Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 14-yanvardagi PQ-4949-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 14-yanvardagi PQ-4949-son qaroriga muvofiq Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga Vazirlar Mahkamasining “Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha toʻlov intizomini mustahkamlashga oid tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 6-iyundagi 464-son qarori bilan tashkil etilgan Tashqi savdo shartnomalari yuzasidan debitor va kreditor qarzdorligini kamaytirish boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi respublika ishchi guruhining vazifa va vakolatlari yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
qarzdorliklarni aniqlash va ularni asoslantiruvchi hujjatlar;
qarzdorliklarni hisobdan chiqarishda eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi hamda hududiy komissiyalarning oʻrni va vakolatlari;
eksport va import shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan umidsiz debitor va kreditor qarzdorliklarni hisobdan chiqarishni tashkil etish tartibi;
tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish boʻyicha hisobdorlik mexanizmi.
3. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha toʻlov intizomini mustahkamlashga oid tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 6-iyundagi 464-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bir oy muddatda:
Markaziy bank, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda mazkur qarordan kelib chiqadigan tegishli dasturiy-texnik oʻzgartirishlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-aprel,
216-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 216-son qaroriga
1-ILOVA
Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi savdo shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan umidsiz debitor hamda kreditor qarzdorliklarini (keyingi oʻrinlarda — qarzdorliklar) Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan (keyingi oʻrinlarda — TSOYAEAT) hisobdan chiqarish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
umidsiz qarzdorlik — TSOYAEATda shakllangan, biroq tashqi savdo shartnomalari tomonlarining majburiyatlari sud qaroriga asosan bekor qilinishi tufayli yoki bankrotlik, tugatish, qarzdorning vafoti yoki daʼvo muddati tugashi sababli toʻlanishi mumkin boʻlmagan qarzdorlik, shuningdek, TSOYAEATda shakllangan, biroq tashqi savdo shartnomalari tomonlari oʻrtasida haqiqatda mavjud boʻlmagan, tomonlarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra tovarlarni transportda tashish va saqlash jarayonida yaroqsiz boʻlib qolgan, “yoʻq qilish” va “davlat foydasiga voz kechish” bojxona rejimlariga rasmiylashtirilgan yoxud davlat organi tomonidan musodara yoki yoʻq qilingan, shu jumladan, kredit-nota asosida taqdim etilgan chegirma natijasida yuzaga kelgan qarzdorlik;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 513-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)
asoslangan debitor qarzdorlik — chet el korxonasidan undirilishi muammo boʻlayotganligi tegishli hujjatlar bilan huquqiy jihatdan asoslangan eksport shartnomalari doirasidagi qarzdorlik;
kredit-nota — tashqi savdo shartnomalarida koʻrsatilgan tomonlardan birining ikkinchi tomonga shartnoma summasining maʼlum bir miqdori boʻyicha chegirma berish toʻgʻrisidagi hisob hujjati.
2-bob. Qarzdorliklarni aniqlash va ularni asoslantiruvchi hujjatlar
3. Tashqi savdo shartnomalari boʻyicha qarzdorliklar TSOYAEATda shakllantiriladi va hisobdan chiqariladi.
4. Qarzdorliklar TSOYAEATda xoʻjalik yurituvchi subyektlar, davlat bojxona xizmati organlari, tovar-xom ashyo birjasi va koʻrgazma-yarmarkalar hamda tijorat banklarining maʼlumotlari asosida shakllantiriladi.
5. TSOYAEATda umidsiz qarzdorliklar sifatida quyidagilar eʼtirof etiladi:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sud qaroriga muvofiq majburiyatlarining tugatilganligi;
yakka tartibdagi tadbirkorning vafot etishi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqib, boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqib ketganligi;
umumiy daʼvo qilish muddatining oʻtganligi;
Hukumat qarori asosida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qarzdorliklari hisobdan chiqarilishi;
qarzdorlik haqiqatda toʻliq hisob-kitob qilinganligi, shuningdek, muddati oʻtgan debitor qarzdorliklar uchun qoʻllanilgan barcha jarimalar toʻliq undirilganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
qarzdorlik texnik sabablarga koʻra notoʻgʻri shakllanganligi;
(5-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 513-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)
qarzdorlik kredit-nota asosida chegirma taqdim etilishi hisobiga yuzaga kelganligi;
norezidentning majburiyati bir turdagi qarshi talablarni hisobga olish yoʻli bilan tugatilganligi yoki norezidentning tomonlar oʻrtasidagi mavjud dastlabki majburiyati xuddi oʻsha shaxslar oʻrtasidagi boshqa predmetni yoki bajarish usulini nazarda tutuvchi oʻzga majburiyat bilan almashtirilganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
tovarlarni transportda tashish va saqlash jarayonida shartnoma tomonlariga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yaroqsiz boʻlib qolgan hamda “yoʻq qilish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilishi, davlat organlari tomonidan yoʻq qilinishi yoki musodara qilinishi natijasida yuzaga kelganligi;
(5-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 513-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)
majburiyatlar bajarilmaganligi sababli sugʻurta qoplamasi kelib tushganda, sugʻurta kompaniyasining komissiyasi evaziga qarzdorlikning qoplangan qismi.
Oldingi tahrirga qarang.
tovarlar “davlat foydasiga voz kechish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilishi natijasida yuzaga kelganligi.
(5-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 513-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)
6. Umidsiz qarzdorlik quyidagi hujjatlar bilan tasdiqlanadi:
xoʻjalik yurituvchi subyekt majburiyatlarining tugatilganligi, bankrotlik ishlarining yakunlanganligi va majburiyatlarni qanoatlantirish imkoniyati yoʻqligi haqidagi sud qarori;
yakka tartibdagi tadbirkorning vafot etganligi haqidagi oʻlim guvohnomasi;
