Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.04.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOVAR IShLAB ChIQARUVChILAR VA TADBIRKORLARNI QOʻLLAB-QUVVATLASh FONDI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI VA UNING MABLAGʻLARIDAN FOYDALANISh TARTIBINI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-apreldagi 166-sonli “Oʻzbekiston tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1996-yil 30-martdagi 125-son qarorining 7-bandini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi mablagʻlarini shakllantirish va undan foydalanish tartibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondining ijro etuvchi direksiyasi tuzilmasiga 3-ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
3. Oʻzbekiston tadbirkorlar ittifoqi huzuridagi tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash fondi muassislari bir hafta muddatda tugatish komissiyasini tuzsinlar va bir oy muddatda fondni tugatishni hamda uning majburiyatlari boʻyicha hisob-kitoblarni nihoyasiga yetkazsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari V. A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 7-iyun,
215-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
7-iyundagi 215-son qaroriga
1-ILOVA
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 12-martdagi Farmoniga va Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1996-yil 30-martdagi 125-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar fondi (keyingi oʻrinlarda Fond deb ataladi) Oʻzbekiston Tadbirkorlar ittifoqi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash fondi negizida tashkil etiladi.
Fond oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, mazkur Nizomga va Ustavga amal qiladi.
3. Fond Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash va ularga moliyaviy yordam koʻrsatish maqsadida, mazkur Nizom hamda Ustavdan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan.
4. Fond mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz balansiga, bank muassasalarida ham milliy valyutada, ham xorijiy valyutada hisob-kitob va boshqa schyotlarga, oʻz emblemasi tasvirlangan va nomi yozilgan muhrga, shtamplarga, blanklarga va boshqa belgilarga ega boʻladi.
5. Fond oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻzining tasarrufida boʻlgan mol-mulk, pul mablagʻlari va boshqa aktivlar bilan javob beradi.
6. Fond daromadlari va tushumlari mazkur Nizomda hamda Ustavda nazarda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladi.
II. FOND VAZIFALARI VA FAOLIYATINING ASOSIY YOʻNALIShLARI
1. Quyidagilar Fond vazifalari va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun Palata aʼzolarini shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan taʼminlovchi bozor infrastrukturasini shakllantirishda qatnashish;
lizing xizmatlari tizimini, franchayzingni, respublikaning barcha mintaqalarida kichik tadbirkorlarning barcha subyektlari uchun qulay boʻlgan kichik tadbirkorlikda investitsiyaga oid tavakkalchiliklarni kafolatlash va sugʻurta qilish tizimini tashkil etishni mablagʻ bilan taʼminlashda qatnashish;
respublika kichik biznesi sohasiga xorijiy investitsiyalar uchun kafolatlar berish;
kichik tadbirkorlik subyektlarining davlat ehtiyojlari uchun mahsulot (tovarlar va xizmatlar) ishlab chiqarishda va yetkazib berishda (tanlov asosida) qatnashishlari uchun huquqiy, iqtisodiy va innovatsiya shart-sharoitlari yaratishda qatnashish;
kichik, oʻrta va xususiy tadbirkorlik subyektlariga marketing, reklama, yuridik, axborot va boshqa konsalting xizmatlari koʻrsatish boʻyicha tuzilmalar tashkil etish va ularni rivojlantirishda qatnashish;
tadbirkorlik faoliyatining har xil turlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etish va rivojlantirishda qatnashish;
bankrot korxonalarga nisbatan, ularning asosida (xalqaro texnik yordam va investitsiyalarni jalb etgan holda) “mini-poligonlar”, texnoparklar va ishlab chiqarish innovatsiya kichik tadbirkorlikning boshqa tuzilmalarini tashkil etgan holda, sanatsiya chora-tadbirlarini amalga oshirishda kichik tadbirkorlikning ishtirok etishiga koʻmaklashish;
tadbirkorlikni rivojlantirishga oid konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar oʻtkazishga oid chora-tadbirlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
mahsulotlarning yangi turlarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish hamda xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq loyihalar va dasturlarni oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlar hisobiga mablagʻ bilan taʼminlash;
tadbirkorlik tuzilmalarining innovatsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ishlanmalarni va mahsulotning raqobatbardosh turlarini ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish;
yangi texnologiyalarni, nou-xau, eksportga moʻljallangan va importning oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni oʻzlashtirishga koʻmaklashish;
ishlab chiqarishning, shuningdek, xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishni amalga oshiruvchi tadbirkorlik tuzilmalariga moliya muassasalari tomonidan kreditlar ajratilishida yordam koʻrsatish;
tadbirkorlarga maslahat va axborot xizmatlari koʻrsatish;
tadbirkorlik muammolariga oid konferensiyalar, seminarlar, xalqaro simpoziumlar va yarmarkalar tashkil etish va ularda qatnashish;
loyihalar, texnologiyalar va shu kabilarni mustaqil ekspertiza qilish.
