O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati o‘rtasida
Bitim
Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari va chegarabo‘yi viloyatlarida yashovchi fuqarolarga yengillashtirilgan qatnov tartibi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati (bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar),
O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida 1996-yil 16-yanvarda imzolangan Shartnomaning qoidalariga amal qilib,
ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va o‘z davlatlari fuqarolari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishga bo‘lgan intilishni ifodalab,
Davlat chegarasini kesib o‘tish qoidalarini tartibga solish, Tomonlar davlatlarining hududlariga fuqarolarning kirishlari, chiqishlari va unda bo‘lishlarini tartibga solish maqsadida,
ikki davlat fuqarolarining qatnovlari shartlarini yanada takomillashtirish davlat chegarasi rejimini mustahkamlash, qonuniylik va huquqiy tartibotni saqlashga xizmat qiladi deb hisoblab,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashib oldilar:
1-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari 1- va 2-ilovalarda sanab o‘tilgan amaldagi hujjatlari bo‘yicha va ushbu Bitimda nazarda tutilgan tartibda boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari, chiqishlari, tranzit o‘tishlar va unda vaqtincha bo‘lishlari mumkin.
Ushbu Bitimda tartibga solinmagan masalalar Tomonlar davlatlarining milliy qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
2-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari boshqa Tomon davlatining hududida bo‘lganlarida shu Tomon davlatining qonun va qoidalariga, jumladan xorijiy fuqarolar uchun belgilangan ro‘yxatdan o‘tish, bo‘lish va unda harakatlanish qoidalariga rioya qilishlari lozim.
3-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari davlat chegarasida o‘tkazish punktlari orqali Tomonlardan bir davlatining hududi orqali Tomonlar davlatlarining milliy qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chegara, bojxona va boshqa protseduralarga rioya qilgan holda kirishlari, chiqishlari va undan tranzit tarzida o‘tishlari mumkin.
O‘tkazish punktlari ro‘yxati Tomonlar o‘rtasida diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
4-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlatining vizasini olish uchun shu Tomonning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga yozma murojaatnoma va tegishli yuridik yoki jismoniy shaxsning belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan taklifnomasini taqdim qiladilar. Ushbu Bitimda qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
5-modda
1. Amaldagi diplomatik pasportlarga ega bo‘lgan Turkmaniston hududida uzog‘i bilan o‘ttiz kun bo‘lishi nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va amaldagi diplomatik pasportlarga yoki xizmat pasportlariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi hududida uzog‘i bilan o‘ttiz kun bo‘lishi nazarda tutilgan Turkmaniston fuqarolari boshqa Tomon davlatining hududiga vizasiz kirishlari, chiqishlari va unda bo‘lishlari mumkin.
2. Tomonlar davlatlarining ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida o‘ttiz kundan ortiq bo‘lishni niyat qilsalar, viza olish uchun ular qaysi Tomon davlatining fuqarosi bo‘lsalar, o‘sha Tomon davlati diplomatik vakolatxonasining yoki konsullik muassasasining yozma murojaatnomasi zarur.
6-modda
1. Bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlariga ega bo‘lgan fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga diplomatik vakolatxonalar hamda konsullik muassasalari, rasmiy vakolatxonalarning, shuningdek xalqaro tashkilotlarning xodimlari bo‘lsalar, butun xizmat davomida boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kiradilar, chiqadilar va unda bo‘ladilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandidagi qoidalar mazkur fuqarolarning rasmiy ish faoliyati davrida ular bilan birga yashaydigan hamda amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportiga ega bo‘lgan oila a’zolariga ham tatbiq etiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi milliy fuqarolik pasportiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Turkmanistondagi diplomatik vakolatxonalari va unga tenglashtirilgan boshqa ma’muriy-texnik personali a’zolari, shuningdek ularning oila a’zolari konsullik yig‘imlarini undirmasdan rasmiylashtirilgan ko‘p marotabali vizalar asosida Turkmaniston hududiga kiradilar, chiqadilar va unda bo‘ladilar.
4. Ushbu moddaning 1—3-bandlarida ko‘rsatilgan shaxslar qabul qiluvchi davlat Tashqi ishlar vazirligining tegishli akkreditatsiyasiga ega bo‘lishlari lozim.
