Oʻzbekiston Respublikasining
Qonuni
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 24-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 8-iyulda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilik
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
soliq maslahatchisining malaka sertifikati — soliq maslahatchisining malakasini tasdiqlovchi va soliq maslahatchilari tashkiloti nomidan soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqini beruvchi hujjat;
soliq maslahatiga oid faoliyat — soliq maslahatchilari tashkilotining yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyati;
soliq maslahatiga oid xulosa — soliq maslahatiga doir shartnomada nazarda tutilgan xizmatlarni koʻrsatgan soliq maslahatchisining fikrini oʻz ichiga olgan hujjat;
talabgor — soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun daʼvogar boʻlgan jismoniy shaxs.
4-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyatning asosiy prinsiplari
Soliq maslahatiga oid faoliyatning asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, kasbiy bilimga egalik va maxfiylikdan iboratdir.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Soliq maslahatiga oid faoliyat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6-modda. Mustaqillik prinsipi
Soliq maslahatiga oid faoliyat davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar taʼsiridan mustaqil boʻlishi kerak.
Soliq maslahatchilari oʻz faoliyatining mustaqilligiga monelik qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni rad etishi mumkin.
7-modda. Kasbiy bilimga egalik prinsipi
Soliq maslahatchilari kasbiy bilimlar va koʻnikmalarga ega boʻlishi hamda ularni soliq maslahatchilari tashkiloti tarkibida soliq maslahati boʻyicha sifatli xizmatlar koʻrsatish uchun yetarli boʻlgan darajada saqlab turishi kerak.
8-modda. Maxfiylik prinsipi
Soliq maslahatchilari soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish jarayonida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni soliq maslahati boʻyicha oʻziga xizmatlar koʻrsatilgan shaxslarning yozma roziligisiz oshkor qilishga hamda oʻzgalarga berishga haqli emas.
9-modda. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash, soliq hisobotini tayyorlash va taqdim etish masalalari boʻyicha maslahat berishni;
soliq hisobotini (deklaratsiyasini) tayyorlashni, shu jumladan soliq hisobotini (deklaratsiyasini) mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan uning shaxsiy kabineti orqali taqdim etishni;
ortiqcha undirilgan yoki ortiqcha toʻlangan soliqlar hisobidan soliq qarzini qaytarish va (yoki) toʻlash, soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish uchun soliq organlariga taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlarni qonunchilikda belgilangan hollarda tayyorlashni;
soliq hisobini yuritishni;
soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan obyektlarni aniqlashni;
soliqqa oid va moliyaviy tavakkalchiliklarni tahlil qilishni hamda baholashni, mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq imtiyozlarini qoʻllashga doir tavsiyalar taqdim etishni;
sudlarda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy, fuqarolik, jinoyat ishlarini hamda maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishda vakillik qilishni;
mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan oʻz soliq majburiyatlari muayyan davr uchun, shu jumladan ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda toʻgʻri bajarilishini tekshirishni;
soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xizmatlarni.
Quyidagilar soliq maslahati boʻyicha xizmat hisoblanmaydi:
soliq organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlarini amalga oshirish doirasida soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni tushuntirish;
soliq solish masalalari boʻyicha advokatlar tomonidan yuridik yordam koʻrsatish, shu jumladan sudda va boshqa davlat organlarida vakillik qilish.
2-bob. Soliq maslahatiga oid faoliyat sohasini tartibga solish
10-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
oʻz vakolatlari doirasida soliq maslahatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek milliy standartlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga soliq maslahatchisining malaka sertifikatini (bundan buyon matnda malaka sertifikati deb yuritiladi) olish uchun malaka imtihonlarini oʻtkazishni hamda talabgorlarni oʻqitishni tashkil etishda texnik va uslubiy jihatdan yordam koʻrsatadi.
Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasi
Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasi (bundan buyon matnda Soliq maslahatchilari palatasi deb yuritiladi) ushbu Qonun bilan oʻz zimmasiga soliq maslahati sohasidagi faoliyatni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boʻyicha funksiyalar yuklatiladigan, soliq maslahatchilarining, soliq maslahatchilari tashkilotlarining ixtiyoriy aʼzoligi asosida tashkil etiladigan kasbiy birlashmadir.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonuni va “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida” (yangi tahriri)gi Qonuniga qarang.
