1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.02.00 Taʼlim tizimini boshqarish;
2.15.00.00.00 Mudofaa / 15.06.00.00 Harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash / 15.06.04.00 Voyaga etmagan fuqarolarni harbiy jihatdan tayyorlash maqsadidagi qoʻshimcha taʼlim dasturlari boʻlgan oʻrta (toʻliq) umumiy taʼlim muassasalari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika chegaraoldi shahar va tumanlaridagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” klublari faoliyatini tartibga solish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yoshlarni milliy qadriyatlar va madaniyatga boʻlgan tahdidlar hamda yot gʻoyalardan asrash, har tomonlama rivojlangan, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, milliy anʼanalarga sadoqatli, dunyoqarashi keng, vatanparvar va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan “Yosh chegarachilar” klublarining faoliyatini tartibga solish, qoʻllab-quvvatlash va aholi orasida ommalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamkorligida chegaraoldi shahar va tumanlardagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida (akademik litseylar, harbiy-akademik litseylar yoki maxsus harbiylashtirilgan maktablar bundan mustasno) chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi oʻquvchilardan iborat “Yosh chegarachilar” klublari tashkil etilganligi va har yili ushbu maktablarning jamoalari oʻrtasida uch bosqichli musobaqa (keyingi oʻrinlarda — musobaqa) oʻtkazib kelinayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Yosh chegarachilar” klubi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq;
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish boʻyicha viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) va tuman (shahar) qoʻmitalarining namunaviy tarkiblari 4 — 4a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasi (S.S. Kurbanov):
musobaqaning barcha bosqichlari belgilangan tartibda puxta tashkil etilishini taʼminlasin;
musobaqaning tuman (shahar) va viloyat bosqichlarini oʻtkazish boʻyicha mahalliy va hududiy tashkiliy qoʻmitalar tuzilishini hamda ularning faoliyati toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishini, shu jumladan har bir bosqich toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar belgilangan tartibda taqdim etilishini nazoratga olsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda musobaqaning respublika bosqichini yuqori saviyada oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin.
5. Musobaqani oʻtkazishga masʼul vazirlik va idoralar ushbu qarorga 2-ilovada belgilangan vazifalar sifatli bajarilishini taʼminlasin.
6. Belgilansinki, musobaqani oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar ushbu qarorga 2-ilovada keltirilgan taqsimotga asosan tegishli vazirlik va idoralarning budjet hamda budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-iyun,
261-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 261-son qaroriga 1-ILOVA
“Yosh chegarachilar” toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom chegaraoldi shahar va tumanlardagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari (keyingi oʻrinlarda — maktab) oʻquvchilari ishtirokida “Yosh chegarachilar” klublarini (keyingi oʻrinlarda — klub) tashkil etish, klub aʼzoligiga qabul qilish va aʼzoligidan chiqarish, klubni boshqarish tartibi, shuningdek, aʼzolarining huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
2. Klub Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining (keyingi oʻrinlarda — DXX CHQ) harbiy qismlariga biriktirilgan hamda klubni tashkil etish istagini bildirgan chegaraoldi shahar va tumanlardagi maktablarda tashkil etiladigan yosh koʻngillilar jamoasi hisoblanadi.
Klub yuridik shaxs hisoblanmaydi.
3. Klub yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chegara sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini oʻrganish hamda keng jamoatchilikka yetkazish, ongli ravishda chegaraoldi hududda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi xavfsizligini taʼminlashda daxldorlik hissini shakllantirish, oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ularni chegarachi kasbiga qiziqtirish maqsadida tashkil etiladi.
4. Klubni tashkil etish boʻyicha maktab direktori, tegishli harbiy qismning shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha ofitseri, maktab tibbiy hamshirasi, jismoniy tarbiya oʻqituvchisi, yoshlar yetakchisi hamda “Chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fani oʻqituvchisidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi.
Maktab direktori va “Chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fani oʻqituvchisi ishchi guruh rahbari va kotibi hisoblanadi.
Klub ishchi guruh yigʻilishi bayoni bilan tashkil etiladi.
5. Klub oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlari hamda ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Klub maktab direktori tomonidan tasdiqlangan ramziy bayrogʻi, vimpeli va shioriga ega boʻladi.
7. Klub faoliyatini tashkil etish maktab maʼmuriyati tomonidan amalga oshiriladi. Maktab maʼmuriyati DXX CHQ bilan hamkorlikda maxsus xonani tashkil qiladi. Klubning pochta manzili maktabning joylashgan yeri hisoblanadi.