7-modda
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasining Xorazm va Buxoro viloyatlarida, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarining (ushbu Protokolning 3-ilovasi) Turkmaniston chegarasiga bevosita tutashgan tumanlarida doimiy istiqomat qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yangi shakldagi pasportlari va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining amaldagi eski shakldagi pasportlariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Turkmanistonning Dashouz va Lebop viloyatlariga bir oyda bir marta vizasiz kirishlari, chiqishlari va unda ko‘pi bilan uch kun bo‘lishlari mumkin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati o‘rtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokol tahririda — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2009-y., 4-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Turkmanistonning Dashouz va Lebop viloyatlarida doimiy istiqomat qiluvchi Turkmaniston fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasining Xorazm va Buxoro viloyatlariga, shuningdek Turkmanistonning davlat chegarasiga bevosita tutashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining rayonlari (ushbu Protokolning 3-ilovasi) hududlariga bir oyda bir marta vizasiz kirishlari, chiqishlari hamda unda ko‘pi bilan uch kun bo‘lishlari mumkin.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan fuqarolar, Turkmaniston fuqarolarining haqiqiy pasportlari yoki Turkmanistondan chiqib ketish va Turkmanistonga kirish uchun Turkmaniston fuqarolarining haqiqiy pasportlari va yashash joylarini tasdiqlovchi hujjatlar bilan chegarani kesib o‘tish huquqiga egadirlar.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati o‘rtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokol tahririda — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2009-y., 4-son)
3. Ramazon hayiti (Ramazon) va Qurbon hayiti (Qurbon bayram) kunlari an’anaviy marosimlarni bajarish maqsadida ushbu moddaning amal qilishi tatbiq etiladigan fuqarolar ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida qayd etilgan Tomonlar davlatlarining hududlariga bir oyda ikki marta vizasiz kirishlari, chiqishlari, lekin ko‘pi bilan yetti kun unda bo‘lishlari mumkin.
4. Ushbu moddada qayd etilgan fuqarolarning yashash joylari Tomonlar davlatlari fuqarolarining pasportlarida propiska to‘g‘risida qo‘yiladigan belgilar asosida aniqlanadi.
5. Ushbu moddada ko‘rsatilgan Tomonlar davlatlari fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududida ushbu moddada belgilangan muddatlardan ko‘p bo‘lishlari o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan vizalar asosida amalga oshiriladi.
6. Ushbu moddaning amal qilishi tatbiq etiladigan ikkala Tomon davlatlarining fuqarolari xalqaro aloqalar uchun belgilangan o‘tkazish punktlari orqali davlat chegarasidan o‘tish vaqtida Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq zarur bo‘lgan protseduralarga rioya qilgan holda boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari va ushbu hududdan chiqishlari mumkin.
8-modda
Ushbu Bitimning 1- va 2-ilovalarida sanab o‘tilgan hujjatlar bo‘yicha vizasiz kirish, chiqish va unda bo‘lish tartibi ikkala Tomon davlatining quyidagi toifadagi fuqarolarga nisbatan belgilanadi:
a) fuqaro aviatsiyasi havo kemalari ekipaji a’zolari amaldagi milliy pasportlariga ko‘ra va bosh deklaratsiya (uchish vazifasi)dagi qaydnoma mavjud bo‘lganda;
b) daryo kemasi va katerlari ekipaji a’zolarining amaldagi dengizchilar pasportlariga ko‘ra hamda kema roli qaydnomasi yoki undan ko‘chirma mavjud bo‘lganda;
v) temir yo‘l, poyezd, refrijerator va lokomotiv brigadalari xodimlarining amaldagi milliy pasportlari hamda nomma-nom ko‘rsatilgan ro‘yxat, har bir reys uchun tasdiqlanadigan yo‘nalish varaqalariga ko‘ra;
g) hukumatlararo feldyeger aloqasi xodimlari amaldagi milliy pasportlari va Tomonlarning vakolatli organlari beradigan tegishli hujjatlarga ko‘ra.
9-modda
Bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan xo‘jalik obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi personali xodimlari bo‘lgan fuqarolari Tomonlar o‘rtasida tuzilgan alohida bitimda belgilangan tartib va shartlarda xizmat vazifalarini bajarish uchun bu Tomon davlati hududiga kiradilar, chiqadilar va unda bo‘ladilar.
10-modda
Insonparvarlik xarakteridagi kechiktirib bo‘lmas hollarda Tomonlarning vakolatli organlari og‘ir betob oila a’zosi yoki yaqin qarindoshini (er-xotin, ota-onalar, bolalar, tug‘ishgan aka-ukalar va opa-singillar, er-xotinlarning ota-onalari) ziyorat qilish maqsadida, shuningdek Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan berilgan tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatgan holda oila a’zosi yoki yaqin qarindoshni ko‘mish marosimida ishtirok etish uchun ketayotgan shaxslarga bir sutka ichida vizalar beradi.