Soliq maslahatchilari palatasining faoliyati ushbu Qonun bilan tartibga solinadi va uning ustavida belgilanadi.
Soliq maslahatchilari palatasi aʼzolari oʻz faoliyatini amalga oshirishda mustaqilligini saqlab qoladi.
Soliq maslahatchilari palatasi hududiy va hududlararo vakolatxonalar va (yoki) filiallar tashkil etishi mumkin.
Soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalar va qoidalarni oʻz ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Soliq maslahatchilari palatasi bilan kelishiladi.
12-modda. Soliq maslahatchilari palatasining asosiy vazifalari va funksiyalari
Soliq maslahatchilari palatasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
soliq maslahatchilarining va soliq maslahatchilari tashkilotlarining manfaatlarini ifodalash;
soliq maslahatchilarining kasbiy manfaatlarini himoya qilish, ularning kasbiy darajasini rivojlantirish;
malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish va uning amal qilishini tugatish;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni va soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishda ishtirok etish.
Soliq maslahatchilari palatasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
soliq maslahatchilarining reyestrini yuritadi;
soliq maslahatchilari tashkilotlarining reyestrini yuritadi;
ushbu Qonun 23-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan, soliq maslahatiga oid xulosa berish huquqiga ega boʻlgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining roʻyxatini yuritadi;
soliq maslahatining milliy standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni va soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
amalga oshirilayotgan faoliyati bilan bogʻliq yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda, oʻz aʼzolarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
soliq maslahatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.
Soliq maslahatchilari palatasi ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan reyestrlarni, shuningdek roʻyxatni shakllantirish hamda yuritish tartibini belgilaydi.
Soliq maslahatchilari palatasi oʻquv jarayoniga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqadi va soliq maslahatiga oʻqitishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan ushbu talablarga rioya etilishi monitoringini ular bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradi.
Soliq maslahatchilari palatasi qonunchilikka va oʻz ustaviga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
13-modda. Soliq maslahatchilarining va soliq maslahatchilari tashkilotlarining reyestrlarini yuritish
Soliq maslahatchilari palatasi soliq maslahatchilarining reyestrini elektron shaklda yuritadi, unga quyidagi axborot kiritiladi:
soliq maslahatchisining familiyasi, ismi, otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
soliq maslahatchisining ish joyi;
malaka sertifikatining raqami va berilgan sanasi;
soliq maslahatchisining har yilgi malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini tugatish, uni bekor qilish va malaka sertifikatining dublikatini berish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Vakolatli davlat organining va Soliq maslahatchilari palatasining rasmiy veb-saytlariga soliq maslahatchilari reyestridagi ochiq maʼlumotlar tanishib chiqish uchun joylashtiriladi, ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
soliq maslahatchisining familiyasini, ismini, otasining ismini;
malaka sertifikatining raqamini va berilgan sanasini;
malaka sertifikatining amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni.
Soliq maslahatchilari palatasi soliq maslahatchilari tashkilotlarining reyestrini elektron shaklda yuritadi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
soliq maslahatchilari tashkilotining nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
soliq maslahatchilari tashkilotining telefon raqami;
soliq maslahatchilari tashkilotining elektron manzili va rasmiy veb-sayti (mavjud boʻlgan taqdirda);
soliq maslahatchilari tashkilotining identifikatsiya raqami;
soliq maslahatchilari tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish raqami va sanasi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
soliq maslahatchilari tashkiloti rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi;
soliq maslahatchilari tashkilotining rahbariga berilgan malaka sertifikatining raqami va berilgan sanasi.
Soliq maslahatchilari tashkilotlarining reyestridagi mavjud axborot tanishib chiqish uchun ochiqdir.
14-modda. Ekspert kengashi
Soliq maslahatchilari palatasi huzurida Soliq maslahatchilarining ekspert kengashi (bundan buyon matnda Ekspert kengashi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Ekspert kengashining faoliyati Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tartibga solinadi.