yakka tartibdagi tadbirkorning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqib, boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqib ketganligi haqidagi ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimining maʼlumotnomasi;
qarzdorlikning umumiy daʼvo muddati oʻtganligi natijasida daromad (xarajat)ga olinganligi haqida xoʻjalik yurituvchi subyektning maʼlumotnomasi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qarzdorliklarini hisobdan chiqarish yuzasidan Hukumat qarori;
Oldingi tahrirga qarang.
qarzdorlik haqiqatda toʻliq hisob-kitob qilinganligi yoki texnik sabablarga koʻra notoʻgʻri shakllanganligi yuzasidan taqdim etilgan xoʻjalik yurituvchi subyektning rasmiy xati va maʼlumotnomasi;
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 513-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)
xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnoma boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorliklar uchun qoʻllanilgan barcha jarimalar toʻliq undirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
Oldingi tahrirga qarang.
shartnomada koʻrsatilgan tomonlardan birining ikkinchi tomonga yetkazib berilgan tovarlar (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) summasini 5 foizgacha kamaytirish boʻyicha chegirma berish toʻgʻrisidagi kredit-notasi;
(6-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 513-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)
norezidentning majburiyati bir turdagi qarshi talablarni hisobga olish yoʻli bilan tugatilganligi yoki boshqa predmetni yoki bajarish usulini nazarda tutuvchi oʻzga majburiyat bilan almashtirilganligini tasdiqlovchi xoʻjalik yurituvchi subyektning rasmiy xati va maʼlumotnomasi;
Oldingi tahrirga qarang.
tovarlarni transportda tashish va saqlash jarayonida shartnoma tomonlariga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yaroqsiz boʻlib qolganligini, “yoʻq qilish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilganligini yoxud tegishli davlat organi tomonidan yoʻq qilinganligini yoki musodara qilinganligini tasdiqlovchi hujjat;
(6-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 513-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)
majburiyatlar bajarilmaganligi sababli sugʻurta kompaniyasidan sugʻurta qoplamasi kelib tushganligini asoslovchi hujjat;
Oldingi tahrirga qarang.
tovarlarning davlat foydasiga voz kechilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Bunda Adliya vazirligi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bankrotligi yoki tugatilishi natijasida reyestrdan chiqarilganligi haqidagi maʼlumotlar onlayn rejimda TSOYAEATga taqdim etib boriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 513-sonli qaroriga asosan oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)
3-bob. Qarzdorliklarni hisobdan chiqarish tartibi
7. Qarzdorliklarni TSOYAEATdan hisobdan chiqarish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki har oyning 10-sanasiga qadar Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) va Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha hududiy komissiyalarga (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) tashqi savdo shartnomalari boʻyicha qarzdorliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritib boradi.
9. Hududiy komissiyalar har oyning 20-sanasiga qadar:
a) qarzdorliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xoʻjalik yurituvchi subyektlar kesimida puxta va manzilli oʻrganib chiqadi, jumladan, ularning asosliligini tekshiradi, qarzdorlik yuzaga kelishining huquqiy asoslarini tahlil qiladi.
Bunda asoslangan debitor qarzdorliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻliq holda tegishli hujjatlar bilan birga Tashqi ishlar vazirligiga kiritadi;
b) xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan qarzdorliklarini (Tashqi ishlar vazirligi tomonidan oʻrganilayotgan maʼlumotlardan tashqari) TSOYAEATdan hisobdan chiqarish yuzasidan qabul qilingan xulosalarni Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etadi.
10. Tashqi ishlar vazirligi har oyning 1-sanasiga qadar:
a) asoslangan debitor qarzdorliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekistonning xorijdagi tegishli diplomatik vakolatxonalari (elchixonalar va konsullik muassasalari) orqali xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga yetkazadi va amaliy yordam berish choralarini koʻradi;
b) chet eldagi korxonaga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yaroqsiz boʻlib qolgan yoki import qiluvchi davlat organi tomonidan musodara qilingan yoxud bojxona nazorati ostida yoʻq qilingan tovarlarga xorijdagi tegishli vakolatli organlar tomonidan zarur hujjatlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarga taqdim etilishida koʻmaklashadi;
v) amalga oshirilgan ishlar haqida tegishli hududiy komissiyaga maʼlumotlarni taqdim etib boradi.
11. Hududiy komissiyalar har oyning 5-sanasiga qadar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar yuzasidan qabul qilingan xulosalarni Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etadi.
12. Davlat soliq qoʻmitasi har oyning 10-sanasiga qadar TSOYAEATdan qarzdorliklarni hisobdan chiqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va Hukumat komissiyasiga tegishli qaror qabul qilish uchun taqdim etadi.
13. Hukumat komissiyasi har oyda bir marta:
a) Davlat soliq qoʻmitasi takliflari asosida qarzdorliklarni TSOYAEATdan hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
b) qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlash uchun Davlat soliq qoʻmitasiga yuboradi.
14. Qaror qabul qilingandan keyin 5 kalendar kun davomida Davlat soliq qoʻmitasi Hukumat komissiyasining qarorini tegishli tijorat banklariga yetkazadi. Tijorat banklari Hukumat komissiyasining qarori kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni davomida qarzdorliklarni TSOYAEATdan hisobdan chiqaradi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan umidsiz qarzdorliklarni hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Eksport va import shartnomalari boʻyicha umidsiz muddati oʻtgan debitor va kreditor qarzdorliklarni hisobdan chiqarishni tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Markaziy bank

