O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“YANGI AVLOD” RESPUBLIKA BOLALAR IJODIYOTI FESTIVALI JAMOATCHILIK KENGASHI HAMDA “YANGI AVLOD” RESPUBLIKA BOLALAR IJODIYOTI FESTIVALI NIZOMINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
“Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar yili” Davlat dasturi to‘g‘risida” 2008-yil 29-fevraldagi PQ-805-son qarorining ijrosini ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalini har yili o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashining “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalini tashkiliy-moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi, ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining hududiy bosqichlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etishda va unda bolalarning keng ishtiroki uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratishda amaliy yordam ko‘rsatsinlar.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining hududiy bosqichlarini o‘tkazish, ishtirokchilarni mukofotlash hamda Respublika final bosqichi ishtirokchilarining Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etishda har tomonlama ko‘maklashsinlar.
6. Vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar rahbarlariga — tanlovni o‘tkazishda homiylik yordami ko‘rsatish;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga – “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivalini keng yoritish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-avgust,
191-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-avgustdagi 191-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivali jamoatchilik Kengashi
TARKIBI*
TARKIBI*
Oldingi tahrirga qarang.
| G.I. Karimova | — | “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi |
| A. Alimov | — | “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi, Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari |
| G‘. Shoumarov | — | O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri |
| M. Muratov | — | O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri |
| B. Sharofov | — | “Kelajak ovozi” respublika yoshlar tashabbusi markazi boshqaruvi raisi |
| Akmal Nur | — | O‘zbekiston xalq rassomi |
| Sh. G‘ulomov | — | O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi |
| O‘. Jo‘rayev | — | O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari |
| T. Qo‘ziyev | — | O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi |
| M. Xojimatov | — | Respublika ma’naviyat - targ‘ibot markazi rahbari |
| D. Murodova | — | O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori |
| A. Xodjayev | — | O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi |
| M. Raxmatullayeva | — | “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti markazi direktori |
| Sirojiddin Sayid | — | O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari |
| Sh. Yormatov | — | O‘zbekiston xalq artisti |
| M. Ergasheva | — | O‘zbekiston xalq artisti |
| D. Jamolova | — | V. Uspenskiy nomidagi Respublika maxsus musiqa akademik litseyi direktori |
* Jamoatchilik kengashi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda ularning lavozimiga yangidan tayinlangan xodimlar jamoatchilik kengashi tarkibiga kiritiladi.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-avgustdagi 191-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivali
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
1. “Yangi avlod” Respublika bolalar ijodiyoti festivali (keyingi o‘rinlarda Festival deb ataladi) iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish, yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, san’at va go‘zallikka intilishini kuchaytirish, milliy san’at an’analari va yo‘nalishlarini saqlab qolish, rivojlantirish va davom ettirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda va tanlov shaklida o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, Madaniyat vazirligi, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Festival tashkilotchilari hisoblanadilar.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
3. Festivalda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan ijodkor va iqtidorli bolalar ishtirok etadilar.
II. Festivalni o‘tkazish bosqichlari, muddatlari va yo‘nalishlari
4. Festival uch bosqichda o‘tkaziladi.
Festivalning 1-bosqichi O‘zbekiston Respublikasining tuman va shaharlarida 25-apreldan 10-maygacha o‘tkaziladi.
Festivalning 2-bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida 20-sentabrdan 10-oktabrgacha o‘tkaziladi.
Festivalning 3-bosqichi — Respublika saralash bosqichi O‘zbekiston davlat konservatoriyasida, laureatlarning gala-konserti “Istiqlol” san’at saroyida har yili oktabr oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.
5. Festival quyidagi 6 yo‘nalish va 36 janr bo‘yicha o‘tkaziladi:
a) “A” guruhi: Klassika — fortepiano, torli, puflab, urib chalinadigan musiqa asboblari;
b) “V” guruhi: Vokal — an’anaviy va akademik ijro, estrada, folklor hamda xor guruhlari;
v) “S” guruhi: Milliy cholg‘u — torli, chertib, puflab, urib chalinadigan musiqa asboblari;
g) “D” guruhi: Raqs — milliy, ball hamda zamonaviy raqslar;
d) “E” guruhi: Tasviriy va amaliy san’at. Tasviriy san’at yo‘nalishiga — grafika, rangtasvir, natyurmort, liboslar dizayni. Amaliy san’at yo‘nalishiga — haykaltaroshlik, kulolchilik, zardo‘zlik, quroqchilik, gilamdo‘zlik, biser to‘qish, yumshoq o‘yinchoqsozlik, naqqoshlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi kiradi;
e) “F” guruhi nasr va nazm. Nazm yo‘nalishiga — she’r, g‘azal, doston hamda nasr yo‘nalishiga — hikoya, ertak kiradi.
III. Festival shartlari
6. Festivalning “A”,”V”,”S” va “D” guruhlari ishtirokchilari uchun ijro vaqti quyidagicha belgilanadi:
1 toifa: 6—8 yoshdagilar uchun — 3—5 daqiqa;
2 toifa: 9—11 yoshdagilar uchun — 4—6 daqiqa;
3 toifa: 12—14 yoshdagilar uchun — 5—7 daqiqa.