8. Klub faoliyati maktabning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
2-bob. Klubning asosiy vazifalari
9. Quyidagilar klubning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yoshlarning maʼnaviy-intellektual salohiyatini va dunyoqarashini yuksaltirish, ularni milliy qadriyat va anʼanalarga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur, Najmiddin Kubro kabi buyuk siymolarning vatanparvarlik, mardlik va jasurlik tuygʻularini shakllantirish;
yoshlarda milliy armiya bilan faxrlanish, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat hissini uygʻotish, ularni DXX CHQning shonli va jangovar anʼanalarining davomchilari etib tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun bosqichma-bosqich tayyorlash;
yoshlar ongida chegaraoldi hududlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish;
yoshlarda chegaraoldi hududlarda yuz berishi mumkin boʻlgan yoki sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanish va jabrlanganlarga yordam koʻrsatish koʻnikmalarini shakllantirish, ularning chidamliligini oshirish hamda har qanday qiyinchiliklarni matonat bilan yengishga oʻrgatish;
klub aʼzolarini “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasiga (keyingi oʻrinlarda — musobaqa) puxta tayyorlash hamda bir jamoa boʻlib hamjihatlikda harakatlanishga oʻrgatish.
10. Klub oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun:
klub faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yoritib boradi, klubda olib borilayotgan mashgʻulotlar va musobaqaning mahalliy va hududiy bosqichlaridagi ishtirokni aks ettiruvchi fotoalbom va harbiy varaqani tayyorlaydi;
klub aʼzolari uchun nazariy va amaliy mashgʻulotlarni tashkil etadi;
yoshlarda nutq madaniyati va notiqlik sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan treninglar oʻtkazadi;
klub tomonidan tashkil qilinadigan tadbirlar va musobaqa jarayonlari haqida materiallar (videolavha, maqola, fotoocherk va boshqalar) tayyorlaydi hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda orqali namoyish etadi.
3-bob. Klub aʼzoligiga qabul qilish va undan chiqarish
11. Klub aʼzoligiga maktablarning 9, 10 va 11-sinf oʻquvchilari, oʻz xohishiga koʻra, cheklanmagan miqdorda qabul qilinadi.
Klubga qabul qilish uchun aʼzolik badali yoki boshqa toʻlovlar amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Klub aʼzosi boʻlish uchun oʻquvchilar klub rahbariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
klub rahbari nomiga ariza;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi);
F-086-u shakldagi tibbiy maʼlumotnoma.
13. Klub rahbari toʻplangan hujjatlarni ishchi guruhga taqdim etadi.
Oʻquvchilar ishchi guruh yigʻilishi bayoniga muvofiq harbiy qism komandirining buyrugʻi asosida klub aʼzoligiga qabul qilinadi.
Buyruq harbiy qism komandirining oʻrinbosari tomonidan oʻquvchilar orasida oʻqib eshittiriladi va klub aʼzolari tantanali ravishda tanishtiriladi.
14. Klub rahbari klub aʼzolari orasidan sardorni tayinlaydi.
15. Oʻquvchilar quyidagi hollarda klub aʼzoligidan chiqariladi:
oʻz arizasiga muvofiq;
ushbu Nizomning 20-bandida belgilangan majburiyatlarni bajarmaganda;
maktabni bitirganda yoki oʻqishini boshqa taʼlim tashkilotiga koʻchirganda.
16. Oʻquvchilar ishchi guruh yigʻilishi bayoniga muvofiq harbiy qism komandirining buyrugʻi asosida klub aʼzoligidan chiqariladi.
4-bob. Klub sardori hamda boshqa aʼzolarining huquq va majburiyatlari
17. Klub sardori quyidagi huquqlarga ega:
klub aʼzolarining erishayotgan ijobiy natijalarini ragʻbatlantirish uchun klub rahbariga tavsiya berish;
klub aʼzolarini sodir etgan salbiy xatti-harakatlari uchun ogohlantirish, ushbu xatti-harakatlar takroran sodir etilgan taqdirda, oʻquvchini klub aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisida ishchi guruhga taqdimnoma kiritish.
18. Klub sardori:
klub aʼzolarining tartib-intizomga rioya etishlarini taʼminlashda klub rahbariga koʻmaklashishi;
klub aʼzolariga oʻqishda, mehnatda va odob-axloq masalalarida har tomonlama namuna boʻlishi;
klub aʼzolari tomonidan ushbu Nizomning 20-bandida belgilangan majburiyatlar bajarilishi ustidan nazorat qilishi;
klub yigʻilishini tashkil etish, aʼzolarning ijobiy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashi;
klub aʼzolari bilan harbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari, shuningdek, maktab oʻquvchilari ishtirokida harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini oʻtkazishda harbiy qism masʼul harbiy xizmatchilariga koʻmaklashishi shart.