Ekspert kengashi tarkibiga soliq maslahatchilari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, yurisprudensiya sohasidagi mutaxassislar kiradi.
Ekspert kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
soliq toʻlovchilar va nazorat qiluvchi organlar oʻrtasida muntazam ravishda yuzaga kelayotgan soliqqa oid nizolar boʻyicha xulosani koʻrib chiqish hamda berish;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni ekspert baholash;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
Ekspert kengashining soliqqa oid nizolar boʻyicha xulosalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
15-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyatning kafolatlari
Uchinchi shaxslarning soliq maslahatchilari faoliyatiga aralashishi, ulardan xizmatlar koʻrsatish chogʻida olingan biron-bir maʼlumotni talab qilish, shuningdek bunday maʼlumotlarni soliq maslahatchilarining yordamchilaridan va soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish jarayonida ishtirok etayotgan boshqa shaxslardan talab qilish taqiqlanadi.
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatayotgan shaxslardan mazkur xizmatlar koʻrsatilishi munosabati bilan tayyorlangan hujjatlar olib qoʻyilishi yoki koʻzdan kechirilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchisi va uning yordamchisi oʻz kasbiy vazifalarini bajarishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari va ularning yordamchilari sud, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan ekspertlar va mutaxassislar sifatida jalb etilishi, shuningdek mazkur organlar tomonidan tashabbus qilingan tekshiruvlarni amalga oshirishga jalb etilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari tashkiloti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlari ishtirokida tashkil etilishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan boshqa shaxslar soliq maslahatchilari tashkilotining muassislari boʻlishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmatda boʻlgan shaxslar soliq maslahatiga jalb etilishi mumkin emas.
Sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar hamda ularning mansabdor shaxslari soliq maslahatchilarining mijozning (ishonch bildiruvchining) vakili sifatidagi huquqlarini va harakatlarini cheklashga haqli emas.
3-bob. Soliq maslahatchisi va soliq maslahatchilari tashkiloti
16-modda. Soliq maslahatchisi
Malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs soliq maslahatchisidir.
Agar soliq maslahatchisi soliq maslahatchilari tashkilotining shtatida turgan boʻlsa yoki soliq maslahatchilari tashkiloti u bilan fuqaroviy-huquqiy xususiyatga ega shartnoma tuzgan taqdirda, u soliq maslahatiga oid faoliyatga jalb etilishi mumkin.
Soliq maslahatchisi Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda har yili oʻz malakasini oshirishi shart.
17-modda. Soliq maslahatchisining yordamchisi
Malaka sertifikatiga ega boʻlmagan va soliq maslahatchisining soliq maslahatiga oid faoliyat bilan bogʻliq topshiriqlarini bajaruvchi jismoniy shaxs soliq maslahatchisining yordamchisidir.
Soliq maslahatchisining yordamchisi soliq maslahati boʻyicha hisobotni, xulosani va soliq maslahatiga oid faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarni imzolashga haqli emas.
Soliq maslahatchisi yordamchisining mehnat sharoitlari qonunchilikda belgilangan tartibda soliq maslahatchilari tashkiloti bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilanadi.
Soliq maslahatchisining yordamchisi sifatida ishlangan vaqt malaka sertifikatini olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 118 — 132-moddalari.
18-modda. Soliq maslahatchilari tashkiloti
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi tijorat tashkilotidir.
Soliq maslahatchilari tashkiloti aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi mumkin emas.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Fuqarolik kodeksining 4-bob 2-paragrafi.
Soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari soliq maslahatchisi boʻlishi kerak.
Qonunchilikda ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirishga doir talablar belgilangan hollarda, muassis boʻlgan soliq maslahatchisining (soliq maslahatchilarining) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi kamida ellik bir foizni tashkil etishi kerak.
