1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.03.00.00 Turizm. Ekskursiyalar. Mehmonxona xoʻjaligi / 14.03.04.00 Ekskursiyalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Turizm]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida ekskursiya xizmatlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash, shuningdek, ekskursiya xizmatlari sifatini yanada oshirish hamda ekskursiya faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar faoliyati tegishli sertifikat asosida amalga oshirilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Yagona tasdiqlangan matn asosida ekskursiyalar tashkil etiladigan respublikaning asosiy turizm tashrif obyektlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Gidlarga (gid-tarjimonlarga) malaka toifasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2026-yil 1-dekabrdan boshlab:
a) Turizm qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga (keyingi oʻrinlarda — Institut) ushbu qarorga 2-ilova bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq gidlarga (gid-tarjimonlarga) ularning xohishiga koʻra havaskor, ixtisoslashgan va professional malaka toifasini berish vakolati beriladi. Bunda malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qaror Institut direktori buyrugʻi bilan tashkil etiladigan imtihon komissiyasi tomonidan qabul qilinadi;
b) ekskursiya yetakchilari uchun alohida malaka toifalari belgilanmaydi;
v) malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi (ushbu bandning “g” kichik bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno) hamda ushbu sertifikat haqidagi maʼlumotlar Turizm qoʻmitasi tomonidan yuritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi gidlari (gid-tarjimonlari), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarining yagona elektron reyestriga (keyingi oʻrinlarda — Yagona elektron reyestr) kiritiladi;
g) gid sifatida soʻnggi ikki yil davomida faoliyat yuritmagan (soliq organlarining elektron axborot tizimlarida daromadlar va toʻlangan soliqlar toʻgʻrisidagi hisobotlar mavjud boʻlmaganda) shaxslar malaka imtihonini qayta topshiradi. Bunda malaka imtihonidan oʻtmagan shaxslarning malaka sertifikati Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-noyabrdagi 635-son qarori bilan tasdiqlangan Ayrim turdagi malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentida belgilangan tartibda va muddatga toʻxtatiladi;
d) turoperator ekskursiya xizmatlarini faqat amaldagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan gidlar (gid-tarjimonlar) orqali tashkil etadi, 2028-yil 1-yanvardan boshlab esa mazkur talabga rioya etmaslik litsenziya talablari va shartlarini buzish deb hisoblanadi.
4. 2027-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatning asosiy turizm tashrif obyektlarida ekskursiyalar Turizm qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan yagona ekskursiya matni asosida (keyingi oʻrinlarda — Yagona ekskursiya matni) tashkil etiladi. Bunda Yagona ekskursiya matni asosida ekskursiya oʻtkaziladigan mamlakatning asosiy turizm tashrif obyektlari roʻyxatiga obyektlarning muhimligi, turistik jozibadorligi, tashriflar statistikasi, infratuzilma holati, xavfsizlik talablari hamda ekskursiya tashkil etish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, Turizm qoʻmitasi tomonidan oʻzgartirishlar kiritib boriladi.
5. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
a) Institut gidlarni (gid-tarjimonlarni) qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish sohasida oʻquv-metodik faoliyatni muvofiqlashtiruvchi vakolatli tashkilot etib belgilansin;
b) oliy taʼlim tashkilotlarining “Filologiya va tillarni oʻqitish”, “Tarix”, “Tarjimashunoslik”, “Sanʼatshunoslik”, “Muzeyshunoslik” hamda “Amaliy sanʼat” taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga “Gidlarni (gid-tarjimon) tayyorlash” oʻquv kursi modullarini tanlov fanlari sifatida kiritish tavsiya etilsin. Bunda mazkur oʻquv kursini toʻliq oʻzlashtirgan talabalarga toʻrtinchi bosqichdan boshlab gid (gid-tarjimon) sifatida malakaviy amaliyot oʻtash huquqi berilsin.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Turizm qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda uch oy muddatda gidlarni (gid-tarjimonlarni) qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish boʻyicha namunaviy oʻquv dasturlarini tasdiqlasin va oʻquv dasturlari asosida oʻquv-metodik majmualarni ishlab chiqib, taʼlim tashkilotlarida joriy etilishini taʼminlasin.
