O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2008 YILDA BOLALAR SPORTINI RIVOJLANTIRISh JAMG‘ARMASI BUDJETINI VA BOLALAR SPORT OBYEKTLARI QURILIShINING ANIQ MANZILLI DASTURINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qayd etib o‘tilsinki, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining besh yillik faoliyati davrida yangi sport inshootlarini qurish va ishlab turganlarini rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, o‘sib kelayotgan avlodni fizkultura va sport mashg‘ulotlariga jalb etish, jismoniy tarbiya bo‘yicha malakali o‘qituvchi kadrlar va murabbiylar tarkibini tayyorlash yuzasidan aniq maqsadga yo‘naltirilgan katta ishlar amalga oshirildi.
2003-yildan boshlab Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 715 ta, shulardan 583 tasi yoki 82% qishloq joylardan o‘rin olgan sport inshootlari va obyektlari ishga tushirildi. Ushbu maqsadlarga 102,7 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Respublikaning 55 ta korxonasida zamonaviy sport uskunalari va anjomlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan.
Yaratilgan shart-sharoitlar tufayli bolalarning sport mashg‘ulotlaridagi muntazam ishtiroki 2003—2007-yillar ichida 1,5 barobarga, qishloq joylarda esa 1,7 barobarga o‘sdi. Qizlar sport bilan shug‘ullanishga faol jalb etilmoqda.
Shu bilan birga, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjud. Bir qator hududlar va respublika homiylari tomonidan mablag‘lar tushishining kelishilgan jadvali buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Pudrat tashkilotlarini tanlashda ixtisoslashtirilmagan pudratchi tashkilotlarni jalb etish hollari mavjud, bu esa qurilish ishlarini bajarish muddatlari, darajasi va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bolalarni sport mashg‘ulotlariga muntazam ravishda jalb etish darajasini baholash imkonini beradigan aniq mezonlar ishlab chiqilmagan.
Bolalar sporti obyektlarini yuqori malakali murabbiylar, ayniqsa suv sporti turlari, badiiy va sport gimnastikasi bo‘yicha murabbiylar bilan to‘ldirish, sifatli sport anjomlari va charm hamda charm o‘rnini bosadigan matodan sport poyabzallari ishlab chiqarishni tashkil qilish masalalari hal etilmay qolmoqda.
Ommaviy bolalar sportini yanada kengaytirish va rivojlantirish, jismoniy va ma’naviy sog‘lom yosh avlodni kamol toptirish, 2004—2009-yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish bilan chambarchas bog‘liq holda bolalar sport komplekslarini o‘z vaqtida va sifatli qurish, rekonstruksiya qilish hamda sport anjomlari bilan jihozlashni ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 2008-yilgi daromadlari va xarajatlarining prognoz parametrlari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tayyorlangan, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan bolalar sporti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning aniq manzilli dasturi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Quyidagilar:
respublika hamda hududiy tashkilotlar va korxonalarning, shuningdek xorijiy investorlarning O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda homiylik yordami ko‘rsatish to‘g‘risidagi tashabbusi 4—6-ilovalarga* muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan, bolalar sporti obyektlarini jihozlash uchun 2008-yilda import qilinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan sport anjomlari va uskunalari ro‘yxati 7-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
* 4—7-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga:
2007-yilning 25-dekabrigacha pudrat tashkilotlarining zarur moddiy-texnika bazasi, ish tajribasi mavjudligi va moliyaviy barqarorligiga alohida e’tibor qaratgan holda 2008-yilda bolalar sporti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning aniq manzilli dasturiga kiritilgan obyektlar bo‘yicha tender savdolarini yakunlash;
bolalar sporti obyektlarida qurilish-montaj ishlarini olib borishda namunaviy loyihalarga, shuningdek tasdiqlangan qurilish me’yorlari va qoidalariga qat’iy amal qilish;
bolalar sporti obyektlarini ixtiyoriy homiylar hisobi va kuchi bilan tashabbuskorona hamda nazoratsiz qurish oqibatida belgilangan standartlarga amal qilmaslik va mazkur obyektlardan foydalanish me’yorlarini buzish hollariga olib keluvchi faktlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4 O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi xalq ta’limi hududiy organlari bilan birgalikda:
bolalar sporti obyektlarini malakali murabbiylar, pedagoglar va boshqa mutaxassislar bilan to‘ldirishni;
2008-yilda ishga tushiriladigan bolalar sport komplekslarini belgilangan talab va standartlarga muvofiq zarur sport uskunalari hamda anjomlari bilan o‘z vaqtida jihozlashni, shuningdek bolalar, ayniqsa ijtimoiy madadga muhtoj oilalardan bo‘lgan qizlarni ommaviy sportga keng jalb etish maqsadida ular uchun sport formalari va jihozlarini xarid qilishni ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ikki oy muddatda doimiy ravishda sport bilan shug‘ullanuvchi bolalar, shu jumladan qishloq joylardagi bolalar sonini belgilashning aniq mezonlarini ishlab chiqsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari ishtirokida:
ikki hafta muddatda ekspert komissiyasini tashkil etsin va mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sport anjomlari hamda jihozlarini tanqidiy tahlil etsin;
sport anjomlari va jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashayotgan korxonalarni inventarizatsiyadan o‘tkazsin va ikki oy muddatda ushbu korxonalarni xalqaro standartlarga mos eng zamonaviy sport buyumlari hamda anjomlari ishlab chiqarish imkoniyatini beradigan uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha takliflarni tayyorlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ikki oy muddatda jismoniy tarbiya murabbiylari, o‘qituvchilarini, sport inshootlari va korxonalar rahbarlarini xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy chet el sport uskunalari, anjomlari, kiyim va poyabzal namunalari bilan tanishtirish uchun doimiy faoliyat yuritadigan ko‘rgazma zalini tashkil etsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi bilan birgalikda tabiiy charmdan va charm o‘rnini bosadigan yuqori sifatli mahsulotlardan sport buyumlarini, birinchi navbatda charmdan tayyorlangan sport poyabzali va anjomlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda har bir mintaqada ijtimoiy sohaning barcha turdagi inshootlari (maktablar, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, sport komplekslari, madaniyat obyektlari)ni qurish va ularni zamonaviy qurilish texnikasi, uskunalari hamda texnologiyalari bilan jihozlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarorini qabul qilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2008-yilning 1-apreligacha 2008/2009 o‘quv yilidan boshlab respublikaning oliy o‘quv muassasalariga suv sporti turlari, shuningdek, badiiy va sport gimnastikasi ixtisoslari bo‘yicha qabul qilish kvotalarini oshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2008-yilning har bir choragi yakunlari bo‘yicha ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi hamda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tomonidan bolalar sporti inshootlari qurilishi obyektlarida xarajatlar smetasiga amal qilinishini tekshirib borsin va olib borilgan ishlar natijasi bo‘yicha Jamg‘armaning Vasiylik kengashiga axborot berib tursin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-dekabr,
PQ-743-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 50-51-son, 515-modda)