Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ajratilgan mintaqa va muhofaza zonalari chegaralarida temir yoʻl transporti yerlarining oʻlchamini belgilash hamda ulardan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga muvofiq temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash darajasini oshirish, yoʻlovchilar hayoti hamda sogʻligʻi uchun xavfsiz harakatlanish muhitini tashkil etish, muhandislik inshootlari va boshqa temir yoʻl transporti vositalari sifatli ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, temir yoʻl transporti yerlarining muhofaza zonalari hamda ajratilgan chegara mintaqalaridan maqsadli foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ajratilgan mintaqa va muhofaza zonalari chegaralarida temir yoʻl transporti yerlarining oʻlchamini belgilash hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ajratilgan mintaqa chegaralarida temir yoʻl transporti yerlaridan foydalanish va ularni saqlash;
temir yoʻl transporti yerlariga chegaradosh boʻlgan muhofaza zonasi yerlari oʻlchami va ulardan foydalanish tartibi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda muhofaza zonalaridagi yerlar boʻyicha qonunchilik hujjatlari talablariga zid qarorlar chiqarilishiga yoʻl qoʻymaslik, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini belgilovchi hujjatlarni chiqarmaslik va boshqa qonun buzilishi holatlarining oldini olish choralarini koʻrib borsinlar.
3. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Transport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda temir yoʻl transporti yerlariga chegaradosh boʻlgan muhofaza zonasi yerlarida koʻkalamzorlashtirish va daraxt ekish ishlarini amalga oshirish dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Belgilansinki:
ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi;
mazkur qarorning amal qilishi qaror kuchga kirgandan keyingi munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
5. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-sentabr,
616-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-sentabrdagi 616-son qaroriga
ILOVA
Ajratilgan mintaqa va muhofaza zonalari chegaralarida temir yoʻl transporti yerlarining oʻlchamini belgilash hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ajratilgan mintaqa va muhofaza zonalari chegaralaridagi temir yoʻl transporti yerlarining oʻlchamini belgilash hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
ajratilgan mintaqa — temir yoʻllarga tutashgan, temir yoʻllar bilan band boʻlgan yoki bunday yoʻllarni joylashtirish uchun moʻljallangan, shuningdek, temir yoʻl stansiyalarini, suv chiqarish va mustahkamlash qurilmalarini, temir yoʻllar boʻylab himoya chiziqlarini, aloqa liniyalarini, elektr taʼminoti qurilmalarini, harbiy yuklarni ortish va tushirish joylarini, ishlab chiqarishga oid va boshqa binolarni, imoratlar, inshootlar va temir yoʻl transportining boshqa obyektlarini joylashtirish uchun moʻljallangan yer uchastkalari;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-iyundagi 317-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2026-y., 09/26/317/0617-son)
Oldingi tahrirga qarang.
muhofaza zonalari — ajratilgan mintaqaga ikki tomondan tutashgan hududlar belgilanadi, temir yoʻl transporti xodimlari, yoʻlovchilar, hayvonlar xavfsizligini, shuningdek, temir yoʻl stansiyalaridan, temir yoʻllardan, elektr taʼminoti va aloqa liniyalaridan foydalanishda xavfsizlikni, temir yoʻl transporti inshootlari, qurilmalari va boshqa obyektlarining, shu jumladan, siljuvchi tuproqli hududlarda va qum uyumlari, yer koʻchishi, yer choʻkishi, suv oqizib ketishi, sel olishi va tabiiy xususiyatdagi boshqa xavfli taʼsirlarga moyil boʻlgan hududlarda joylashgan obyektlarning but saqlanishi, mustahkamligi va bardoshliligini taʼminlash maqsadida oʻrnatilgan hududlar;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-iyundagi 317-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2026-y., 09/26/317/0617-son)
umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar — yukni joʻnatuvchilarga (joʻnatuvchilarga) va yukni oluvchilarga (oluvchilarga) shartnoma shartlari asosida xizmat koʻrsatish yoki egalik qiluvchining oʻz ehtiyojlari uchun texnologik ishlarni bajarishga moʻljallangan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga bevosita yoki boshqa temir yoʻl shoxobcha yoʻllari orqali tutashadigan shoxobcha temir yoʻllar, shuningdek, umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga tutashmaydigan temir yoʻllar;
Oldingi tahrirga qarang.