Ushbu modda toʻrtinchi qismining talablariga nomuvofiqlik yuzaga kelgan taqdirda, soliq maslahatchilari tashkiloti nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda Soliq maslahatchilari palatasini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va yuzaga kelgan nomuvofiqlikni koʻrsatib oʻtilgan sanadan eʼtiboran uch oydan koʻp boʻlmagan muddatda bartaraf etishi yoxud soliq maslahatiga oid faoliyatni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
Ushbu modda toʻrtinchi qismining talablariga nomuvofiqlik bartaraf etilguniga qadar soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan soliq maslahatiga oid faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi.
Ushbu Qonun 23-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan soliq maslahatiga oid xulosani oʻz faoliyatini bir yildan ortiq amalga oshirayotgan va shtatida soliq maslahati boʻyicha kamida bir yil stajga ega soliq maslahatchilari mavjud boʻlgan soliq maslahatchilari tashkiloti beradi.
Ushbu modda yettinchi qismining talablariga nomuvofiqlik yuzaga kelgan taqdirda, soliq maslahatchilari tashkiloti nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda Soliq maslahatchilari palatasini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
Soliq maslahatchilari tashkiloti Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda Soliq maslahatchilari palatasiga aʼzo boʻlishi mumkin.
Soliq maslahatchilari tashkiloti ushbu Qonunning 9-moddasida nazarda tutilgan soliq maslahati boʻyicha xizmatlar bilan bir qatorda quyidagi xizmatlarni koʻrsatishi mumkin:
buxgalteriya hisobini va moliyaviy hisobni yuritish;
moliya-xoʻjalik faoliyatini yuritish boʻyicha konsalting;
eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish boʻyicha konsalting;
mijozni uning oʻz faoliyatini amalga oshirishi davrida davlat roʻyxatidan oʻtkazishda, shuningdek uning tugatilishi chogʻida kuzatib borish;
investitsiya loyihalarini tahlil qilish, ekspertizadan oʻtkazish va kuzatib borish (monitoring qilish);
xarid jarayonlarini kuzatib borish (monitoring qilish);
soliq solish masalalari boʻyicha seminarlar va treninglar oʻtkazish.
19-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining huquqlari
Soliq maslahatchilari tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
mijozdan (ishonch bildiruvchidan) soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni olish;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish jarayonida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha mijozdan (ishonch bildiruvchidan) ogʻzaki yoki yozma tushuntirishlar olish;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborotni, maʼlumotnomalarni, hujjatlarni va boshqa materiallarni muassasalardan hamda tashkilotlardan soʻrab olish;
soliq solish masalalari boʻyicha davlat organlariga murojaat qilish (iltimosnoma berish, takliflar kiritish, soʻrovlar, arizalar, shikoyatlar berish va boshqalar) hamda ulardan javoblar olish;
mijozning (ishonch bildiruvchining) roziligi bilan boshqa mutaxassislarni soliq maslahatida ishtirok etishga shartnoma asosida jalb etish;
mijoz (ishonch bildiruvchi) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni taqdim etmagan taqdirda, soliq maslahati berishni rad etish;
Oldingi tahrirga qarang.
mijozning (ishonch bildiruvchining) soliq davri uchun soliq majburiyatlarining bajarilishi, shu jumladan ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha yillik aylanmasi oxirgi uch yil ichida oʻn milliard soʻmdan oshmagan hamda soliq xavfi darajasi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchining uni ixtiyoriy ravishda tugatish chogʻida soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka koʻra daʼvo qilish muddati oʻtmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrda soliq majburiyatlari bajarilishi boʻyicha xulosa berish;
(19-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
soliq tekshiruvini oʻtkazish chogʻida soliq maslahatiga oid xulosani mijozning (ishonch bildiruvchining) nomidan mustaqil ravishda, asos sifatida taqdim etish;
mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomada belgilangan hollarda, oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlarida ishtirok etish;
soliq organlarida, shu jumladan soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish chogʻida bojxona organlarida, prokuratura organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifodalash;
sudlarda va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy, fuqarolik, jinoyat ishlarini hamda maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish chogʻida, shu jumladan dastlabki tergov jarayonida mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifodalash;
soliq solish bilan hamda soliqqa oid huquqbuzarliklar, soliq organlarining hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari va (yoki) harakatsizligi ustidan shikoyat qilish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish chogʻida sudlarda, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat qiluvchi organlarda hisoblash texnikasi va aloqa vositalaridan, audio- va video yozuv qurilmalaridan foydalanish.