7. Turizm qoʻmitasi:
a) bir oy muddatda Yagona ekskursiya matnini ishlab chiqish uchun tarix, arxeologiya, madaniy meros, sanʼatshunoslik, dinshunoslik va turizm sohalaridagi olimlar hamda yuqori malakali mutaxassislardan iborat tarkibda ekspertlar guruhini shakllantirsin;
b) 2026-yil 1-dekabrga qadar:
Fanlar akademiyasi bilan kelishgan holda ekspertlar guruhi tomonidan tayyorlangan Yagona ekskursiya matnini tasdiqlasin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Milliy turizm yagona platformasida:
Yagona elektron reyestrni joriy etsin;
ekskursiya xizmatlarini elektron shaklda taklif qilish, buyurtma qabul qilish va koʻrsatish imkoniyatini yaratsin;
gidlar faoliyatini baholash hamda ularning reytingini shakllantirish imkonini beruvchi elektron tizimni joriy etsin;
v) 2026-yil 1-noyabrga qadar Ichki ishlar vazirligi, Madaniy meros agentligi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda turizm tashrif obyektlarida gidlar (gid-tarjimonlar) tomonidan identifikatsiya kartasidan (beyjikdan) foydalanish hamda uning mavjudligini nazorat qilish tartibini tasdiqlasin;
g) uch oy muddatda:
gidlarning (gid-tarjimonlarning) kasb etikasi qoidalarini tasdiqlasin;
yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarga malaka toifa sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) Madaniy meros agentligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda turistlar eng koʻp tashrif buyuradigan kamida bitta turizm obyektida “Gidlar markazi”ni tashkil etsin. Bunda:
“Gidlar markazi”ni tashkil etish va jihozlash bilan bogʻliq xarajatlar Turizm qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hisobidan, ular joylashgan binolarni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar balansda saqlovchi tashkilotlar mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
hududiy gidlar uyushmalari “Gidlar markazi” binolaridan tekin foydalanish huquqiga ega boʻladi;
e) ikki oy muddatda gidlarga (gid-tarjimonlarga) malaka sertifikatini berish jarayonini toʻliq yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin, bunda:
malaka imtihonini tashkil etish va oʻtkazishning aniq mexanizmi;
imtihon savollari va amaliy topshiriqlarni shakllantirish talablari;
imtihon natijalarini rasmiylashtirish va sertifikat berish tartibini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin.
Bunda mazkur talablar Turizm qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
8. Turizm qoʻmitasi:
a) 2027-yildan boshlab har yili fevral oyida Xalqaro gidlar forumini hamda ekskursiya xizmatlarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan gidlarni taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosimlarni oʻtkazib borsin. Bunda mazkur tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda Jamgʻarma kengashining qaroriga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab yuqori kasbiy mahorat, koʻp yillik ish tajribasi, xorijiy tillarni bilish, xalqaro protokol talablari boʻyicha koʻnikmalar hamda Oʻzbekiston Respublikasining turistik salohiyatini xalqaro miqyosda targʻib qilishga qoʻshgan hissasi hisobga olgan holda, gidlarning (gid-tarjimonlarning) “Oltin fond” roʻyxatini shakllantirsin va Milliy turizm yagona platformasida yuritib borsin;
v) ikki oy muddatda “Oltin fond” roʻyxatini shakllantirish va yuritish, unga kiritish hamda undan chiqarish tartibini, shuningdek, nomzodlarni baholash mezonlarini tasdiqlasin. Bunda “Oltin fond” roʻyxatiga kiritilgan gidlar yoshga doir pensiyaga chiqqan taqdirda, Jamgʻarma kengashining qaroriga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida bir martalik mukofot berilishi inobatga olinsin.
9. Belgilansinki:
Gidlar markazi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, tegishli hududda ekskursiya xizmatlarini muvofiqlashtirish, turistlarga sertifikatlangan gidlar toʻgʻrisida axborot berish, ekskursiya xizmatlariga buyurtmalarni tashkil etish hamda gidlarga tashkiliy-uslubiy koʻmaklashishga moʻljallangan xizmat koʻrsatish markazi hisoblanadi;
Gidlar markazi oʻz faoliyatini Turizm qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy nizom asosida amalga oshiradi;
Gidlar markazining faoliyatini muvofiqlashtirish Turizm qoʻmitasining tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan, oʻquv-metodik jihatdan taʼminlash Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshiriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Turizm qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda Turizm qoʻmitasi raisi A.Oʻ. Aqqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-sentabr,
468-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 468-son qaroriga 1-ILOVA
Yagona tasdiqlangan matn asosida ekskursiyalar tashkil etiladigan respublikaning asosiy turizm tashrif obyektlari
ROʻYXATI
T/r
Tashrif obyekti nomi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
1.
Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat sanʼat muzeyi
2.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi
3.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi
4.
Chilpiq qalʼasi
5.
Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati
6.
Sulton Uvays Bobo ziyoratgohi
7.
“Qizilqalʼa” qoʻrgʻoni
8.
“Pilqalʼa” arxeologik yodgorligi
9.
“Jampiqqalʼa” arxeologik yodgorligi
10.
Dovud-ota (Daut-ata) maqbarasi
11.
Hakim Ota (Sulaymon Boqirgʻoniy) maqbarasi
12.
Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi (“Kemalar qabristoni”)
13.
Orol tarixi muzeyi
14.
Bugʻroxonota maqbarasi
15.
Sudochye koʻli
16.
Ustyurt platosi kanoni
17.
Orol dengizi
18.
Mizdahqon majmuasi
19.
Ayaz qalʼasi
20.
Katta Guldursun qalʼasi
21.
“Tuproqqalʼa” arxeologik yodgorligi
22.
Nukus shahridagi “Qoraqalpoq etnoovul” majmuasi
Andijon viloyati
23.
Andijon jome masjidi majmuasi
24.
“Qalʼa” meʼmoriy yodgorligi
25.
Bobur bogʻi majmuasi
26.
Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi
27.
Mingtepa arxeologiya yodgorligi
28.
Imom ota ziyoratgohi va turizm qishlogʻi
29.
Xonobod shahri ekoturizm hududi
Buxoro viloyati
30.
Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi
31.
“Xoʻja Govkushon” ansambli
32.
“Chashmai Ayyub” maqbarasi
33.
“Said po Bandi Kusho” jome masjidi
34.
Nugʻay karvonsaroyi
35.
Fayziobod xonaqohi
36.
Ulugʻbek madrasasi
37.
Abdulazizxon madrasasi
38.
Sayfiddin Boharzi maqbarasi
39.
Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy maqbarasi
40.
Xoja Muhammad Orif Revgariy maqbarasi
41.
Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy maqbarasi
42.
Xoja Ali Romitaniy maqbara majmuasi
43.
Xoja Muhammad Boboi Samosiy maqbarasi
44.
Xoja Sayid Amir Kulol maqbara majmuasi
45.
Xoja Bahouddin Naqshband Buxoriy maqbara majmuasi
46.
Mir Arab madrasasi
47.
“Toqi Zargaron” meʼmoriy yodgorligi
48.
“Toqi Telpakfurushon” meʼmoriy yodgorligi
49.
“Toqi Sarrofon” meʼmoriy yodgorligi
50.
“Abdullaxon timi” meʼmoriy yodgorligi
51.
“Chor minor” madrasasi
52.
“Ismoil Somoniy” maqbarasi
53.
“Nodir devonbegi” madrasasi
54.
“Koʻkaldosh” madrasasi
55.
“Modarixon” madrasasi
56.
“Abdullaxon” madrasasi
57.
Masjidi Kalon
58.
“Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasi markazi
59.
“Chor Bakr” meʼmoriy majmuasi
60.
“Bolohovuz” ansambli
61.
“Abu Ali ibn Sino” memorial muzeyi
62.
“Ark” tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi
63.
Buxorolik boy savdogar xonadoni uy-muzeyi
64.
Buxoro adabiyoti tarixi muzeyi
65.
Varaxsha keramikasi va tarixi Buxoro koʻrgazmasi
66.
Sitorai Moxi-Xossa majmuasi
Jizzax viloyati
67.
Sharof Rashidov memorial muzeyi
68.
Parpiota (Muhammad Gʻazzoliy) ziyoratgohi
69.
Temur darvozasi (“Amir Temur darvozasi” yodgorligi)
70.
“Xoʻjai Sarobota” ziyoratgohi
71.
“Novqaota” ziyoratgohi
72.