Hukumat komissiyasi va hududiy komissiyalarga eksport va import shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor va kreditor qarzdorliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish.

Har oyning 10-sanasiga qadar

2-bosqich

Hududiy komissiyalar

1. Qarzdorliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xoʻjalik yurituvchi subyektlar kesimida puxta
va manzilli oʻrganib chiqish, jumladan, ularning asosliligini tekshirish, qarzdorlik yuzaga kelishining huquqiy asoslarini tahlil qilish.

Bunda asoslangan debitor qarzdorlik haqidagi maʼlumotlarni toʻliq holda tegishli hujjatlar* bilan birgalikda Tashqi ishlar vazirligiga kiritiladi.

2. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan qarzdorliklarini (Tashqi ishlar vazirligi tomonidan oʻrganilayotgan maʼlumotlardan tashqari) TSOYAEATdan chiqarish yuzasidan qabul qilingan xulosalarni Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etish.

Har oyning

20-sanasiga qadar

Tashqi ishlar vazirligi

1. Asoslangan debitor qarzdorliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekistonning xorijdagi tegishli diplomatik vakolatxonalari (elchixonalar va konsullik muassasalari) orqali xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga yetkazish va amaliy yordam berish choralarini koʻrish.

2. Chet eldagi korxonaga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yaroqsiz boʻlib qolgan yoki import qiluvchi davlat organi tomonidan musodara qilingan yoxud bojxona nazorati ostida yoʻq qilingan tovarlarga xorijdagi tegishli vakolatli organlar tomonidan zarur hujjatlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarga taqdim etilishida koʻmaklashish.

3. Amalga oshirilgan ishlar haqida tegishli hududiy komissiyaga maʼlumotlarni taqdim etib borish.

Har oyning

1-sanasiga qadar

Hududiy komissiyalar

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar yuzasidan qabul qilingan xulosalarni Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etish.

