O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MA’RIFIY VA MAFKURAVIY TARG‘IBOT IShLARINI MUVOFIQLAShTIRISh KENGAShINI TUZISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 26-iyuldagi 358-son “Respublika komissiyalari va kengashlari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida o‘zgarish va yangilanish, o‘zligimizni anglash va umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashuv jarayonlari faollashib borayotgan, tarixiy-milliy merosga qiziqish ortayotgan hozirgi sharoitda ma’rifiy va mafkuraviy targ‘ibot ishlarini takomillashtirish, matbuot, radio-televideniye, kino, teatr, kitob nashr etish, muzika va tasviriy san’at sohalarining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, O‘zteleradiokompaniya, Davlat matbuot qo‘mitasi, “O‘zbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va boshqa jamoat tashkilotlari va ijodiy uyushmalarning jamoatchilik asosida Ma’rifiy va mafkuraviy targ‘ibot ishlarini muvofiqlashtirish kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin va mazkur kengash tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga istiqlol g‘oyalarini chuqur singdirishga, uning mustaqil tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiladigan badiiy, san’at va publitsistik asarlarning yaratilishiga ko‘maklashish, ularni milliy mafkura va umumbashariy qadriyatlarga uyg‘unlik, tarixiy haqiqatni to‘g‘ri aks ettirish nuqtai nazaridan baholash va qo‘llab-quvvatlash, yaratilayotgan kino-video va sahna asarlari, nashr etilayotgan kitoblarning badiiy saviyasini yaxshilash yuzasidan ilmiy-badiiy jihatdan asoslangan taklif va tavsiyalar berish mazkur kengashning asosiy vazifalari hisoblanishi inobatga olinsin.
3. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash Bosh vazir o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 10-mart,
84-son