1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.02.00 Taʼlim tizimini boshqarish;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.04.04 (Кучини йукотган) Davlat oliy taʼlim muassasalari / 13.01.61.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalari;
3.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.04.06 (Кучини йукотган) Xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallari / 13.01.61.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yangi Oʻzbekiston” universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi hamda Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
a) “Yangi Oʻzbekiston” universitetini tashkil etish toʻgʻrisida” 2021-yil 23-iyundagi PQ-5158-son qaroriga muvofiq:
Toshkent shahrida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etilganligi;
Universitetda taʼlim jarayoni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshirilishi;
talabalarni qabul qilish parametrlari Agentlik bilan kelishgan holda Universitet tomonidan belgilanishi;
quyidagilarga:
xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (Intemational Baccalaureate, Advanced Placement, Intemational Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
Prezident taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) gʻoliblariga;
Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga;
Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga nisbatan “Yangi Oʻzbekiston” universitetida davlat granti tatbiq etilishi;
(1-band “a” kichik bandining oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
b) “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5188-son qarorining 8-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasini qoplash uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya toʻlanishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2021/2022 oʻquv yilida “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga oʻqishga qabul qilingan barcha talabalarga davlat granti, istisno tariqasida, butun oʻquv yillari uchun toʻliq taqdim etilishi inobatga olinsin.
Bunda oʻquv yili (semestr) yakuniga koʻra belgilangan akademik koʻrsatkichlari qoniqarsiz boʻlganligi natijasida tegishli fan yoki kursni qayta oʻqish bilan bogʻliq xarajatlar talabaning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) “Yangi Oʻzbekiston” universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
xalqaro darajadagi diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilari, Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilari, Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nufuzli fanlar boʻyicha olimpiada gʻoliblari, Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga nisbatan davlat granti bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun butun oʻquv yillari davomida toʻliq taqdim etilishi;
(2-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda oʻtgan oʻquv yili yakuniga koʻra eng yuqori akademik koʻrsatkichlarga erishgan Universitet talabalariga davlat granti bir oʻquv yili uchun tabaqalashtirilgan tartibda berilishi;
Agentlik, Universitet va stipendiatlar oʻrtasida belgilangan tartibda davlat grantini taqdim etish, qaytarish hamda ishlab berish shartlarini nazarda tutuvchi shartnoma rasmiylashtirilishi;
davlat grantini berish xarajatlari uchun mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi;
davlat grantiga talabgorlarning huquq va majburiyatlari;
b) Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasi qoplab berilishi;
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida belgilangan toʻlov-kontrakt summasining bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorigacha boʻlgan qismi toʻliq miqdorda qoplab berilishi;
subsidiya olgan talabalar Universitetni tamomlagandan soʻng Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar respublikada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda besh yilgacha toʻliq bandlik rejimida ishlab berish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi;
subsidiya olgan talabalar magistratura bosqichida yoki doktoranturada oʻqishini davom ettirgan taqdirda, ularning majburiy ishlab berish muddati magistratura yoki doktoranturada oʻqish davri tugagandan soʻng boshlanishi;
subsidiya berish tartibi, shartlari hamda subsidiya ajratishni moliyalashtirish qoidalari.
3. Belgilansinki, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti talabalariga davlat grantini berish, Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasini qoplash boʻyicha subsidiya ajratish xarajatlarini moliyalashtirish 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori X.U. Umarova zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-iyun,
300-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-iyundagi 300-son qaroriga 1-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston” universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi toʻgʻrisida
1. Ushbu Nizom Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimidagi “Yangi Oʻzbekiston” universitetining (keyingi oʻrinlarda — Universitet) bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida iqtidorli talabalarning taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash uchun davlat grantini berish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
grant talabgori — Universitetga oʻqishga qabul qilish boʻyicha belgilangan tartibga muvofiq toʻliq davlat granti asosida oʻqishi belgilangan, shuningdek, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, yuqori oʻrinlarni egallagan abituriyent hamda oʻquv yili yakuni boʻyicha akademik koʻrsatkichlari eng yuqori boʻlgan talabalar;
davlat granti — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Universitetda oʻqish qiymati qonunchilikda belgilangan tartibda qoplab beriladigan mablagʻ miqdori;
stipendiat — qonunchilikka muvofiq toʻliq yoki tabaqalashtirilgan tartibda davlat granti taqdim etilgan Universitet talabalari.
