Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2008—2012 YILLAR DAVRIDA SUGʻORILADIGAN YERLARNING MELIORATIV HOLATINI YaXShILASh DAVLAT DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 29-oktabrdagi PF-3932-son Farmonini ijro etish hamda sugʻoriladigan yerlar meliorativ holatini tubdan yaxshilashga yoʻnaltirilgan meliorativ tizimlarni qurgan va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga tizimli hamda kompleks yondashuvni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan:
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan 2008—2012-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturining maqsadli parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
2008-yilgi meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish prognoz parametrlari 2-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi parametrlarining amalga oshirilishi boʻyicha shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, 2008-yildan boshlab, Davlat budjeti loyihalarini ishlab chiqishda 2008—2012-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturiga muvofiq melioratsiya tadbirlari moliyalashtirilishini taʼminlaydigan mablagʻlarni nazarda tutsin.
3. Quyidagilar belgilansin:
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash yillik davlat dasturlari hududlar boʻyicha yerlarning meliorativ holatini ilmiy asoslangan tarzda baholash asosida, yerlarning meliorativ kadastri, ball-boniteti va unumdorligini, shuningdek, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hududiy melioratsiya ekspeditsiyalari tomonidan tayyorlanadigan aniq meliorativ loyihalar roʻyxatini hisobga olgan holda shakllantiriladi;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning uzoq muddatli, oʻrta muddatli va yillik davlat dasturlari loyihalarini ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasini boshqarish Departamenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda hududiy melioratsiya ekspeditsiyalari takliflari asosida amalga oshiriladi hamda Jamgʻarma Kengashiga kelishib olish uchun taqdim etiladi, keyinchalik esa har yili tasdiqlanadigan Investitsiya dasturi doirasida Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq 2008-yilda bajarilishi nazarda tutilgan sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha loyihalarning ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin, loyihalarda quyidagilar qamrab olingan:
magistral (viloyatlararo) kollektorlar — ikki va undan ortiq viloyatlar chegaralarini kesib oʻtadigan, shu jumladan transchegara ahamiyatiga molik katta traktlar;
tumanlararo — ikki va undan ortiq tumanlarni kesib oʻtuvchi kollektorlar;
xoʻjaliklararo — bir maʼmuriy tuman chegarasidagi xoʻjaliklar hududiga xizmat koʻrsatuvchi, suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari va suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining kollektorlari.
5. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha loyihalarning:
melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish qismini ekspertizadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi zimmasiga;
melioratsiya obyektlarida taʼmirlash qayta tiklash ishlarini ekspertizadan oʻtkazish — Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi davlat ekspertizasining hududiy boshqarmalari zimmasiga yuklansin.
Belgilansinki, mazkur tashkilotlarning rahbarlari ekspertizani oʻtkazish sifati va loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilgan ishlarning qiymati asosli ekanligi uchun shaxsan javobgar boʻladilar.
Loyihalar ekspertizasining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi Kengashi zimmasiga yuklansin.
Jamgʻarma Kengashiga zarur hollarda loyihalar roʻyxatiga obyektlar ustuvorligini hamda loyiha-smeta hujjatlarining tayyorligi darajasini hisobga olgan holda oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
PQ-817-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 3-son, 164-modda)