O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TALIMARJON GRESINING 1-BOSH ENERGIYA BLOKINI VA “SUG‘DIYONA” KICHIK STANSIYASINI ISHGA TUSHIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
2001 — 2010-yillarda O‘zbekiston Respublikasi energetikasida energiya beruvchi quvvatlarni rivojlantirish va rekonstruksiya qilish dasturi doirasida respublika iqtisodiyotini elektr energiyasi bilan ishonchli va sifatli ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining 800 MVt quvvatli Talimarjon GRESining 1-bosh energiya blokida va 500 kV “Sug‘diyona” kichik stansiyasida qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini “Ansol LTD” (Buyuk Britaniya) firmasining tovar krediti hisobiga 2003-yilda tugallash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “Energoimpeks” firmasiga elektr energiyasini kafolatli berish uchun Talimarjon GRESining 1-energiya blokini moddiy-texnika resurslari, asbob-uskunalar, tuzatish komplekti bilan butlashni tugallash va 500 kV “Sug‘diyona” kichik stansiyasi ishga tushirilishini ta’minlash maqsadida:
“ANSOL LTD” firmasi bilan 59,3 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lmagan, moddiy-texnika resurslari yetkazib berish xarajatlarini va yetkazib beruvchining moliyaviy chiqimlarini o‘z ichiga oluvchi summaga tovar kreditiga belgilangan tartibda kontrakt tuzishga;
tovar krediti uchun hisob-kitobni O‘zbekiston Respublikasi chegarasida elektr energiyasini 1 kVt/soat uchun 0,015 AQSH dollari narxi bo‘yicha “ANSOL LTD” firmasi mulki qilib berishga hamda umumiy summasi 59,3 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lmagan elektr energiyasini O‘zbekiston Respublikasining elektr shoxobchalari orqali tranzit bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yo‘li bilan amalga oshirishga ruxsat berilsin.
3. Tovar kreditini yetkazib berish va qaytarishning prognoz jadvali 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “Energoimpeks” firmasi ko‘rsatib o‘tilgan kontraktni amalga oshirish doirasida valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan istisno tariqasida ozod qilinsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnida berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirish uchun jalb etilayotgan kredit bo‘yicha “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining majburiyatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolat berishga vakil qilinsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “Energoimpeks” firmasi bilan “ANSOL LTD” firmasi o‘rtasidagi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan kontraktni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
6. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ilgari o‘zlashtirilgan mablag‘larni hisobga olgan holda ko‘rsatib o‘tilgan obyektlar qurilishini tugallash bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi texnik-iqtisodiy asoslarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha mazkur loyihalarni belgilangan tartibda 2002-2003-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga kiritishni nazarda tutsin.
8. “ANSOL LTD” firmasi bilan tuzilgan kontrakt doirasida olib kelinayotgan asbob-uskunalar, materiallar va eksport qilinayotgan elektr energiyasi uchun “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “Energoimpeks” firmasi bojxona to‘lovlari to‘lashdan istisno tariqasida ozod qilinsin (bojxonada rasmiylashtirish uchun to‘lanadigan yig‘imlar bundan mustasno).
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi kelib tushgan asbob-uskunalar, materiallarga bojxona hujjatlari o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini hamda ularning tayinlangan joyga to‘siqsiz yetkazib berilishini ta’minlasinlar.
10. Qurilishni tugallash va Talimarjon GRESining 1-bosh energiya blokini va “Sug‘diyona” kichik stansiyasini foydalanishga topshirish ishlarini muvofiqlashtirish uchun 2-ilovaga* muvofiq tarkibda Respublika shtabi tuzilsin.
* 2-ilova rus tilidagi matnida berilgan
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 26-iyun,
270-son