Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
FIRMA NOMLARI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2006-yil 20-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 25-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2006-yil 25-avgustda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi firma nomlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Firma nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Firma nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining firma nomlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Firma nomi
Firma nomi yuridik shaxs boʻlgan tijorat tashkilotining (bundan buyon matnda yuridik shaxs deb yuritiladi) individual nomi boʻlib, unga doir mutlaq huquq yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtda yuzaga keladi.
Yuridik shaxs toʻliq firma nomi bilan birga qisqartirilgan firma nomiga ham ega boʻlishi mumkin.
Yuridik shaxsning firma nomida uning tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilishi kerak.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda firma nomida yuridik shaxs faoliyatining xususiyati koʻrsatilishi kerak.
4-modda. Firma nomida koʻrsatilishi lozim boʻlmagan belgilar
Firma nomida:
1) davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki toʻliq nomi;
2) tarixiy yoki Oʻzbekiston Respublikasida mashhur boʻlgan shaxsning toʻliq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;
3) firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar;
4) jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid boʻlgan belgilar koʻrsatilmasligi kerak.
Firma nomida:
ilgari Oʻzbekiston Respublikasida boshqa yuridik shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazish soʻrab talabnoma berilgan, ilgariroq ustuvorlikka ega boʻlgan firma nomlari;
ilgari Oʻzbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazish soʻrab talabnoma berilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilmay muhofaza qilinadigan tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari);
belgilangan tartibda hammaga maʼlum deb eʼtirof etilgan tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari);
Oldingi tahrirga qarang.
belgilangan tartibda qonunchilik bilan muhofaza qilinadigan geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joyning nomlari bilan, shunday koʻrsatkichdan yoki nomdan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazish hollari bundan mustasno, adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga oʻxshash boʻlgan belgilar ham koʻrsatilmasligi kerak.
(4-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-martdagi OʻRQ-757-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2022-y., 03/22/757/0181-son)
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan belgilar, agar bunga tegishli davlat organining yoki tashkilotning ruxsati boʻlsa, firma nomiga kiritilishi mumkin.
5-modda. Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish
Firma nomi yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan eʼtiboran, chet el yuridik shaxsining firma nomi esa, chet el yuridik shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqarolik muomalasi ishtirokchisi sifatida faoliyatni amalga oshirishni boshlagan sanadan eʼtiboran huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
6-modda. Firma nomiga boʻlgan huquq
Yuridik shaxs oʻz firma nomidan foydalanishda va boshqa yuridik shaxslarga ushbu firma nomidan foydalanish huquqini berishda mutlaq huquqga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el yuridik shaxsining firma nomiga boʻlgan mutlaq huquqi shu yuridik shaxs taʼsis etilgan mamlakatning qonunchiligida belgilangan hujjat bilan tasdiqlanadi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Firma nomidan foydalanish
Quyidagilar:
firma nomini rasmiy blankalarda, muhrlarda, shtamplarda va yuridik shaxsning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarda aks ettirish;
firma nomini tovarlarda, ularning idishi va oʻrovida, reklamada, peshlavhalarda, bosma maʼlumotnomalarda, hisobvaraqlarda, bosma nashrlarda, tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkaziladigan koʻrgazmalar va yarmarkalarda namoyish etish vaqtida ishlatish firma nomidan foydalanishdir.
Firma nomidan tovar belgisining (xizmat koʻrsatish belgisining) elementi sifatida foydalanilishi mumkin.
8-modda. Firma nomidan foydalanish huquqini berish
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs (litsenziar) oʻz firma nomidan foydalanish uchun boshqa yuridik shaxsga (litsenziatga) qonunchilikka muvofiq ular oʻrtasida tuzilgan litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi asosida ruxsat berishi mumkin.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziya shartnomasida isteʼmolchini chalgʻitishni istisno etadigan chora-tadbirlar nazarda tutilishi kerak.
9-modda. Firma nomiga boʻlgan huquqning boshqa shaxsga oʻtishi
Firma nomiga boʻlgan huquqning boshqa shaxsga oʻtishiga faqat yuridik shaxs qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish va ajratib chiqarish yoʻli bilan qayta tashkil etilgan yoki butun korxona mulkiy majmua sifatida sotilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
Yuridik shaxslar qoʻshib yuborilganda va yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qoʻshib olinganda firma nomiga boʻlgan huquqning boshqa shaxsga oʻtishi topshirish hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs boʻlinganda yoki u yuridik shaxs tarkibidan ajralib chiqqanida firma nomiga boʻlgan huquqning boshqa shaxsga oʻtishi taqsimlash balansiga muvofiq amalga oshiriladi.
