O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
“O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YoShLARGA OID DAVLAT SIYOSATINING ASOSLARI TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI KUChGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-361-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 1992-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiritilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga zid bo‘lmasa, ushbu Qonunga moslashtirilgunga qadar qo‘llanaveradi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga:
ikki oylik muddatda O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi davlat-jamoat xizmatini va yoshlar jamg‘armalarini tuzish tartibini tasdiqlash;
1991-yil 1-fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi yoshlar bo‘g‘inlarida tegishli strukturalarni tuzish;
uch oylik muddatda:
yoshlarga imtiyozlar berish, yoshlar korxonalarini barpo etish va ularga soliq solish hamda yoshlar jamoat birlashmalari faoliyatining ijtimoiy yo‘nalishini hisobga olgan holda bu birlashmalarga soliq sohasida imtiyozlar berish tartibini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Qonun hujjatlariga “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarni kiritish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga taklif taqdim etish;
vazirliklar davlat qo‘mitalari va idoralari ushbu Qonunga zid bo‘lgan normativ hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlash;
davlat idoralari va jamoat tashkilotlarini jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasi yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish dasturini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga taqdim etish topshirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YO‘LDOShEV
Toshkent sh.,
1991-yil 20-noyabr,
430-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 81-modda)