Saʼd ibn Abu Vaqqos ziyoratgohi
73.
Zomin milliy tabiat bogʻi
Qashqadaryo viloyati
74.
Shahrisabz shahridagi “Maqom muzeyi”
75.
Amir Temur nomidagi moddiy madaniyat tarixi muzeyi
76.
Koʻk gumbaz masjidi
77.
Oqsaroy meʼmoriy yodgorligi
78.
Jahongir Mirzo maqbarasi
79.
Chorsu majmuasi
80.
“Koba” karvonsaroyi
81.
“Chubin” madrasasi
82.
“Abul-Muʼin an-Nasafiy” ziyoratgohi
83.
Qashqadaryo koʻprigi (Amir Temur koʻprigi)
84.
Odina masjidi (Nasaf katta jome masjidi)
85.
Qilichboy madrasasi
86.
Xoʻja Abdulaziz madrasasi
87.
Abu Ubayda ibn al-Jarroh ziyoratgohi
88.
Sulton Mir Haydar yodgorlik majmuasi
89.
Langar ota maqbarasi
90.
Muborak al-Marvaziy maqbarasi
91.
Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi
92.
Hazrati Bashir maqbarasi
93.
Xoʻja Ilgʻor qishlogʻi
94.
Gʻelon qishlogʻi
Navoiy viloyati
95.
Sarmishsoy darasi
96.
“Tosh oʻrmon” arxeologik yodgorligi
97.
Chashma (Nurbuloq) majmuasi
98.
Raboti Malik sardobasi
99.
Mavlono Orif Degaroniy yodgorligi
100.
“Sentob” turizm qishlogʻi
Namangan viloyati
101.
Sulton Uvays Qaroniy majmuasi
102.
Axsikent yodgorligi
103.
Isʼhoqxontoʻra Ibrat majmuasi
104.
Mulla Qirgʻiz majmuasi
Samarqand viloyati
105.
Registon ansambli
106.
Hazrati Dovud ziyoratgohi
107.
Imom Abu Mansur al-Moturidiy maqbarasi
108.
Imom al-Buxoriy majmuasi
109.
“Chor Chinor” ziyoratgohi
110.
Mahdumi Aʼzam ziyoratgohi
111.
Islom Karimov maqbarasi
112.
Xoʻja Ahror Valiy ziyoratgohi
113.
Hazrati-Xizr masjidi
114.
Xoʻja Doniyor maqbarasi
115.
Afrosiyob tarixi muzeyi
116.
Shohi Zinda majmuasi
117.
Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi
118.
Amir Temur maqbarasi (Goʻri Amir)
119.
Ruhobod maqbarasi
120.
Bibixonim masjidi majmuasi
121.
Afrosiyob qadimiy shahar qoldiqlari
122.
“Boqiy shahar” majmuasi
123.
Konigil turizm qishlogʻi
Sirdaryo viloyati
124.
Koʻhna Xovos arxeologik yodgorligi
125.
Yogʻochli sardoba (arxitektura yodgorligi)
Surxondaryo viloyati
126.
Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi
127.
Qoratepa yodgorligi
128.
Qirqqiz yodgorligi
129.
Kokildorota xonaqohi
130.
Termiz sayyidlari (Sulton Saodat ziyoratgohi)
131.
Fayoztepa yodgorligi
132.
Dalvarzintepa yodgorligi
133.
Kampirtepa yodgorligi
134.
Sopollitepa yodgorligi
135.
Abu Iso at-Termiziy maqbarasi
136.
Sangardak sharsharasi
137.
Zarautsoy qoyatosh rasmlari
138.
Machay gʻori
139.
Teshiktosh gʻori
140.
Sayrob chinori
141.
Soʻfi Olloyor masjidi
Toshkent viloyati
142.
Zangiota ziyoratgohi majmuasi
143.
Urungʻoch (Nefrit koʻllari)
144.
Chimyon togʻlari
145.
Chimyon osma dor yoʻli
146.
“Chorvoq” suv ombori
147.
Soʻqoq qishlogʻi
148.
Ertoshsoy turizm qishlogʻi
149.
Ovjassoy turizm qishlogʻi
150.
“Tuyaboʻgʻiz” suv ombori
151.
“Hazrati Alibuva” ziyoratgohi
Fargʻona viloyati
152.