19. Klub aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
klub yigʻilishlarida uning faoliyati toʻgʻrisida oʻz fikr-mulohazalarini bildirish;
klub faoliyatini rivojlantirish boʻyicha takliflar berish;
klub sardorining notoʻgʻri xatti-harakatlari boʻyicha oʻz fikrini bildirish;
klubga aʼzoligi davomida oʻz huquq va erkinliklari buzilganligi, shuningdek, klub faoliyatiga daxldor masalalar yuzasidan harbiy qism qoʻmondonligiga murojaat qilish;
istalgan vaqtda klub aʼzoligidan chiqish.
20. Klub aʼzolari:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, ushbu Nizom va klub faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar talablariga, shuningdek, harbiy qism va maktab ichki-tartib qoidalariga qatʼiy rioya qilishi;
klub faoliyati bilan bogʻliq tadbirlarda, shu jumladan DXX CHQ va maktab maʼmuriyati oʻrtasida tuzilgan hamkorlik rejasiga muvofiq tashkil etiladigan “Ochiq eshiklar kuni” va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi hamda klub manfaatlarini himoya qilishi;
klub mashgʻulotlarida muntazam ishtirok etib, oʻz bilim va mahoratini oshirib borishi shart.
21. Klub aʼzolari chegaraoldi hududlarda Davlat chegarasi qonunchiligining buzilishi bilan bogʻliq noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishda DXX CHQga koʻmaklashishi mumkin.
22. DXX CHQ saflariga muddatli harbiy xizmatga qabul qilishda klub aʼzosi boʻlgan oʻgʻil bolalar qonunchilikda belgilangan tartibda ustuvor huquqda tanlab olinadi.
23. Klub aʼzolari bir vaqtning oʻzida boshqa harbiy-vatanparvarlik klublariga aʼzo boʻlishiga va ularning harbiy-vatanparvarlik musobaqalarida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Klubni boshqarish tartibi
24. Maktabning “Chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fani oʻqituvchisi yoki yuqori harbiy bilim va malakaga ega boshqa fan oʻqituvchisi klub rahbari boʻlishi mumkin.
Klub rahbari ishchi guruh yigʻilishi bayoniga muvofiq harbiy qism komandiri buyrugʻi asosida tayinlanadi.
25. Quyidagilar klub rahbarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
klub faoliyatini mazkur Nizom asosida boshqarish hamda belgilangan vazifalarning klub aʼzolari tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
boshqa maktablarning klublari va tegishli harbiy qism masʼul harbiy xizmatchilari bilan mustahkam hamkorlikni oʻrnatish;
klub aʼzolari bilan mashgʻulotlarni sifatli oʻtkazish va musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrish;
klubni oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlash hamda uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish boʻyicha maktab maʼmuriyatiga takliflar berib borish.
26. Quyidagilar maktab maʼmuriyatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
maktab hududida klub uchun alohida xona(lar) ajratish, uni “Chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fani mavzulari boʻyicha koʻrgazmali qurollar, mashgʻulotlar jadvali, klub aʼzolari roʻyxati, klub faoliyati va musobaqaga oid hujjatlardan koʻchirmalar, harbiy qism va maktab oʻrtasidagi yillik hamkorlik rejasi, musobaqa bosqichlari va mashgʻulotlar jarayoni aks ettirilgan fotoalbom, shuningdek, zarur anjomlar va vositalar bilan taʼminlash;
klub aʼzolarining darsdan tashqari mashgʻulotlar oʻtkazishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
musobaqada ishtirok etuvchi klub aʼzolarini sport kiyimlari bilan taʼminlash;
klub faoliyatini tashkil etishda texnika va yongʻin xavfsizligi, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishini nazorat qilish.
27. Quyidagilar maktab biriktirilgan (tegishli) harbiy qismning asosiy vazifalari hisoblanadi:
klub aʼzolari bilan oʻtkaziladigan vatanparvarlik tadbirlari va mashgʻulotlarni sifatli tashkil etish yuzasidan maktab maʼmuriyati hamda klub rahbari bilan yaqindan hamkorlik qilish va bu borada klubga har tomonlama yordam koʻrsatish;
maktab hududida klub uchun ajratilgan xonalarni DXX CHQ faoliyatiga oid targʻibot-tashviqot materiallari, shu jumladan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, chegarachi qahramonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, oʻqotar qurollar va harbiy texnikalar tavsiflari hamda boshqa vositalar bilan jihozlashga amaliy yordam koʻrsatish;
klub aʼzolarini chegara xizmatiga qiziqtirish, shu jumladan harbiy qism hududiga belgilangan tartibda olib kirish, ularni harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirish;
klub faoliyati, oʻtkaziladigan musobaqalar va boshqa tadbirlarni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda DXX CHQ nashrlarida keng yoritish.