III. FONDNING HUQUQLARI
1. Funksiyalar va vazifalarni bajarish uchun Fond quyidagi huquqlarga egadir:
vatanimiz va xorijiy investorlarning mablagʻlarini jalb etish va ularni joylashtirishni hamda ulardan samarali foydalanishni taʼminlash;
kichik, oʻrta va xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirishga oid loyihalarni va dasturlarni mablagʻ bilan taʼminlash, Palata aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha garovga qoʻyuvchi, kafil boʻluvchi, kafilligini oluvchi boʻlish;
Palata aʼzolariga Fond tomonidan ajratiladigan yoki Fond yordamida ular tomonidan olinadigan mablagʻlarning maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, tartib buzilishlar aniqlangan hollarda mablagʻ bilan taʼminlashni toʻxtatib qoʻyish yoki ajratilgan mablagʻlarni qaytarib olish;
xoʻjalik hisobidagi tashkilotlarni tashkil etishda qatnashish;
tadbirkorlarni tayyorlashda va ularning malakasini oshirishda, shu jumladan, chet ellarda, yordam koʻrsatish;
tadqiqotlarni, tajriba-konstruktorlik ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bogʻliq mavzularda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar oʻtkazish;
shartnomalar tuzish, koʻchiriladigan mulk va koʻchmas mulkni sotib olish va ijaraga olish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan aloqalar oʻrnatish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, xalqaro tashkilotlar va boshqa xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan aloqalar oʻrnatish;
tanlov komissiyalari, ekspert kengashlari, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda tuzish;
reklama-noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
hududiy Palatalar huzurida oʻz vakillariga ega boʻlish;
qonunchilikka zid kelmaydigan, fond va Palata maqsadlari va vazifalariga muvofiq keluvchi faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirish.
Fond savdo-vositachilik, lizing, trast, ipoteka operatsiyalari va qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega emas. Koʻrsatib oʻtilgan operatsiyalarni amalga oshirish uchun Fond tegishli litsenziyalar asosida ish koʻruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etishga haqlidir.
2. Fond tomonidan berilgan toʻlov kafilligi (kafolatlar) summasi tegishli qonunchilik va normativ hujjatlar bilan belgilangan miqdorlardan oshib ketmasligi kerak.
Fond tomonidan qarz mablagʻlar faqat foizli stavka asosida, keyinchalik mablagʻlarni jalb qilishdan katta stavka bilan kredit berish uchun, jalb qilinishi mumkin.
IV. FONDNING MAJBURIYATLARI
1. Fond:
fond mablagʻlarini joylashtirishni va ulardan samarali foydalanishni taʼminlashga;
Palata aʼzolarining fond mablagʻlaridan maqsadli foydalanishlarini nazorat qilishga;
tadbirkorlikni rivojlantirish va uni mustahkamlash uchun koʻmaklashishga;
Palata aʼzolariga moliyaviy yordam koʻrsatishning zarur boʻlgan hajmini belgilovchi hisob-kitoblarni amalga oshirishda yordam berishga;
moliyaviy intizom darajasini koʻtarish yuzasidan Palata aʼzolari bilan ish olib borishga;
tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar orasida halol raqobatni rivojlantirishga va ularning Tadbirkorlar xartiyasi prinsiplariga rioya qilishlariga yordam koʻrsatishga;
daromadlar va xarajatlar balansini har yili eʼlon qilishga majburdir.