Fargʻona viloyati oʻlkashunoslik muzeyi
153.
Qubo yodgorligi
154.
Xudoyorxon oʻrdasi (saroyi)
155.
Norboʻtabiy madrasasi
156.
Dahmaishohon maqbarasi
157.
Kamol qozi madrasasi
158.
Burhoniddin al-Margʻinoniy maqbarasi
159.
Honaqoh masjidi
160.
“Said Ahmadxoʻja” madrasasi (hozirda hunarmandlar markazi)
161.
Rishton xalqaro kulolchilik markazi (qoʻshimcha obyektlar: Alisher Nazirov uy ustaxonasi hamda Rishton Mingboshi Keramika markazi)
162.
“Yodgorlik” ipakchilik fabrikasi
163.
Margʻilon hunarmandlar markazi
164.
Uchkoʻprik “Mehrigiyo” ekoturizm markazi (lavanda)
Xorazm viloyati
165.
Koʻhna Ark majmuasi
166.
Toshhovli saroyi
167.
Ollaqulixon karvonsaroyi va madrasasi
168.
“Ichan-qalʼa” devori va darvozalari
169.
Islom Hoʻja madrasasi va minorasi
170.
Musotoʻra madrasasi
171.
Muhammad Rahimxon madrasasi
172.
Shergʻozixon madrasasi
173.
Muhammad Aminxon madrasasi va minorasi
174.
Matniyoz devonbegi madrasasi
175.
Muhammadamin inoq madrasasi
176.
Qutlugʻmurod inoq madrasasi
177.
Qozikalon madrasasi
178.
Sayyid Niyoz Sholikorboy majmuasi
179.
Sayyid Mohi Ruyi Jahon majmuasi
180.
Pahlavon Mahmud maqbarasi
181.
Juma masjidi va minorasi
182.
“Oq masjid” masjidi
183.
Shayx Muxtorota masjidi
184.
“Polvon Qori” savdo uyi
185.
Nurullaboy uyi
186.
“Chodra hovli” majmuasi
Toshkent shahri
187.
Mingoʻrik muzeyi
188.
Suzuk ota majmuasi
189.
Toshkent teleminorasi
190.
Navroʻz bogʻi majmuasi
191.
Qatagʻon qurbonlari xotira muzeyi
192.
“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi
193.
Hazrati Imom majmuasi
194.
“Koʻkaldosh” madrasasi
195.
Abdulqosim madrasasi
196.
Soʻgʻdiyona sanʼat markazi
197.
“Shayx Hovand Tohur” majmuasi
198.
Adiblar xiyoboni majmuasi
199.
Rim-Katolik cherkovi
200.
Nemis Yevangel-Lyuteran cherkovi (Kirxa)
Izoh. Ushbu roʻyxatga Turizm qoʻmitasi tomonidan obyektlarning tarixiy-madaniy ahamiyati, turistlar tashrifi koʻrsatkichlari, infratuzilma holati hamda ekskursiya xizmatlarini tashkil etish imkoniyatlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Madaniy meros agentligi bilan kelishgan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 468-son qaroriga 2-ILOVA
Gidlarga (gid-tarjimonlarga) malaka toifasini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom gidlarga (gid-tarjimonlarga) malaka toifasini berish, tasdiqlash, oʻzgartirish, bekor qilish hamda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritish tartibini belgilaydi.
2. Malaka toifasi gidlarning (gid-tarjimonlarning) kasbiy bilimlari, amaliy koʻnikmalari, malakalari, ish tajribasi hamda kasbiy faoliyati natijalarini baholash asosida beriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kasbiy imtihon — gidlarning (gid-tarjimonlarning) nazariy bilimlari, amaliy koʻnikmalari hamda malakalarini baholash maqsadida oʻtkaziladigan sinov;
malaka sertifikati — gidlarning (gid-tarjimonlarning) malakasini tasdiqlovchi, kasbiy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgandan soʻng beriladigan belgilangan namunadagi hujjat;
talabgor — amal qiluvchi malaka sertifikatiga ega boʻlgan hamda malaka toifasini olish uchun murojaat qilgan jismoniy shaxs.