3. Universitetni tamomlagandan soʻng Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar respublikada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda 5 yilgacha toʻliq bandlik rejimida ishlab berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs davlat granti talabgori boʻlishi mumkin.
4. Universitetda iqtidorli talabalarning taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash uchun davlat granti:
xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (Intemational Baccalaureate, Advanced Placement, Intemational Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) gʻoliblariga;
Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga;
Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga nisbatan taqdim etiladi.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
5. Davlat granti Universitetning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida tahsil oladigan grant talabgorlari uchun ajratiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
6. Davlat granti mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq taqdim etiladi.
7. Grant talabgorlari boʻlgan abituriyentlar Universitetga qabul boʻyicha belgilangan tartibda onlayn platforma orqali ariza bilan birga hujjatlarni taqdim etish jarayonida mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan grant talabgorlari toifasiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarning PDF (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalarini ham ilova qiladi, Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bundan mustasno.
Ushbu hujjatlar abituriyentlar tomonidan Universitetga qabul qilish boʻyicha arizalarga belgilangan muddatlarda taqdim etilishi shart. Qabul qilish muddati tugagandan soʻng hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmaydi.
8. Davlat grantini olish uchun alohida ariza topshirilmaydi.
9. Davlat granti Universitet tomonidan har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi uchun belgilangan qabul kvotasi doirasida Agentlik bilan kelishilgan holda ajratiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
10. Davlat grantining toʻliq (100 foiz) miqdori Universitetda bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi boʻyicha belgilangan toʻlov-kontraktning toʻliq (100 foiz) miqdoriga teng boʻladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
11. Quyidagi toifaga kiruvchi grant talabgoriga toʻliq (100 foiz) miqdorda davlat granti ajratiladi:
a) xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (Intemational Baccalaureate, Advanced Placement, Intemational Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilari;
b) Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan:
Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) gʻoliblari;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha belgilangan umumiy qabul kvotalarining 5 foizi miqdorida ajratilgan kvota boʻyicha oʻqishga qabul qilingan Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari;
(11-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari.
(11-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari uchun belgilangan umumiy qabul kvotalarining 5 foizi miqdorida ajratilgan qabul kvotasi doirasiga kirmagan Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari umumiy tartibda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha davlat grantiga talabgorlik qilishlari mumkin.
(11-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
12. Mazkur Nizomning 11-bandiga muvofiq davlat granti taqdim etilgan stipendiatlar uchun butun oʻquv yillari mobaynida toʻliq davlat grantini taqdim etish tartibi saqlab qolinadi.
Bunda stipendiatning oʻquv yili (semestr) yakuniga koʻra belgilangan akademik koʻrsatkichlari (Academic Performance) qoniqarsiz boʻlganligi natijasida talabaning tegishli fanni qayta oʻqishi bilan bogʻliq xarajatlar oʻz hisobidan amalga oshiriladi.
13. Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda oʻtgan oʻquv yili yakuniga koʻra eng yuqori akademik koʻrsatkichlarga (Academic Performance) erishgan Universitet talabalariga (ushbu Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan grant talabgorlaridan tashqari) davlat granti bir oʻquv yili uchun quyidagi jadvalga muvofiq tabaqalashtirilgan tartibda ajratib beriladi:
Bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi boʻyicha eng yuqori oʻrinni egallagan abituriyentlar (talabalar) guruhi
(ballar ketma-ketligida)
Davlat granti kvotasi
(har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi boʻyicha umumiy kvotaga nisbatan)
Bir nafar abituriyent (talaba) uchun moliyalashtiriladigan davlat granti
(foiz hisobida)
1-guruh
10 foiz
100
2-guruh
10 foiz
70
3-guruh
15 foiz
50
(13-bandning jadvali Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
14. Tabaqalashtirilgan davlat grantini ajratish belgilangan mezonlarga asosan Universitet tomonidan har oʻquv yili yakuniga koʻra qayta koʻrib chiqiladi va belgilangan tartibda grant talabgorlariga taqdim etiladi.
