O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1999—2001 YILLARDA XORAZM VILOYATIDA BOZOR ISLOHOTLARINI ChUQURLAShTIRISh VA IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRIShNI JADALLAShTIRISh DASTURI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Xorazm viloyatida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini va aholi farovonligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1999—2001-yillarda Xorazm viloyatida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish dasturi 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Vazirliklar, idoralar va xo‘jalik yurituvchi birlashmalar ko‘rsatib o‘tilgan Dasturni ro‘yobga chiqarishga doir chora-tadbirlar kompleksini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
2. Xorazm viloyati hokimligi Dastur qoidalarining belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash bo‘yicha mukammal chora-tadbirlar ko‘rsin, bunda quyidagi vazifalarni hal etishga alohida e’tibor bersin:
— sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, ularning meliorativ holatini yaxshilash va yangi yerlarni o‘zlashtirish;
— qishloq xo‘jaligi korxonalarining moliyaviy ahvolini mustahkamlash, istiqbolsiz, iqtisodiy jihatdan nochor, zarar ko‘rib ishlayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tugatish;
— mehnatga layoqatli aholini, birinchi navbatda yoshlarni va tarkibiy qayta o‘zgartirishlar natijasida bo‘shab qolgan xodimlarni ish bilan ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
— sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, qurilish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, kasanachilik mehnati sohalarida kichik va o‘rta biznesni, xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish;
— turizm va uning infratuzilmasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, xalq hunarmandchiligining, shu jumladan zargarlik, badiiy buyumlar va shu kabilarni ishlab chiqarish bo‘yicha, tarixiy an’analarini qayta tiklash;
— ijtimoiy infratuzilmani, birinchi navbatda qishloq joylarda, rivojlantirish hisobiga aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, yoshlar o‘rtasida ma’rifiy, madaniy-tarbiyaviy va sport-ommaviy ishlarni kengaytirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda tegishli yillar uchun investitsiya dasturlarini shakllantirishda budjetdan kapital qo‘yilmalarning zarur limitlarini, shuningdek budjetdan tashqari jamg‘armalar, tashkilotlar va korxonalar, xorijiy investitsiyalar hamda boshqa manbalar mablag‘larining ushbu Dasturning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydigan miqdorlarda jalb etilishini belgilangan tartibda nazarda tutsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi, Xorazm viloyati hokimligi:
— amaldagi qonun hujjatlariga va me’yoriy hujjatlarga muvofiq, mulkiy paylar va oila pudratini joriy etish asosida jamoa xo‘jaliklarini qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ga aylantirish;
— istiqbolsiz, zarar ko‘rib ishlayotgan xo‘jaliklar negizida, yangidan o‘zlashtirilayotgan va o‘zlariga ajratilayotgan yer uchastkalarida uy-joylar qurish huquqisiz qo‘shimcha ravishda ajratilayotgan yerlar hisobiga dehqon va fermer xo‘jaliklari tashkil etish;
— shu yilning 1-oktabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qayta tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalarining va yangi tashkil qilinayotgan dehqon va fermer xo‘jaliklari uchun qayta taqsimlanayotgan yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha jadvalni va chora-tadbirlar kompleksini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Xorazm viloyati hokimligi, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Biznes-fond manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘rta, kichik va mikrobiznesni rivojlantirish bo‘yicha mufassal chora-tadbirlar ko‘rsinlar, buning uchun:
— budjetdan tashqari jamg‘armalar va tijorat banklari tomonidan ajratiladigan mablag‘larning 2-ilovaga* muvofiq o‘z vaqtida ajratilishini va o‘zlashtirilishini;
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
— qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidan va boshqa sohalardan bo‘shab qolgan xodimlarni, ularni kichik, o‘rta va mikrobiznes sohalariga ishga joylashtirish uchun, biznes-maktablarda hamda biznes-inkubatorlarda o‘qitish va qayta tayyorlashni ta’minlasinlar.
6. “O‘zavtosanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralarni jalb qilgan holda, Pitnak shahridagi Xorazm avtomobil zavodining ishlab chiqarish quvvatlaridan kelgusida foydalanish masalasini bir oy muddatda ishlab chiqsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 1999-2000-yillarda Urganch tuzatish-ekskavator zavodida ekskavatorlar ishlab chiqarishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi 2000-yil investitsiya dasturiga kiritish uchun “Klaas” (Germaniya), “Keys” (AQSh) va “Lemken” (Germaniya) firmalari bilan tashkil etilayotgan qo‘shma korxonalarda ishlab chiqarish mo‘ljallanayotgan murakkab import texnikasiga butlovchi buyumlarni “Urganchozuqamash” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarishni tashkil etishning texnik-iqtisodiy asoslarini bir oy muddatda ishlab chiqsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
— kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida mintaqada yengil va qayta ishlash sanoatini, kichik va o‘rta biznesni, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni hisobga olgan holda Urganch davlat universitetida kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarini kengaytirsin;
— Urganch davlat universiteti huzurida Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining o‘qituvchilari tarkibi malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazini tashkil etsin.
10. Xorazm viloyati hokimligi mazkur qarorning monitoring tizimini tashkil etsin va joriy yilning uchinchi choragidan boshlab har chorak yakuni bo‘yicha uning bajarilishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga axborot berib borsin.
11. Korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda zarar ko‘rib ishlayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalarini tugatish tartibini hamda ular negizida tashkil etiladigan dehqon va fermer xo‘jaliklariga servis xizmati ko‘rsatish masalalari bo‘yicha takliflarni ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari B.S. Hamidov va B.M. Olimjonov, shuningdek Xorazm viloyati hokimi I.O. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 13-may,
243-son