Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni kengaytirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-269-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bilan bogʻliq qarorlar ijrosini samarali amalga oshirishda ilmiy yondashuvlar va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi:
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut);
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini (keyingi oʻrinlarda — Oliy maktab) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi rahbarlarini tayinlash, xodimlariga tibbiy xizmat koʻrsatish, mehnatga haq toʻlash va ustama belgilash tartibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Institut va Oliy maktab faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
Institut tarkibida hududlarda yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni taʼminlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni oʻrganish va amaliy takliflar tayyorlashga yoʻnaltirilgan yuridik shaxs boʻlmagan “Yer islohotlari markazi”;
Oliy maktab tuzilmasida yuridik shaxs boʻlmagan “Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish” loyiha ofisi va Biznes inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi tashkil etilsin.
4. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov):
Institut va Oliy maktabning boshqaruv hamda ilmiy pedagogik xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda zamonaviy talablarga mos yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish;
Institut va Oliy maktabning Vasiylik kengashi orqali ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish va moddiy-texnika bazasini yaxshilash choralarini koʻrsin.
5. Hududlar va sohalar kesimidagi muammolarni joylarga chiqib oʻrganish, aholi va tadbirkorlar oʻrtasida soʻrovnomalar olib borish, muntazam ravishda Oʻzbekiston iqtisodchilar forumini tashkil etish, xorijiy ekspertlarni jalb qilish hamda xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida Institut qoshida yuridik shaxs boʻlmagan Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin va uning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Davlat budjetidan har yili Institutning bir yillik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining 40 foizi miqdorida ajratiladigan mablagʻlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Quyidagilar Institut va Oliy maktab faoliyatining moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti parametrlarida Institut va Oliy maktab faoliyat koʻrsatishi uchun nazarda tutilgan mablagʻlar, 2024-yildan boshlab belgilangan tartibda Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutiladigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda Oliy maktabga ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qoʻllaniladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PF-88-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 06/25/88/0459-son)
7. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Institut va Oliy maktab faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, ularning nizomlarini tasdiqlash, moddiy-texnika bazasini yaxshilash va boshqa tashkiliy-texnik masalalarni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 4-aprel,
PQ-108-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-apreldagi PQ-108-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti faoliyatining
USTUVOR YOʻNALISHLARI
1. 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida tegishli yillarga moʻljallangan davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar tayyorlash.
2. Hududlarda yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni taʼminlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni oʻrganish va amaliy takliflar tayyorlash, shuningdek, yer islohotlariga oid zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etishda ishtirok etish.
3. Joylarda mavjud muammolarni bevosita oʻrgangan holda iqtisodiy oʻsish nuqtalari va rivojlanish drayverlarini aniqlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
4. Mamlakatda iqtisodiy koʻrsatkichlarni doimiy ravishda hududlar kesimida tahlil qilib borish, erishilayotgan natijalar asosida kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish borasida ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish hamda shular asosida sohadagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash va samarasi yuqori boʻlgan moliyaviy mexanizmlarni ishlab chiqish.
5. Iqtisodiyotda bozor mexanizmlarini va raqobatni rivojlantirish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida biznes muhitini yaxshilash hamda xalqaro reyting va indekslarda mamlakat mavqeyini oshirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash.
6. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini kompleks baholagan holda asoslantirilgan ekspertlik xulosalarini tayyorlash va natijalarini davriy chop etib borish.
7. Hududlar va sohalarni rivojlantirishga taʼsir qiluvchi tashqi xavflarni oʻrganish va ularning salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.
8. Iqtisodiyotda mehnat unumdorligi, kapital qiymati samaradorligi, energiya, suv va boshqa resurslar tejamkorligini baholash hamda barqaror rivojlanishga qaratilgan milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish samaradorligini oʻrganish.
9. Hududlar kesimida asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini tahlil qilib borish, ularga talab va taklif hajmini aniqlash, narxlarning oʻsishiga taʼsir etuvchi bevosita va bilvosita omillarni tahlil qilish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni tayyorlash.
10. Urbanizatsiya jarayonlarini takomillashtirish, ishlab chiqarishni oqilona joylashtirish, turar joylarni muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma bilan birgalikda qurishni inobatga olgan holda urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirishda ishtirok etish.
11. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda islohotlar natijadorligini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-apreldagi PQ-108-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatining
USTUVOR YOʻNALISHLARI
Oldingi tahrirga qarang.
1. “Biznesni boshqarish” (MBA) hamda iqtisodiyotning talab yuqori boʻlgan boshqa taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha bakalavrlar va magistrlar tayyorlash, shuningdek oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshirish.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PF-88-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 06/25/88/0459-son)
2. Zamonaviy iqtisodiy bilimlar boʻyicha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat vakillari, hokim oʻrinbosarlari hamda iqtisodiyot tarmoqlarida kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash.
3. Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari malakasi va ularning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan trening, seminar va master-klasslar tashkil etish, ularga aholi bilan samarali ishlashni oʻrgatish, bir mahallada yuqori samara koʻrsatayotgan tajribalarni boshqa mahallalarga qoʻllash amaliyotini joriy etish.
4. “Yashil” texnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini rivojlantirish, ilmiy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish hamda mazkur sohada kadrlar malakasini oshirishda yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
5. Kichik innovatsion biznes va startap gʻoyalarni loyiha darajasiga yetkazishda konsalting xizmatlarini koʻrsatish, shu jumladan biznes ekotizimini shakllantirish, menejment, marketing, buxgalteriya, huquqiy masalalar hamda boshqa professional mutaxassislarning mentorlik xizmatlarini koʻrsatish.
6. Qoʻshma ikki diplom (dual degree) dasturlari boʻyicha Quacquarelli Symonds (QS) va Times Nigher Education (TNE) hamda boshqa xalqaro reytinglarda yetakchi boʻlgan rivojlangan mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish.
7. Tadbirkorlik ekotizimi, kadrlar salohiyati va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha tahliliy maʼlumotlar hamda ekspertlik xulosalarini tayyorlash va natijalarini davriy chop etib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-apreldagi PQ-108-son qaroriga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi rahbarlarini tayinlash, xodimlariga tibbiy xizmat koʻrsatish, mehnatga haq toʻlash va ustama belgilash
TARTIBI