temir yoʻl transporti infratuzilmasi — texnologik majmua boʻlib, u ushbu majmua faoliyatini taʼminlovchi temir yoʻllarni, temir yoʻl stansiyalarini, elektr taʼminoti qurilmalarini, aloqa tarmoqlarini, signalizatsiya, markazlashtirish va bloklash tizimlarini, axborot majmualarini, harakatni boshqarish tizimini, binolar, inshootlar, qurilmalar, jihozlar va uskunalarni oʻz ichiga oladi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-iyundagi 317-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2026-y., 09/26/317/0617-son)
Oldingi tahrirga qarang.
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasining operatori (keyingi oʻrinlarda — infratuzilma operatori) — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilotga tegishli boʻlgan, umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarning va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi boshqa obyektlarining foydalanilishini, joriy saqlanishini va modernizatsiyasini, qurilishini amalga oshiradigan, shuningdek, infratuzilmadan foydalanish xizmatlarini, shu jumladan, harakatdagi tarkibni oʻtkazish va olib oʻtish uchun umumiy foydalanishdagi temir yoʻllardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan xizmatlarni koʻrsatadigan yuridik shaxs.
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-iyundagi 317-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2026-y., 09/26/317/0617-son)
2-bob. Ajratilgan mintaqa chegaralarida temir yoʻl transporti yerlaridan foydalanish va ularni saqlash tartibi
3. Temir yoʻl transportiga ajratilgan mintaqa chegaralarini belgilashda infratuzilma operatori yoki umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egasi Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, Shaharsozlik kodeksi, “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida”gi Qonuni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq tegishli yer tuzish (kadastr) ishlari bajarilishini taʼminlaydi.
4. Temir yoʻl transportiga ajratilgan mintaqa chegaralarini kadastr hisobiga olish hamda ajratilgan mintaqa oʻlchamlarini oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 30-iyundagi 152-son qarori bilan tasdiqlangan Temir yoʻllar davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Temir yoʻl transportiga ajratilgan mintaqa doirasidagi yer uchastkalari chegaralari yer ajratish meʼyorlariga, loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlariga (hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi hamda ularni qurish haqidagi hujjatlar), umumiy foydalanishdagi temir yoʻl infratuzilmasi yoki temir yoʻl shoxobcha yoʻllarini rivojlantirish va rekonstruksiya qilish bosh tarhlariga muvofiq boʻlishi lozim.
Temir yoʻl transportiga ajratilgan mintaqa doirasidagi yer uchastkalari maxsus chegaralovchi belgilangan namunadagi marza belgilari bilan ajratiladi.
6. Ajratilgan mintaqa kengligini belgilashda shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq quyidagilar hisobga olinishi lozim:
yer koʻtarmasining konfiguratsiyasi (koʻndalang kesimi);
sunʼiy inshootlar oʻlchamlari;
mahalliy yer relyefi;
alohida ob-havo sharoitlari (jarliklar paydo boʻlish zonalarida, qor koʻchkisiga (oʻpirilishiga), koʻchki, suv toshishi, sel oqimlari, jarliklar, karstlar vujudga kelishiga va boshqa xavfli geologik taʼsirlarga moyil joylarda joylashgan yoʻl uchastkalari);
yoʻllarni qor yoki tuproq koʻchkisidan himoya qilish zarurati.
Ajratilgan mintaqa kengligi stansiyalar oraligʻida (peregonda) 10 metrdan 29 metrgacha boʻlgan masofada belgilanadi.