2-bob. Malaka toifalari va ularni berish shartlari
4. Malaka toifasi ixtiyoriy asosda beriladi hamda uning mavjud emasligi gidlarning (gid-tarjimonlarning) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda olingan malaka sertifikati asosida faoliyat yuritish huquqini cheklamaydi.
5. Havaskor, ixtisoslashgan va professional gid malaka toifalari Turizm qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) huzurida tashkil etiladigan imtihon komissiyasining qarori asosida beriladi, oʻzgartiriladi va bekor qilinadi.
6. Imtihon komissiyasi kollegial organ hisoblanadi.
Imtihon komissiyasining tarkibi Institut direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Imtihon komissiyasi tarkibiga Turizm qoʻmitasi, Institut, oliy taʼlim tashkilotlari, turizm sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, mustaqil ekspertlar vakillari kiritiladi.
7.Imtihon komissiyasi majlisi, agar unda komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Komissiya qarorlari ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Komissiya qarorlari majlisda ishtirok etgan komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, komissiya raisi ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
8. Komissiya aʼzosi manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar mavjud boʻlganda, tegishli materialni koʻrib chiqish va ovoz berish jarayonida ishtirok etmaydi.
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi haqida komissiya aʼzosi komissiya majlisi boshlangunga qadar maʼlum qilishi shart.
9. Gidlarga (gid-tarjimonlarga) quyidagi malaka toifalari beriladi:
havaskor gid malaka toifasi;
ixtisoslashgan gid malaka toifasi;
professional gid malaka toifasi;
oltin fond gidi malaka toifasi.
10. Malaka toifasi talabgorning murojaatiga asosan Vazirlar Mahkamasining “Malaka sertifikatlarini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida” 2023-yil 30-noyabrdagi 635-son qaroriga muvofiq oʻtkaziladigan malaka imtihon va baholash natijalariga koʻra beriladi.
11. Havaskor toifa sertifikati quyidagi talablarga javob beradigan talabgorlarga beriladi:
malaka sertifikatiga ega boʻlgan;
kasbiy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan.
Havaskor gidlar mahalliy darajada (muayyan maʼmuriy-hududiy birlik yoki obyekt hududi doirasida) faoliyat yuritadi. Ular tomonidan maxsus mavzuli (diniy, arxeologik) turlar va tabiiy xavfli hududlardagi ekskursiyalar Institut tomonidan tashkil etiladigan qisqa muddatli maxsus oʻquv kurslarini tamomlaganidan soʻng oʻtkazilishi mumkin.
12. Ixtisoslashgan gid malaka toifasi quyidagi talablarga javob beradigan talabgorlarga beriladi:
malaka sertifikatiga ega boʻlgan;
gid (gid-tarjimon) sifatida kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan;
soʻnggi ikki yil davomida kamida bir marta malaka oshirish kurslarini tamomlagan;
kasbiy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan.
Prezident yoki nomdor davlat stipendiyalari sohiblari, respublika va xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari, shuningdek, turizm sohasiga oid xalqaro tan olingan sertifikatlarga ega boʻlgan shaxslar yagona tasdiqlangan ekskursiya matni boʻyicha kasbiy imtihonni topshirgan taqdirda, imtihon komissiyasining qaroriga koʻra toʻgʻridan-toʻgʻri ixtisoslashgan gid malaka toifasiga kiritilishi mumkin.
Ixtisoslashgan gidlar oʻz ixtisoslashuv yoʻnalishi doirasida respublika hududida ekskursiya xizmatlarini koʻrsatish huquqiga ega.
13. Professional gid malaka toifasi quyidagi talablarga javob beradigan talabgorga beriladi:
ixtisoslashgan gid toifasiga ega boʻlgan;
gid (gid-tarjimon) sifatida kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan;
soʻngi uch yil davomida kamida bir marta malaka oshirish kurslarini tamomlagan;
kasbiy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan.
Professional gidlar Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab ekskursiyalarni oʻtkazadi.
14. Oltin fond gidi malaka toifasi quyidagi talablarga javob beradigan talabgorga Turizm qoʻmitasi tomonidan beriladi:
professional gid malaka toifasiga ega boʻlgan;
gid (gid-tarjimon) sifatida kamida oʻn yillik ish stajiga ega boʻlgan;
davlat va xalqaro darajadagi tadbirlarda oliy darajadagi tashrif buyuruvchilarga ekskursiya xizmatlarini tashkil etgan;
belgilangan tartibda “ustoz-shogird” anʼanalari asosida kamida 10 nafar malaka sertifikatiga ega boʻlgan yosh gidlarni tayyorlagan.