Har oyning

5-sanasiga qadar

3-bosqich

Davlat soliq qoʻmitasi

TSOYAEATdan qarzdorliklarni chiqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va Hukumat komissiyasiga tegishli qaror qabl qilish uchun kiritish.

Har oyning

10-sanasiga qadar

4-bosqich

Hukumat komissiyasi

1. Davlat soliq qoʻmitasi takliflari asosida qarzdorliklarni TSOYAEATdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.

2. Qabul qilingan qaror ijrosini taʼminlash uchun Davlat soliq qoʻmitasiga yuborish.

Har oyda

bir marta

5-bosqich

Davlat soliq qoʻmitasi

Hukumat komissiyasi qarorini tegishli tijorat banklariga yetkazish.

Qaror qabul qilinganidan keyin

5 kalendar kun davomida

6-bosqich

Tijorat banklari

Hukumat komissiyasining qarorlari asosida qarzdorliklarni TSOYAEATdan hisobdan chiqarish.

Hukumat komissiyasining qarori kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni davomida

* — tasdiqlangan solishtirma dalolatnoma;
xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan qarzdorlik mavjudligi yuzasidan imzolangan tasdiqnoma;
xorijiy hamkorga shartnoma shartlari bajarilmaganligi yuzasidan eʼtiroznoma va daʼvo arizasi;
shartnoma nusxasi;
mahalliy va xorijiy hamkorning aloqa manzillari;
sud qarorlari;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
tashqi savdo shartnomasining identifikatsiya raqami;
yuzaga kelgan muddati oʻtgan debitor qarzdorliklar sanasi va miqdori;
debitor qarzdorliklar bilan ishlash boʻyicha kompaniyada qabul qilingan qoidalar;
debitor qarzdorliklar bilan ishlash uchun masʼul shaxsni tayinlash toʻgʻrisida eksport qiluvchining buyrugʻi;
eksport shartnomasi va xalqaro shartnomalarga muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan koʻriladigan choralar;
debitor qarzdorliklarni undirish boʻyicha koʻrilgan choralar (sudgacha va sud ishlarini bajarish tartibi ijro ishlari, bankrotlik);
eksport shartnomasi taraflari tomonidan imzolangan yarashtirish dalolatnomasi (akti).
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 216-son qaroriga
2-ILOVA
Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar
NAMUNAVIY TARKIBI

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, Toshkent shahar, viloyat hokimining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi, Hududiy komissiya raisi

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat prokurorining oʻrinbosari, Hududiy komissiya raisining oʻrinbosari

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi, Hududiy komissiya raisining oʻrinbosari

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining, Toshkent shahar, viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, Hududiy komissiya raisining oʻrinbosari

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining, Toshkent shahar, viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi moliya vaziri, Toshkent shahar, viloyat moliya bosh boshqarmasi boshligʻi

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi transport vaziri, Toshkent shahar, viloyat transport boshqarmasi boshligʻi

Lavozimi boʻyicha

Markaziy bankning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari

Lavozimi boʻyicha

Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi

Lavozimi boʻyicha

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat boshqarmasi boshligʻi

Lavozimi boʻyicha

Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpogʻiston, Toshkent shahar, viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi

Lavozimi boʻyicha

“Oʻzmilliybank” AJning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat filiali boshqaruvchisi

Lavozimi boʻyicha

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat filiali boshqaruvchisi

Lavozimi boʻyicha

“Asakabank” AJning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat filiali boshqaruvchisi

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, Toshkent shahar, viloyatlar hokimining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻining kotibiyati mudiri, Hududiy komissiya kotibi