Bunda ajratilgan mintaqa kengligi temir yoʻlning qor koʻchkisidan himoya qilish inshootlari, toʻgʻonlar, yoʻl oʻtkazgichlar va boshqa maxsus himoya vositalari talab etiladigan joylarda ushbu qurilmalarning joylashishini hisobga olgan holda belgilanadi.
7. Temir yoʻl transporti yerlariga tegishli boʻlgan, harakat xavfsizligini taʼminlash va undan foydalanishga moʻljallangan temir yoʻl transporti obyektlari bilan band boʻlmagan ajratilgan mintaqa yer uchastkalari (ularning qismlari)dan:
yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish;
yuklarni omborlarga joylashtirish;
ortish-tushirish maydonchalarini joylashtirish;
temir yoʻl shoxobcha yoʻllarini ulash;
temir yoʻl boʻyidagi omborlarni (yoqilgʻi-moylash materiallari ombori va avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari, shuningdek, xavfli moddalar hamda materiallarni saqlash uchun moʻljallangan omborlar bundan mustasno) qurish uchun foydalanish mumkin.
8. Ajratilgan mintaqa chegaralarida yer uchastkalaridan foydalanishda quyidagi talablarda rioya qilish lozim:
a) yer uchastkalaridan belgilangan maqsadlarda foydalanish;
b) quyidagilarga:
temir yoʻlda koʻrinishning yomonlashishiga olib keluvchi, harakat xavfsizligiga hamda temir yoʻl transportidan foydalanishga tahdid soluvchi binolar va inshootlar, koʻp yillik ekinlarni joylashtirishga;
togʻli hududlarda qum-tosh jinslari va tuproq massalari toʻplanishiga;
muhandislik kommunikatsiyalari joylashgan joylarda temir yoʻl transportidan foydalanish va harakat xavfsizligiga tahdid soladigan bino va inshootlarni qurish hamda joylashtirishga;
ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda inshootlari joylashgan joylarda qishloq xoʻjaligi ishlarini amalga oshirishga;
qishloq xoʻjaligi yerlariga tutash joylarda begona oʻtlar va daraxt-butalarning oʻsib koʻpayib ketishiga;
oʻrmon hududlariga tutash joylarda qurib qolgan daraxtlar, shox-shabbalar, kesilgan yogʻoch qoldiqlari va yonuvchan materiallar toʻplanishiga;
atrof tabiiy muhit ishlab chiqarish chiqindilari va temir yoʻl transporti ishlab chiqarish faoliyatining boshqa chiqindilari bilan ifloslanishiga, yerlar axlat uyumlari bilan toʻlishi hamda botqoqlanishiga yoʻl qoʻymaslik;
v) ajratilgan mintaqa chegarasini tabiiy oʻrmon yoqasidan eni 3 metrdan 5 metrgacha boʻlgan yongʻinning oldini oluvchi toʻsiq yoki eni 3 metrdan kam boʻlmagan minerallashtirilgan uchastka bilan ajratish;
g) yerni eroziya va degradatsiyadan himoya qilish choralarini koʻrish, yerni noqulay tabiat hodisalaridan himoya etish boʻyicha oʻrmon melioratsiyasi, yongʻinning oldini olish va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
d) yerdan, suvdan va yer osti boyliklaridan foydalanishning belgilangan tartibini buzmaslik.
9. Ajratilgan mintaqa chegarasida temir yoʻl transporti yer uchastkalaridan cheklangan holda foydalanish huquqi (servitut) — temir yoʻllarni kesib oʻtuvchi yoki ularga yaqin joyda joylashgan quyidagi obyektlarni joylashtirish (yotqizish), qurish va foydalanish uchun belgilanishi mumkin:
muhandislik kommunikatsiyalari;
yoʻl oʻtkazgichlar;
temir yoʻl kesishmalari;
aloqa va elektr uzatish liniyalari;
quvur liniyalari;
neft va gaz quvurlari;
irrigatsiya liniyalari, shuningdek, drenaj ishlari.