6-bob. Yakunlovchi qoida
28. Klub faoliyatini tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 261-son qaroriga 2-ILOVA
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom chegaraoldi shahar va tumanlardagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida (keyingi oʻrinlarda — maktab) tahsil olayotgan, “Yosh chegarachilar” klublarining (keyingi oʻrinlarda — klub) chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi (10-11-sinf) aʼzolari oʻrtasida uch bosqichli musobaqani oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Musobaqa yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, davlat manfaatlari va suverenitetini fidokorona himoya qilishga tayyorlash, jismonan sogʻlom va maʼnan yetuk yosh avlodni kamol toptirish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, oʻz yurti va xalqining taqdiri uchun yuksak masʼuliyat va javobgarlik hissini shakllantirish maqsadida oʻtkaziladi.
3. Musobaqa oʻquvchilarni harbiy kasbga va oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga yoʻnaltirish hamda bosqichma-bosqich tayyorlab borish uchun xizmat qiladi.
4. Musobaqa quyidagi uch bosqichda oʻtkaziladi:
tuman (shahar) bosqichi (keyingi oʻrinlarda — tuman bosqichi) — musobaqani oʻtkazish boʻyicha tuman (shahar) tashkiliy qoʻmitasi tomonidan;
viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) bosqichi (keyingi oʻrinlarda — viloyat bosqichi) — viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) tashkiliy qoʻmitasi tomonidan;
respublika bosqichi — respublika tashkiliy qoʻmitasi tomonidan.
Tuman (shahar), viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) tashkiliy qoʻmitalari tarkiblari tegishlicha tuman (shahar) va viloyat hokimlari (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi) tomonidan musobaqa oʻtkaziladigan yil 1-fevralga qadar tasdiqlanadi.
5. Quyidagilar tashkiliy qoʻmitalarning vazifalari hisoblanadi:
musobaqa oʻtkaziladigan joy va sanani belgilash;
hakamlar hayʼati tarkibi va apellyatsiya komissiyasi aʼzolari roʻyxatini tasdiqlash;
musobaqaning mazkur Nizom talablari asosida oʻtkazilishini taʼminlash;
musobaqa natijalari va gʻolib boʻlgan jamoa aʼzolari roʻyxatini yuqori turuvchi tashkiliy qoʻmitaga taqdim etish;
musobaqa jarayonlarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borish.
6. Musobaqa ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
2-bob. Musobaqada ishtirok etuvchi jamoalarni shakllantirish va musobaqada qatnashish uchun ariza taqdim etish
7. Musobaqada ishtirok etuvchi jamoa oʻquv yilining boshida klubning musobaqa shartlari boʻyicha yuqori natija koʻrsatayotgan, chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi (10-11-sinf) 10 nafar aʼzosidan (8 nafar oʻgʻil, 2 nafar qiz) iborat tarkibda tuziladi.
Klub sardori jamoa sardori etib, klub rahbari jamoa murabbiysi etib belgilanadi.
8. Maktab direktori tomonidan jamoaning musabaqada ishtirok etishi uchun tashkiliy qoʻmitaga musobaqa oʻtkazish sanasidan oʻn kun avval quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
jamoa aʼzolarining roʻyxati (muhrlangan fotosuratlari bilan);
jamoa aʼzolari va murabbiysining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari nusxalari (biometrik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi);
hududiy oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktlaridagi maktablarga biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan berilgan F-086-u shakldagi tibbiy maʼlumotnoma;
oʻqotar quroldan foydalanish vaqtida xavfsizlik qoidalariga rioya etish haqidagi yoʻriqnoma bilan tanishganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
9. Hujjatlari belgilangan tartibda va muddatda taqdim qilinmagan yoki hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilgan jamoaning musobaqada ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Musobaqaning oʻtgan yilgi respublika bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan, shuningdek joriy yilda boshqa harbiy-vatanparvarlik musobaqalarida qatnashgan jamoalarning musobaqada ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Tegishli tashkiliy qoʻmitaga taqdim etilgan roʻyxatdagi jamoa aʼzolarining almashtirilishiga faqat tashkiliy qoʻmitaning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
3-bob. Musobaqani tashkil qilish va oʻtkazish tartibi
11. Musobaqa quyidagi vaqtda oʻtkaziladi:
tuman bosqichi — mart-aprel oylarida;
viloyat bosqichi — aprel oyining uchinchi oʻn kunligida;
respublika bosqichi — may oyining ikkinchi oʻn kunligida.