15. Tabaqalashtirilgan davlat grantini taqdim etish jadvalining 2-3-guruhlariga kiruvchi abituriyentlar (talabalar) tomonidan Universitetda oʻqish uchun belgilangan toʻlov-kontraktining qolgan miqdori shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlanadi.
16. Grant talabgorlari roʻyxati har oʻquv yili boshlanishining birinchi besh ish kuni mobaynida Universitet rektorining buyrugʻiga asosan tasdiqlanadi.
Grant talabgorlari oʻrtasida teng ballar toʻplangan taqdirda, teng ball toʻplagan barcha grant talabgorlari uchun davlat granti taqdim etiladi.
17. Agentlik, Universitet va stipendiatlar oʻrtasida belgilangan tartibda har oʻquv yili boshlanishining birinchi oʻn ish kuni mobaynida davlat grantini taqdim etish, qaytarish hamda ishlab berish shartlarini nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnoma (keyingi oʻrinlarda — shartnoma) rasmiylashtiriladi.
3-bob. Davlat grantini moliyalashtirish
18. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davlat grantini berish xarajatlari uchun mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Prezident taʼlim muassasalari agentligiga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari doirasida nazarda tutiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan davlat grantini berish xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlar Agentlikning Moliya vazirligi Gʻaznachiligida ochilgan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida nazarda tutiladi.
19. Agentlik belgilangan tartibda tuzilgan uch tomonlama shartnomaga muvofiq har oʻquv yili boshlanishining birinchi oʻn besh ish kuni mobaynida Universitetning bank hisobvaragʻiga tegishli mablagʻlarni moliyalashtirib beradi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Agentlikka davlat grantini berish xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha xarajatlar smetasini tuzish, tasdiqlash, roʻyxatdan oʻtkazish va unga oʻzgartirishlar kiritish budjet qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 18-bobi.
4-bob. Grant talabgorlarining huquq va majburiyatlari
21. Quyidagilar grant talabgorlarining huquqlari hisoblanadi:
kirish imtihonlarida eng yuqori oʻrinlarni egallagan va oʻquv yili yakunidagi akademik koʻrsatkichlaridan (Academic Performance) kelib chiqib davlat grantini toʻliq yoki qisman belgilangan tartibda olish;
Universitetda toʻlov-kontrakt asosida oʻqigan holda keyingi oʻquv semestrlari yakuni boʻyicha akademik koʻrsatkichlari (Academic Performance) yuqori boʻlgan taqdirda, davlat grantiga talabgor boʻlish;
davlat grantidan voz kechish va Universitetda oʻqishni toʻlov-kontrakt asosida davom ettirish.
22. Toʻliq davlat granti asosida taʼlim olgan bitiruvchilarga (stipendiatlarga) oʻqishni tamomlagandan soʻng, biroq ikki oy muddatdan kechikmasdan Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar respublikada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda 5 yilgacha toʻliq bandlik rejimida ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Davlat tashkilotlarida kadrlarga boʻlgan ehtiyoj Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan aniqlanadi hamda davlat granti sohibi boʻlgan bitiruvchilarni taqsimlash uchun Agentlikka taqdim etiladi.
Oʻqish davrida davlat grantini qisman olgan bitiruvchilarning davlat granti umumlashtirilib, majburiy ishlab berish muddati mutanosib ravishda, biroq kamida bir yilgacha boʻlgan muddatga yaxlitlanib hisoblanadi.