V. FONDNI BOShQARISh
1. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi prezidiumi lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan boʻshatadigan bosh direktor boshchiligidagi direksiya fondini boshqarish organi hisoblanadi.
2. Fondning bosh direktori:
Fond faoliyatini tashkil etadi va Fondga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi;
Fond xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
Fondni davlat organlari, muassasalari va korxonalar, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy davlatlar yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar oldida ifodalaydi;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzadi, Fond nomidan ishonchnoma qogʻozisiz harakatlar sodir etadi;
shtat jadvalini tuzadi va uni Palata prezidiumi tasdiqlashi uchun taqdim etadi;
Fondning mansab yoʻriqnomalarini va boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlaydi;
Fond nomidan daʼvo qiladi;
Fond xodimlari bajarishlari majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;
mazkur Nizomga hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Fond vakolati doirasidagi boshqa faoliyatni amalga oshiradi.
3. Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi prezidiumi fond faoliyatini, Fondning qonunchilikka, mazkur Nizomga hamda Ustavga qanday rioya qilayotganligini nazorat qiladi.
Palata prezidiumi navbatdagi yil uchun mablagʻlar kelib tushishining asosiy manbalari va ulardan foydalanishning yoʻnalishlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi.
VI. FOND MABLAGʻLARINI ShAKLLANTIRISh MANBALARI
1. Quyidagilar Fond mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining begʻaraz moliyaviy yordami;
Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan olinadigan mablagʻlar;
xususiylashtirish davlat dasturini amalga oshirish, bozor infrastrukturasini tashkil etish va rivojlantirish uchun moʻljallangan mablagʻlarning 10 foizi;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning mablagʻlari;
xorijiy yuridik shaxslar va xalqaro moliya tashkilotlarining mablagʻlari;
kredit berish va investitsiya qoʻyishni, shuningdek, qonunchilikka zid kelmaydigan faoliyatning boshqa turlarini oʻz ichiga oluvchi oʻz xoʻjalik faoliyatida olingan daromad.
VII. BOShQA QOIDALAR
Fondni tugatish va qayta tashkil etish qonunchilik bilan belgilangan tartibda va hollarda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
7-iyundagi 215-son qaroriga
2-ILOVA
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi mablagʻlarini shakllantirish hamda taqsimlash
TARTIBI
1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1996-yil 30-martdagi 125-son qarori asosida ishlab chiqilgan hamda Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi (keyingi oʻrinlarda Fond deb ataladi) mablagʻlaridan foydalanish tartibini belgilab beradi.
2. Fond mablagʻlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining 100 mln. soʻm miqdoridagi begʻaraz moliyaviy yordami hamda Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan bir yoʻla beriladigan 50 mln. soʻm miqdoridagi mablagʻlar;
xususiylashtirish, bozor infrastrukturasini tashkil etish va rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirishga moʻljallangan mablagʻlardan yilning har choragida Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan beriladigan 10 foiz miqdoridagi mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning mablagʻlari;
xorijiy yuridik shaxslar va xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari;
kredit berishni, investitsiya qoʻyishni, shuningdek qonunchilikka zid kelmaydigan boshqa faoliyat turlarini oʻz ichiga oluvchi oʻz xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar.
3. Fond faoliyatidan olingan daromadlar va tushumlar oʻzining tasarrufida qoladi va Fond toʻgʻrisidagi Nizomda nazarda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi prezidiumi har yili mablagʻlar tushadigan asosiy manbalar hamda ulardan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha, daromadlar va xarajatlarning navbatdagi yil uchun smetasini tasdiqlaydi.