11-modda
Tomonlar quyidagi toifadagi fuqarolarga nisbatan vizalar berishda konsullik yig‘imlarining imtiyozli tariflarini o‘zarolik asosida qo‘llaydilar:
ko‘milgan joyini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lgan holda yaqin qarindoshlarining qabrlarini ziyorat qilish maqsadida ketayotgan shaxslar;
tegishli hujjatlarni ko‘rsatgan holda 1941—1945-yillardagi urush veteranlari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, 1- hamda 2- guruh nogironlari.
12-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatgan holda uchinchi mamlakatlarda tushib qolish yoki u yerga borish maqsadida o‘z Tomoni davlati hududida transport vositasiga minish va undan tushish sharti bilan boshqa Tomon davlati hududi orqali tranzit tarzida temir yo‘l transportida vizasiz yurishlari mumkin.
13-modda
1. Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa Tomon davlati fuqarolarining ular hududida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan hollarda ularning kirib kelishini rad etish yoki bo‘lish muddatini cheklash huquqiga daxl qilmaydi.
2. Tomonlar boshqa Tomon davlati hududini belgilangan muddatga qadar tark etishi lozim bo‘lgan yoki chiqarib yuborilgan o‘z davlatlarining fuqarolarini qabul qilish majburiyatini oladilar.
14-modda
Favqulodda hollarda (milliy xavfsizlikka, jamoat tartibiga yoki fuqarolarning sog‘lig‘iga tahdid, shu jumladan yuqumli kasalliklar, tabiiy ofatlar) Tomonlar ushbu Bitimning amal qilishini butunlay yoki qisman to‘xtatib qo‘yish huquqini saqlab qoladilar. Tomonlar ushbu Bitimning amal qilishini to‘xtatib qo‘yish va qayta tiklash haqida mumkin qadar bu to‘g‘rida qaror qabul qilinishidan eng kamida 24 soat ilgari oldindan bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
15-modda
1. Tomonlar ushbu Bitim kuchga kirgandan so‘ng 30 kun davomida ushbu Bitimning amal qilishi tatbiq etiladigan hujjatlarning nusxalarini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
2. Yangi hujjatlar kiritiladigan yoki amaldagi hujjatlarga o‘zgartishlar kiritilgan hollarda Tomonlar bir-birlarini xabardor qiladilar va yangi yoxud o‘zgartirilgan hujjatlarning nusxalarini ularning kiritilishidan kamida 30 kun ilgari diplomatik kanallar orqali yuboradilar.
3. Tomonlar diplomatik kanallar orqali xorijiy fuqarolarning kirishlari, chiqishlari, unda bo‘lishlari tartiblariga oid amaldagi qonunchilik to‘g‘risida va shu sohadagi boshqa axborotni almashadilar.
16-modda
Tomonlar ushbu Bitimni bajarish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida zaruratga ko‘ra maslahatlashuvlar olib boradilar.
17-modda
Tomonlarning o‘zaro kelishuvlariga ko‘ra ushbu Bitimga uning 19-moddasida nazarda tutilgan tartibga muvofiq kuchga kiradigan va Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan o‘zgartish hamda to‘ldirishlar kiritilishi mumkin.
18-modda
Ushbu Bitim qoidalarini bajarish yoki qo‘llash davomida yuzaga keladigan har qanday kelishmovchilik yoxud bahsli masalalar Tomonlar o‘rtasida muzokaralar orqali hal qilinadi.
19-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan o‘n besh kun o‘tgach kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomondan ushbu Bitim amal qilishini to‘xtatish niyati to‘g‘risidagi rasmiy xabarnoma olgan sanadan keyin to‘qson kun o‘tgunicha amal qiladi.
20-modda
Ushbu Bitimning kuchga kirishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risida 1999-yil 6-noyabr (Sanjar)dagi Bitimning amal qilishi to‘xtatiladi.
Buxoro shahrida 2004-yil 19-noyabr (Sanjar)da ikki asl nusxada, har biri o‘zbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati o‘rtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokoliga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2009-y., 4-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati o‘rtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokoliga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2009-y., 4-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati o‘rtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokoliga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2009-y., 4-son)
(O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2004-y., 3-4-son; 2009-y., 4-son)