Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoni hamda “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 21-sentabrdagi PQ-376-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, ularni kasbga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash hamda salomatligini mustahkamlash ishlarini mahallalarda tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmonining 15-bandiga muvofiq:
mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini (keyingi oʻrinlarda — markazlar) tashkil qilish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan markazlar binolarini barpo etish uchun har bir mahalladan 300 kvadrat metrgacha boʻlgan yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida yoki boʻsh turgan davlat mulki obyektini operativ boshqaruv huquqi asosida mahallalarga ajratish;
markazlar binolarini mahallalar tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish belgilanganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 21-sentabrdagi PQ-376-son qarorining 4-bandiga muvofiq:
markazlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan barpo etilishi;
markazlar binolari mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan mahallalardagi xotin-qizlar faollarining tavsiyasiga asosan davlat mulkini ijaraga berish tartibiga muvofiq tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga ijaraga berilishi;
markazlarda bitta loyiha doirasida 20 nafargacha xotin-qizlarning doimiy bandligini taʼminlash maqsadida har bir nafar bandligi taʼminlanadigan ishsiz xotin-qiz uchun Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda 3 million soʻmdan oshmagan miqdorda davlat granti ajratilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ishsiz, ayniqsa, qishloq joylarda bola tarbiyasi bilan uyda oʻtirib qolgan ehtiyojmand ayollar, shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida mahallalarda tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik kabi yoʻnalishlarda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
mahallalarning geografik joylashuvi, aholi soni va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha oʻsish nuqtalarini inobatga olgan holda, ishsiz, lekin ishlash istagida boʻlgan kasb-hunarga ega boʻlmagan, shuningdek, oʻz bilimlarini yanada mustahkamlash va malakasini oshirish, tadbirkorligini kengaytirish maqsadida qoʻshimcha kasblar va hunarlarga oʻqish istagida boʻlgan xotin-qizlarni tegishli kasblarga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni tashkil etish. Ularning kelgusida oʻzlashtirgan kasblari boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga va rivojlantirishga koʻmaklashish;
xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini taʼminlash, kasb-hunar egallashlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar haqida aholini xabardor qilish maqsadida zarur maʼlumot va tavsiyalarni berib borish;
xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash maqsadida fitnes, sheyping kabi sogʻlomlashtirishga moʻljallangan xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport harakatlarini tibbiyot profilaktikasi bilan birgalikda yoʻlga qoʻyish;
muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan, profilaktik roʻyxatga olingan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan xotin-qizlarni doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda rivojlantirishda, bandligini taʼminlashda, kasb-hunar egallashida koʻmaklashish.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda markazlar binolarini barpo etish uchun har bir mahalladan 300 kvadrat metrgacha boʻlgan yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida yoki boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida mahalla fuqarolar yigʻinlariga ajratsin hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishni tashkil etsin;
belgilangan muddatlarda ajratilgan yer maydonlarida yoki boʻsh turgan davlat mulki obyektlarida markazlarni qurish hamda toʻliq jihozlash choralarini koʻrsin.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
har bir mahallada yuridik shaxs boʻlmagan markazlarni tashkil etish;
markazlar binolarini mahallalar tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga ijaraga berish tartibi;
markazlar faoliyati uchun Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar, xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan davlat granti ajratish va undan foydalanish tartibi;
markazlarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash, ularni kasbga oʻrgatish faoliyatini boshlagan tadbirkorlik subyektlariga davlat granti berish tartibi.
5. Quyidagilar markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Davlat budjetidan Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi orqali ajratiladigan grantlar;