Soliq maslahatchilari tashkilotlari soliq maslahati boʻyicha birgalikda xizmatlar koʻrsatishga haqli.
Soliq maslahati boʻyicha birgalikda xizmatlar koʻrsatish chogʻida soliq maslahatchilari tashkilotlarining har biri mijoz (ishonch bildiruvchi) oldida mustaqil ravishda javobgar boʻladi.
Soliq maslahati boʻyicha birgalikda xizmatlar koʻrsatish chogʻida mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan shartnoma soliq maslahatchilarining har bir tashkiloti bilan alohida-alohida tuzilishi mumkin.
20-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining majburiyatlari
Soliq maslahatchilari tashkiloti:
mijozning (ishonch bildiruvchining) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi, soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma doirasida barcha harakatlarni amalga oshirishi;
mijozning (ishonch bildiruvchining) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonunchilikda nazarda tutilgan usullari hamda vositalaridan foydalanishi;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish chogʻida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzilayotganda mijozning (ishonch bildiruvchining) talabiga koʻra tashkilot rahbarining malaka sertifikatini koʻrsatishi;
mijozga (ishonch bildiruvchiga) uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan zarar yetkazilganligi haqida dalolat beruvchi faktlar aniqlangan, shuningdek qonunchilik buzilgan taqdirda, bu haqda mijozga (ishonch bildiruvchiga) maʼlum qilishi;
soliq maslahatiga oid faoliyatni amalga oshirayotgan soliq maslahatchilari haqidagi hamda soliq maslahatchilarining har yilgi malaka oshirishdan oʻtishi toʻgʻrisidagi axborotni Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etishi;
mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda, soliq organlarining soliq tekshiruvlariga oid dalolatnomalarini va soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish bayonnomalarini mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan imzolashi;
fuqarolik javobgarligini sugʻurta polisiga ega boʻlishi;
soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilish qoidalarini belgilashi va ularga rioya etishi shart. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga doir talablar soliq maslahatining milliy standartlari bilan belgilanadi.
21-modda. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma
Soliq maslahatchilari tashkiloti mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan uning yashash joyidan va joylashgan yeridan (pochta manzilidan) qatʼi nazar, soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli.
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning asosiy shartlari quyidagilardan iborat:
maxfiylik;
soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahatchilari tashkilotlarining reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
soliq maslahatchilari tashkilotining fuqarolik javobgarligini sugʻurta polisi mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 706-moddasi.
22-modda. Soliq maslahati boʻyicha hisobot
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi soliq maslahatchisi shartnomada nazarda tutilgan hollarda soliq maslahati boʻyicha hisobotni mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq maslahatining milliy standartlarida belgilangan tartibda taqdim etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2012-yil 28-maydagi 44-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Soliq maslahati milliy standarti (2-sonli SMMS) (roʻyxat raqami 2375, 28.06.2012-y.).
Soliq maslahati boʻyicha hisobotdagi mavjud axborot maxfiydir va u oshkor qilinishi mumkin emas, bundan shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno.
Soliq maslahati boʻyicha hisobotning har bir sahifasi soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatgan soliq maslahatchisi, soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi va mazkur tashkilotning muhri (mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.
Soliq maslahati boʻyicha hisobot mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan soliq organiga soliq maʼmuriyatchiligini va (yoki) soliq nazoratini amalga oshirish doirasida taqdim etilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Soliq maslahati milliy standarti (2-sonli SMMS) “Soliq maslahati boʻyicha hisobot tuzish va mijozga (ishonch bildiruvchiga) taqdim etish tartibi” (roʻyxat raqami 2375, 28.06.2012-y.).
23-modda. Soliq maslahatiga oid xulosa
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatayotgan soliq maslahatchisi shartnomada nazarda tutilgan hollarda soliq maslahatiga oid xulosani mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq maslahatining milliy standartlarida belgilangan tartibda taqdim etadi.
