Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 12-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 19-noyabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik
Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi — atrof tabiiy muhitning hamda atmosfera havosi, yer usti suvlari va tuproq ifloslanishining doimiy kompleks kuzatuvlari, shuningdek atrof tabiiy muhit holatini baholash va prognozlash;
gidrometeorologik axborot — gidrometeorologik hodisalar va atrof tabiiy muhit holatining kuzatuvlari natijalari, shuningdek ishlov berish hamda tahlil qilish yoʻli bilan olingan, foydalanish, tarqatish va saqlash uchun moʻljallangan axborot;
gidrometeorologik jarayonlar — atmosferaning va gidrosferaning holatini tavsiflovchi gidrometeorologik hodisalarning vaqt va makonda izchil rivojlanishi;
gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish — aholiga, iqtisodiyot tarmoqlariga va ijtimoiy sohaga ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun gidrometeorologik jarayonlarni atrof tabiiy muhitga taʼsir koʻrsatish orqali boshqarish (koʻchkilarni majburan tushirish, doʻl yogʻishining, yogʻingarchiliklarning, sel kelishining oldini olish);
gidrometeorologik hodisalar — atmosferada, yer yuzasida va undagi obyektlarda, yer usti suvlarida roʻy beradigan, gidrometeorologik sharoitlarni tavsiflaydigan jarayonlarning namoyon boʻlish shakllari (atmosfera bosimi, shamol, namlik, havo va suv harorati, suv sathi va sarfi, toshqinlar, sellar, ayozlar);
gidrometeorologiya faoliyati — meteorologiya, gidrologiya, glyatsiologiya, iqlimshunoslik, agrometeorologiya, aerologiya, aviatsiya meteorologiyasi, atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi va gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish sohasidagi gidrometeorologik axborotni tayyorlash (kuzatish, yigʻish, unga ishlov berish, uni tahlil qilish, saqlash va undan foydalanish), shuningdek uni tarqatish jarayoni;
ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborot — foydalanuvchining talablariga muvofiq tayyorlangan hamda ishlov berish, tahlil qilish, saqlash va taqdim etish uchun qoʻshimcha ishlar hamda xarajatlar talab qilinadigan gidrometeorologik axborot;
muhofaza zonasi — gidrometeorologik stansiyalar va postlar atrofida ularning hududi chegarasidan ikki yuz metr masofada joylashgan, yopiq chiziq bilan chegaralangan yer uchastkasi yoki suv akvatoriyasi;
tezkor gidrometeorologik axborot — aholining hayotiga va sogʻligʻiga tahdid solishi, shuningdek atrof tabiiy muhitga, iqtisodiyot tarmoqlariga va ijtimoiy sohaga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan xavfli gidrometeorologik hodisalar toʻgʻrisidagi zudlik bilan taqdim etiladigan gidrometeorologik axborot;
Oldingi tahrirga qarang.
umumiy gidrometeorologik axborot — jamoatchilik foydalanishi uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga, xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga taqdim etiladigan gidrometeorologik axborot.
(3-moddaning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
4-modda. Gidrometeorologiya faoliyatining asosiy prinsiplari
Gidrometeorologiya faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
globallik, tizimlilik va uzluksizlik;
gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi natijasida olingan maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berish, ularni saqlash hamda tarqatish usullarining birligi va qiyosiyligi;
gidrometeorologik axborotning toʻliqligi, ishonchliligi va undan foydalana olish;
ochiqlik va xavfsizlik.
5-modda. Gidrometeorologiya faoliyatining globalligi, tizimliligi va uzluksizligi prinsipi
Gidrometeorologiya faoliyatining globalligi, tizimliligi va uzluksizligi prinsipi atmosfera, gidrosfera hamda tuproqning oʻzaro bogʻliqlik shartlarini tavsiflovchi gidrometeorologik hodisalarni kompleks oʻrganishdan iboratdir.
Gidrometeorologiya faoliyatining globalligi, tizimliligi va uzluksizligi prinsipi gidrometeorologik hodisalarning doimiy monitoringini oʻtkazish hamda gidrometeorologik kuzatuvlar maʼlumotlari fondini uzluksiz ravishda shakllantirib borish yoʻli bilan taʼminlanadi.