15. Malaka toifasi berishda quyidagilar inobatga olinadi:
kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalar;
ekskursiya xizmatlarini tashkil etish va oʻtkazish mahorati;
ekskursiya obyektlari boʻyicha bilim darajasi;
turistlar bilan muloqot madaniyati;
xorijiy tillarni bilish darajasi;
kasb etikasi qoidalariga rioya qilinishi.
3-bob. Toifa sertifikatini berish tartibi
16. Talabgorga malaka toifasini berish kasbiy imtihonni topshirish natijalarining eng kam koʻrsatkichi quyidagicha belgilanadi:
56 foizdan 70 foizgacha (70 foiz ham kiradi) — havaskor gid malaka toifasi;
70 foizdan va 85 foizgacha (85 foiz ham kiradi) — ixtisoslashgan gid malaka toifasi;
86 foizdan yuqori va 100 foizgacha — professional gid malaka toifasi.
“Oltin fond” gidi toifasi qoʻshimcha ravishda kasbiy tajriba va kasbiy faoliyat natijalari asosida beriladi.
17. Talabgorning malaka toifasi olish toʻgʻrisidagi murojaati Institut tomonidan qabul qilinadi hamda ushbu Nizom talablariga muvofiq koʻrib chiqiladi.
18. Malaka toifasi quyidagi bosqichlarda beriladi:
murojaatni qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazish;
talabgorning ushbu Nizomda belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrganish;
kasbiy imtihon va baholash natijalarini koʻrib chiqish;
imtihon komissiyasi tomonidan qaror qabul qilish.
19. Imtihon komissiyasi talabgorga malaka toifasini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
20. Quyidagi holatlarda talabgorlarga malaka toifasini berish rad etiladi:
ushbu Nizomda belgilangan talablarga muvofiq kelmaganda;
kasbiy imtihon natijalari toifa sertifikatini berish uchun yetarli boʻlmaganda;
soxta hujjatlar yoki haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar taqdim etilgani aniqlanganda.
21. Imtihon komissiyasining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida talabgorga malaka toifa sertifikati elektron shaklda yuboriladi.
22. Berilgan malaka toifalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar imtihon komissiyasi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida Turizm qoʻmitasiga mazkur shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yangilash uchun Oʻzbekiston Respublikasi gidlari (gid-tarjimonlari), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning yagona elektron reyestriga (keyingi oʻrinlarda — Yagona elektron reyestr) kiritish uchun yuboriladi.
4-bob. Toifa sertifikatini oʻzgartirish va bekor qilish tartibi
23. Gid (gid-tarjimon) ushbu Nizomda belgilangan talablarga muvofiq yuqoriroq malaka toifasini olish uchun bir yilda bir marta qayta murojaat qilish huquqiga ega.
24. Navbatdagi yuqori malaka toifasi ushbu Nizom talablari asosida beriladi.
Yangi toifa berilishi bilan avvalgi malaka toifasi oʻz kuchini yoʻqotadi.
25. Quyidagi hollarda imtihon komissiyasining qarori bilan malaka toifasi bekor qilinadi:
talabgorning yozma murojaatiga koʻra;
malaka toifasi soxta hujjatlar yoki haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar asosida olingani aniqlanganda;
talabgor sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan ekskursiya faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilinganda;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.
26. Malaka toifasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida talabgorga elektron shaklda yuboriladi.
27. Malaka toifasi bekor qilingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar imtihon komissiyasi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida Turizm qoʻmitasiga Yagona elektron reyestrga kiritish uchun yuboriladi.
28. Imtihon komissiyasining malaka toifasini berish, berishni rad etish, oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Berilgan malaka toifasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Yagona elektron reyestrda aks ettiriladi.
30. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
31. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 468-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “2019 — 2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish toʻgʻrisida” 2019-yil 31-dekabrdagi 1053-son qarorida:
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qarorida:
“yongʻin va sanitariya-gigiyena xavfsizligi boʻyicha vakolatli nazorat organlarining amaldagi QR-kodli xulosalari hamda lift qurilmasi mavjud boʻlgan taqdirda, uning roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat va lift pasporti nusxasi. Yangi tashkil etilgan joylashtirish vositalari uchun ulardan foydalanish boshlangan kundan boshlab bir yil davomida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar oʻrniga davlat qabul komissiyasining foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomasi nusxasi ham taqdim etilishi mumkin;
mehmonlar xavfsizligi va xizmat koʻrsatish (dezinfeksiya, yongʻin signalizatsiyasi tizimi va liftlarga texnik xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida) sifatini taʼminlash boʻyicha tegishli xizmatlar bilan shartnomalar nusxalari;
ariza beruvchining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqini belgilovchi hujjati yoki bunday mulkning soliq organlarida hisobga qoʻyilgani toʻgʻrisidagi ijara shartnomasi. Bunda Markaz “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali ushbu hujjatni mustaqil ravishda olishi mumkin”;
“Komissiya ishini Markazning muvofiqlikni baholash boʻyicha mutaxassislari orasidan tayinlanadigan raisi rejalashtiradi va muvofiqlashtiradi. Komissiya tarkibiga sohada tegishli malakaga ega boʻlgan mutaxassislar kiritilishi mumkin”;
30-bandning toʻrtinchi xatboshisi, 50-bandning ikkinchi xatboshisi va 58-bandning “b” kichik bandi ikkinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “sifat boʻyicha ekspert-auditor” soʻzlari tegishli kelishikdagi “muvofiqlikni baholash boʻyicha mutaxassis” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Bunda komissiya sertifikatining asl nusxasi mavjudligini hamda ushbu Nizomning 8 — 11-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarning dolzarbligini, shuningdek, shartnomalar asosida bajarilgan ishlar dalolatnomalari mavjudligini tekshiradi”;
3-ilovaning beshinchi ustunidagi “Turizm davlat qoʻmitasining” soʻzlari chiqarib tashlansin;
“Sertifikatlashtirilgan xizmatlar koʻrsatishdan besh yilda tushadigan daromadning prognoz qilingan hajmi (QQSsiz)”;
izoh qismining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Rahbarlik funksiyalari va buxgalteriya hisobi funksiyalarini amalga oshiruvchi shaxslarning hamda reja boʻlimi (shtat jadvalida boʻlganda) boshligʻining imzolari qoʻyilgan ariza beruvchining yozma deklaratsiyasi sertifikatlashtirilgan xizmatlar koʻrsatishdan besh yilda tushadigan daromadning prognoz qilingan hajmining tasdigʻi hisoblanadi”;
9-banddagi “Qoʻmita, Madaniy meros obyektlarini asrashga doir muammolarni oʻrganish va turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari “Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
30-bandning “b” kichik bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“a” kichik banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi” soʻzlari “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“b” kichik banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
35-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻlboshchilarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish uchun oʻquv dasturlari Turizm qoʻmitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy dasturlar asosida ishlab chiqiladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomga 5-ilova 9-pozitsiyasining “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) yuridik shaxs xodimlarining (gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar) belgilangan tartibda berilgan muddatsiz malaka sertifikati mavjudligi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-noyabrdagi 635-son qarori bilan tasdiqlangan Ayrim turdagi malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga 5-ilovada:
3-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“
3.
Malaka sertifikatini beruvchi vakolatli organ(lar):
Turizm qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti
”;
4-pozitsiya “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oliy, oʻrta va oʻrta maxsus professional maʼlumotga ega boʻlganlik haqidagi davlat namunasidagi hujjatlar yoki qayta tayyorlash kursidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi”;
7-pozitsiyaning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi kasblariga oid oliy, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim yoki qayta tayyorlash kurslaridan oʻtganligini tasdiqlovchi belgilangan namunadagi hujjatga ega boʻlishi*”;
8-pozitsiyadagi “3 yil” soʻzlari “cheklanmagan” soʻzi bilan almashtirilsin;
9-pozitsiya uchinchi ustunining oʻn sakkizinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.
Izoh. Ushbu ilovaning 3 va 4-bandlari 2026-yil 1-dekabrdan boshlab kuchga kiradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.09.2026-y., 09/26/468/0900-son)