10-modda. Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilishni tugatish
Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish yuridik shaxs tugatilgan yoki uning firma nomi oʻzgartirilgan taqdirda, tugatiladi.
11-modda. Firma nomiga boʻlgan huquqning buzilishi
Firma nomidan noqonuniy foydalanish firma nomiga boʻlgan mutlaq huquqning buzilishi deb eʼtirof etiladi.
Agar tovar belgisiga (xizmat koʻrsatish belgisiga), domen nomiga boʻlgan huquq firma nomiga boʻlgan huquqdan ilgari olingan boʻlsa, tovar belgisida (xizmat koʻrsatish belgisida), domen nomida ushbu firmaning nomidan foydalanish firma nomiga boʻlgan mutlaq huquqning buzilishi deb eʼtirof etilmaydi.
12-modda. Firma nomiga boʻlgan huquqni himoya qilish usullari
Firma nomiga boʻlgan mutlaq huquqni undan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish:
yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsini himoya qilish maqsadida sud qarori toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish;
noqonuniy foydalanilgan firma nomini kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va oʻrovlardan huquqbuzar hisobidan olib tashlash;
noqonuniy foydalanilgan firma nomini kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va oʻrovlardan olib tashlash mumkin boʻlmagan taqdirda, ularni huquqbuzar hisobidan yoʻq qilib tashlash;
Oldingi tahrirga qarang.
zararlarning oʻrnini qoplash;
zararlarning qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon toʻlash;
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-959-sonli Qonuniga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/959/0698-son — 2024-yil 12-dekabrdan kuchga kiradi)
kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va oʻrovlarni firma nomiga boʻlgan huquqqa egalik qiluvchi yuridik shaxsga berish orqali amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu modda birinchi qismining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan tovon zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda toʻlanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.
(12-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-959-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/959/0698-son — 2024-yil 12-dekabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Firma nomiga boʻlgan mutlaq huquqni undan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish qonunchilikka muvofiq boshqacha usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
121-modda. Firma nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi
Firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʻyicha alohida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Firma nomiga boʻlgan huquq egasining arizasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya organi deb yuritiladi) firma nomidan foydalanish huquqiga rioya etilishini tekshirishni amalga oshiradi. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan oʻtkaziladigan tekshiruvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(121-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi OʻRQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Jarimalar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladigan tekshiruvlar asosida adliya organi tomonidan solinadi. Bunda tekshiruv davomida aniqlangan huquqbuzarlik toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilib, u tegishincha adliya organining va huquqbuzar yuridik shaxsning (bundan buyon matnda huquqbuzar deb yuritiladi) mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi.
(121-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Huquqbuzar (uning vakili) dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda, adliya organining mansabdor shaxsi ushbu faktni koʻrsatilgan dalolatnomaga ilova qilinadigan videoyozuv yordamida yoki ikki nafar xolis hozirligida tasdiqlashi kerak.
(121-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Jarima solish uchun asos boʻlgan huquqbuzarlik aniqlanganligi haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida adliya organi huquqbuzarga nisbatan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan miqdorlarda jarima solish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(121-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror adliya organining rahbari (uning oʻrnini bosuvchi shaxs) tomonidan imzolanadi va bir ish kuni ichida huquqbuzarga yuboriladi.
(121-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror yuborilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida huquqbuzar ushbu qarorda nazarda tutilgan jarima summasini ixtiyoriy ravishda toʻlashi mumkin.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutilgan jarima summasi miqdorining yetmish foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini toʻlashdan ozod etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Huquqbuzar tomonidan jarima summasi ixtiyoriy ravishda toʻlanmagan taqdirda, adliya organi jarimani undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini sudga belgilangan tartibda besh ish kuni ichida beradi.
(121-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Undirilgan jarima miqdorining oʻn foizi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga, qolgan qismi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi.
(121-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Huquqbuzar adliya organining jarima solish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat qilishga haqli.
(121-moddaning oʻn birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
13-modda. Chet el yuridik shaxslarining huquqlari
Chet el yuridik shaxslari ushbu Qonunda nazarda tutilgan firma nomlariga boʻlgan huquqlardan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga binoan yoki oʻzaro kelishuv prinsipi asosida Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari bilan teng ravishda foydalanadilar.
14-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Firma nomlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(14-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15-modda. Firma nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Firma nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(16-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruv organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
17-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-sentabr,
OʻRQ-51-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 37-38-son, 370-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 03.02.2022-y., 03/22/749/0101-son, 04.03.2022-y., 03/22/757/0181-son; 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son; 11.09.2024-y., 03/24/959/0698-son; 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)