Servitut uni talab etuvchi koʻrsatib oʻtilgan inshootlar mulkdori bilan infratuzilma operatori yoki umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egasi oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga asosan belgilanadi.
Ajratilgan mintaqa chegarasida ushbu bandda koʻrsatilgan obyektlardan foydalanish xavfsizligiga ularning egalari masʼuldirlar. Mazkur inshootlar egalari harakat xavfsizligiga tahdid soladigan avariya hodisalari yuzaga kelganligi toʻgʻrisida infratuzilma operatori yoki umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egasiga oʻz vaqtida xabar berishi shart.
10. Ajratilgan mintaqa chegaralaridagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlarida belgilangan tartibda tashqi reklama obyektlari joylashtirilishi mumkin.
Bunda tashqi reklama obyektlari Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda tashqi reklama toʻgʻrisidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlishi hamda temir yoʻl transportidan foydalanishga va harakat xavfsizligiga tahdid solmasligi, koʻrishni yomonlashtirmasligi hamda temir yoʻl transporti obyektlarining ekologik tozaligini buzmasligi lozim.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni.
3-bob. Temir yoʻl transporti yerlariga chegaradosh boʻlgan muhofaza zonasi yerlari oʻlchami va ulardan foydalanish tartibi
11. Muhofaza zonalari aholi xavfsizligini, temir yoʻl liniyalari, elektr taʼminoti va aloqa liniyalaridan xavfsiz foydalanish, umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlari, shu jumladan, siljuvchi tuproqli hududlarda hamda qor va qum uyumlari toʻplanishiga va boshqa zararli taʼsirlarga molik boʻlgan hududlarda joylashgan obyektlar soz holda saqlanishi, mustahkamligi va barqarorligini taʼminlash uchun xizmat qiladi.
12. Muhofaza zonalari chegaralaridagi yer uchastkalari yer, shaharsozlik va ekologiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Muhofaza zonalarini belgilash zarurati ularning oʻlchamlari va chegaralari, ular doirasida yerdan foydalanishda yer koʻtarmasi hamda temir yoʻl transporti sunʼiy inshootlariga salbiy taʼsirlarning oldini olish uchun yer koʻtarmasini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash loyihalarida hisobga olinadi.
Bunda fizik-geografik, tuproqqa oid, gidrologik va boshqa tabiiy sharoitlarni, shuningdek, aholi punktlaridagi uy-joylarni oʻtayotgan poyezdlarning meʼyordan ortiq shovqinidan, yonuvchan, portlovchi va xavfli yuklarni tashishda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan halokatlardan himoya qilish zaruratini inobatga olish lozim.
13. Quyidagi joylarda temir yoʻl muhofaza zonalari chegaralari belgilanadi:
a) aholi punktlarida va ularning bevosita yaqinida;
b) qor koʻchkisi, oʻpirilish, suv toshishi, sel oqimlari, jarliklar, karstlar vujudga kelishiga va boshqa xavfli geologik taʼsirlarga moyil joylarda;
v) harakatlanuvchi qumli maydonlarda;
g) himoya oʻrmonzorlari vazifasini bajaruvchi oʻrmonlar, jumladan, daryo qayirlari va yer usti suv obyektlari boʻylab joylashgan oʻrmonlarda;
d) daraxtlarni kesib tashlash oqibatida togʻlar qiyaliklari hamda tepaliklarning barqarorligiga taʼsir koʻrsatishi va oʻpirilish, tosh koʻchishi, jarliklar paydo boʻlishiga olib kelishi yoki sel oqimlari hamda qor koʻchkisi vujudga kelishi mumkin boʻlgan, temir yoʻllarning butunligi, barqarorligi va mustahkamligiga taʼsir koʻrsatadigan oʻrmonlarda.
