Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Yer qaʼridan foydalanish, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-79-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) direktori maqomi boʻyicha vazirning birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
b) Agentlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
v) Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarga atom energiyasi sohasidagi loyihalar doirasida:
loyihalar konsepsiyalari, parametrlari va shartlarini ishlab chiqishda zarur xizmatlarni, shu jumladan, marketing, muhandislik va boshqa xizmatlarni koʻrsatishga ixtisoslashgan kompaniyalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga;
xoʻjalik jamiyatlarini tashkil etish (ustav kapitalida ishtirok etish) va mazkur jamiyatlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga;
iqtisodiyot tarmoqlaridagi loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishga ruxsat beriladi.
3. Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligining Atom energetikasini rivojlantirish jamgʻarmasi Agentlik huzurida Atom energiyasidan foydalanish sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) etib qayta tashkil etilsin.
Belgilansinki:
a) quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarmaning kutilayotgan xarajatlaridan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda oʻrnatiladigan, “Navoiyuran” davlat korxonasi yillik foydasidan hisoblangan dividendining 4 foizi miqdoridagi ajratmalari;
(3-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarining grantlari, imtiyozli kreditlari va boshqa maqsadli mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Jamgʻarma mablagʻlari:
Agentlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga;
Agentlik xodimlari mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishga;
Agentlik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va amaliyot oʻtashini, shu jumladan, xorijiy davlatlarga xizmat safarlarini tashkil qilish, xalqaro konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini taʼminlashga;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarini, shu jumladan, tashqi infratuzilma obyektlarini qurish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq Agentlik zimmasidagi vazifalarni amalga oshirishga;
atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida ilmiy tadqiqotlar, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarni qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlarida ilgʻor yadro texnologiyalarini joriy etish bilan bogʻliq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga;
Agentlikka xorijiy mutaxassislar va konsultantlarni jalb etishga;
Agentlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga;
Agentlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
4. Agentlik direktoriga:
yuklangan topshiriq va vazifalarni amalga oshirish doirasida konsultantlar sifatida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilm-fan va taʼlim muassasalari, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi yetakchi xalqaro va chet el kompaniyalari mutaxassislarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish yoʻli bilan jalb etish;
yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni belgilangan tartibda ishga qabul qilish, shuningdek, Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ularning mehnatiga milliy yoki chet el valyutasida (xorijdagi hisobvaraqlarga oʻtkazgan holda) haq toʻlash huquqi berilsin.
5. Agentlik va uning tizim tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq tarif koeffitsiyenti 1,8 baravarga oshirilgan holda qoʻllanishi belgilansin.
6. Toshkent shahri, Mirobod tumani, Oybek koʻchasi 26- va 26/1-uylarda joylashgan bino va inshootlar Agentlik tasarrufida qoldirilsin.
7. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-may,
PQ-188-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-188-son qaroriga
1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
1. Atom energiyasidan foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish.
2. Davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish.
3. Atom energiyasidan foydalanish sohasiga doir davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish.
4. Atom energiyasidan foydalanish sohasida xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish.
5. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, shuningdek, mazkur sohadagi norma va qoidalarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqish hamda qabul qilish.
6. Tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarida yongʻin xavfsizligi choralari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish.
7. Tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jismoniy himoyasini taʼminlash choralarini koʻrish.
8. Tasarrufidagi yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini tadqiq etishga, joylashtirishga, loyihalashtirishga, barpo etishga hamda ulardan foydalanishga oid ishlarni tashkil etish.
9. Fundamental tadqiqotlarning, ilmiy izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarning loyihalarini tayyorlash hamda amalga oshirishga, ilgʻor texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashish.
10. Tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligi tizimini yaratish hamda takomillashtirish.
11. Tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlaridagi yadroviy materiallar va texnologiyalarning, radioaktiv materiallarning tarqalib ketmasligi, shuningdek, radiatsiya hamda yadro xavfsizligini taʼminlashga doir tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan choralar koʻrish.
12. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarini ekspluatatsiya qilish uchun zarur boʻlgan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini, shu jumladan, chet elda tashkil etish.
13. Avariyaga oid tashqi va ichki rejani ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish.
14. Oʻzbekiston Respublikasi hududida radiatsiyaviy vaziyatni monitoring qilishning yagona avtomatlashtirilgan davlat tizimini tashkil qilishda va uning ishlashida ishtirok etish.
15. Yadroviy materiallar, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha dasturlarning shakllantirilishini va roʻyobga chiqarilishini taʼminlash ustidan idoraviy nazoratni amalga oshirish.
16. Yadroviy qurilmalarning va (yoki) saqlash punktlarining bosh (ilmiy, konstruktorlik va loyihalashtirish) tashkilotlarini belgilash, ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash.
17. Atom energiyasidan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-188-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining
TASHKILIY TUZILMASI

Atom energiyasi agentligi

“Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi” DK

Toshkent shahridagi “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti filiali

Atom injiniring markazi — “Uzatom Worley Engineering” MChJ QK

Atom energiyasidan foydalanish sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi

(yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan)

Izoh: Agentlik boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 49 nafarni tashkil etadi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 07/24/188/0369-son; 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)