Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTONDA FUTBOLNI YaNADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 1-maydagi PQ-338-sonli Qarorining ijrosi yuzasidan va “Paxtakor” futbol klubi” qoʻshma korxonasi futbol boʻyicha Oʻzbekistonning milliy terma va yoshlar olimpiya jamoalarini oʻyinchilar bilan toʻldiruvchi asosiy baza ekanligini inobatga olgan holda, shuningdek “Paxtakor” sport-mashgʻulot oʻquv majmuasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining:
“Paxtakor” OAJ” sport-mashgʻulot oʻquv markazi (“Paxtakor” SMOʻM” OAJ) aksiyalari davlat ulushining 51 foizi Toshkent shahar hokimligi hisobida saqlanib qolishi;
muddati ikki yil boʻlgan, “Paxtakor” majmuasi sport inshootlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlashga yoʻnaltirilgan 5 mln. AQSh dollariga teng investitsiya majburiyatlarini olgan holda “Paxtakor” SMOʻM” OAJ aksiyalari paketining 49 foizini “Paxtakor” futbol klubi” qoʻshma korxonasiga tekinga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
tekinga berilgan aksiyalar paketining 49 foizini tasarruf etish huquqi “Paxtakor” futbol klubi” qoʻshma korxonasiga, uning tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari toʻliq hajmda va belgilangan muddatlarda bajarganidan soʻng beriladi;
“Paxtakor” futbol klubi” qoʻshma korxonasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlar bajarilmay qolganda, davlat aktivlarining oldi-sotdi boʻyicha tuzilgan shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi va keyinchalik ular Toshkent shahar hokimligiga topshiriladi.
3. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi, “Paxtakor” SMOʻM” OAJ, “Paxtakor” futbol klubi” qoʻshma korxonasi bilan birgalikda uch oy muddatda “Paxtakor” majmuasi sport inshootlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha biznes-reja, loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi “Paxtakor” majmuasi sport inshootlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarining oʻz vaqtida ekspertiza qilinishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Davlat mulki qoʻmitasi investor tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, shuningdek, qurilishda ishlatiladigan materiallar, import qilinadigan jihozlar hamda bajariladigan ishlar qiymatining asosliligi ustidan nazorat oʻrnatsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va R.S. Qosimov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 28-may,
PQ-643-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 5-son, 242-modda)