6-modda. Gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi natijasida olingan maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va tarqatish usullarining birligi va qiyosiyligi prinsipi
Gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi natijasida olingan maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va tarqatish usullarining birligi va qiyosiyligi prinsipi oʻlchov vositalarini standartlashtirish hamda metrologik nazorat talablariga rioya etishdan, gidrometeorologik kuzatuvlar maʼlumotlarini yigʻishga, ularga ishlov berishga va ularni tahlil qilishga doir milliy hamda xalqaro tavsiyalar va qoidalarga asoslangan birxillashtirilgan usullar hamda yondashuvlardan foydalanishdan iboratdir.
7-modda. Gidrometeorologik axborotning toʻliqligi, ishonchliligi va undan foydalana olish prinsipi
Gidrometeorologik axborotning toʻliqligi, ishonchliligi va undan foydalana olish prinsipi qarorlar qabul qilish uchun gidrometeorologik parametrlarning yetarli toʻplamidan, ushbu axborotdan foydalanish paytida uning qimmatini va dolzarbligini saqlab qolishdan, foydalanuvchi tomonidan axborotni samarali tarzda oʻzlashtirish va tushunishdan iboratdir.
Gidrometeorologik axborotning toʻliqligi, ishonchliligi va undan foydalana olish prinsipi foydalanuvchilar tomonidan qarorlar qabul qilish uchun ushbu axborotni uslubiy jihatdan toʻgʻri yigʻish, unga ishlov berish, uni tahlil qilish va oʻzgartirish hisobidan taʼminlanadi.
8-modda. Gidrometeorologiya faoliyatining ochiqligi va uni amalga oshirish xavfsizligi prinsipi
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborot mavjud boʻlgan ochiq axborot resurslarini shakllantiradi va ulardan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda foydalanilishini taʼminlaydi.
Gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish xavfsizligi texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish talablariga ogʻishmay rioya etish yoʻli bilan taʼminlanadi.
9-modda. Gidrometeorologiya faoliyatining obyektlari
Atmosfera, gidrosfera, tuproq, shuningdek atrof tabiiy muhitni ifloslantiruvchi komponentlar gidrometeorologiya faoliyatining obyektlaridir.
10-modda. Gidrometeorologiya faoliyatining subyektlari
Gidrometeorologiya faoliyatining subyektlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi va uning hududiy boshqarmalari;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari;
(10-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
oʻlchov vositalarining metrologik attestatsiyasiga oid maxsus sertifikat asosida gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar va davlat boshqaruvi organlarining tarkibiy boʻlinmalari;
oʻlchov vositalarining metrologik attestatsiyasiga oid maxsus sertifikat asosida gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar;
gidrometeorologiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot va taʼlim tashkilotlari.
Gidrometeorologiya faoliyatining subyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmatining milliy tizimini tashkil etadi.
2-bob. Gidrometeorologiya faoliyati sohasini tartibga solish
11-modda. Gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish shartlari va tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, hisobga olish va hisobdorlik tizimlarini ishlab chiqish;
gidrometeorologik kuzatuvlar va oʻlchovlarning yagona davlat tizimini shakllantirish, takomillashtirish hamda uning ishlashini taʼminlash;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini, shuningdek aholini atrof tabiiy muhitning amaldagi va prognoz qilinayotgan holati, ifloslanishi toʻgʻrisidagi axborot, shu jumladan tezkor axborot bilan taʼminlash;
(11-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, yuridik shaxslarning gidrometeorologiyaga oid ishlarni bajarishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish;
(11-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
innovatsiya va investitsiya faoliyatini amalga oshirish;
gidrometeorologiya, iqlim oʻzgarishi, atrof tabiiy muhitning ifloslanishi sohasida ilmiy fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
gidrometeorologiya faoliyati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini taʼminlaydi;
gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining gidrometeorologiya sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 15-moddasi.