tadbirkorlik subyektlarining oʻz mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratiladigan grantlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda markazlar binolarini tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda ijaraga berish hamda markazlar faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishda mahallalarga koʻmaklashsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi markazlarda muayyan kasbni oʻrganish istagida boʻlgan, ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz, ehtiyojmand xotin-qizlar roʻyxatini shakllantirib, ularni markazlarda band qilish va kasb-hunar oʻrgatish uchun jalb qilish choralarini koʻrsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
8. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mahallalarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash maqsadida markazlarda tashkil etiladigan fitnes, sheyping kabi sogʻlomlashtirish mashgʻulotlarini tashkil etishga koʻmaklashsin hamda xotin-qizlarni mashgʻulotlarga jalb etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Bunda, mazkur chora-tadbirlar doirasida har bir mahallada muntazam ravishda patronaj tibbiyot xodimlari va tuman (shahar) sportni rivojlantirish boʻlimlarining vakillari mahalla xotin-qizlar faollari bilan oʻzaro hamkorlikda mahallada sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash boʻyicha markazlarda tashkil etilayotgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish mashgʻulotlaridan foydalanish yuzasidan tavsiyalar berib borilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Z.B. Mahkamova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-noyabr,
650-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-noyabrdagi 650-son qaroriga
ILOVA
Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (keyingi oʻrinlarda — markazlar) maqomi, asosiy vazifalari va faoliyatini tashkil etish, shuningdek ularning faoliyatini tashkil etish uchun davlat granti ajratish tartibini belgilaydi.
2. Markazlar har bir mahallada tashkil etiladi va yuridik shaxs hisoblanmaydi.
3. Markazlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tuman (shahar) hokimliklari mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan barpo etiladi.
4. Markazlar binolari mahalla fuqarolari yigʻini tomonidan mahallalardagi xotin-qizlar faollarining tavsiyasiga asosan davlat mulkini ijaraga berish tartibiga muvofiq tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga ijaraga beriladi.
Markazlar binolarini ijaraga berish boʻyicha onlayn-auksion savdolari faqat mahallalardagi xotin-qizlar faollarining tavsiyasiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻtkaziladi.
Ushbu tadbirkorlik subyektlarining roʻyxati “Xotin-qizlar.uz” milliy portali orqali shakllantiriladi va “E-auksion” elektron savdo platformasiga integratsiya qilish orqali taqdim etiladi.
5. Markazlarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, salomatligini mustahkamlash hamda ularni kasbga oʻqitish faoliyati bilan bogʻliq ijtimoiy loyihani amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga ushbu Nizomda belgilangan tartibda davlat granti ajratiladi.
2-bob. Markazlarning asosiy vazifalari
6. Markazlarning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
ishsiz, ayniqsa, qishloq joylarda bola tarbiyasi bilan uyda oʻtirib qolgan ehtiyojmand ayollar, shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida mahallalarda tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik kabi yoʻnalishlarda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
mahallalarning geografik joylashuvi, aholi soni va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha oʻsish nuqtalarini inobatga olgan holda, ishsiz, lekin ishlash istagida boʻlgan kasb-hunarga ega boʻlmagan, shuningdek, oʻz bilimlarini yanada mustahkamlash va malakasini oshirish, tadbirkorligini kengaytirish maqsadida qoʻshimcha kasblar va hunarlarga oʻqish istagida boʻlgan xotin-qizlarni tegishli kasblarga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni tashkil etish. Ularning kelgusida oʻzlashtirgan kasblari boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga va rivojlantirishiga koʻmaklashish;
xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini taʼminlash, ularning kasb-hunar egallashlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar haqida aholini xabardor qilish maqsadida zarur maʼlumot va tavsiyalar berib borish;
xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash maqsadida fitnes, sheyping kabi sogʻlomlashtirishga moʻljallangan xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport harakatlarini tibbiyot profilaktikasi bilan birgalikda yoʻlga qoʻyish;
muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan, profilaktik roʻyxatga olingan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan xotin-qizlarni doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ularning oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda rivojlantirishda, bandligini taʼminlashda, kasb-hunar egallashida koʻmaklashish.
