1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.06.00.00 Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi / 05.06.02.00 Xodimga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi / 05.06.02.05 Xodimning mol-mulkiga yetkazilgan zararni toʻlash;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni taʼminlash kuchlari / 16.02.08.00 Boshqa davlat xavfsizlikni taʼminlash organlari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasiga muvofiq Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xizmat majburiyatlarini bajarishi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq hajmda qoplanishi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasini koʻrib chiqish uchun Milliy gvardiya organlarida komissiyalar tashkil etish va yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha kelib tushgan bildirgilarini (arizalarni) koʻrib chiqish tartibi;
yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha tegishli hujjatlarni hamda zarar harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilganligini oʻrganish tartibi;
hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha komissiya qarorini harbiy xizmatchi (xodim) yoki uning yaqin qarindoshlariga yetkazish;
yetkazilgan zararning haqiqiy summasini baholash tashkilotini jalb qilgan holda, mol-mulkiga zarar yetkazilgan shaxsning ishtirokida bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlash tartibi;
yetkazilgan zararni qoplash, u bilan bogʻliq xarajatlarni budjet mablagʻlari doirasida amalga oshirish hamda ushbu summani keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olish tartibi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya–iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-iyul,
470-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyuldagi 470-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibini belgilaydi.
2. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) (keyingi oʻrinlarda — harbiy xizmatchi (xodim)) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga yetkazilgan zararning (keyingi oʻrinlarda — zarar) oʻrni harbiy xizmatchining (xodimning) xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida yetkazilgan taqdirdagina qoplanadi.
3. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrni ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq qoplanadi.
2-bob. Etkazilgan zararni qoplash masalasini koʻrib chiqish tartibi
4. Etkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasini koʻrib chiqish uchun Milliy gvardiya organlarida komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuziladi.
Komissiyalar tarkibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlanadi.
5. Harbiy xizmatchi (xodim) yoki uning yaqin qarindoshlari zarar oʻrnini qoplash uchun Milliy gvardiya organlari rahbariga bildirgi (ariza) bilan murojaat qiladi.
6. Milliy gvardiya organlari rahbari zararni oʻrnini qoplash toʻgʻrisida bildirgi (ariza) tushgan kundan boshlab bir kun ichida masalani oʻrganib chiqish uchun komissiyaga taqdim etadi.
7. Komissiya kotibi zararni qoplash boʻyicha tegishli hujjatlarni hamda zarar harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilganligini oʻrganish natijalarini komissiya yigʻilishida koʻrib chiqish uchun tayyorlaydi.
8. Komissiya zararni oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi masalani oʻn kun ichida, qoʻshimcha hujjatlarni olish (oʻrganish) talab etilganda esa yigirma kun ichida koʻrib chiqadi va natijasi boʻyicha qaror qabul qiladi.
9. Hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha zarar qoplanishi yoki rad etilishi toʻgʻrisida Komissiyaning qarori qabul qilinadi va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan bayon bilan rasmiylashtiriladi.
10. Komissiya qarori uch kun muddatda manfaatdor shaxslarga — harbiy xizmatchi (xodim) yoki uning yaqin qarindoshlariga yetkaziladi.
11. Komissiya raisi va aʼzolari zararni qoplash boʻyicha taqdim etiladigan hujjatlarning haqqoniyligi, qabul qilingan qarorning qonuniyligi va toʻgʻri qabul qilinganligiga masʼul hisoblanadi.
3-bob. Etkazilgan zararni qoplash tartibi
12. Etkazilgan zarar oʻrnini qoplash boʻyicha Komissiyaning tegishli qaror qabul qilingandan soʻng Milliy gvardiya organlari tomonidan oʻn kun muddatda manfaatdor shaxslarga — harbiy xizmatchi (xodim) yoki uning yaqin qarindoshlariga yetkazilgan zarar qoplab beriladi.
13. Etkazilgan zararning haqiqiy summasi Milliy gvardiya organlari tomonidan baholash tashkilotini jalb qilgan holda, mol-mulkiga zarar yetkazilgan shaxsning ishtirokida aniqlanadi. Etkazilgan zarar summasi zararni qoplash vaqtida amal qilayotgan bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
14. Zarar miqdori naqd yoki pul oʻtkazish yoʻli bilan Milliy gvardiya organlarining moliya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Zararni qoplash bilan bogʻliq xarajatlar Milliy gvardiyaga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.
4-bob. Etkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish tartibi
16. Harbiy xizmatchi (xodim) yoki uning yaqin qarindoshlariga yetkazilgan zararni qoplash bilan bogʻliq xarajatlar aybdor shaxsdan Milliy gvardiya organlari tomonidan regress tartibida undiriladi.
17. Aybdor shaxslardan undirilgan zarar summasi Davlat budjeti daromadlari hisobiga oʻtkaziladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Zararni qoplash boʻyicha nizo va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
19. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlari mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbir nomi
Bajarish muddati
1-bosqich
Harbiy xizmatchi (xodim) yoki uning yaqin qarindoshlari
Zarar oʻrnini qoplash uchun Milliy gvardiya organlari rahbariga bildirgi (ariza) bilan murojaat qilish
Zarar yetkazilgan vaqtda
2-bosqich
Milliy gvardiya organlari rahbari
Zararni oʻrnini qoplash toʻgʻrisida bildirgi (ariza)ni oʻrganib chiqish uchun Komissiyaga taqdim etish
Bir kunda
3-bosqich
Etkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya kotibi
Zararni qoplash boʻyicha tegishli hujjatlarni hamda zarar harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilganligini oʻrganish natijalarini Komissiya yigʻilishida koʻrib chiqish uchun tayyorlash
Ikki kunda
4-bosqich
Etkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya
1. Zararni oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish va natijasi boʻyicha qaror qabul qilish.
2. Qarorni manfaatdor shaxslarga — harbiy xizmatchi (xodim) yoki uning yaqin qarindoshlariga yetkazish.
Oʻn kunda (qoʻshimcha hujjatlarni olish talab etilganda yigirma kunda)
Uch kunda
5-bosqich
Milliy gvardiya organlari
1. Etkazilgan zararni manfaatdor shaxslarga qoplab berish.
2. Etkazilgan zararni qoplash bilan bogʻliq xarajatlarni aybdor shaxsdan regress tartibida undirish.
Qaror qabul qilingandan soʻng oʻn kunda
Qonunchilikda belgilangan tartibda
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 09/21/470/0722-son)