13-modda. Gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
gidrometeorologiya faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi davlat dasturlari loyihalarini ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etadi;
kuzatuvlar olib boradi, gidrometeorologik axborotni yigʻadi, unga ishlov beradi, uni tahlil qiladi, saqlaydi va undan foydalanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologik axborot davlat fondining shakllantirilishini, toʻldirilishini, saqlanishini va undan foydalanilishini taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, yuridik va jismoniy shaxslarni kuzatib borilayotgan hamda kutilayotgan gidrometeorologik sharoitlar, iqlim oʻzgarishi, atrof tabiiy muhitning ifloslanish darajasi toʻgʻrisidagi axborot bilan, shu jumladan tezkor gidrometeorologik axborot bilan taʼminlaydi;
(13-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi;
(13-modda ikkinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
gidrometeorologik kuzatuvlarning davlat tizimi rivojlantirilishi va takomillashtirilishini, gidrometeorologik tarmoqning modernizatsiya qilinishini taʼminlaydi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish yagona davlat tizimiga kiradi hamda favqulodda vaziyatlarda oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlardan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-790-son Qonunining 53-moddasi.
gidrometeorologiya, iqlim oʻzgarishi, atrof tabiiy muhitning ifloslanishi sohasida ilmiy fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazadi;
ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyati obyektlaridan olisda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda joylashgan atrof tabiiy muhitning barcha obyektlarida ifloslantiruvchi moddalar mavjudligi darajasining uzoq muddatli tizimli kuzatuvi tarzidagi fon monitoringini amalga oshiradi;
gidrometeorologik axborot tayyorlash hamda atrof tabiiy muhit holati va ifloslanishining monitoringi xalqaro tizimlarini muvofiqlashtiradi va integratsiya qiladi;
gidrometeorologiya faoliyati sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
gidrometeorologiya faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi toʻgʻrisida nizom.
14-modda. Davlat boshqaruvi organlarining gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
Davlat boshqaruvi organlari gidrometeorologiya faoliyati sohasida oʻz vakolatlari doirasida:
tarmoq ahamiyatiga ega boʻlgan gidrometeorologiya faoliyatining amalga oshirilishini tashkil etadi va ushbu faoliyatni muvofiqlashtiradi;
oʻz tasarrufidagi gidrometeorologik stansiyalar va postlar ishini qonunchilikka muvofiq taʼminlaydi.
Davlat boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
15-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari gidrometeorologiya faoliyati sohasida oʻz vakolatlari doirasida:
(15-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
hududiy ahamiyatga ega boʻlgan gidrometeorologiya faoliyatining amalga oshirilishini tashkil etadi va ushbu faoliyatni muvofiqlashtiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi va amalga oshiradi;
(15-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
hududiy dasturlarni moliyalashtiradi hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantiradi, shu jumladan ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyatini hamda gidrometeorologiya faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi davlat organlarining hududiy boshqarmalarini ushbu dasturlarni bajarishga jalb etishni amalga oshiradi;
davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻini va atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringini tashkil etish uchun yer uchastkalarini ajratadi;
maxsus vakolatli davlat organiga gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirishda hamda xavfli gidrometeorologik hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga va ijtimoiy sohaga salbiy taʼsirini yumshatishda koʻmaklashadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16-modda. Yuridik shaxslar tomonidan gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish
Yuridik shaxslar gidrometeorologiya faoliyatini gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan gidrometeorologiya faoliyati gidrometeorologiya faoliyatining asosiy prinsiplariga mos boʻlishi kerak.
Gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq maxsus vakolatli davlat organi bilan shartnoma asosida axborot almashishi mumkin.