4. Fond mablagʻlari quyidagi tartibda taqsimlanadi:
Palata aʼzolariga lizing, konsalting, auditorlik, yuridik va axborot xizmatlari koʻrsatish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi tashkilotlar (markazlar, xizmatlar, firmalar) tashkil etishga;
mayda ulgurji, vositachilik, transport tashkilotlari, konsignatsiya omborxonalari tarmoqlarini va bozor infrastrukturasining boshqa obyektlarini rivojlantirishga;
import-eksport tovarlarni, xomashyo va asbob-uskunalarni ekspertiza qilishning hukumatga qarashli boʻlmagan tizimini shakllantirishga;
barcha darajalardagi Palatalar toʻgʻrisida umumrespublika axborot tizimini va maʼlumotlar banklarini yaratishga;
tadbirkor kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga.
Ushbu maqsadlarga Fond mablagʻlarning 50 foizgachasini;
zaxira fondini tashkil etishga — 5 foizini;
Fond va Palataning oʻz infrastrukturasini rivojlantirishga — 10 foizgachasini sarflashi mumkin.
Moliyaviy yordam tadqiqotlarni mablagʻ bilan taʼminlash, tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish, tadbirkorlar va tovar ishlab chiqaruvchilar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar hamda Palata dasturiga muvofiq boshqa tadbirlar oʻtkazish maqsadida ham koʻrsatilishi mumkin.
5. Fond Palata aʼzolariga muddatli, qaytarish va toʻlash prinsiplari boʻyicha moliyaviy yordam koʻrsatadi. Mablagʻlar bozor infrastrukturasini yaratish va rivojlantirish uchun, ishlab chiqarishga yangi mahsulot turlarini joriy etishga, ishlab chiqarishni kengaytirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlashga, koʻrsatiladigan xizmatlar va bajariladigan ishlar hajmini koʻpaytirishga ajratiladi.
6. Fond mablagʻlarini 5-bandga muvofiq berish majburiyatlarning bajarilishi (sugʻurta guvohnomasi, kafolatnoma, garov taʼminoti va shu kabilar) taʼminlangan taqdirda qarz oluvchilar bilan tuzilgan tegishli shartnomalar asosida beriladi.
7. Shartnomada quyidagilar majburiy tartibda belgilab qoʻyiladi:
shartnoma boʻyicha ajratiladigan mablagʻlarning eng koʻp miqdori;
mablagʻlarni ajratish davri;
qarzdorning asosiy qarzni toʻlash jadvali;
foizli toʻlovlar jadvali, foizli stavkalar va uni qayta koʻrib chiqish tartibi;
toʻlov muddati oʻtib ketgan qarzlarni hamda jarima foizlarini hisoblash tartibi;
tomonlarning bank rekvizitlari.
Kredit shartnomasi shartlariga har qanday oʻzgartirishlar tomonlarning yozma holdagi bitimlariga binoan kiritiladi.
8. Palata aʼzosiga — qarz oluvchiga xizmat koʻrsatiladigan tijorat bankida qarz mablagʻlarini oʻtkazish va ulardan belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash uchun subhisob schyoti ochiladi. TIA moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning mablagʻlardan foydalanishning aniq yoʻnalishlari koʻrsatilgan nusxasi subhisob schyoti mablagʻlaridan belgilangan maqsadda foydalanilishini bank tomonidan nazorat qilish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
9. Fondning oʻz infrastrukturasini, shuningdek Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasini rivojlantirishga xarajatlar tushadigan mablagʻlar va daromadlarning 10 foizi doirasida amalga oshiriladi.
10. Fond har yil choragi birinchi oyining 15-kunigacha Davlat mulki qoʻmitasiga va Moliya vazirligiga yilning keyingi choragi oxiridagi moliyaviy ahvol toʻgʻrisida hisobot topshiradi. Hisobotda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
Fond balansi;
schyotlardagi mablagʻlarning yil choragidagi harakati;
resurslarning ishlatilishi, kreditlarning berilishi va toʻlanishi, kreditlarning respublika mintaqalari boʻyicha taqsimlanishi;
daromad va xarajatlar.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
7-iyundagi 215-son qaroriga
3-ILOVA
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi ijro etuvchi direksiyasi
TUZILMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 6-son, 19-modda)