23. Magistratura bosqichida yoki doktoranturada oʻqishni davom ettirayotganUniversitet bakalavriat yoki magistratura bosqichi bitiruvchilarining (stipendiatlarning) majburiy ishlab berish muddati magistratura bosqichida yoki doktoranturada oʻqish davri tugagandan soʻng boshlanadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
24. Davlat granti asosida taʼlim olgan bitiruvchi (stipendiat) mazkur Nizomda hamda shartnomada belgilangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, unga ajratilgan davlat grantining qiymati belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
26. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Yangi Oʻzbekiston” universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston” universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi
Grant talabgori (xalqaro darajadagi tegishli dasturlar diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilari, Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika olimpiadalari gʻoliblari, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha belgilangan umumiy qabul kvotalarining besh foizi miqdorida ajratilgan kvota boʻyicha oʻqishga qabul qilingan Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari, Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari) boʻlgan abituriyent tomonidan Universitetga oʻqishga qabul qilish boʻyicha belgilangan tartibda onlayn platforma orqali ariza bilan birga hujjatlarni taqdim etish jarayonida mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan davlat granti talabgorlari toifasiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarning PDF (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalarini ilova qilish.
Universitetga qabul qilish boʻyicha belgilangan muddatlarda
2-bosqich
Grant talabgorlari roʻyxatini har oʻquv yili boshlanishining birinchi besh ish kuni mobaynida Universitet rektorining buyrugʻiga asosan tasdiqlash.
Har oʻquv semestri boshlanishining birinchi 5 ish kuni mobaynida
3-bosqich
Prezident taʼlim muassasalari agentligi, Universitet va stipendiatlar oʻrtasida belgilangan tartibda davlat grantini taqdim etish, qaytarish hamda ishlab berish shartlarini nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnomani rasmiylashtirish.
Har oʻquv semestri boshlanishining birinchi 10 ish kuni mobaynida
4-bosqich
Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan belgilangan tartibda tuzilgan uch tomonlama shartnomaga muvofiq Universitetning bank hisobvaragʻiga tegishli mablagʻlarni moliyalashtirib berish.
Har bir oʻquv semestri boshlanishining birinchi 15 ish kuni mobaynida
5-bosqich
Davlat granti asosida taʼlim olgan bitiruvchilarning oʻqishni tamomlagandan soʻng Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar respublikada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda besh yilgacha toʻliq bandlik rejimida ishlab berishi.
Oʻqishni tamomlagandan keyin besh yil davomida
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-iyundagi 300-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga (keyingi oʻrinlarda — oliy taʼlim tashkilotlari) toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
subsidiya — oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan toʻlov;
talabgor — oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchisi boʻlgan va oʻqishni tamomlagandan soʻng egallagan mutaxassisligi boʻyicha besh yil muddatda toʻliq bandlik rejimida uzluksiz ishlab berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan fuqaro.
3. Oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya toʻlanadi.
4. Subsidiya mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq beriladi.
2-bob. Subsidiya berish tartibi va shartlari
5. Prezident taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan Prezident maktablari bitiruvchilarining umumiy hisobini yuritadi.
6. Talabgorlar oʻquv yilining 15-dekabriga qadar Agentlikka ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga talabgorlarning oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnoma ilova qilinadi.
7. Ariza Agentlik tomonidan uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha har yili oliy taʼlim tashkilotiga toʻlov-kontrakt summasini, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdoridan ortiq boʻlmagan qismini qoplab berish toʻgʻrisida Agentlik, oliy taʼlim tashkiloti va talabgor oʻrtasida ikki ish kuni ichida uch tomonlama shartnoma tuziladi.
Agar toʻlov-kontrakt summasi bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan kam boʻlsa, toʻlov-kontrakt summasi toʻliq qoplab beriladi.
Bunda talabgorning oʻquv yili (semestr) yakuniga koʻra belgilangan akademik koʻrsatkichlari qoniqarsiz boʻlganligi natijasida tegishli fan yoki kursni qayta oʻqishi bilan bogʻliq xarajatlar oʻz hisobidan amalga oshiriladi.