T/r

Yoʻnalish

Lavozim

Tartib

1.

Direktorlar va ularning oʻrinbosarlarini tayinlash va lavozimidan ozod etish

Direktorlar

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Direktor oʻrinbosarlari

Bosh vazir oʻrinbosari bilan kelishilgan holda Institut va Oliy maktab direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

2.

Tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari

Direktorlar

Bosh vazir oʻrinbosari kotibiyati mudiriga tenglashtiriladi.

Direktor oʻrinbosarlari

Bosh vazir oʻrinbosari kotibiyati mudiri oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

Direktor maslahatchilari, loyiha rahbarlari, markaz va boʻlim boshliqlari, kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar

Bosh vazir oʻrinbosari kotibiyatining bosh mutaxassisiga tenglashtiriladi.

3.

Xodimlarga ish haqi hisoblash

Xodimlar

Vazirliklar uchun belgilangan Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash tarif koeffitsiyentini 2 baravarga oshirilgan holda qoʻllash orqali amalga oshiriladi. Bunda:

Direktorlar

Vazir oʻrinbosari;

Direktorlarning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari

vazirliklarning mos ravishda departament boshligʻi va departament boshligʻi oʻrinbosari;

Direktor maslahatchilari, loyiha va markaz rahbarlari, kafedra mudirlari

vazirliklarning boshqarma boshligʻi;

Boʻlim boshliqlari

vazirliklarning boʻlim boshligʻi;

Professor-oʻqituvchilar

vazirliklarning boʻlim boshligʻi oʻrinbosari;

Bosh va yetakchi mutaxassislar

vazirliklarning mos ravishda bosh va yetakchi mutaxassisi uchun nazarda tutilgan razryadlarga nisbatan qoʻllaniladi.

4.

Koʻp yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan

holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda)

Barcha xodimlar

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorlarda:

1 yildan 3 yilgacha — 0,3;

3 yildan 5 yilgacha — 0,6;

5 yildan 10 yilgacha — 0,8;

10 yildan 15 yilgacha — 1,0;

15 yildan 20 yilgacha — 1,2;

20 yildan yuqori — 1,5.

Koʻp yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama olish huquqini beruvchi ish staji Institut va Oliy maktab tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2023-y., 07/23/108/0192-son; 22.05.2025-y., 06/25/88/0459-son)