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 216-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlakli tizimni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son qarorining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Belgilansinki, ikki yoʻlakli tizim quyidagilarda:
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida;
xalqaro temir yoʻl qatnovlari boshlanish yoki soʻnggi nuqtasida bojxona nazorati amalga oshiriladigan temir yoʻl vokzallarida;
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali avtotransport vositalari hamda fuqarolar harakatining intensivligi yuqori boʻlgan (bir yil davomida oʻrtacha bir sutkada ikki ming nafar yoki undan ortiq fuqarolar harakatlanganda) va infratuzilmasi ikki yoʻlakli tizim joriy etish talablariga javob beradigan avtomobil oʻtkazish punktlarida joriy etiladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 21-maydagi 379-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining maʼlumotlar bazasi orqali faqat qarzdorlik tekshirilgandan keyin sodir etiladigan yirik bitimlar va koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatining 21-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandida “2003-yil 30-sentabrdagi 416-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borish tartibi toʻgʻrisida nizom” soʻzlari “2020-yil 14-maydagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 14-maydagi 283-son qaroriga 1-ilovada:
23-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“23. Tovarlarni respublikaga olib kirish va “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga rasmiylashtirish, shuningdek, ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish yoxud ular uchun toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarish muddati import kontraktlari boʻyicha toʻlov amalga oshirilgan kundan boshlab 180 kalendar kundan ortiq boʻlmasligi kerak.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan loyihalar doirasida tuzilgan kontraktlar boʻyicha yoki kontraktlar Mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitimlarni amalga oshirish doirasida Boshqaruvchi qoʻmita tomonidan tasdiqlangan taqdirda, shuningdek, asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish boʻyicha import kontraktlari shartlarida asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlarni yetkazib berish muddati ularning texnik xususiyatlari va oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda 180 kalendar kundan ortiq belgilanganda — import kontraktlarida belgilangan muddatlardan oshmasligi lozim”;
24-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari oqibatida tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha majburiyatlarni bajarish imkoniyati boʻlmaganda, fors-major holatlari yuz bergan davlatning vakolatli organi tasdigʻiga muvofiq, ushbu holatlarning amal qilish muddati mobaynida majburiyatlarning qisman yoki toʻliq bajarilmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi”;
quyidagi tahrirdagi oʻninchi xatboshi qoʻshilsin:
“eksport operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlikning umumiy summasi muddati oʻtgan debitor qarzdorlik yuzaga kelgan sanadan oldingi 36 oy davomida taʼminlangan valyuta tushumining 10 foizidan ortiq boʻlmagan holatlarda”;
oʻninchi xatboshi oʻn birinchi xatboshi deb hisoblansin.
quyidagi tahrirdagi oʻn toʻqqizinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan talabnomaga asosan jarima summasi ixtiyoriy ravishda toʻlangan kundan 90 kun ichida tashqi savdo kontraktlari boʻyicha valyuta mablagʻlarining tushishi yoki tovarlarning respublikaga olib kirilishi hamda “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtirilishi, ishlar bajarilishi va xizmatlar koʻrsatilishi taʼminlangan taqdirda, toʻlangan jarima summasi qisqartirilishi taʼminlangan qarzdorlik miqdoriga mutanosib ravishda qaytarib beriladi”;
“Arizada koʻrsatilgan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha valyuta mablagʻlarining tushishi yoki tovarlarning respublikaga olib kirilishi hamda “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtirilishi, ishlar bajarilishi va xizmatlar koʻrsatilishi taʼminlangan taqdirda:
jarima qoʻllash masalasi sudda koʻrib chiqilayotgan paytda — arizani qanoatlantirish qisqartirilishi taʼminlangan qarzdorlik miqdoriga mutanosib ravishda rad etiladi;
sud hujjati qonuniy kuchga kirmagan vaqtda — ijroga qaratilmaydi.
Moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi sud hujjati qonuniy kuchga kirgandan soʻng 90 kalendar kun ichida va uni shu muddat ichida ijro etish paytida arizada koʻrsatilgan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha toʻliq miqdorda valyuta mablagʻlarining tushishi yoki tovarlarning respublikaga olib kirilishi hamda “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtirilishi, ishlar bajarilishi va xizmatlar koʻrsatilishi taʼminlangan taqdirda — ish yuritish tugatiladi va majburiy undirish boʻyicha koʻrilgan barcha choralar bekor qilinadi (davlat soliq xizmati organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan), shuningdek, undirilgan jarimalar xoʻjalik yurituvchi subyektning arizasi asosida bank hisobvaragʻiga qaytarib beriladi. Bunda undirilgan mablagʻlar:”;
yigirma toʻqqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Talabnomaga asosan jarima ixtiyoriy ravishda toʻlangan yoki moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi sud hujjati qonuniy kuchga kirgandan soʻng 90 kalendar kun ichida tushgan valyuta mablagʻlari yoki respublikaga olib kirilgan hamda “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtirilgan tovar, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar summasi talabnomada koʻrsatilgan valyuta kursi boʻyicha soʻmda hisob-kitob qilinadi”;
oʻn toʻqqizinchi — yigirma oltinchi xatboshilar tegishlicha yigirmanchi — yigirma oltinchi deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2021-y., 09/21/216/0337-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/513/0731-son)