8. Subsidiya beriladigan talabgorlarga oʻqishni tamomlagandan soʻng, biroq ikki oy muddatdan kechikmasdan Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar respublikada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda besh yilgacha toʻliq bandlik rejimida ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Subsidiyani qisman olgan talabgorning subsidiyasi umumlashtirilib, majburiy ishlab berish muddati mutanosib ravishda, biroq kamida bir yilgacha boʻlgan muddatga yaxlitlanib hisoblanadi.
Bunda magistratura bosqichida yoki doktoranturada oʻqishini davom ettirgan talabgorlarning majburiy ishlab berish muddati magistratura yoki doktoranturada oʻqish davri tugagandan soʻng boshlanadi.
9. Talabgor u bilan tuzilgan uch tomonlama shartnomada belgilangan oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, subsidiya qiymati talabgor tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladigan mablagʻ Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar respublikada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda ishlab berish majburiyatining bajarilmagan muddatiga mutanosib ravishda hisoblanadi.
3-bob. Subsidiya berishni moliyalashtirish
10. Subsidiya berish Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan (keyingi oʻrinlarda — respublika budjeti) birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Agentlikka ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari doirasida nazarda tutiladi.
Respublika budjetidan subsidiya berish xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlar Agentlikning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida ochilgan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida nazarda tutiladi.
11. Subsidiya belgilangan tartibda tuzilgan uch tomonlama shartnomaga muvofiq Agentlik tomonidan oliy taʼlim tashkilotining bank hisobvaragʻiga besh ish kuni ichida moliyalashtirib beriladi.
12. Respublika budjetidan Agentlikka subsidiya berish xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha xarajatlar smetasini tuzish, tasdiqlash, roʻyxatdan oʻtkazish va unga oʻzgartirishlar kiritish budjet qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish uchun toʻlov-kontrakt miqdori uch tomonlama shartnoma tuzilgunga qadar talabgorlar tomonidan toʻliq toʻlanganda hamda oʻquv yilining 15-dekabridan kech boʻlmagan muddatda talabgorlar tomonidan subsidiya ajratish uchun murojaat qilinganda, subsidiya summasi belgilangan tartibda oʻn ish kuni ichida talabgorning shaxsiy bank kartasiga oʻtkaziladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
15. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish
SXEMASI
Bosqichlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Prezident maktablari bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar (oʻqishga qabul qilingani toʻgʻrisida maʼlumotnoma va toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnoma ilova qilingan arizani belgilangan tartibda Prezident taʼlim muassasalari agentligiga topshirish.
Oʻquv yilining 15-dekabriga qadar
2-bosqich
Talabaning oʻqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnoma Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan koʻrib chiqilishi.
3 ish kuni ichida
3-bosqich
Prezident taʼlim muassasalari agentligi, oliy taʼlim tashkiloti va talabgor oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzish.
2 ish kuni ichida
4-bosqich
Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan oliy taʼlim tashkilotining bank hisobvaragʻiga belgilangan subsidiya summasi oʻtkazilishi
5 ish kuni ichida
5-bosqich
Oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish uchun toʻlov-kontrakt miqdori uch tomonlama shartnoma tuzilgunga qadar talabgorlar tomonidan toʻliq toʻlanganda hamda oʻquv yilining 15-dekabridan kech boʻlmagan muddatda talabgorlar tomonidan subsidiya ajratish uchun murojaat qilinganda, subsidiya summasini Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan talabgorlarning shaxsiy bank kartasiga oʻtkazish.
10 ish kuni ichida
6-bosqich
Subsidiya beriladigan bitiruvchilarning oʻqishni tamomlagandan soʻng Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar respublikada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda besh yilgacha toʻliq bandlik rejimida ishlab berishi.
Oʻqishni tamomlagandan keyin besh yil davomida
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2022-y., 09/22/300/0473-son; 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)