3-bob. Markazlarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, salomatligini mustahkamlash hamda ularni kasbga oʻqitish faoliyati bilan bogʻliq ijtimoiy loyihani amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlariga davlat granti ajratish va undan foydalanish tartibi
7. Markazlarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, salomatligini mustahkamlash hamda ularni kasbga oʻqitish faoliyati bilan bogʻliq bitta ijtimoiy loyiha (keyingi oʻrinlarda — loyiha) doirasida 20 nafargacha xotin-qizlarning doimiy bandligini taʼminlash maqsadida har bir nafar bandligi taʼminlanadigan ishsiz xotin-qiz uchun Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga 3 million soʻmdan oshmagan miqdorda davlat granti ajratiladi.
8. Loyihalarni tanlab olishda quyidagi mezonlarga eʼtibor qaratiladi:
loyihalarning markazlar vazifalariga mos kelishi;
ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan xotin-qizlarni doimiy ish joyi bilan taʼminlashga qaratilganligi;
loyihani amalga oshirish uchun zarur moliyaviy resurs, dastgoh, uskuna va jihozlarga ega boʻlish;
loyihaning hududni rivojlantirish drayverlari, ixtisoslashuviga mosligi, dolzarbligi, bozorbop va daromadliligi, ijtimoiy jozibadorligi;
talabgorning tashkil qilinayotgan loyiha boʻyicha tajribaga egaligi;
xodimlar uchun zarur mehnat sharoitlari yaratish va munosib ish haqi toʻlashga qobiliyatliligi;
ish bilan taʼminlash bilan bir qatorda malakasi yetarli boʻlmagan xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish yoki malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash imkoniyati mavjudligi.
9. Ajratilgan davlat granti ijtimoiy loyihani amalga oshirish maqsadida markazlarda tashkil etiladigan tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik va turli hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish hamda tayyorlash uchun zarur boʻladigan dastgoh, uskuna va jihozlar xarid qilishga yoʻnaltiriladi.
10. Markazlar faoliyati uchun davlat granti ajratish va undan foydalanish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1-bosqichda tadbirkorlik subyektlari oʻz xohishiga koʻra mahallalarda markazlar faoliyati uchun davlat granti olish maqsadida mahalla fuqarolar yigʻinlariga loyihalar va tegishli hujjatlarni taqdim qiladi;
2-bosqichda markazlar binolarini ijaraga bergan mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari mahalladagi xotin-qizlar faollari bilan kelishilgan holda, markazlar faoliyatini mazkur Nizom asosida yoʻlga qoʻyish va davlat granti olish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda ularning ijtimoiy loyihalar boʻyicha takliflarini tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab uch kun ichida ushbu Nizomga 3-ilova bilan tasdiqlangan namunaviy tarkibdagi tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruhlarga (keyingi oʻrinlarda — tuman (shahar) ishchi guruhlari) taqdim etadi.
Tuman (shahar) ishchi guruhlari aʼzolari jamoatchilik asosida ishlaydi.
Tuman (shahar) ishchi guruhlari ishining tashkiliy shakli yigʻilish hisoblanadi. Ishchi guruhlar yigʻilishlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ishchi guruhlar yigʻilishlari ularning aʼzolari roʻyxatdagi tarkibining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi;
3-bosqichda ishchi guruhlar tomonidan besh kun ichida loyihalar boʻyicha takliflar oʻrganib chiqilib, ushbu Nizomning 8-bandidagi mezonlar asosida eng yaxshi va asosli deb topilgan takliflar tanlab olinadi hamda bayonnoma rasmiylashtiriladi. Ushbu takliflar tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlariga taqdim etiladi;
4-bosqichda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari kiritilgan takliflarni umumlashtirib, ikki kun ichida davlat granti ajratish masalasini koʻrib chiqish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasiga buyurtmanoma yuboradi.
Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasiga yuboriladigan buyurtmanomaga amalga oshiriladigan loyihaning maqsadi, yoʻnalishlari, yaratiladigan ish oʻrinlari soni va xarid qilinadigan asbob-uskuna hamda jihozlar toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar va boshqa tegishli hujjatlar ilova qilinadi;
5-bosqichda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi har chorakda kelib tushgan loyihalar boʻyicha barcha buyurtmanomalarni ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq tarkibdagi Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati uchun davlat granti ajratish boʻyicha respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) taqdim qiladi.
Komissiya tomonidan loyihalar mazkur Nizom talablari asosida har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlaydi, zarur hollarda loyihalarni joyiga chiqib oʻrganadi.
