Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq, shuningdek, soliq toʻlovchilar uchun soliq toʻlovlarini amalga oshirishda qulaylik yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan murojaat qilish tartibi;
soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlari qarori loyihasini tayyorlash tartibi;
soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qaror qabul qilish tartibi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yer soligʻi va yagona yer soligʻi boʻyicha toʻlash muddatini uzaytirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 25-noyabrdagi 951-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-dekabr,
776-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-dekabrdagi 776-son qaroriga
ILOVA
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va aylanmadan olinadigan soliqni (keyingi oʻrinlarda — soliqlar) toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Nizomning amal qilishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarga tatbiq etiladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
soliq qarzi — Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (keyingi oʻrinlarda — Soliq kodeksi) talablariga muvofiq hisoblab chiqarilgan (hisoblangan) va belgilangan muddatlarda toʻlanmagan soliqlarning, shu jumladan, ular boʻyicha boʻnak va joriy toʻlovlarning summalari, shuningdek, Soliq kodeksida belgilangan muddatda toʻlanmagan moliyaviy sanksiyalar va penyalar;
soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish — soliq toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish orqali soliq toʻlashning muddatini keyinroq muddatga koʻchirish;
soliq toʻlashni kechiktirish — soliq qarzini bir yoʻla toʻlashni nazarda tutgan holda soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish;
soliqni boʻlib-boʻlib toʻlash — soliqlarni teng ulushlarda bosqichma-bosqich toʻlashni nazarda tutgan holda soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish;
vakolatli organ — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari;
manfaatdor shaxs — ushbu Nizomda belgilangan soliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish boʻyicha murojaat qilgan soliq toʻlovchi.
3. Soliqni toʻlash boʻyicha muddatni vakolatli organ tomonidan oʻzgartirish imkoniyati manfaatdor shaxsga, basharti uning moliyaviy ahvoli ushbu soliqni belgilangan muddatda toʻlash imkonini bermasa, biroq koʻrsatilgan soliq toʻlovchida bunday soliqni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun berilgan muddat mobaynida toʻlash imkoniyati yuzaga keladi deb taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar (aniq hisob-kitoblar, bajarilgan ishlar va (yoki) koʻrsatilgan xizmatlarning haqini tasdiqlovchi hujjatlar) mavjud boʻlgan taqdirda beriladi.
4. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish Soliq kodeksining 100 va 101-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Soliq kodeksining 100-moddasida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud boʻlgan manfaatdor shaxs tomonidan tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan mavsumiy xususiyatga ega boʻlgan tarmoqlar va faoliyat turlari roʻyxatida mavjud boʻlganda, soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyati ushbu shaxsning umumiy daromadlarida uning mavsumiy xususiyatga ega boʻlgan faoliyatdan (qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda saqlash faoliyati va boshqalar) olingan daromadlarining ulushi kamida 50 foizni tashkil etishini tasdiqlovchi hujjat hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hududiy boshqarmalarining maʼlumoti asosida taqdim etiladi.
5. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish Soliq kodeksiga muvofiq mol-mulk garovi, kafillik yoki bank kafolati bilan taʼminlanishi mumkin.
6. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish tartibi
7. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyati vakolatli organning qarori asosida beriladi.
8. Manfaatdor shaxs tomonidan soliq solish obyekti joylashgan joy boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga (keyingi oʻrinlarda — hokimliklar) soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish toʻgʻrisida ushbu Nizomga 3.1-3.2-ilovalarga muvofiq shakl boʻyicha taqdim etilgan qogʻoz yoki elektron shakldagi ariza hamda Soliq kodeksining 101-moddasiga muvofiq ilova qilingan zarur hujjatlar vakolatli organning qarori (keyingi oʻrinlarda — qaror) loyihasini tayyorlash uchun asos hisoblanadi.
Bunda manfaatdor shaxslar tomonidan elektron shakldagi arizalar ularning “shaxsiy kabineti” orqali taqdim etiladi.
9. Hokimliklar manfaatdor shaxsning arizasi olingan kundan eʼtiboran besh ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarning asosliligini oʻrganib chiqib, soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish yoxud uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini vakolatli organga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi.
10. Vakolatli organ soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish yoxud uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi kiritilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun mobaynida qarorni qabul qiladi.
Qaror vakolatli organning rahbari (raisi) tomonidan imzolanadi.
Bunda qarorda soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish nazarda tutilgan taqdirda:
kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilayotgan soliq turi (turlari);
qarz summasi;
kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilayotgan soliq turi (turlari) boʻyicha muddat;
qarz summasini va hisoblangan foizlarni toʻlash tartibi hamda muddatlarini oʻzida aks ettirgan qarorning nusxasi hokimliklar tomonidan manfaatdor shaxs hisobda turgan joydagi soliq organiga va manfaatdor shaxsga ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni mobaynida yuboriladi.
Qarorda soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish rad etilishi nazarda tutilgan taqdirda, hokimliklar ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kuni mobaynida asoslangan rad etish sabablarini koʻrsatgan holda qabul qilingan qaror toʻgʻrisida manfaatdor shaxsni yozma ravishda xabardor qiladi.
11. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq soliq organi tomonidan qaror olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida manfaatdor shaxsning shaxsiy kartochkasiga yozuv kiritiladi va ikki tomonlama dalolatnoma tuziladi.
12. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berishdan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblab chiqarish penyani hisoblash uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi va manfaatdor shaxsning shaxsiy kartochkasida kechiktirilgan soliqlar uchun hisoblangan foizlar sifatida aks ettiriladi.
13. Qaror ushbu qarorda belgilangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Bunda soliqni toʻlash uchun belgilangan kundan eʼtiboran ushbu qaror kuchga kiradigan kunga qadar boʻlgan butun vaqt uchun tegishli penyalar, agar toʻlovning koʻrsatilgan muddati ushbu qaror kuchga kiradigan kundan oldin boʻlsa, qarz summasiga kiritiladi.
Agar soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyati mol-mulk garovi evaziga beriladigan boʻlsa, uni berish toʻgʻrisidagi qaror faqat Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda mol-mulk garovi toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgandan keyin kuchga kiradi.
14. Manfaatdor shaxslarga soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyati:
joriy yil davomida soliq auditi oʻtkazilmagan holda taʼminlash choralarisiz;
soliq organlari tomonidan kameral nazorat oʻtkazilganda qoʻshimcha soliq hisoblangan xolda taʼminlash choralari (mulk garovi, kafillik yoki bank kafolati) asosida beriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
15. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish boʻyicha soliqlar summalari oʻz vaqtida toʻlanishini nazorat qilish manfaatdor shaxs davlat roʻyxatidan oʻtgan yoki soliq toʻlovchi sifatida hisobda turgan davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 320-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom.
16. Davlat soliq xizmati organlari hokimliklar tomonidan taqdim etilgan soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi axborotlar asosida alohida elektron shaklda hisobot yuritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Mavsumiy xususiyatga ega boʻlgan tarmoqlar va faoliyat turlari
ROʻYXATI
1. Qishloq xoʻjaligi tarmogʻi:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash faoliyati;
qishloq xoʻjaligi korxonalariga xizmat koʻrsatish faoliyati.
Oldingi tahrirga qarang.
Dala chetlari, kanallar, kollektor-drenaj va sugʻorish tarmoqlari atrofidagi maydonlar, aholi tomorqasi, xonadonlar, koʻp qavatli uylar oldi va mahallaning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish faoliyati.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 381-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)
2. Baliqchilik sanoati tarmogʻi:
baliq va boshqa dengiz jonivorlari va mahsulotlarini ovlovchi hamda ularning xomashyolarini qayta ishlovchi korxonalar — baliqpazlik va baliq konservalari kombinatlari va korxonalari, baliq sanoati muzxonalari, baliq uni va moyi zavodlari, baliq ovlovchi xoʻjaliklar va baliqlarni havo kemalarida qidiruvchi xizmatlar faoliyati.
3. Qurilish materiallari sanoati tarmogʻi:
pishirilgan va silikatli gʻishtlar, sopol bloklar va panellar, gʻishtdan blok va panellar, sopol cherepitsalar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati;
uyachali va zich silikatli betondan yirik bloklar ishlab chiqaruvchi, yirik va mayda devorbop beton bloklar, shlakobeton bloklar, tabiiy tosh bloklar (chigʻanoqtosh, tuf va boshqalar) ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati;
ohak va dolomit kukuni, maydalangan gips xomashyosi va ozuqabop boʻr ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati.
4. Yogʻ-pishloq va sut sanoati (sut konservalarini ishlab chiqarishsiz) tarmogʻi:
muzqaymoq ishlab chiqarish faoliyati.
5. Pivo ishlab chiqarish tarmogʻi:
pivo va solod ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati.
6. Vino mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoati tarmogʻi:
uzumdan vino ishlab chiqarish faoliyati.
7. Paxta tozalash sanoati tarmogʻi:
paxta tolalarini tayyorlash va yigirish faoliyati.
8. Azot sanoati tarmogʻi:
oʻgʻitlar va azotli birikmalar ishlab chiqarish faoliyati.
9. Sogʻlomlashtirish va dam olish muassasalari tarmogʻi:
bolalar oromgohlari, dam olish uylari, davolash faoliyati bilan shugʻullanmaydigan pansionatlar va boshqa dam olish muassasalari faoliyati.
10. Issiqlik taʼminoti tarmogʻi:
kommunal-maishiy va aholining issiqlikka boʻlgan ehtiyoji boʻyicha issiqlik taqsimlash tarmoqlari va issiqlik taʼminoti boʻyicha faoliyat yurituvchi tashkilotlar.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar


1-bosqich

Manfaatdor shaxs

Mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish uchun qogʻoz yoki elektron shaklda soliq solish obyekti joylashgan joy boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ariza beradi.

Zaruratga koʻra


2-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

1. Arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni Nizom talablariga muvofiq koʻrib chiqadi va vakolatli organ qarori loyihasini tayyorlaydi.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat xalq deputatlari Kengashlari va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga qaror loyihasini koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi.

Manfaatdor shaxsning arizasi tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida


3-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat xalq deputatlari Kengashlari va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi

Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish yoxud uni berishni rad etish boʻyicha qaror qabul qiladi

Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish yoxud uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi kiritilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun mobaynida


4-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari

1. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish toʻgʻrisidagi qarorning nusxasi ushbu shaxs hisobda turgan joydagi soliq organi va manfaatdor shaxsga yuboriladi.

Qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida

2. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berish rad etilishi nazarda tutilgan taqdirda, asoslangan rad etish sabablarini koʻrsatgan holda qabul qilingan qaror toʻgʻrisida manfaatdor shaxsni yozma ravishda xabardor qiladi.

Qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3.1-ILOVA
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3.2-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2020-y., 09/20/776/1614-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)