Yuridik shaxslarning gidrometeorologiya faoliyati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
3-bob. Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar hamda undan foydalanuvchilar, ularning huquq va majburiyatlari
17-modda. Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar hamda undan foydalanuvchilar
Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar quyidagilardan iborat:
maxsus vakolatli davlat organi;
gidrometeorologiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi toʻgʻrisida nizomning 11-bandining “g” kichik bandi.
gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi, gidrometeorologik kuzatuvlarning idoraviy tarmogʻiga ega boʻlgan yuridik shaxslar.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, yuridik va jismoniy shaxslar gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilardir.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq gidrometeorologik axborot chet el yuridik va jismoniy shaxslariga taqdim etilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 21, 22-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-avgustdagi 501-son “Gidrometeorologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida ixtisoslashtirilgan xizmatlar koʻrsatish reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
18-modda. Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilarning huquq va majburiyatlari
Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyatini gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshirish;
ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborotni qatʼiy belgilangan haq evaziga taqdim etish;
gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslardan gidrometeorologik axborotni olish;
gidrometeorologiya sohasidagi ilmiy mahsulotga va boshqa mahsulotga doir mualliflik huquqlarini hamda turdosh huquqlarni himoya qilish;
axborotni olish shartlari foydalanuvchi tomonidan buzilgan taqdirda gidrometeorologik axborotni foydalanuvchiga taqdim etishni rad etish.
Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar:
normativ hujjatlar, shu jumladan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq gidrometeorologik hodisalar va jarayonlarning kuzatuvlarini amalga oshirishi;
gidrometeorologik axborotni tayyorlash va taqdim etish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga rioya etishi;
bajarilgan gidrometeorologiyaga oid ishlarning hisobini yuritishi va belgilangan tartibda axborot taqdim etishi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga toʻliq, ishonchli hamda foydalana olinadigan gidrometeorologik axborotni taqdim etishi;
xavfli gidrometeorologik hodisalarning, tabiiy ofatlarning, atrof tabiiy muhit ifloslanishining rivojlanishi tahdidining oldini olish uchun kuzatuvlar natijalarini maxsus vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi shart.
Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi toʻgʻrisida nizom 11-bandining “b” kichik bandi.
19-modda. Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq gidrometeorologik axborotni olish;
gidrometeorologik axborotni tayyorlovchini tanlash;
gidrometeorologik axborotni olishni rad etish hamda ushbu axborotni tayyorlovchi bilan tuzilgan shartnomani normativ hujjatlar, shu jumladan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari buzilgan va shartnoma shartlariga rioya etilmagan taqdirda bekor qilish.
Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilar gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar faoliyatining texnologik jarayonlariga aralashish huquqiga ega emas.
Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilar:
ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborotdan belgilangan maqsadga va ushbu axborotni muhofaza qilish rejimiga muvofiq foydalanishi;
gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar bilan tuzilgan shartnomalar shartlariga rioya etishi shart.
Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
4-bob. Gidrometeorologiya faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi
20-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Gidrometeorologik axborot davlat fondi
Davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻidan olingan barcha maʼlumotlar maxsus vakolatli davlat organi tasarrufidagi Oʻzbekiston Respublikasining Gidrometeorologik axborot davlat fondini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Gidrometeorologik axborot davlat fondi hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Milliy arxiv fondiga kiradi va arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq saqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi toʻgʻrisida nizomning 11-bandi “b” kichik bandining toʻrtinchi va oltinchi xatboshlari, 14-bandning oʻn oltinchi xatboshi.
21-modda. Gidrometeorologik axborotni taqdim etish tartibi va shartlari
Gidrometeorologik axborot undan foydalanuvchilarga gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq taqdim etiladi.
Rasmiy ogohlantirishlar, prognozlar va aholining turmush faoliyati xavfsizligini taʼminlash, ehtimoliy zararning oldini olish bilan bogʻliq boshqa gidrometeorologik axborot gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilarga faqat maxsus vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Umumiy gidrometeorologik va ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborot vazirliklarga va idoralarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻzaro maʼlumotlar almashish toʻgʻrisidagi qoʻshma dasturlar (kelishuvlar) asosida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etiladi.
(21-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Umumiy gidrometeorologik va tezkor gidrometeorologik axborot ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilmagan gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilarga maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga va Oʻzbekiston Respublikasining ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirish yoʻli bilan taqdim etiladi.
Ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborot undan foydalanuvchilarga shartnoma asosida taqdim etiladi.