12. Musobaqa bosqichlarini oʻtkazishning aniq sanasi va joylari tegishli tashkiliy qoʻmitalar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Tashkiliy qoʻmitasi aʼzolarining taklifiga muvofiq musobaqani oʻtkazish muddati va joyiga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
13. Musobaqalarni oʻtkazish jarayoniga DXX CHQ harbiy qismlari qoʻmondonligi umumiy rahbarlik qiladi.
14. Musobaqada jamoalar quyidagi shartlar boʻyicha ishtirok etadi:
jamoalarning saf tayyorgarligi koʻrigi;
harbiy varaqalar, albom, vimpel, jamoaning ramziy bayrogʻi va nomi yozilgan taxtacha koʻrigi;
oʻgʻil bolalar 1000 metrga, qizlar 100 metrga yugurish;
turnikda tortilish;
azimut boʻyicha harakatlanish;
granata uloqtirish;
zaharlangan hududdan oʻtish;
toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish;
tibbiy yordam koʻrsatish;
oʻq-dorilarni tashish;
Kalashnikov avtomatidan oʻq otish;
Kalashnikov avtomatining maketi koʻrigi.
15. Musobaqa shartlarini bajarish tartibi va baholash mezonlari DXX CHQ, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadi.
16. Hakamlar hayʼati musobaqaning har bir bosqichida DXX CHQ, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda uning huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Yoshlar ishlari agentligi), Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda ushbu tashkilotlarning tegishli hududiy boʻlinmalari vakillaridan iborat tarkibda tegishli tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlanadi.
17. Hakamlar tomonidan musobaqani oʻtkazish vaqtida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tashkiliy qoʻmita tomonidan oʻrganib chiqiladi va bartaraf etiladi.
18. Musobaqaga oʻz vaqtida yetib kelmagan jamoaning musobaqada ishtirok etish-etmasligi hakamlar hayʼati tomonidan koʻrib chiqiladi.
19. Tashkiliy qoʻmitaga taqdim etilgan jamoa aʼzolari roʻyxatiga kiritilmagan maktab oʻquvchisi musobaqada ishtirok etayotganligi aniqlangan taqdirda, ushbu jamoa musobaqadan chetlashtiriladi. Bunday holat musobaqa tugallangandan soʻng aniqlangan taqdirda, jamoaning natijasi bekor qilinadi hamda sovrinli oʻrin ushbu jamoa natijasidan keyingi natijani qayd etgan jamoaga beriladi.
20. Jamoa murabbiysi yoki aʼzolari tomonidan mazkur Nizom talablari buzilgan hollarda tashkiliy qoʻmita qaroriga asosan ushbu jamoa musobaqadan chetlashtiriladi.
21. Musobaqaning natijalari va keyingi bosqichga oʻtgan jamoalar toʻgʻrisida tashkiliy qoʻmitalar oʻzidan yuqori turuvchi tashkiliy qoʻmitaga uch kun muddat ichida axborot beradi.
22. Viloyat bosqichida 1-oʻrinni egallagan jamoa joylashgan hududdagi DXX CHQ harbiy qismidan bir nafar harbiy xizmatchi respublika bosqichida hamrohlik qiladi.
23. Musobaqa har bir bosqichining 1, 2 va 3-oʻrinni egallagan jamoalar musobaqaning tantanali yopilish marosimida tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, kubok va sovgʻalar bilan mukofotlanadilar.
24. Musobaqa har bir bosqichining “Eng ilgʻor” nominatsiyasi gʻoliblari tashkiliy qoʻmita tomonidan alohida sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
4-bob. Jamoa murabbiysi, musobaqa ishtirokchilari va hakamlarning majburiyatlari
25. Jamoalar murabbiylari, musobaqa ishtirokchilari va hakamlar ushbu Nizom talablari va odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari shart.
26. Jamoalar murabbiylari hakamlar faoliyatiga aralashishga haqli emas. Ular ishtirokchilarning musobaqa oʻtkaziladigan hududda hamda uning tashqarisida boʻlgan vaqtdagi xatti-harakatlari uchun javobgardirlar.
27. Musobaqa ishtirokchilari musobaqa jarayonida xavfsizlik qoidalariga hamda musobaqa oʻtkaziladigan hududda belgilangan tartib-qoidalarga qatʼiy rioya qilishi, shuningdek, u yerdagi jihozlarga ziyon yetkazmasligi shart.
28. Jamoalar murabbiylari va DXX CHQ harbiy qismlarining vakillari jamoa aʼzolarining xavfsizligini taʼminlashga masʼuldirlar.
