1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.25.00 Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun yanada kulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini avtomatlashtirish va elektron shaklga oʻtkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2022-yil 1-iyuldan boshlab kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) davlat roʻyxatidan oʻtkazishning soddalashtirilgan elektron tartibi joriy etilsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Maʼmuriy reglament) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish tartibi;
franshizing toʻgʻrisidagi shartnomalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish holatlari;
franshizing toʻgʻrisidagi shartnomalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning yagona davlat reyestrini yuritish tartibi.
3. Adliya vazirligi ikki oy muddatda:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglament boʻyicha davlat xizmatlarini YIDXP orqali Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi yordamida joriy etilishini;
davlat xizmatlari markazlari xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentni amalda qoʻllashning samaradorligi va natijadorligi darajasini oshirishga yoʻnaltirilgan oʻquv-seminarlar tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini monitoring qilib borish tartibini joriy etsin.
5. Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-iyun,
346-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-iyundagi 346-son qaroriga 1-ILOVA
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Maʼmuriy reglament kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini (keyingi oʻrinlarda — Franshizing shartnomasi) davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibini belgilaydi.
2. Franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ) tomonidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda — Tizim) orqali amalga oshiriladi.
Ushbu qoidaga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy hisoblanmasligiga sabab boʻladi.
3. Ushbu Maʼmuriy reglamentda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — litsenziat, litsenziar yoki ularning vakili;
litsenziar — franshizing shartnomasi boʻyicha taraf, litsenziatga kompleks mutlaq huquqlarni haq evaziga foydalanish uchun beruvchi kompleks mutlaq huquqlar (litsenziya kompleksi)ning huquqiy egasi;
litseiziat — franshizing shartnomasi boʻyicha taraf, litsenziarning kompleks mutlaq huquqlaridan tadbirkorlik faoliyati uchun huquqiy foydalanuvchi;
franshizing shartnomasi — bir taraf (litsenziar) ikkinchi tarafga (litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qoʻriqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek, shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa obyektlardan (tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini oʻz ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksini (litsenziya kompleksi) berish majburiyatini yuklaydigan shartnoma;
kompleks tadbirkorlik boʻyicha qoʻshimcha litsenziya shartnomasi (keyingi oʻrinlarda — qoʻshimcha litsenziya shartnomasi) — bu litsenziat tomonidan unga berilgan litsenziya kompleksidan yoki uning qismidan litsenziar bilan kelishilgan yoxud franshizing shartnomasida belgilangan shartlarda foydalanish huquqini boshqa shaxslarga berish toʻgʻrisidagi shartnoma;
franshizing shartnomasiga muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish — shartnoma predmeti, yetkazib beriladigan tovar (ishlar, xizmatlar)ning miqdori, sifati, turi, narxi, bajarish muddatlari, hisob-kitob tartibi, taraflarning rekvizitlari, shartnoma tuzilgan sana va joy, shuningdek, franshizing shartnomasi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan yoki unga nisbatan taraflardan biri tomonidan berilgan ariza boʻyicha bitimga erishilishi kerak boʻlgan boshqa muhim shartlar boʻyicha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.
4. Agar franshizing shartnomasida tashqi savdo operatsiyalari (tovarlar, ishlar va xizmatlar eksporti-importi) nazarda tutiladigan boʻlsa, u holda bunday operatsiyalarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga ham rioya qilinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni oʻz ichiga oladigan franshizing shartnomasi (litsenziya shartnomasi)ning tegishli qismi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Intellektual mulk departamentida ham roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Bunda litsenziya shartnomasi franshizing shartnomasining ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu talabga rioya qilinmagan taqdirda, agar shartnomaning boshqa shartlari bevosita oʻz kuchini saqlab qolishi mumkin boʻlsa, litsenziya shartnomasining tegishli qismi yoxud franshizing shartnomasi umuman tuzilmagan va haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar intellektual mulk obyekti Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtkazilmagan boʻlsa, intellektual mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish va franshizing shartnomasi boʻyicha berish taraflarning xohishiga koʻra amalga oshiriladi.
5. Franshizing shartnomasi davlat roʻyxatidan ushbu Maʼmuriy reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
2-bob. Franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
6. Ariza beruvchi franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga oʻzi kelib murojaat etadi yoki YIDXP orqali Tizimda roʻyxatdan oʻtadi.
Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Maʼmuriy reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi.
