O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT BOJI STAVKALARIGA QO‘ShIMChALAR KIRITISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni)” qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ikkilamchi bozorda Vatanimizda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini sotishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat boji stavkalari haqida” 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining 4-bandiga 2008-yil 1-apreldan boshlab ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat bojlarining yangi stavkalarini yagona tarzda va to‘g‘ri qo‘llash maqsadida notariuslarga tushuntirish va yo‘riqnoma berish, shuningdek avtotransport vositalarining foydalanish muddatlarini aniqlash tartibini belgilash chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov va Bosh vazir o‘rinbosari Q.S. Sanaqulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 29-fevral,
35-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 29-fevraldagi 35-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining 4-bandiga kiritilayotgan qo‘shimchalar
1. “k” kichik bandga “boj undiriladi” so‘zlaridan keyin “ushbu bandning “k1” kichik bandida belgilangan hollar bundan mustasno” so‘zlari qo‘shilsin.
2. Bandga quyidagi mazmundagi “k1” kichik band qo‘shilsin:
“k1”) mulkchilik shakllaridan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar o‘rtasida, fuqarolar o‘rtasida, shuningdek fuqarolar, korxonalar va tashkilotlar o‘rtasida Vatanimizda ishlab chiqarilgan, foydalanish muddati ishlab chiqaruvchining rasmiy dilerlaridan xarid qilingan kundan boshlab bir yildan oshmagan yengil avtotransport vositalarining oldi-sotdi, almashtirish, hadya etish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun boj har bir ot kuchi uchun eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida undiriladi.
Izoh. Almashtirish shartnomasini rasmiylashtirishda boj shu bojning ko‘p summasi olinadigan faqat bir mashinadan undiriladi.
Ushbu kichik bandda belgilangan stavka ishlab chiqaruvchining rasmiy dilerlaridan xarid qilingan kundan boshlab bir yil mobaynida bitimlar sonidan qat’i nazar yengil avtotransport vositalarining oldi-sotdi, almashtirish, hadya etish shartnomalarini tasdiqlashda qo‘llaniladi.
Er-xotinlar, ota-onalar, bolalar va nabiralar, tug‘ishgan aka-ukalar va opa-singillar o‘rtasida avtomototransport vositalarining oldi-sotdi, almashtirish va hadya etish shartnomalari rasmiylashtirishda boj ushbu bandning “k” kichik bandiga muvofiq undiriladi.
3. “l” kichik bandga “tasdiqlaganlik uchun” so‘zlaridan keyin “ushbu bandning “l1” kichik bandida belgilangan hollar bundan mustasno” so‘zlari qo‘shilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 16-oktabrdagi 229-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2008-y., 43-son, 434-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 10-11-son, 59-modda, 43-son, 434-modda)