5-bob. Tashkiliy qoʻmitalar aʼzolarining vazifalari
29. Quyidagilar DXX CHQ Qoʻmondonligi va harbiy qismlarning vazifalari hisoblanadi:
klublarda mashgʻulotlar oʻtkazilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga har tomonlama koʻmaklashish (faqat harbiy qismlar);
klub aʼzolari bilan sifatli mashgʻulotlar oʻtkazish va musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik koʻrish (faqat harbiy qismlar);
musobaqa oʻtkazish joylarini tanlash, tayyorlash va barcha zarur moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash;
musobaqaning respublika bosqichi ishtirokchilarini dala oʻquv maydoni uchun dala kiyimi bilan taʼminlash (faqat DXX CHQ Qoʻmondonligi);
musobaqaning respublika bosqichi ishtirokchilarini yotoqxona va oziq-ovqat bilan taʼminlash;
musobaqaning viloyat bosqichi ishtirokchilari uchun tushlik tashkil etish (faqat harbiy qismlar);
musobaqada 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan jamoalar uchun sovgʻalar ajratish;
Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda musobaqaning viloyat va respublika bosqichi oʻtkaziladigan obyektlarni bayramona bezatish hamda musobaqaga mos koʻrgazmali materiallar bilan taʼminlash;
musobaqaning respublika bosqichida gʻoliblarni taqdirlash marosimining tantanali oʻtkazilishini taʼminlash (faqat DXX CHQ Qoʻmondonligi);
musobaqada hakamlik qilish uchun malakali mutaxassislarni jalb qilish;
musobaqa jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritish.
30. Quyidagilar Yoshlar ishlari agentligi hamda uning hududiy boʻlinmalarining vazifalari hisoblanadi:
klublarda mashgʻulotlar oʻtkazilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashish (faqat hududiy boʻlinmalar);
musobaqaning barcha bosqichlarini yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish choralarini koʻrish;
musobaqaning respublika bosqichiga yetib kelgan ishtirokchilar harbiy qismga joylashtirilishidan avval bir marta tushlik tashkil qilish (faqat Agentlik markaziy apparati);
musobaqaning respublika bosqichiga yetib kelgan ishtirokchilarni musobaqa oʻtkaziladigan joyga olib borish va musobaqa tugagandan soʻng olib ketish, shuningdek, ishtirokchilar uchun diqqatga sazovor joylarga sayohatlar tashkil etishga avtotransport vositalarini ajratish (faqat Agentlik markaziy apparati);
musobaqaning viloyat va respublika bosqichi oʻtkaziladigan obyektlarni bayramona bezatish hamda musobaqaga mos koʻrgazmali materiallar bilan taʼminlashga DXX CHQga har tomonlama koʻmaklashish;
musobaqaning viloyat va respublika bosqichlariga sport turlari boʻyicha xalqaro musobaqalar gʻoliblarini jalb etib, ular ishtirokida davra suhbatlari hamda uchrashuvlar tashkil etish;
musobaqaning hududiy bosqichlarida 1-oʻrinni egallagan jamoalarga, shuningdek, respublika bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinni egallagan jamoalar uchun sovgʻalar ajratish;
musobaqada hakamlik qilish uchun malakali mutaxassislarni jalb qilish.
31. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalarining vazifalari hisoblanadi:
klublarda mashgʻulotlar oʻtkazilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga har tomonlama koʻmaklashish (faqat hududiy boʻlinmalar);
klub aʼzolari bilan sifatli mashgʻulotlar oʻtkazilishi hamda musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik koʻrilishini taʼminlash (faqat hududiy boʻlinmalar);
hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oʻquvchilarni ommaviy ravishda musobaqalarga jalb etish;
musobaqaning barcha bosqichlari uchun umumtaʼlim fanlari (tarix, ona tili va adabiyot, matematika, fizika, ingliz tili, geografiya, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanlari) boʻyicha test savollarini tayyorlash;
musobaqada hakamlik qilish uchun malakali mutaxassislarni jalb qilish;
Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda musobaqaning respublika bosqichi ishtirokchilarini kutib olish va kuzatish (faqat vazirlik markaziy apparati);
musobaqaning respublika bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinni egallagan jamoalar hamda ushbu jamoalarning murabbiylari uchun sovgʻalar ajratish (faqat vazirlik markaziy apparati).
32. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalarining vazifalari hisoblanadi:
musobaqa oʻtkaziladigan joylarda kerakli dori-darmon va tibbiy uskunalar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam brigadalarining navbatchiligini tashkil etish;
musobaqada hakamlik qilish uchun malakali mutaxassislarni jalb qilish.
33. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalarining vazifalari hisoblanadi:
(33-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-yanvardagi 25-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 09/24/25/0036-son)
musobaqaning viloyat va respublika bosqichining tantanali ochilish hamda yopilish tadbirlarida foydalanish uchun zarur boʻladigan ovoz kuchaytirgich va boshqa asbob-uskunalarni qonunchilikda belgilangan tartibda musobaqa oʻtkaziladigan joyga olib borib oʻrnatish;
musobaqaning viloyat bosqichi tantanali yopilish marosimiga qonunchilikda belgilangan tartibda badiiy havaskorlik jamoalari va sanʼatkorlarni jalb etish (faqat hududiy boʻlinmalar).
