O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
HUKUMATNING QONUN LOYIHALARIGA DOIR ISh REJALARINI TAYYoRLASh VA QABUL QILISh HAMDA ULARNING IJROSI MONITORINGINI OLIB BORISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-avgustdagi 227-sonli “Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasiga kiritish, shuningdek ular bajarilishi monitoringi dasturlarini tayyorlash va qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Normativ-huquqiy hujjatlar amalga oshirilishi monitoringi markazini tashkil qilish to‘g‘risida” 2005-yil 15-dekabrdagi PQ–237-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hukumatning qonun loyihalariga doir ish rejalarini tayyorlash va qabul qilish hamda ularning ijrosi monitoringini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari ko‘rsatib o‘tilgan Nizom talablarini hisobga olgan holda 2006-yil 15-iyungacha bo‘lgan muddatda, Hukumatning 2006-yilgi qonun loyihalariga doir ish rejasiga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlar amalga oshirilishi monitoringi markaziga qonun loyihalarini ishlab chiqish to‘g‘risida takliflar kiritsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Hukumatning 2006-yilgi qonun loyihalariga doir ish rejasi loyihasini joriy yilning 15-iyuligacha Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 15-may,
84-son
Hukumatning qonun loyihalariga doir ish rejalarini tayyorlash va qabul qilish hamda ularning ijrosi monitoringini olib borish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qonun loyihalariga doir ish rejalarini tayyorlash va qabul qilish hamda ularning ijrosi monitoringini olib borish tartibini belgilaydi.
2. Hukumatning qonun loyihalariga doir ish rejalari (keyingi o‘rinlarda Rejalar deb yuritiladi) jamiyatni demokratiyalashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalashning ustuvor vazifalari hamda yo‘nalishlariga muvofiq, shuningdek huquq ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish yo‘nalishlari va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlari asosida joriy va uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlab shakllantiriladi.
3. Rejalar loyihalari, qoidaga ko‘ra bir yil uchun ishlab chiqiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq Rejalar loyihalari uzoq muddatli istiqbol uchun ishlab chiqiladi.
4. Rejalarda normativ-huquqiy hujjatlarning kompleksliligini va o‘zaro bir-birini to‘ldirishini ta’minlash zarurligini hisobga olgan holda, faoliyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, gumanitar va boshqa sohalarida demokratik o‘zgartirishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qonun loyihalarini tayyorlash nazarda tutilishi kerak.
5. Rejalarni tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun loyihalariga doir ish rejalari (rejalar loyihalari), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarida, Hukumat qarorlarida nazarda tutilgan qonun loyihalari, shuningdek mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish dasturlari hisobga olinadi.
6. Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini Hukumatning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyati to‘g‘risida, shuningdek Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonun loyihalarini tayyorlash bo‘yicha topshiriqlarining bajarilishi haqida xabardor qilib boradi.
7. Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qonun loyihalarini tayyorlash bo‘yicha takliflarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi va ular bilan o‘zining qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
II. Rejalarni tayyorlash va qabul qilish
8. Rejalar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan kiritiladi.
Rejalar loyihalari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning takliflarini umumlashtirish asosida ishlab chiqiladi.
Rejalar loyihalarini ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi monitoringi markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
9. Adliya vazirligi va Markaz Hukumatning qonun loyihalarini tayyorlashga doir ishlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilish Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish va yanada isloh qilish hamda ma’muriy islohotlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha Komissiya, davlat muassasalari va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
10. Rejalar loyihalariga kiritish uchun Markazga taqdim etiladigan qonun loyihalarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi takliflarda quyidagilar mavjud bo‘lishi kerak:
qonun loyihasining shartli nomi;
qonun loyihasini qabul qilish zarurligining asoslanishi va ushbu qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda kutiladigan natijalar;
qonun loyihasini tayyorlash uchun mas’ul organning nomi va qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha hamijrochilar ro‘yxati;
qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddati hamda uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishning taxminiy muddati.
11. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar qonun loyihalarini ishlab chiqishni, ilmiy jihatdan asoslashni hamda qonun loyihalarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi takliflarni Markazga o‘z vaqtida taqdim etishni amalga oshiradilar.
12. Keyingi yil (undan keyingi yillar) Reja loyihasiga kiritish uchun qonun loyihalarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi takliflar ushbu Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan davlat organlari, davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Markazga joriy yilning 1-oktabridan kechikmay taqdim etiladi.
13. Tegishli tashkilotlarning takliflari asosida Adliya vazirligi 1-dekabrdan kechikmay keyingi yil (undan keyingi yillar) uchun Rejani tasdiqlash to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishni, manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan kelishishni ta’minlaydi hamda uni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Vazirlar Mahkamasining keyingi yil (undan keyingi yillar) uchun Rejani tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori joriy yilning 25-dekabridan kechikmay qabul qilinadi.
Keyingi yil (undan keyingi yillar) uchun Rejani tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini ishlab chiqish, kelishish, Hukumatga kiritish va uni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Qabul qilingan Rejalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga jo‘natiladi.
15. Tasdiqlangan Rejaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Oliy majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari asosida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taklifiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Adliya vazirligining Rejalarni o‘zgartirish va ularga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflari ham uning o‘z tashabbusiga ko‘ra, ham manfaatdor tashkilotlarning takliflari asosida kiritiladi.
III. Rejalarning ijrosi monitoringi
16. Tegishli organlar va tashkilotlarning rahbarlari Rejalarda nazarda tutilgan qonun loyihalarining sifati va ularni tayyorlash muddatlariga rioya qilinishi uchun shaxsan javob beradilar.
Qonun loyihasini tayyorlash uchun mas’ul organ rahbari:
qonun loyihasi ishlab chiqilishini tashkil qiladi, hamijrochi organlar va tashkilotlar ishlarini muvofiqlashtiradi, ishlarga manfaatdor tashkilotlar vakillarini jalb etadi va kelishilgan qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
zarur hollarda manfaatdor tashkilotlar, shu jumladan nodavlat notijorat va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillarini jalb etgan holda ishchi guruhlar tashkil qiladi;
Vazirlar Mahkamasiga qonun loyihasini tayyorlashning borishi to‘g‘risida muntazam ravishda axborot beradi va Hukumat qarorini talab qiladigan masalalar bo‘yicha takliflar kiritadi;
har chorakning dastlabki oyi birinchi kunidan kechikmay Markazga Rejalarning o‘zi tomonidan bajarilishi to‘g‘risida axborot jo‘natadi.
17. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli qonun loyihalarini tayyorlash bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi va unga metodik jihatdan rahbarlikni amalga oshiradi.
18. Rejalar ijrosi monitoringi Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
19. Rejalar ijrosi monitoringi qonun loyihasini tayyorlash muddatlariga, belgilangan tartibiga rioya qilinishi yuzasidan, shuningdek ularning amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadi va vazifalariga, inson huquqlari va erkinligini himoya qilish talablariga, xalqaro normalar va standartlarga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga muvofiqligini baholash uchun amalga oshiriladi.
20. Rejalar ijrosi monitoringini amalga oshirish uchun Markaz qonun loyihalariga doir ishlar masalalari bo‘yicha axborotlarni so‘rab oladi, davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar vakillarini belgilangan tartibda jalb etadi, qonun loyihalariga doir ishlarning bajarilishini tekshiradi, statistik hamda boshqa axborotlarni tahlil qiladi va umumlashtiradi.
21. Adliya vazirligi har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 5-kunigacha Vazirlar Mahkamasiga qonun loyihalariga doir ishlarning bajarilishi to‘g‘risida axborot beradi.
Qonun loyihalarini ishlab chiqish muddatlari buzilgan taqdirda Adliya vazirligi tegishli chora-tadbirlar ko‘rish uchun bu to‘g‘rida Vazirlar Mahkamasini xabardor qiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 175-modda)