Soliq maslahatiga oid xulosa soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatgan soliq maslahatchisi, soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi va mazkur tashkilotning muhri (mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.
Soliq maslahatiga oid xulosadagi mavjud axborot maxfiydir va u oshkor qilinishi mumkin emas, bundan shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno.
Soliq maslahatiga oid xulosa mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan soliq organiga soliq maʼmuriyatchiligini va (yoki) soliq nazoratini amalga oshirish doirasida taqdim etilishi mumkin.
Soliq maslahatiga oid xulosa soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish doirasida koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
Mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq hisobini yuritish boʻyicha xizmatlar doirasida taqdim etilgan soliq maslahatiga oid xulosa soliq tavakkalchiligini baholash chogʻida soliq organlari tomonidan qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yillik aylanmasi oxirgi uch yil ichida oʻn milliard soʻmdan oshmagan hamda soliq xavfi darajasi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchi ixtiyoriy ravishda tugatilganda, mazkur xulosani berish huquqiga ega boʻlgan soliq maslahatchilari tashkiloti bergan soliq maslahatiga oid xulosa soliq organlari tomonidan tan olinadi.
(23-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
4-bob. Malaka talablari va malaka sertifikati
24-modda. Malaka talablari
Bir vaqtning oʻzida quyidagi talablarga javob beradigan shaxs malaka sertifikatini olish uchun talabgor boʻlishi mumkin:
oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxs;
Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda soliq maslahatchilarini tayyorlash boʻyicha kursni oʻtagan shaxs;
kamida besh yil ish stajiga, shu jumladan iqtisodiy yoki yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yil ish stajiga ega boʻlgan shaxs.
“Soliqlar va soliq solish” mutaxassisligi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotini tamomlagan talabgorlar mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yil ish staji mavjud boʻlgan taqdirda, malaka imtihonini topshirishga qoʻyiladi.
Soliq organlarida kamida uch yil ish stajiga, shuningdek auditor sertifikatiga ega boʻlgan talabgorlar soliq maslahatchilarini tayyorlash boʻyicha qisqartirilgan kursni oʻtaydi.
Soliq maslahatchilarini tayyorlash boʻyicha kurs, shu jumladan masofadan turib oʻqitish shaklidagi kurs Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida tashkil etiladi.
Soliq maslahatchilari Soliq maslahatchilari palatasi huzuridagi taʼlim tashkilotlarida Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida malaka oshiradi.
25-modda. Malaka imtihoni oʻtkazilishini tashkil etish
Talabgor malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi ariza bilan Soliq maslahatchilari palatasiga murojaat qilishga haqli.
Malaka imtihonini topshirish uchun ariza berish, mazkur imtihonni oʻtkazish tartibi Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tasdiqlanadi.
Malaka imtihoni Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan oʻtkaziladi. Soliq maslahatchilari palatasi test sinovlarini oʻtkazishga ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslarni shartnoma asosida jalb etishi mumkin.
Malaka sertifikatini olishga doir malaka imtihonlarida ishtirok etish uchun talabgor tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoriga teng boʻlgan yigʻim toʻlanadi.
26-modda. Malaka sertifikati
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga boʻlgan huquq ushbu Qonunda belgilangan tartibda jismoniy shaxsga berilgan malaka sertifikati bilan tasdiqlanadi.
Malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi.
27-modda. Malaka sertifikatini berish va qayta rasmiylashtirish, uning dublikatini berish
Malaka sertifikati jismoniy shaxsga malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilganidan keyin Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan oʻn kun ichida beriladi.
Soliq maslahatchisi oʻz familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgargan taqdirda, tegishli oʻzgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan eʼtiboran bir oylik muddatda Soliq maslahatchilari palatasiga malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish soliq maslahatchisi tomonidan malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida qayta rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan sertifikatning asl nusxasi va tegishli oʻzgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilingan holda ariza berilgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida amalga oshiriladi. Qayta rasmiylashtirish chogʻida avval berilgan raqamli malaka sertifikatining yangi blankasi beriladi. Avval berilgan sertifikatning blankasi yoʻq qilinadi.