34. Quyidagilar Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi hamda uning hududiy boʻlinmalarining vazifalari hisoblanadi:
(34-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
musobaqaning barcha bosqichlari gʻoliblari ishtirokida mahallalarda uchrashuvlar tashkil etish va mahallalarda musobaqa targʻibotini olib borish;
“Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda musobaqaning respublika bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinni egallagan jamoalar uchun sovgʻalar ajratish (faqat vazirlik markaziy apparati).
35. Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklarining vazifalari hisoblanadi:
Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda musobaqaning viloyat va respublika bosqichlarida ishtirok etuvchi jamoalarni maxsus kiyimlar bilan taʼminlash;
musobaqa oʻtkaziladigan obyektlarni tayyorlashda DXX CHQga har tomonlama koʻmaklashish;
musobaqaning tegishli bosqichida gʻolib boʻlgan jamoalarning keyingi bosqichda ishtirok etishi uchun transport xarajatlarini qoplab berish;
musobaqada 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan jamoalar, ularning murabbiylari hamda faol ishtirokchilar uchun sovgʻalar ajratish.
36. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va uning hududiy boʻlinmalari DXX CHQ va harbiy qismlar murojaatiga asosan musobaqaning barcha bosqichlarida jamoalarning musobaqani oʻtkazish joyiga kelish-ketishida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga koʻmaklashadi.
37. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ DXX CHQning buyurtmalari asosida musobaqaning respublika bosqichi ishtirokchilarini musobaqa oʻtkaziladigan joylarga kelish-ketish uchun respublika ichida harakatlanuvchi tezyurar va yoʻlovchi poyezdlariga bepul chiptalar bilan taʼminlashda amaliy yordam beradi, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning va barcha yoʻlovchi poyezdlarining SV, VIP vagonlari bundan mustasno.
38. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va hududiy kengashlari quyidagilarni amalga oshirishda amaliy yordam koʻrsatadi:
klublarda mashgʻulotlar oʻtkazilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish (faqat hududiy kengashlari);
musobaqada 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan jamoalar uchun diplom, kubok va medallar tayyorlash;
musobaqaning viloyat va respublika bosqichi oʻtkaziladigan obyektlarni bayramona bezatish hamda musobaqaga mos koʻrgazmali materiallar bilan taʼminlashga DXX CHQga har tomonlama koʻmaklashish;
musobaqaning respublika bosqichiga yetib kelgan ishtirokchilarni musobaqa oʻtkaziladigan joyga olib borish va olib kelish uchun masʼullarni biriktirish (faqat Markaziy Kengash).
39. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi musobaqaning respublika bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan jamoalar uchun sovgʻalar ajratishda hamda musobaqaning tantanali yopilish tadbirini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
40. Musobaqa natijalaridan norozi boʻlgan jamoalar uch ish kunida respublika tashkiliy qoʻmitasiga yozma ravishda shikoyat qilish huquqiga ega.
Bunda shikoyat respublika tashkiliy qoʻmitasi tomonidan shikoyat muallifi (mualliflari), shuningdek hakamlar hayʼati tarkibining kamida 50 foizi ishtirokida oʻn besh ish kunida koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish natijalariga koʻra shikoyatni qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
41. Musobaqani oʻtkazish bilan bogʻliq barcha xarajatlar tegishli vazirlik va idoralarning budjet hamda budjetdan tashqari mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
42. Musobaqani oʻtkazishga doir hujjatlar DXX CHQning tegishli harbiy qismlarida saqlanadi.
43. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Umumiy oʻrta taʼlim maktabi
“Yosh chegarachilar” klubining 10-11-sinf aʼzolaridan 10 nafardan (8 nafar oʻgʻil, 2 nafar qiz) iborat tarkibda jamoa tuzadi.
Oʻquv yili boshida
2-bosqich
Viloyatlar, tuman (shahar) hokimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi
Musobaqani oʻtkazish boʻyicha tuman (shahar), viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) tashkiliy qoʻmitalari tarkiblarini tasdiqlaydi.
1-fevral
3-bosqich
Umumiy oʻrta taʼlim maktabi
Jamoaning musobaqada ishtirok etishi uchun tashkiliy qoʻmitaga ariza va tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Musobaqa oʻtkazish sanasidan oʻn kun avval
4-bosqich
Tuman (shahar) tashkiliy qoʻmitalari
1. Musobaqaning tuman (shahar) bosqichini oʻtkazadi.
2. Gʻolib va sovrindorlarni tantanali ravishda diplom, kubok, esdalik va boshqa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlaydi.