Ishtirokchilar belgilangan vaqtdan o‘tib ketgan taqdirda hakamlar hay’ati a’zolari ijroni to‘xtatib qo‘yishlari mumkin.
7. Festivalning “A”,”V”,”S” guruhlari ishtirokchilari tashkiliy qo‘mitaga ijro etadigan 2 tadan asarining matni va notasini, “E” va “F” guruhlari ishtirokchilari 5 tadan kam bo‘lmagan ijodiy ishlari namunalari taqdim etishlari kerak.
8. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirokchilar o‘z mahoratlarini tomoshabinlar va tinglovchilar oldida erkin namoyish etishlari lozim.
9. “A”,”V”,”S” guruhlari ishtirokchilari o‘z dasturlarini jonli ijro etishlari va arizada ko‘rsatilgan vaqtga qat’iy amal qilishlari shart.
10. Taqdim qilingan dasturlar va ijodiy ishlar namunalariga o‘zgartirish kiritish mumkin emas.
IV. Festivalni tashkil etish va o‘tkazish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
11. Festivalning 1 va 2-bosqichlarini o‘tkazish uchun tashkiliy qo‘mitalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazining joylardagi bo‘limlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vazirligi, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi hamda viloyatlar madaniyat boshqarmalari vakillari ishtirokida tashkil etiladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi tashkiliy qo‘mitalar tomonidan festivalning 1 va 2-bosqichlaridagi ishtirokchilarni baholash uchun 18 kishi (har bir yo‘nalish uchun 3 kishi) dan iborat hakamlar hay’ati tashkil etiladi.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar saralash bosqichlari g‘oliblarining hujjatlari Respublika saralash bosqichida ishtirok etish uchun 15-oktabrga qadar festival Jamoatchilik kengashiga topshiriladi.
14. Respublika saralash bosqichi uchun festival Jamoatchilik kengashi tomonidan har bir yo‘nalishda 5 nafardan kam bo‘lmagan hakamlar hay’ati tashkil etiladi.
V. Festivalga taqdim etiladigan hujjatlar
Oldingi tahrirga qarang.
15. Tuman (shahar)lar miqyosida festivalda ishtirok etish istagini bildirgan bolalarning hujjatlari tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarida tashkil etilgan maxsus shtabda 5-avgustdan 1-oktabrgacha qabul qilinadi va O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati homiyligidagi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti (shahar) bo‘limlariga topshiriladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
16. Festival ishtirokchilari tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ariza-anketa;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat (tug‘ilganligi haqida guvohnoma)ning nusxasi;
3 x 4 o‘lchamda 2 dona fotosurat;
“A”,”V”,”S” guruhlari ishtirokchilari uchun — ijro etiladigan dasturning matni, notasi va ijro vaqti;
“E”, “F” guruhlari ishtirokchilari uchun —ijodiy ish namunalari;
ta’lim olayotgan muassasasidan tavsiyanoma yoki ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning bolaga festivalda ishtirok etishiga ruxsat berilishi so‘ralgan arizasi.
17. V. Uspenskiy va R. Glier nomidagi Respublika maxsus musiqa akademik litseylari, Respublika tasviriy va amaliy san’at litseyi, Navoiy nomidagi Respublika nafis san’at litseyi, Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi o‘quvchilarining hujjatlari tanlovda ishtirok etish uchun qabul qilinmaydi.
VI. Festival g‘oliblarini taqdirlash
18. Festivalning har bir bosqichida yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan ishtirokchilar tashkilotchilar, mahalliy hokimliklar va homiylar tomonidan sertifikatlar va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantiriladi.
19. Festivalning “A”,”V”,”S” va “D” guruhlari bo‘yicha Respublika bosqichi laureatlarining O‘zbekiston bo‘ylab ijodiy uchrashuvlari va konsert dasturlari tashkil etiladi.
20. Festivalning “E” va “F” guruhlari bo‘yicha Respublika bosqichi laureatlarining eng yaxshi ishlaridan katalog tuzilib, davriy bolalar nashrlarida va alohida kitob shaklida chop etiladi, teleko‘rsatuv, radioeshittirish va internet sahifalari orqali keng jamoatchilikka tanishtiriladi.
21. Festivalning Respublika bosqichi laureatlariga festival Jamoatchilik kengashi tomonidan laureatlik sertifikati beriladi.
22. Festivalning Respublika bosqichi laureatlariga O‘zbekistondagi san’at yo‘nalishidagi o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga ularning nizomlari asosida belgilangan tartibda ikki yil davomida imtiyozli asosda qabul qilinish huquqi beriladi.
23. Festival faoliyatining har ikki yildagi yakunlari bo‘yicha eng yaxshi ijodiy ishlar namunalari Respublika bolalar ijodiyoti art-saloni va bolalar ijodi galereyasida namoyish etiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 34-son, 336-modda; 2011-y., 25-son, 261-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)