O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETINING 50 YILLIGI YUBILEYINI NISHONLASH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining mamlakatimiz fanini, ta’limning milliy tizimini rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, yoshlarni tarbiyalashdagi hissasini hisobga olib, shuningdek Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tashkil etilganining 50 yilligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligining 2005-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 50 yilligi yubileyini nishonlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 50 yilligi yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tadbirlari rejasi hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti yubileyini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
*1 va 2-ilovalar berilmaydi.
3. Tashkiliy qo‘mita (A.N. Aripov) quyidagilarni ta’minlasin:
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 50 yilligi yubileyiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni tantanali nishonlash tadbirlarini yuksak tashkiliy darajada o‘tkazish;
mamlakatimizning aloqa va axborotlashtirish sohasidagi fan va texnikasi yutuqlarini yoritish, respublikada axborot-kommunikatsiya sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga, mamlakatni jahon axborot makoniga integratsiyalashga yo‘naltirilgan davlat siyosatining mohiyatini keng tushuntirish bo‘yicha tashkiliy-targ‘ibiy tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish;
axborot texnologiyalari va aloqani rivojlantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferensiyalari, respublika maktab o‘quvchilari va talabalari o‘rtasida dasturlashtirish bo‘yicha chempionatlar, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida eng yaxshi dasturiy ishlanma uchun tanlovlar o‘tkazish;
aholining kompyuter bo‘yicha savodxonligini oshirish televizon kurslarini tashkil etish, havaskorlik radioto‘garaklarini va axborot texnologiyalari klublarini tashkil etish va tashkiliy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga maktab o‘quvchilari, yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
e’lon qilingan Sihat-salomatlik yili doirasida, ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonida va tibbiyot xodimlari malakasini masofadan turib oshirishda, tashhis qo‘yish va tibbiyot asbob-uskunalariga texnik va dasturiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlovchi “Amaliy informatika” va “Biotexnika tizimlari” yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashda foydalanish uchun tibbiyot muammolariga oid multimediya elektron darsliklar ishlab chiqilishini tashkil etish;
rejada nazarda tutilgan yubiley tadbirlarini o‘tkazishga respublikaning keng jamoatchiligini, talaba yoshlarni, taniqli olimlarni, madaniyat va san’at arboblarini, aholi o‘rtasida eng mashhur bo‘lgan ijodiy jamoalarni jalb etish;
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining o‘quv-moddiy bazasini takomillashtirish, mutaxassislar tayyorlash jarayoniga zamonaviy pedagogik usullar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kadrlar tayyorlashga va O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan, alohida o‘rnak ko‘rsatgan mutaxassislarini, o‘qituvchilarini hukumat mukofotlari bilan mukofotlash va taqdirlash to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritilsin.
4. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hududida yangi o‘quv-laboratoriya korpusi qurish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining o‘quv-laboratoriya korpusi loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash va uni qurish 2005—2006-yillarda davlat budjeti mablag‘lari hamda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga amalga oshirilsin.
5. Iqtisodiyot vazirligi (R.S. Azimov) va Moliya vazirligi (S.B. Rahimov) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yilgi Investitsiya dasturida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining yangi o‘quv-laboratoriya korpusi qurilishini nazarda tutsinlar.
6. Toshkent shahar hokimligi (R.M. Shoabdurahmonov) Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga yubileyga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, universitetning o‘quv-moddiy bazasini takomillashtirish, shuningdek universitet hududini obodonlashtirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashsin.
7.”O‘zteleradio” kompaniyasi (A.K. Ko‘chimov), O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (R.Sh. Shog‘ulomov), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (M.B. Hazratqulov)ga ommaviy axborot vositalarida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 50 yilligi yubileyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish, O‘zbekistonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va aloqa tizimlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan materiallarni, teleradioeshittirishlar turkumini tashkil etish tavsiya qilinsin.
8. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti yubileyini nishonlash bo‘yicha tadbirlarni tayyorlash va o‘tkazish xarajatlari O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga qoplanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 22-dekabr,
598-son