7. Ariza beruvchi soʻrovnomani shakllantirishni istalgan bosqichda toʻxtatish huquqiga ega, bunda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
8. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (elektron raqamli imzo, mobil-ID tizimi, elektron imzo, daktiloskopiya va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
9. Ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar elektron shaklda (pdf formatda) ilova qilinadi:
a) roʻyxatdan oʻtkazishda:
franshizing shartnomasi;
xorijiy litsenziar uchun — xorijiy davlatning tegishli davlat reyestridan koʻchirma yoki uning oʻrnini bosuvchi tegishli hujjatlar;
b) muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda:
franshizing shartnomasiga kiritilayotgan muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxasi;
sud organining qarori asosida franshizing shartnomasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishda — ushbu hujjatning nusxasi taqdim etiladi.
Bunda mazkur holatlarda ariza beruvchi ishonchnoma asosida ish koʻradigan shaxs boʻlsa, koʻrsatib oʻtilgan shaxsning vakolatini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatning nusxasi ham taqdim etiladi.
Ariza beruvchidan ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab etish qatʼiyan taqiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlar davlat tili yoki rus tiliga notarial tartibda tarjima qilingan boʻlishi talab etiladi.
10. Franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir miqdorida yigim undiriladi.
YIDXP orqali murojaat qilinganda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga oʻzi kelib murojaat etganda toʻlanadigan summaning 90 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish rad etilgan taqdirda, toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
11. Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga oʻzi kelib murojaat etganda:
0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
11,75 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
12. Quyidagi hollarda yigʻim toʻlanmaydi:
sud hujjati asosida franshizing shartnomasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda;
franshizing shartnomasi (muhim oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar)ni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha hujjatlar takroran koʻrib chiqilganda.
13. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ taqdim etilgan hujjatlarni kelib tushgan sanadan boshlab bir ish kuni davomida koʻrib chiqadi hamda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish haqida yoki mazkur Maʼmuriy reglamentning 15-bandida belgilangan holatlar mavjud boʻlganda, davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
14. Agar taqdim qilingan hujjatlar mazkur Maʼmuriy reglament talablariga muvofiq boʻlsa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ xodimi:
yagona davlat reyestriga avtomatik tarzda tegishli yozuvlar kiritish yoʻli bilan franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi, franshizing shartnomalariga oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritadi;
franshizing shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani Tizim yordamida avtomatik tarzda Adliya vazirligining Intellektual mulk departamentiga yuboradi;
mazkur Maʼmuriy reglamentga 3-ilovaga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqdagi guvohnomani shakllantiradi;
franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqdagi guvohnomani ariza beruvchiga taqdim qiladi (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.
15. Quyidagilar franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun asos boʻladi:
kompleks mutlaq huquqlarning muvofiq boʻlmagan huquq egalari (huquqdan foydalanuvchilar) tomonidan murojaat qilinganda;
hujjatlar toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganda yoki qasddan soxta hujjatlar yoki maʼlumotlar taqdim etilganda;
taqdim etilgan hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga nomuvofiqligi;
faoliyatning tegishli turini amalga oshirish huquqini beruvchi zarur ruxsatnomalar (litsenziyalar)ning mavjud emasligi, agar bunday ruxsatnoma (litsenziya) Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq talab etilsa.
16. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar mavjud boʻlganda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ xodimi mazkur Maʼmuriy reglamentga 4-ilovaga muvofiq franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani rasmiylashtiradi hamda uni ariza beruvchiga taqdim qiladi (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.
17. Franshizing shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchi bu haqdagi xabarnomani olgan vaqtdan boshlab uch oy ichida tegishli kamchiliklarni bartaraf qilgan holda yigʻimni toʻlamasdan, qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda franshizing shartnomasi davlat roʻyxatidan mazkur bobda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandning birinchi xatboshida belgilangan muddatdan keyin berilgan soʻrovnomalar yangidan berilgan hisoblanadi hamda belgilangan tartibda davlat xizmati uchun yigʻim undiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Ariza beruvchi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi, aniqligi, buzib koʻrsatilganligi uchun javobgar hisoblanadi.
19. Ushbu Maʼmuriy reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
(franshizing shartnomasi boʻyicha litsenziat, litsenziar yoki ularning vakillari)
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat qiladi yoki Internet jahon axborot tarmogʻi orqali YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Xohishiga koʻra
(shartnomaga asosan faoliyat boshlash oldidan)
2-bosqich
Ariza beruvchi
(franshizing shartnomasi boʻyicha litsenziat, litsenziar yoki ularning vakillari)
Franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir miqdorida yigʻim toʻlaydi.