Eng yaxshi va asosli deb topilgan loyihalarga belgilangan tartibda Komissiyaning qarori qabul qilinadi.
Davlat granti ajratilgan tadbirkorlar roʻyxati Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;
6-bosqichda davlat granti ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng oʻn besh ish kuni ichida grant loyihalarida koʻrsatilgan tovarlarni xarid qilish uchun tadbirkorlik subyektlarining bankdagi hisobvaraqlariga mablagʻlar oʻtkazib beriladi.
Davlat grantining yil oxiridagi foydalanilmay qolgan qoldiqlari Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga qaytariladi;
7-bosqichda davlat granti oladigan tadbirkorlik subyektlari har chorakda moliya organlariga budjet tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda va tartibda davlat grantidan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etib boradi.
Ajratilgan davlat grantining maqsadli sarflanishi belgilangan tartibda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.
4-bob. Markazlarda loyihani amalga oshirish uchun davlat granti olishga qoʻyiladigan talablar
11. Markazlarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, salomatligini mustahkamlash hamda ularni kasbga oʻqitish faoliyatini boshlagan tadbirkorlik subyektlari davlat grantini olishga talabgor boʻla oladi.
12. Davlat granti quyidagi toifadagi xotin-qizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitish, ularning bandligini taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga koʻmaklashishga qaratilgan loyihalar uchun ajratiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrga, shuningdek “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar;
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
ishsiz, ayniqsa, qishloq joylarda bola tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlar;
xorijiy mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan xotin-qizlar;
nogironligi boʻlgan mehnatga layoqatli ishsiz xotin-qizlar (ularning mehnat muhofazasi talablariga mos ravishda bandligini taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish);
norasmiy bandlikni qisqartirish maqsadida kundalik mehnat faoliyati bilan shugʻullanib, daromad topayotgan xotin-qizlar (ularning bandligini taʼminlash boʻyicha ushbu xotin-qizlarni shugʻullanib kelayotgan faoliyat turlarini hamda ehtiyoj va qiziqishlarini inobatga olgan holda, oʻqitish va bandligini taʼminlash);
odam savdosidan hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar;
umumiy oʻrta va professional taʼlim muassasalarini tugatgan, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kira olmagan yoki oliy taʼlimda oʻqish uchun imkoniyati boʻlmagan ishsiz xotin-qizlar (mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasblarga va IT texnologiyalariga oʻqitib, ularning bandligini taʼminlash);
muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan, profilaktik roʻyxatga olingan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan xotin-qizlar.
13. Davlat grantini olish uchun tadbirkorlik subyektlari mahalla fuqarolar yigʻini orqali quyidagi hujjatlar va maʼlumotlarni tuman (shahar) ishchi guruhlariga taqdim etadi:
markazlarda amalga oshiriladigan ijtimoiy loyiha, uning biznes rejasi, faoliyat yoʻnalishi va yaratiladigan yangi ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
loyihaga talab etiladigan davlat granti miqdori va xarid qilinadigan asbob-uskuna, dastgoh va jihozlar, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish anjomlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tadbirkorlik subyektlarining davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi hamda mahalla fuqarolar yigʻini bilan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida markazlar binolarini ijaraga berish haqidagi shartnoma nusxalari.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Markazlarda loyihani amalga oshirish uchun davlat grantining jalb etilishi, undan oʻz vaqtida maqsadli va samarali foydalanilishi uchun tuman (shahar) darajasida tuman (shahar) hokimi oʻrinbosari — oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari, viloyat darajasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari masʼul hisoblanadi.
15. Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi:
Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasidan davlat granti ajratilishi, mablagʻlardan oʻz vaqtida maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy ravishda nazorat va monitoring olib boradi;
har olti oyda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha muhokamalarni oʻtkazib boradi.
16. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
17. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 50-moddasi.
Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati uchun davlat granti ajratish va undan foydalanish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Tadbirkorlik subyektlari

Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati uchun davlat granti olish maqsadida mahalla fuqarolar yigʻinlariga loyihalar va tegishli hujjatlarni taqdim qiladi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

Mahalla fuqarolar yigʻinlari

Mahalladagi xotin-qizlar faollari bilan kelishilgan holda, tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda ularning ijtimoiy loyihalari boʻyicha takliflarini tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari — oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruhlarga (keyingi oʻrinlarda — tuman (shahar) ishchi guruhlari) taqdim etadi.

3 kun ichida

3-bosqich

Tuman (shahar) ishchi guruhlari

Tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda ularning ijtimoiy loyihalari boʻyicha takliflarini koʻrib chiqadi hamda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlariga taqdim etadi.

5 kun ichida

4-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari

Takliflarni umumlashtirgan holda, davlat granti ajratish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasiga buyurtmanoma yuboradi.

2 kun ichida

5-bosqich

Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi

Kelib tushgan buyurtmanomalarni Qoʻmita raisi rahbarlik qiladigan grantlarni ajratish boʻyicha komissiya tomonidan har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlaydi, zarur hollarda loyihalarni joyiga chiqib oʻrganadi.

Eng yaxshi va asosli deb topilgan loyihalarga belgilangan tartibda grant ajratish boʻyicha komissiyaning qarori qabul qilinadi.

Har chorakda

6-bosqich

Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi

Davlat granti ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng loyihalarda koʻrsatilgan tovarlarni xarid qilish uchun tadbirkorlik subyektlarining bankdagi hisobvaraqlariga grant doirasida tegishli mablagʻlar oʻtkazib beriladi.

15 ish kuni ichida

7-bosqich

Tadbirkorlik subyektlari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi

Moliya organlariga budjet tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda va tartibda davlat grantidan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etib boradi.

Har chorakda

Ajratilgan davlat grantining maqsadli sarflanishi belgilangan tartibda nazorat qiladi.

Muntazam ravishda

Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati uchun davlat granti ajratish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

Z. Maxkamova

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi, Komissiya raisi

2.

S. Turdiyev

mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari

3.

M. Joʻrayev

kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi oʻrinbosari

4.

J. Abruyev

moliya vaziri oʻrinbosari

5.

D. Vaxobov

Savdo-sanoat palatasi raisi (kelishuv asosida)

7.

G. Rashidova

AT “Xalq banki” boshqaruvi raisining oʻrinbosari

8.

Lavozimiga koʻra

Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi direktori

9.

Lavozimiga koʻra

Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi, Komissiya kotibi

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning oʻrniga yangi tayinlangan yoki uning vazifasini bajarish yuklatilgan shaxs komissiya aʼzosi hisoblanadi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati uchun davlat granti ajratish boʻyicha tuman (shahar) ishchi guruhining
NAMUNAVIY TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

Lavozimga koʻra

Tuman (shahar) hokimi oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi, Ishchi guruh rahbari

2.

Lavozimga koʻra

Tuman (shahar) Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi

3.

Lavozimga koʻra

Tuman (shahar) AT “Xalq banki” boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari

4.

Lavozimga koʻra

Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi

5.

Lavozimga koʻra

Tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar boʻlimining tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni taʼminlashga koʻmaklashish, kasb-hunarga oʻqitishni tashkil etish boʻyicha yetakchi mutaxassisi, Ishchi guruh kotibi

Izoh. Ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning oʻrniga yangi tayinlangan yoki uning vazifasini bajarish yuklatilgan shaxs ishchi guruhi aʼzosi hisoblanadi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2022-y., 09/22/650/0999-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)