Soliq maslahatchisining yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati oʻrniga malaka sertifikatining dublikatini berish toʻgʻrisidagi arizasi asosida uning dublikati beriladi. Malaka sertifikati yoʻqolganligi toʻgʻrisidagi axborot Soliq maslahatchilari palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Malaka sertifikatining dublikati aynan oʻsha raqam bilan, sertifikatning yangi blankasiga “Dublikat” degan yozuv albatta kiritilgan holda beriladi.
Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati Soliq maslahatchilari palatasiga qaytarilishi va yoʻq qilinishi lozim.
28-modda. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish
Malaka sertifikatining amal qilishi Soliq maslahatchilari palatasining yoki sudning qarori asosida tugatiladi.
Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
soliq maslahatchisining arizasi;
soliq maslahatchisining har yilgi malaka oshirishdan Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda oʻtmaganligi;
soliq maslahatchisining vafot etganligi;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;
fuqaroni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;
soliq maslahatiga oid faoliyatda uch yil davomida ishtirok etmaganlik (bundan homiladorlik va tugʻish, shuningdek bolani parvarishlash boʻyicha taʼtil davri mustasno);
malaka sertifikati soliq maslahatida ishtirok etish uchun foydalanish maqsadida boshqa jismoniy shaxsga berilganligi faktining aniqlanganligi;
soliq maslahatchisi tomonidan soliq maslahati berish davomida olingan maʼlumotlar mijozning (ishonch bildiruvchining) yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilganligi;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatishda soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikning bir yil ichida ikkita buzilishi sodir etilganligi.
Ushbu modda ikkinchi qismining yettinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos advokatlik tuzilmalarining, auditorlik tashkilotlarining, buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa yuridik shaxslarning shtatida, shuningdek davlat organlarida asosiy ish joyi boʻyicha ishlaydigan soliq maslahatchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran tugatiladi.
Malaka sertifikatining amal qilishi ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi — yettinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha Soliq maslahatchilari palatasining qarori bilan, ushbu modda ikkinchi qismining sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha esa sudning qarori bilan tugatiladi.
Malaka sertifikatining amal qilishi ushbu modda ikkinchi qismining sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha tugatilgan shaxs malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida Soliq maslahatchilari palatasiga malaka sertifikatini olish haqidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Soliq maslahatchilari palatasining malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
29-modda. Malaka sertifikatini bekor qilish
Malaka sertifikati sud qarori asosida bekor qilinadi.
Malaka sertifikati quyidagi asoslarga koʻra bekor qilinadi:
malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorning qonunga xilof ekanligi aniqlanganligi;
malaka sertifikatining soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Malaka sertifikati ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilingan shaxs sudning malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori qonuniy kuchga kirgan sanadan eʼtiboran uch yil ichida Soliq maslahatchilari palatasiga malaka sertifikatini olish haqidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Nizolarni hal etish
Soliq maslahati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
31-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining va soliq maslahatchilarining javobgarligi
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida mijozga (ishonch bildiruvchiga) zarar yetkazganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Mijozga (ishonch bildiruvchiga) yetkazilgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi lozim.
Soliq maslahatchisi ishni sifatsiz bajarganligi, tijorat sirini oshkor etganligi natijasida yetkazilgan zarar va soliq maslahatchilari tashkilotining zarar koʻrishiga olib kelgan boshqa xatti-harakatlar uchun qonunchilikka muvofiq soliq maslahatchilari tashkiloti oldida javobgar boʻladi.
32-modda. Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
33-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-682-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 288-modda; 2022-yil, № 3, 213-modda) ilovasining 102-bandiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasi bilan — soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalariga doir loyihalar”;
oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilar tegishincha oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 21-sentabrda qabul qilingan “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-55-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 9, 497-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan “Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-197-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 640-modda) 35-moddasi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 4-yanvarda qabul qilingan “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-316-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 1, 2-modda);
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-391-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 312-modda) 33-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-429-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 4, 137-modda) 14-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 175-moddasi.
34-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
35-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
36-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-avgust,
OʻRQ-787-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 03/22/787/0708-son; 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son