1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.20.00.00 Davlat mukofotlari. Yuqori darajalar va farqlovchi belgilar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat mukofotlari. Faxriy unvonlar. Yuqori darajalar va farqlovchi belgilar. Davlat mukofotlari va boshqa mukofotlar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari miqdorini hisoblash tartibi;
bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash tartibi;
bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini moliyalashtirish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari uchun zarur mablagʻlarning Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmasi tomonidan AT “Xalq bank”ining tegishli boʻlimi (filiali)ga oʻz vaqtida oʻtkazilishi uchun masʼul etib belgilansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-mart,
120-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari bilan mukofotlangan hamda Zulfiya nomidagi va “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotlari (keyingi oʻrinlarda — davlat mukofotlari) berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom davlat mukofotlari, guvohnoma va diplom tayyorlash xarajatlarini moliyalashtirish tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-bob. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari miqdorini hisoblash tartibi
3. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarining miqdori ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan miqdorlarga muvofiq aniqlanadi.
4. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotining miqdori taqdirlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori yoki Oliy Majlis palatalarining qarori (keyingi oʻrinlarda — taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror) qonuniy kuchga kirgan paytda amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari, davlat boshqaruvi organlari, harbiy boʻlinmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalar hamda boshqa yuridik shaxslar, shuningdek chet el yuridik shaxslari davlat mukofotlari bilan taqdirlanganda bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti toʻlanmaydi.
6. “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxslar ish haqi yoki pensiyasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi mablagʻlar hisobidan har oyda bazaviy hisoblash miqdorida ustama haq oladilar:
ishlovchilar (ushbu bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshisi mustasno) ish haqiga qoʻshimcha ravishda ish beruvchi mablagʻlari hisobidan;
davlat budjeti hisobidan pensiya oluvchi pensionerlarga pensiya tayinlangan tashkilot orqali Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining pensionerlari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-oktabrdagi 714-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2024-y., 09/24/714/0865-son)
3-bob. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash tartibi
7. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Toshkent shahar hokimligi Moliya bosh boshqarmasi taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng besh ish kuni davomida zarur mablagʻlarni hisoblab, oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini rasmiylashtirib berish yuklatilgan AT “Xalq banki”ning tegishli tuman boʻlimiga (filialiga) (keyingi oʻrinlarda — masʼul bank boʻlimi) oʻtkazadi.
9. Masʼul bank boʻlimi taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng yetti ish kuni davomida oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini rasmiylashtiradi.
Bank boʻlimi tomonidan oluvchining nomiga yozib berilgan hisob-kitob cheklari ularni davlat mukofotlari berilgan shaxslarga topshirishni tashkillashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha komissiyaga yuboradi.
10. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklariga asosan AT “Xalq banki”ning barcha filiallari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Bunda, bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash bankning boshqa boʻlimi tomonidan amalga oshirilganda, uning xarajatlari toʻlangan hisob-kitob cheklari va reyestrlari asosida masʼul bank boʻlimi tomonidan qoplanadi.
11. Shaxs vafot etgandan keyin mukofotlangan taqdirda bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biriga toʻlanadi.
Agar mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlari yoʻq boʻlsa, bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti toʻlanmaydi va Toshkent shahar mahalliy budjetiga qaytariladi.
4-bob. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini moliyalashtirish tartibi
12. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi tomonidan bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar tegishli yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini tasdiqlash paytida rejalashtiriladi va taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinishiga qarab yil davomida aniqlashtirib boriladi hamda aniq maqsadli hisoblanadi.
13. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Toshkent shahar hokimligi Moliya bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining tegishli xarajatlar tasnifida aks ettiriladi.
14. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari uchun ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
15. Ushbu Nizom qoidalarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarining
MIQDORLARI
T/r
Davlat mukofoti nomi
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti miqdori
(bazaviy hisoblash miqdorining baravari)
1.
“Mustaqillik” ordeni
75
2.
“Amir Temur” ordeni
70
3.
“Jaloliddin Manguberdi” ordeni
65
4.
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni
60
5.
“El-yurt hurmati” ordeni
50
6.
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni
45
7.
“Mehnat shuhrati” ordeni
40
8.
“Faxriy murabbiy” ordeni
40
9.
1-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni
40
10.
2-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni
25
11.
1-darajali “Shon-sharaf” ordeni
40
12.
2-darajali “Shon-sharaf” ordeni
20
13.
“Doʻstlik” ordeni
30
14.
“Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni
200
15.
“Mardlik” ordeni
15
16.
1-darajali “Salomatlik” ordeni
30
17.
2-darajali “Salomatlik” ordeni
25
18.
“Sodiq xizmatlari uchun” medali
10
19.
“Kelajak bunyodkori” medali
10
20.
“Jasorat” medali
10
21.
“Sogʻlom turmush” medali
10
22.
“Shuhrat” medali
5
23.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti
50
24.
“Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti
50
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Ijro muddati
1-bosqich
Toshkent shahar hokimligi Moliya bosh boshqarmasi
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini hisoblab, oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini rasmiylashtirib berish yuklatilgan AT “Xalq banki”ning tegishli tuman boʻlimiga (filialiga) (keyingi oʻrinlarda — masʼul bank boʻlimi) oʻtkazadi.
Taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng besh ish kuni davomida
2-bosqich
Masʼul bank boʻlimi
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini rasmiylashtiradi hamda ularni davlat mukofotlari berilgan shaxslarga topshirishni tashkillashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha komissiyaga yuboradi.
Taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng yetti ish kuni davomida
3-bosqich
AT “Xalq banki”ning barcha filiallari
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklariga asosan bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti toʻlovini amalga oshiradi.
Murojaat etilgan vaqtning oʻzida
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2021-y., 09/21/120/0183-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son; 30.10.2024-y., 09/24/714/0865-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)