(YIDXP orqali murojaat etilganda summaning 90 foizi undiriladi)
Murojaat qilingan vaqtda
3-bosqich
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ
(Davlat xizmatlari markazi)
Taqdim qilingan hujjatlar mazkur Maʼmuriy reglament talablariga muvofiq boʻlganda, davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazadi.
Taqdim qilingan hujjatlar mazkur Reglament talablariga nomuvofiq boʻlganda franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazishni rad qiladi, bu haqida ariza beruvchini xabardor qiladi.
Bir ish kuni mobaynida
4-bosqich
Ariza beruvchi
(franshizing shartnomasi boʻyicha litsenziat, litsenziar yoki ularning vakillari)
Franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish rad etilgan taqdirda, tegishli kamchiliklarni bartaraf qilgan holda qayta murojaat qiladi.
Xabarnoma olgan vaqtdan boshlab uch oy mobaynida
5-bosqich
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ
(Davlat xizmatlari markazi)
Franshizing shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnomani ariza beruvchiga taqdim qiladi (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan soʻng real vaqt rejimida
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha
SOʻROVNOMA
I. Ariza beruvchi jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:
1. F.I.O.:
2. JSHSHIR:
II. Ariza beruvchi yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:
1. Firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli:
2. STIR:
III. Franshizing shartnomasi toʻgʻrisidagi maʼlumot:
Soʻrovnomani toʻldirish sababi:
yangi roʻyxatdan oʻtish;
muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish.
3. Litsenziarning intellektual mulkka oid litsenziatga beriladigan:
intellektual mulk obyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun talabnoma berilganligi toʻgʻrisidagi;
intellektual mulk obyekti egasi toʻgʻrisidagi;
intellektual mulk obyektining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi muhofaza hujjati haqidagi maʼlumotlar.
4. Franshizing shartnomasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar:
5. Elektron pochta manzili, veb-sayti manzili (agar mavjud boʻlsa):
IV. Ilova qilinadigan hujjatlar:
a) Roʻyxatdan oʻtkazishda:
franshizing shartnomasi;
xorijiy litsenziar uchun — xorijiy davlatning tegishli davlat reyestridan koʻchirma yoki uning oʻrnini bosuvchi tegishli hujjatlar;
ishonchnoma (zaruratga koʻra).
b) Muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda:
franshizing shartnomasiga kiritilayotgan muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxasi;
sud organining qarori asosida franshizing shartnomasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishda — ushbu hujjatning nusxasi;
ishonchnoma (zaruratga koʻra).
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomasi
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida
GUVOHNOMA
Roʻyxatdan oʻtkazilgan sana
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing)
shartnomasining amal qilish muddati
I. Litsenziat toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
1. Litsenziatning nomi:
2. Pochta manzili:
3. Tashkiliy-huquqiy shakli:
4. KTUT kodi:
5. STIR:
6. IFUT kodi:
7. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:
II. Litsenziar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
1. Litsenziarning nomi:
2. Pochta manzili:
3. Tashkiliy-huquqiy shakli:
4. KTUT kodi:
5. STIR:
6. IFUT kodi:
7. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:
8. Franshiza obyekti:
Guvohnomani bergan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ nomi:
QR-kod
(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 4-ILOVA
Elektron hujjatning identiflkatsiya raqami
______________________________________________________________ qonun hujjatlarida belgilangan tartibda
(roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning nomi)
va muddatlarda Sizning 20____-yil “____” _____________________ dagi _______________-son soʻrovnomangizni
(yil, kun, oy)
koʻrib chiqib, ____________________________________________________ rad etilganligini maʼlum qiladi.
(davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish)
Axborot tariqasida maʼlum qilinadiki, franshizing shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchi bu haqidagi xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 5 ish kuni ichida tegishli kamchiliklarni bartaraf qilgan holda yigʻimni toʻlamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Ariza beruvchi tomonidan belgilangan muddatdan keyin berilgan soʻrovnomalar yangidan berilgan hisoblanadi.
QR-kod
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-iyundagi 346-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2010-yil 4-noyabrdagi 244-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2011-yil 6-sentabrdagi 248-son qaroriga ilovaning 16-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 31-dekabrdagi 377-son qaroriga ilovaning 33-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2017-yil 21-avgustdagi 651-son qaroriga ilovaning 13-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-son qaroriga ilovaning 28-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 10-avgustdagi 661-son qaroriga ilovaning 18-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 99-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimi tubdan takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2021-yil 25-iyundagi 393-son qaroriga 1-ilovaning 9-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2022-y., 09/22/346/0566-son; 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)