O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2009 - 2012 YILLARDA ChARM-POYABZAL SANOATI KORXONALARINI YaNADA RIVOJLANTIRISh VA MODERNIZATSIYA QILISh HAMDA TAYYOR ChARM TOVARLAR IShLAB ChIQARISh HAJMLARINI KO‘PAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Tayyor charm-poyabzal tovarlari ishlab chiqarish, aholining o‘sib borayotgan talablarini birinchi navbatda mamlakatimizda ishlab chiqarish hajmlarini sezilarli darajada ko‘paytirish hisobiga qondirish, ko‘n-charm xomashyosini samarali qayta ishlash, tarmoq korxonalarida zamonaviy texnologiya asbob-uskunalarini joriy etish va shu asosda raqobatbardoshli ko‘n-charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek charm-poyabzal korxonalari bilan birgalikda ishlab chiqilgan:
2009 — 2012-yillar davrida charm-poyabzal mahsulotlarining asosiy turlarini ishlab chiqarish va eksport qilishning maqsadli parametrlari 1, 1a, 1b-ilovalarga* muvofiq;
2009 — 2012-yillar davrida respublika charm-poyabzal korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha investitsiya loyihalari ro‘yxati 2-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2-ilovaga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini faollashtirsinlar.
2. “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, korxonalar rahbarlari bilan birgalikda 2-ilovaga kiritilgan loyihalarining TIA o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishini hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlasinlar.
Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari kompleksi ushbu bandni qat’iy nazoratga olsin va bajarilishini tashkil etish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rsin.
3. “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan birgalikda 2010-yil 1-yanvargacha Poyabzal dizayni markazini tashkil etish chora-tadbirlarini ko‘rsin, unga quyidagi asosiy vazifalarni yuklasin:
poyabzal dizayni va uni ishlab chiqarish, charm galanteriya, aksessuarlar sohasidagi jahon modalar tendensiyalarini o‘rganish va istiqbolda modellashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
poyabzal va charm-galanteriya sanoati korxonalari va turdosh tarmoqlar mutaxassislari uchun poyabzal va charm galanteriya mahsulotlarini modellashtirish va ularning konstruksiyasi masalalari bo‘yicha metodik seminarlar va yig‘ilishlar tashkil etish;
zamonaviy poyabzal texnologiyasi, dizayni, ularni konstruksiyalash va ishlab chiqarish bo‘yicha charm-poyabzal tarmog‘i va alohida jismoniy shaxslar uchun kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha kurslar tashkil etish hamda ixtisoslashtirilgan metodik qo‘llanmalar ishlab chiqish;
xalqaro tashkilotlar va institutlar, poyabzal va charm-galanteriya mahsulotlarini loyihalashtirish va ishlab chiqarish sohasiga ixtisoslashgan xorijiy modalar uylari va kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish.
Toshkent shahar hokimligi “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi bilan birgalikda Poyabzal dizayni markazini joylashtirish uchun bino ajratish masalasini bir oy muddatda belgilangan tartibda hal qilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2009-yilda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida” 2009-yil 27-yanvardagi PQ-1048-son qaroriga muvofiq joriy yilda poyabzal va charm galanteriya ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan butlovchi materiallar va furnitura ishlab chiqarishni tashkil etish nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi bilan birgalikda uch oy muddatda furnitura ishlab chiqarishga ixtisoslashgan potensial investorlarni jalb qilgan holda poyabzal va charm-galanteriya ishlab chiqarishi uchun furnitura ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni yaratish yuzasidan takliflar kiritsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-oktabrdagi 300-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2012-y., 43-son, 494-modda)
6. “O‘zstandart” agentligi “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi bilan birgalikda
charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga talab qilinadigan xalqaro darajani hisobga olgan holda standartlarni ishlab chiqishda, shuningdek ushbu korxonalarda sifatni boshqarish tizimini jadal joriy etishda ko‘maklashsin;
bir oy muddatda charm-poyabzal tarmog‘i korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlaydigan qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mol so‘yishda va teri xomashyosini respublikaning tayyorlov va terini qayta ishlash korxonalariga topshirishda qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 17-iyun,
169-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 25-son, 289-modda; 2012-y., 8-9-son, 85-modda, 38-son, 436-modda, 43-son, 494-modda)