Mart-aprel oylarida
3. Viloyat tashkiliy qoʻmitasiga musobaqaning natijalari va keyingi bosqichga oʻtgan jamoalar toʻgʻrisida axborot beradi.
Musobaqadan soʻng uch kun muddatda
5-bosqich
Viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) tashkiliy qoʻmitalari
1. Musobaqaning tuman (shahar) bosqichini oʻtkazadi.
2. Gʻolib va sovrindorlarni tantanali ravishda diplom, kubok, esdalik va boshqa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlaydi.
Aprel oyining uchinchi oʻn kunligida
3. Respublika tashkiliy qoʻmitasiga musobaqaning natijalari va keyingi bosqichga oʻtgan jamoalar toʻgʻrisida axborot beradi.
Musobaqadan soʻng uch kun muddatda
6-bosqich
Respublika tashkiliy qoʻmitasi
1. Musobaqaning respublika bosqichini oʻtkazadi.
2. Gʻolib va sovrindorlarni tantanali ravishda diplom, kubok, esdalik va boshqa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlaydi.
May oyining ikkinchi oʻn kunligida
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 261-son qaroriga 3-ILOVA
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasi
DXX Chegara qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari, tashkiliy qoʻmita raisi
B.J. Xodjayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari
A.A. Muminov
—
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri oʻrinbosari
D.S. Ermatov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Taʼlim tashkilotlarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi
J.Sh. Choriyev
—
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi boshqarma boshligʻi
R.N. Kurganov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Murojaatlar bilan ishlash va tezkor aloqa boʻlimi boshligʻi
I.F. Yunusov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Ijodkor yoshlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi
M.A. Moʻminov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻlimi boshligʻi
J.A. Karimov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻining oʻrinbosari
Lavozimiga koʻra
—
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari
Kelishuvga koʻra
—
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining oʻrinbosari
Kelishuvga koʻra
—
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi vakili
Kelishuvga koʻra
—
Oʻzbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi vakili
A.A. Mamurov
—
DXX Chegara qoʻshinlari Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi boʻlim boshligʻi, tashkiliy qoʻmita kotibi
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolarining lavozimi va ish joyi oʻzgargan taqdirda, ularning oʻrniga yangi tayinlangan yoki tegishli vazifalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan nomzodlar qoʻmita tarkibiga kiritiladi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 261-son qaroriga 4-ILOVA
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish boʻyicha viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) tashkiliy qoʻmitasining
DXX Chegara qoʻshinlari Operativ qoʻmondonlik boshligʻining oʻrinbosari, tashkiliy qoʻmita raisi
Lavozimiga koʻra
—
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat boshqarmasi boshligʻi
Lavozimiga koʻra
—
Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tarbiyaviy ishlar va ixtisoslashtirilgan muassasalarni muvofiqlashtirish boʻyicha oʻrinbosari, Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻining tarbiyaviy ishlar va ixtisoslashtirilgan muassasalarni muvofiqlashtirish boʻyicha oʻrinbosari
Lavozimiga koʻra
—
Respublika tez tibbiy yordam markazi viloyat filiali direktori
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar boshqarmalari boshliqlari
Lavozimiga koʻra
—
Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniyat vazirining oʻrinbosari, viloyat madaniyat boshqarmasi boshligʻi
Lavozimiga koʻra
—
Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari, Viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshligʻi
Lavozimiga koʻra
—
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati viloyat boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat kengashi raisi
Lavozimiga koʻra
—
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat boʻlimi rahbari
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpogʻiston kengashi, viloyat kengashi raisi
Lavozimiga koʻra
—
DXX Chegara qoʻshinlari Operativ qoʻmondonligi harbiy xizmatchisi, tashkiliy qoʻmita kotibi
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 261-son qaroriga 4a-ILOVA
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini oʻtkazish boʻyicha tuman (shahar) tashkiliy qoʻmitasining
DXX Chegara qoʻshinlari harbiy qism komandirining oʻrinbosari, tashkiliy qoʻmita raisi
Lavozimiga koʻra
—
tuman (shahar) hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi
Lavozimiga koʻra
—
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi
Lavozimiga koʻra
—
Respublika tez tibbiy yordam markazi tuman filiali direktori
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi
Lavozimiga koʻra
—
Tuman (shahar) madaniyat boʻlimi boshligʻi
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kyengashi raisi
Lavozimiga koʻra
—
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tuman (shahar) boʻlinmasi rahbari
Lavozimiga koʻra
—
Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasining tuman (shahar) kengashi raisi
Lavozimiga koʻra
—
DXX Chegara qoʻshinlari harbiy qism harbiy xizmatchisi, tashkiliy qoʻmita kotibi
(4a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2023-y., 09/23/261/0428-son; 16.01.2024-y., 09/24/25/0036-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)