14. Temir yoʻl transportidan foydalanish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida muhofaza zonalarida quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
binolar, imoratlar va inshootlarni qurish, daraxt koʻchatlarini, mevali daraxtlarni ekish, muhandislik-kommunikatsiyalarini qurish, vaqtincha yoʻllarni joylashtirish, daraxt va buta oʻsimliklarini kesish, chim qoplamini olib tashlash, qiyaliklar barqarorligini yomonlashtirishi mumkin boʻlgan yer ishlarini amalga oshirish;
qum koʻchadigan joylardagi muhofaza zonalari chegaralarida tabiiy tuproq qoplamasini oʻzgartirish, qurigan oʻtlarni yoqish, transport vositalarining harakatlanishi;
yerlarni shudgor qilish, polizlar barpo etish;
chorva mollarini oʻtlatish;
yer usti va xoʻjalik-maishiy suvlarni oqizish.
15. Aholi punktlarida va ularning bevosita yaqinida muhofaza zonalari har ikki tomondan, temir yoʻl chekka izi oʻqidan 100 metrdan kam boʻlmagan masofada belgilanadi.
Aholi punktlarida, aholi punktlararo hududlarida muhofaza zonalari hamda ulardan foydalanish maqsadlari va tartiblari hududlarni hamda aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisida hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlarda belgilanadi.
16. Qum koʻchadigan joylarda muhofaza zonalari temir yoʻl oʻqining har ikki tomonidan, ajratilgan mintaqani hisobga olgan holda, 500 metrdan kam boʻlmagan masofada belgilanadi.
17. Koʻtarma temir yoʻl oʻqidan ihota daraxtzorlarigacha boʻlgan masofa 15 metrdan kam boʻlmagan uzunlikda belgilanadi. Asosiy yoʻllarda esa bu masofa ikkinchi yoʻl qurish moʻljallangan tomonga qarab 20 metrgacha uzaytiriladi.
Oʻyiqliklarning roshidan, shuningdek, suvlarni oqizib ketuvchi ariqlar (mavjud boʻlgan taqdirda) roshidan ihota daraxtzorlarigacha boʻlgan masofa 5 metrdan kam boʻlmagan uzunlikda belgilanadi. Asosiy yoʻllarda esa, bu masofa ikkinchi yoʻl qurish moʻljallangan tomonga qarab 10 metrgacha uzaytiriladi. Bunda har qanday hollarda temir yoʻl chekka izi oʻqidan ihota daraxtzorlarigacha boʻlgan masofa 15 metrdan kam boʻlmasligi lozim. Agar 15 metr masofada elektr uzatish tarmogʻi boʻlsa, uning muhofaza zonalari ham hisobga olinishi kerak.
Oʻrmon fondi yerlaridagi muhofaza zonalarida daraxtlarni parvarishlash, sanitariya va oʻrmonni qayta tiklash maqsadlaridan tashqari yoppasiga kesishga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Daryo qayirlari, koʻllar va suv omborlari boʻyidagi muhofaza zonalarida temir yoʻl koʻtarmasi qiyaliklarini hamda koʻpriklar yonidagi suvni tartibga soluvchi inshootlar yuvilib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida chorva mollarini oʻtlatish, himoya daraxtzorlari va butazorlarni kesish taqiqlanadi.
19. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari muhofaza zonasi temir yoʻllarning ajratilgan mintaqa va (yoki) muhofaza zonalarini kesib oʻtganda, ularning oʻlchamlari Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalariga muvofiq belgilanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Temir yoʻl transporti yerlari Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 543-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning maʼmuriy reglamenti bilan belgilangan tartibda ajratiladi.
21. Ushbu Nizom talablarini qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 65 –– 69-moddalari.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2024-y., 09/24/616/0771-son; 23.06.2026-y., 09/26/317/0617-son)