bitimi shartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “Bolalar taomlari-xolding” kompaniyasiga berilayotgan krediti hisobiga amalga oshirilsin.
4 Qarzlarni qaytarish, foizlar to‘lash va xorijiy bank kreditlariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash 1 va 2-ilovalarga* muvofiq “Bolalar taomlari-xolding” kompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshirilsin.
* Ilovalar rus tilidagi matnida berilgan.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki majburiyatlari bo‘yicha xorijiy bankka va “Bolalar taomlari-xolding” kompaniyasi majburiyatlari bo‘yicha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolatini berishga vakil qilinsin.
6. Adliya vazirligi xorijiy bank uchun maqbul shakl bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolatiga doir yuridik xulosani belgilangan tartibda bersin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mablag‘ bilan ta’minlovchi bank bilan kredit bitimlari tuzsin va kreditlar “Bolalar taomlari-xolding” kompaniyasiga belgilangan tartibda qayta moliyalanishini ta’minlasin.
8. “Bolalar taomlari-xolding” kompaniyasi kreditlar uchun hisob-kitoblar tugallangunga qadar yangidan tashkil etilayotgan ishlab chiqarish bo‘yicha foyda solig‘idan, shuningdek quvvatlarni o‘zlashtirish va texnologiya asbob-uskunalarining kafolat muddati davrida viza hujjatlari rasmiylashtirilganligi va xorijiy mutaxassislar ro‘yxatdan o‘tkazilganligi uchun yig‘imlarning barcha turlarini to‘lashdan ozod qilinsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.M.Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 18-may,
251-son