22-modda. Ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborotni taqdim etish va gidrometeorologiya faoliyati sohasida boshqa xizmatlar koʻrsatish
Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborotni taqdim etish va gidrometeorologiya faoliyati sohasida boshqa xizmatlar koʻrsatish tahliliy materiallarni tayyorlash, laboratoriya va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Tadqiqot mavzusi boʻyicha tegishli gidrometeorologik axborotdan oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy muassasalarning soʻrovi asosida bepul foydalanishga, basharti Oʻzbekiston Respublikasining Gidrometeorologik axborot davlat fondi materiallari bilan mustaqil ravishda ishlansa, ruxsat beriladi.
Ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborot davlat hokimiyati organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga, prokuratura organlariga, sudlarga, shuningdek gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish boʻyicha faoliyat olib boruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligiga soʻrov boʻyicha bepul taqdim etiladi.
23-modda. Davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻini muhofaza qilish
Yer uchastkalarini ularda maxsus vakolatli davlat organining gidrometeorologik stansiyalari va postlarini joylashtirish uchun ajratish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 543-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning maʼmuriy reglamenti 3-bandi.
Gidrometeorologik axborotning uzluksizligini, toʻliqligini, ishonchliligini va foydalana olinishini taʼminlash maqsadida gidrometeorologik stansiyalar hamda postlar hududlarining chegaralarida tabiiy sharoitlarning saqlanishini taʼminlaydigan muhofaza zonalari belgilanadi.
Gidrometeorologik stansiyalar va postlarning muhofaza zonalari doirasida joylashgan yer uchastkalaridan hamda suv akvatoriyalaridan muhofaza zonalarida ishlarni bajarish qoidalariga muvofiq foydalaniladi.
Gidrometeorologik stansiyalar va postlarning muhofaza zonalari doirasida joylashgan yer uchastkalaridan hamda suv akvatoriyalaridan foydalanuvchilarning mazkur yer uchastkalaridan hamda suv akvatoriyalaridan foydalanishi muhofaza zonalarida ishlarni bajarish qoidalariga muvofiq cheklanishi mumkin.
Gidrometeorologik stansiyalar va postlarning muhofaza zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻining but saqlanishi va undan foydalanish taʼminlanmaydigan ishlarni maxsus vakolatli davlat organining roziligisiz amalga oshirish;
gidrometeorologik axborotning ishonchliligida aks etishi mumkin boʻlgan xoʻjalik faoliyatini yuritish, obyektlarni qurish, boshqa ishlarni amalga oshirish.
Gidrometeorologik kuzatuvlar tayanch punktlarining (gidrometeorologik stansiyalar va postlarning) yer uchastkalari olib qoʻyilmaydi hamda ularni boshqa joyga koʻchirish taqiqlanadi.
Gidrometeorologiya faoliyatida foydalaniladigan davlat mol-mulki xususiylashtirilmaydi.
Davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻining faoliyati xalqaro standartlarga va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24-modda. Gidrometeorologiya faoliyatini moliyalashtirish
Gidrometeorologiya faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, budjetdan tashqari jamgʻarmalar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
25-modda. Gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik
Oʻzbekiston Respublikasining Milliy gidrometeorologiya xizmati xalqaro gidrometeorologiya tarmogʻining ajralmas qismidir.
Gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik va axborot almashinuvi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi yagona xalqaro gidrometeorologik kuzatuvlar tarmoqlarini shakllantirishga va rivojlantirishga, atrof tabiiy muhitning holati hamda uning ifloslanishi ustidan nazoratni amalga oshirishga, axborot almashishga koʻmaklashadi.
Maxsus vakolatli davlat organi xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlarning gidrometeorologiya xizmatlari bilan hamkorlik qilish chogʻida gidrometeorologiya faoliyati bilan bogʻliq masalalarda Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalaydi hamda himoya qiladi, shuningdek gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining gidrometeorologiya faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Maxsus vakolatli davlat organining gidrometeorologiya faoliyati masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlikda ishtirok etishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va qonunchiligida belgilanadi.
26-modda. Nizolarni hal etish
Gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
27-modda. Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
28-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
29-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
30-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-yanvar,
OʻRQ-745-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2022-y., 03/22/745/0018-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)